Bizni jaholat — jahli murakkab
Har millatning maktab va madrasasi o‘ldig‘i kabi, bizni ham maktab-madrasalarimiz garchi benizom va beusul o‘lsa ham, yo‘q demak darajada oz emas. Har millat avlodini tarbiyalash va ta’limi ulumda ko‘rsatgan himmat va g‘ayrati kabi bizlarda ham o‘z ma’sum avlodlarini jaholat va g‘aflat zulmatida qolmoqig‘a hech bir rizolari o‘lmay, qo‘llaridan kelgancha ta’lim va tarbiyati avlodda qusurlik ko‘rsatmakchi zotlar mavjuddirlar. Va lekin dunyog‘a nima uchun kelgonini bilmay, ilm va maorifg‘a aslo rag‘bat qilmay, jonidin shirin bolalarini ko‘cha-bako‘cha kezdirib, bechora ma’sumning aziz umrini jaholat otashina yondirg‘uvchi behamiyat va bediyonat otalar ham oramizda oz emasdur. Ko‘p dindoshlarimizni ko‘rarmizki, o‘z farzandlarini aslo maktabg‘a bermay orqalaridin ergashtirib, ruslar eshigida o‘zlari kabi xizmatchilikka o‘rgatib, dunyo va oxiratning saodati o‘lg‘on ilm va maorifdin mahrum qo‘ymoqdin hech bir ibo qilmaslar. Ba’zi azizlarimiz bordurki, o‘g‘lini qo‘lidin tutib maktabga olib borur. Muallimdan tolib qilurg‘a: «Taqsir, shu o‘g‘limni go‘shti sizniki, ustixoni bizniki, bir iloj qilib, tezlik ila naqd va nasiya yozmoqni o‘rgatib berursiz», der. «Eshagiga yarasha tushovi» degan o‘zbek maqolicha, muallimlar ham aksarlari qonuni ta’lim-tarbiyadin butun-butun bexabar kishilar o‘lub, balki o‘quv va yozuvni ham lozimincha bilmasliklari vajhidan bechora ma’sumalarni iste’dodi zotiyasig‘a nazzora ikki yil zarifida jami’ lavozumoti diniyani bildirmoq mumkin o‘lg‘on holda, to‘rt-besh yilg‘acha hijja usuli birla dunyo va oxiratga foydasi bo‘lmag‘on Fuzuliy, Navoiy, Xo‘ja Hofiz va Bedil kabi mushkul manzuma kitoblarg‘a umri azizini barbod etarlar.
Ey vatandoshlar! Diqqat nazari ila boqing! Bir bolani maktabg‘a bermakdan maqsudi vojibot diniyamiz o‘lg‘on ilmi qiroat, masoili e’tiqodiya, farz, vojib, sunnat mustahab, harom, makruh, namoz va ro‘za, haj va zakotlarni ham zaruroti dunyaviyamiz o‘lg‘on ilmi hisob, jug‘rofiya, tavorix, xususan, «Tarixi Islom» kabi foydalik ilmlarni bildurmoq o‘lg‘on holda johil domlalarning «ta’limi faloniy, qoshi qaro, qaro ko‘zi, qaro yuzi, oh, so‘zi shirin», deb bolalarni fasod axloqig‘a birinchi sabab o‘ladurg‘on manzuma kitoblar o‘lmish.
Bu xususda otada ayb yo‘q, chunki bu bechorani e’tiqodida bolani o‘qutmoq yolg‘iz naqd va nasiya yozdurmoqdin iboratdur. Muallimda ham ayb yo‘q, chunki bu zikr qiling‘on ulumi zaruriyalarni bechora muallimning o‘zi bilmas, balki ba’zilarini ismini ham eshitgan emas. Bechora na qilsun? Nochor, befoyda bo‘lsa ham maktablarda bolalarga o‘qitgudek bulardan boshqa bir kitob topilmag‘on zamonlarda o‘zi o‘qib, bilgan kitoblari shu kitoblar o‘ldig‘i chun eski o‘runlarda eski tushlarin ko‘rmakdadurlar. Mani so‘zimdan Fuzuliy, Navoiy, Xo‘ja Hofiz, Bedillar kabi ulug‘ zotlarni tahqir qildi, deb gumon qilinmasun. Chunki mani g‘arazim bu kitoblarni zotan befoyda demak emas, balki yosh bolalarg‘a bu kitoblarning ta’limi befoyda, demakdir. Misola bir bolaga Fuzuliy o‘rniga ilmi qiroat, Navoiy o‘rniga masoili e’tiqodiya, Xo‘ja Hofiz joyiga masoili amaliyot, Bedil badalig‘a ilmi hisob o‘qitilsa, din va dunyosi uchun qancha foydalar hosil qilib, musulmon o‘lur. Bil’aks, bu kitoblarning o‘zi o‘qitulg‘on holda bu foydalardin mahrum qolib, balki fasod axloqqa mubtalo o‘lmog‘i ham ehtimoldir. Chunki bu kitoblarni tasnif qilg‘on zotlar Olloh taoliyg‘a qurbat paydo qilg‘on kishilar o‘lg‘onlari uchun aytgan so‘zlarining zohiri shariatga muxolif o‘lsa ham, haqiqati muvofiqdir. Chunonchi mavlono Fuzuliy derki, fard:
Sanamlar sajdasidur bizda toat tangri-chun, zohid,
Kishi ko‘rsang sen, o‘z diningda taklifi namoz ayla.
Yoki
Xo‘blar mehrobi abro‘sina mayl etmaz faqih,
O‘lsa kofirdur, musulmonlar, ango qilmang namoz.
Mavlono Hofiz derki:
May no‘shki, umri jovidoniy in ast,
Kayfiyati ro‘zgori foniy in ast.
Hangomi gulu, lolau yoron sarmast,
Xushbosh, dameki, zindagoniy in ast.
Bu kabi so‘zlarning zohiriy muxolifi kitob, sunnat bo‘lsa ham, haqiqati bir boshqadir. Ammo yosh bolalar, shubha yo‘qdurki, buni haqiqatda bilmaslar. Balki o‘qitgan muallimlari ham bilmaslar. Nochor zohiri ila amal qilib, fasod axloqg‘a mubtalo bo‘lmoq xavfi bordur. Ba’zi juhalo dermishki, bu tartib hazrat Imomi A’zamning tartiblari, buni buzaman degan kishining o‘zi buzulur. Ajabo, bu kabi jaholat ham bo‘lurmi? Bu jahli murakkab emasmu? Chunki bu johillar hazrat Imomi A’zamning umrlarida bu kitoblardin hech bir asar o‘lmag‘onini bilmaslar. Bilmaganlarini ham bilmaslar. Qachon ul janobning zamonlarida Fuzuliy yo Bedil, yo Xo‘ja Hofiz, yo Navoiy bor edi? Qachon ul janob bu kitoblardin bolalarga ta’lim berdilar. Ul janob kabi zotning haqlarig‘a bu kabi bo‘lg‘on iftiro, tuhmat qilg‘on johilni inshoolloh o‘zi bilur.
Ba’zi nodonlar dermishki, shu kitoblarni o‘qimaguncha bolalarning savodi chiqmas. Bu ham e’tiqodi fosid va da’voyi bedalildur. Chunki bu e’tiqod durust bo‘lsa edi, Turkiston viloyatidin boshqa viloyatlarda hech kimning savodi o‘lmas edi. Vaholonki, boshqa viloyatlarda xat bilmaydurgon kishi yuzdan o‘n bo‘lsa, Turkiston viloyatida yuzdan to‘qsondir. Mundin ham ma’lum o‘lurki, savod chiqmaq bu kitoblarni o‘qumoqqa muvaqquf emas, balki bu kitoblar g‘oyat qiyinlikidin bolalarni besavod qolmog‘ig‘a ham sabab o‘lur. Chunki bu kitoblar o‘qilodurg‘on maktablarda ellik boladin o‘n bola to‘rt-besh yilda bazo‘r ushbu kitoblarning o‘zinigina xatini tanub chiqur. Boshqa kitoblarni yana durust bilmas. Ammo bu kitoblar o‘qilmaydurg‘on jadid maktablarida ikki yil ichida ellik bolani qirq to‘qqizi balki hammasi alassaviya necha xil ilmlardan imtihon berib chiqar. Boz bu kitoblarni ham bilur. Xayr, durustroq ham bilmasun? Lekin, bilmagoni birla bu bolaning na dunyosig‘a va na oxiratig‘a hech bir zarari yo‘q. Chunki bu kitoblarning o‘zini dunyo va oxiratg‘a hech bir foydasi yo‘q. Balki zararining ehtimoli bolada zikr qilindi. Xayr, kelaylik sadadi kalomg‘aki, o‘g‘lini maktabga bermakdin maqsadi naqd va nasiya yozdurmoq o‘lg‘on johil otaning o‘g‘lig‘a qilg‘on muallim bechoraning tarbiyati, chekkan mashaqqatini va ma’sum bechorag‘a maktabda bergan kulfatini yozib bitirmak mumkin emasdir. Ko‘rgusi va bilgusi kelgan kishi bizning Toshkand maktablarining biriga kirib, ikki soat istiqomat qilsun. Shuncha demak mumkindirki, muallim afandi qo‘lida zo‘r bir tayoq, qaysi bolaning boshi harakatdin qolsa, ushbu tayoq shu bolaning boshida o‘lur. Ammo o‘qug‘on-o‘qumag‘oni ila hech kimning ishi yo‘q. Boshini qimirlatib o‘ltirsa kifoya qilur. Hattoki, o‘tgan yillarda bu tariqa zolim muallimlarning tayoqi ostida vafot qilmoq ham voqe’ o‘ldi.
Bu tariqa zolim va badxulq, johil muallimlarning tarbiyasida o‘sgan bolalardin nima umid qilmoq kerak? Fasodi axloqdin boshqa bir ish o‘rganmas. Johil otalarni umid etduklari naqd va nasiya yozmoq ham tanho o‘ndan bir, yigirmadan bir bolaga hosil o‘lub, boshqalari esa «maktabda o‘qumoq, igna ila choh qazimoqdan ham qiyin (mushkul) ekan», deya-deya qochar-ketar. Bunga sabab muallimning badxulqligi, maktabning benizomligi o‘lur. Agar bizlarning maktablarimiz boshqa millatlar maktablari kabi bir nizomg‘a qo‘yilib, yaxshi muallimlik vazifasini lozimincha ado qilurlik kishilardin muallimlar tayin qilinsa edi, ma’sum avlodlarimizning ruhini hayotig‘a, dunyo va oxiratining saodatig‘a birinchi sabab o‘ladurg‘on ilm va maorifdin bu darajada mahrum o‘lmakig‘a sabab bo‘lmas eduk.
Ey qardoshlar, voy millatdoshlar!!! Ko‘zimiz g‘aflat uyqusidin ochib, atrofimizg‘a nazar solmakimiz lozimdir. Har millat o‘z saodat hol va istiqbolini muhofazatig‘a birinchi vosita ilm o‘lmakig‘a qanoat hosil qilib, ilm va maorifg‘a ortiq darajada ko‘shish qilgan bu zamonda bizlar bu g‘aflat va jaholatimizda davom etsak, istiqbolimiz nihoyatda xavflik o‘lub hamma olamga masxara va kulgu o‘lmog‘imizda hech shubha yo‘qdir. Balki, bu jaholat zulmatida saodati uxraviyadin ham mahrum qolmoq xavflidir. Bu jaholat natijasidurki, o‘zimiz yerlik musulmonlardan o‘ldig‘imiz holda musofir rus va yahudiylar eshigida mardikor va xizmatchi o‘lduk. Bu jaholat xohishidurki, millat foydasi uchun jonin qurbon qilmoqqa loyiq arslon kabi yigitlarimiz butun millatni yodlaridin chiqorib, iste’dod va g‘ayratlarini choyxona va pivaxonalarg‘a sarf etmakdadurlar.
«Taraqqiy» gazetasi, 1906 yil, 14 iyun
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|