Jump to content

Vah, ne balodur bilmadim, ey dilrabo,qoshu ko‘zing...

From Wikisource
Vah, ne balodur bilmadim, ey dilrabo,qoshu ko‘zing...
by Ogahiy
332230Vah, ne balodur bilmadim, ey dilrabo,qoshu ko‘zing...Ogahiy

Vah, ne balodur bilmadim, ey dilrabo,qoshu ko‘zing —
Kim, bir nazarda soldi o‘t jonim aro qoshu ko‘zing.

Oldi qaroru toqatim oq siynayu nozik beling,
Soldi qaro tun boshima ikki qaro qoshu ko‘zing.

Jonimg‘a qo‘ydi dog‘lar rashk o‘tidin xoli labing,
Ko‘nglumga yetkurdi tuman dardu balo qoshu ko‘zing.

Har yuz o‘likni tirguzur la’ling aro shirin so‘zing,
Ham ming tirikni o‘lturur aylab jafo qoshu ko‘zing.

Qoshu ko‘zing bedodidin dod aylasam ermas ajab —
Kim,ne jafolar qilmadi oxir mango qoshu ko‘zing.

Husn ahli shohisen bori oshiqlaring o‘lturgali,
Go‘yoki jallodi qilich bo‘lmish sango qoshu ko‘zing.

Man zori hayroning nechuk devona bo‘lmay, ey pari,
Kim, aqlu hushim ayladi mendan judo qoshu ko‘zing.

Yo‘qtur manga ishqing aro yurmoq tirik imkonikim,
Jonimni yo qaddi yuzung olg‘usi,yo qoshu ko‘zing.

Qoshu ko‘zing iymisidin bo‘ldi qiyomat oshkor,
Qo‘yoki olam ofati qilmish xudo qoshu ko‘zing.

El qatilini qasd aylabon mastona qilg‘ach bir nazar,
Soldi jahonga nolai va hasrato qoshu ko‘zing.

Aylay hayotim naqdini har dam nisoru sadqasi,
Yoshurmag‘il man zoridin aylab hayo qoshu ko‘zing.

Majlis fazosida usul etgan chog‘i raqqos o‘lub,
Bir g‘amzada yuz jon olur, ey maxliqo, qoshu ko‘zing.

Shirin labingdan Ogahiy jismig‘a jon berkim, oni
O‘lturdi bir imo qilib boqqach qiyo qoshu ko‘zing.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.