Ustina
Mushkin qoshining hay’ati ul chashmi jallod ustina,
Qatlim uchun «nas» keltirur «nun» eltibon «sod» ustina.
Qilg‘il tamosho qomati, zebosi birla orazin,
Gar ko‘rmasang gul bo‘lg‘onin payvand shamshod ustina.
Noz-u ado-vu g‘amzasi qasdim qilurlar dam-badam,
Vah, muncha ofatmu bo‘lur bir odamizod ustina.
Man xastag‘a jon asramoq emdi erur dushvorkim,
Qotil ko‘zi bedod etar har lahza bedod ustina.
Ul gul yuzi shavqi bila shaydo ko‘ngul shom-u sahar,
Bulbuldek aylar yuz navo ming nav faryod ustina.
Boshimg‘a yoqqon g‘am toshin mingdin biricha bo‘lmag‘ay,
Gardun agar ming Besutun yog’dursa Farhod ustina.
Ey shah, karam aylar chog’i teng tut yamon-u yaxshini,
Kim mehr nuri teng tushar vayron-u obod ustina.
Xoki taning barbod o‘lur oxir jahonda necha yil,
Sayr et Sulaymondek agar taxting qurub bod ustina.
Ne jur’at ila Ogahiy ochg‘ay og’iz so‘z dergakim,
Yuz xayli g‘am qilmish hujum ul zori noshod ustina.
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |