Jump to content

Yangi davr, yangi yo‘l

From Wikisource
Yangi davr, yangi yo‘l (1924)
by Vadud Mahmud
334555Yangi davr, yangi yo‘l1924Vadud Mahmud

Turkiston o‘lkasi o‘zining tarixida toza yaproqlarga ega bo‘lmoqda. Xayolga o‘tmagan voqealarni haqiqat shaklida qarshi olmoqda. Ovruponing Ovrupo madaniyati atalg‘on yo‘l ostida joni chiqib, ingrab yotg‘on shu choqda O‘zbekiston o‘zini yangi hayot eshigi oldida ko‘radir. Ovrupo «sarvat»ning qonli va chirkin panjalari orasida siqilmoqda va milliy-sinfiy dushmanlarning to‘poloni ichida yo‘lini yo‘qotmoqda ekan, Turkistonning mazlum xalqi o‘z tongining ota boshlag‘onini sezmakdadir.
Bu yangi hayot, O‘zbekiston jumhuriyatida boshqa millatlar bilan bir huquqda, butun milliy zulm va zolimliklardan uzoq, o‘zbek jumhuriyatining qurilishi fikridir. Oktyabr inqilobining mazlum millatlarga beraturgan erki Ovrupoda bo‘lg‘onidek bo‘lmay, birovdan zulm chekmak, birovga zulm etmak asosiga qarshi bo‘lishi kerakdir.
Har millat «tugal erk» bilan o‘z hayotini tansiq (kombinatsiya) etishga ega bo‘lishi lozim.
Har millat o‘zining ijodiy qobiliyatini umumga foydalik bir yo‘dda o‘sdirishga tirishmakga yo‘l topmog‘i kerakdir. Shundagina millatlar o‘sa oladirlar va shundagina bashariyat yuksalaturgan bir holda bo‘la olur. Bu esa millatlarning muqaddiriyatlarini hal eta olaturg‘on bir holga kirgan vaqtdagina mumkin bo‘la olur.
O‘zbek jumhuriyatini oktyabr inqilobi shu tasavvurlar bilan tug‘dirdi. Baynalmilal ba’zi kishilarning o‘ylaganicha dunyoda hech bir millat qoldirmasliq ma’nosida bo‘lmay, balki yer yuzida bo‘lg‘on millatlarining ayrim-ayrim o‘z muqaddiriyatlarini boshqalarga zarar bermaslik ravishda tuzmakliklaridir. Shuning uchunda har millat o‘zini o‘zi idora etishga qancha iqtidorli bo‘lsa, baynalmilal shuncha mahkam asosga tayangan bo‘ladir. Shuning uchun o‘zbek jumhuriyati Turkistonning yangi yo‘lg‘a kirish davrida muhim bir yo‘lboshi sanalishi mumkin.
Maqolamizning maqsadi, o‘zbek milliy jumhuriyatining asosini taftish va izoh bo‘lmag‘onidan shu qisqa muqaddima bilan kifoyalanib maqsadga o‘tamiz.
O‘zbek jumhuriyatining markazi Samarqand bo‘lishi munosabati bilan tuzulaturg‘on ijroqo‘m uchun Samarqandda bir bino qurmakka qaror bo‘lg‘onini eshitdik. Mana shu munosabat bilan biz ba’zi mulohazalarimizni maydonga otmoqchimiz.
Turkiston eski madaniy dunyoning baynalmilal chegarasida eng yuqori o‘run tutaturg‘on olimlar, hakimlar, shoirlar, san’atkorlar yetishtirgan bir o‘lkadir.Turkis-ton sharqiy, janubiy va g‘arbiy Osiyoning bir-biroviga to‘qushaturg‘on bir mavzeda bo‘lg‘onidan iqtisodiy nuqtalarga molik bo‘lg‘ondir. Shuning uchunda bir vaqglar madaniyatning eng yuqori darajasiga mingandir. Keyingi vaqtlarda ikki dunyo bozorlarining Ovrupo va Amriqo savdogarlariga ochilishi va savdo yo‘llarining o‘zgarishi mahalliy madaniyatning pastlashishiga sabab bo‘lg‘ondir… Eski madaniyatimizning bu qismi (ba’zi musbat olimlardan boshqa bo‘lg‘on qismi) ham boshqa, eski ilm va fan qismi keyin qolg‘on deb aytib bo‘lmaydir. Chunki bir millatning madaniyatining yuksalgan vaqtidagi yetishdirgan dohiylarning asarlari u millatning «turg‘unliq» davrida doimo manfaatkorlar tarafidan mo‘dul sanalg‘on va o‘shanga o‘xshatmoq g‘oya o‘rnini olg‘ondir. Bu hol butun dunyodagi millatlarining boshidan o‘tgandir.
O‘n oltinchi asrning birinchi yarmida Italiyadan yetishgan Rafael, Ansilalarning lavhalari o‘n sakkizinchi, hatto hozirgi asrgacha mo‘dul o‘rnida ishlatiladir.
Germaniyada Golbin, Durirlarning maktablari o‘n sakkiz va o‘n to‘qqizinchi asrgacha davom etgandir.
Bu millatlar, hatto, necha yuz yillik hayotlarida boshqadan shunday daholar ko‘rmaganlaridan hali ham shularga yetishmak uchun tirishadirlar. Mashhur musiqachi Betxoven necha asrdan beri dunyoning eng sevimli kishisidir. Navolari doimo rag‘bat bilan eshitiladir va uning kabi bo‘lishga tirishiladir.
Bizning tariximizda ham shunday ahamiyatli shaxsiyatlar oz emasdir. Ularning asarlari necha asrlardan beri qo‘llanma vazifasini ado qiladir.
Musiqamizning sakkiz asrdan ortiq bir tarixi bo‘lg‘oni kabi me’morchiligimizningda sakkiz asrga yaqin umri bordir. Musiqamiz shu asrlar bo‘yincha, tabiiy, turli o‘zgarishlarga uchragandir.
Faqat so‘nggi vaqtlardagi vasiqalarga qaraganda uch-to‘rt asr orasida o‘zgarish juda oz bo‘lgandir.
Me’morimizda ham hol shudir.
So‘nggi kunlarda Buxoroda kashf etilgan yettinchi asrlarda bino etilgan bir mozor bilan undan ikki asr so‘ng yasalg‘on Sherdor madrasasi bino etilgan, undan ikki asr so‘ng Ho‘qandda bino etilgan Umarxon madrasasi va shu so‘nggi asrning asari bo‘lgan Xudoyorxon o‘rdasi — hammasi islom-turk me’morining Turkiston uslubi tarzining takroridir.
Yuqoridagi bu izohdan ma’lum bo‘ladirkim, bizning madaniyat asrimizdan qolg‘on muhim me’morimiz bordir va haligacha davom etadir.
Bu bilan biz shuni aytmoq istaymizkim, bizning o‘z ruhimizning aksi bo‘lyun me’morimiz bor ekan, nechun qurulaturg‘on binolar o‘z ruhimizda qurulmasin?
Ayniqsa, yangi tarixiy davr bilan boshlanaturg‘on Turkiston tarixi o‘zining birinchi qadamida, g‘oyasida bo‘lg‘on milliy-ijtimoiy jumhuriyatning markazi sifatini olaturgon ijroqo‘m binosini butun hay’at bi-lan qaysi yerning, qaysi elning natijasi va egasi bo‘lishini gavdalantirib ko‘rsatishi kerakdir?
Albatta, Turkistonning emasmi?!
Shuning uchunda bu masalaga xalq xodimlarining ahamiyat berishlari va rus jahongirligining ishi bilan Turkiston mazlum elining birdan-bir dahosining tajassum etilishini ko‘rsataturgan bir gavda qurishlari kerakdir.
Bu bino Turkiston yanti madaniy hayotining tub toshi (tag kursi) bo‘lishi kerakdir.

Public domain
This work is in the public domain in the United States because it was first published outside the United States prior to January 1, 1929. Other jurisdictions have other rules. Also note that this work may not be in the public domain in the 9th Circuit if it was published after July 1, 1909, unless the author is known to have died in 1953 or earlier (more than 70 years ago).[1]

This work might not be in the public domain outside the United States and should not be transferred to a Wikisource language subdomain (or as a file it should not be migrated to the Wikimedia Commons) that excludes pre-1929 works copyrighted at home.

PD-US-1923-abroad Public domain in the United States but not in its source countries //wikisource.org/wiki/Yangi_davr,_yangi_yo%E2%80%98l