Ukraina bandurachilari
(Xalq san’atining rivojlanish timsoli)
Bizning sevimli mamlakatimizda ingichka san’at ishlariga boshqacha ahamiyat berilmoqda. Narigi dunyoda – kapitalistik G‘arbda – ingichka san’atdan va unga mansub kishilardan har bir narsa yo‘q bo‘lgan bir davrda san’atning bizdagi bu azizligi ko‘p narsalarni anglatib turadi. Bizda kundan-kun o‘sayotgan ingichka san’at, ayniqsa, so‘ng vaqtlarda juda ajib va go‘zal tovushlar bermoqda, ya’ni, birinchidan, u o‘z ijodi uchun xalqdan va xalq adabiyotidan ruh va oziq olmoqda; ikkinchidan, quruq shaklchilik o‘yinlaridan qutulib bormoqda; uchinchidan, mamlakatning keng quchog‘ida yashovchi turli-tuman xalqlarning san’atlarini u xalqlarning biri-biriga ko‘rsatish yo‘li bilan internatsional tarbiya jihatidan katta ijobiy ro‘l o‘ynamoqda.
Butunittifoq Xalq Komissarlari Soveti qoshida, shu bilan birga, milliy respublikalarning Xalq Komissarlar Sovetlari oldida san’at ishlariga qarayturg‘an alohida qo‘mita tuzilgandan keyin haligi uchinchi jihat, ya’ni millatlarning san’atlarini ularning bir-birlariga ko‘rsatishga alohida ahamiyat berila boshladi. Bu yo‘lda Butunittifoq Xalq Komissarlari Soveti qoshidag‘i San’at qo‘mitasining tashabbusi, ayniqsa, maxtarlikdir. Yaqindag‘ina Maskovda bo‘lub o‘tkan Qozog‘iston san’ati o‘n kunligi*, Qozog‘iston cholg‘i tiyotrining Maskovdagi muvaffaqiyatlari, cholg‘i tiyotrining tomoshalariga …butun partiya va hukumat rahbarlarining kelib turishi, qozoq san’ati arboblarining oliy nishonlar bilan mukofotlanishi – bular hammasi yuqorida aytilgan vaziyatni tasvirlaydi. Qozog‘iston o‘n kunligidan burun Maskovga Ukraina o‘pera tiyotri kelib, katta muvaffaqiyatlar bilan Ukraina sovet san’atining yutuqlarini ko‘rsatib ketgan edi. Maskov akademik badiiy tiyotrining bu yoz ichi Ukraina sovetlar respublikasining markazi bo‘lgan Kiyev shahriga borib, tomoshalar berishi bu yil har yilgidek oddiy gastrolchilik shaklidan chiqib, katta bir to‘y-tomoshaga aylanayotir. Tiyotrning kelishiga bir oydan ko‘prak vaqt bor bo‘lsa ham, sovetlar Ukrainasining yangi va go‘zal markazi Badiiy tiyotrni yaxshi qarshilash uchun jiddiy hozirliklarga kirishgan edi. 1937 yilda Maskovda O‘zbekiston va Armaniston san’atlarining o‘n kunliklari belgilangan.
Mana shunday go‘zal va katta tashabbuslar chog‘ida Ukraina davlat kopellasi (cholg‘i to‘dasi)ning Toshkentga kelib konsertlar berishi juda vaqtida bo‘lgan va unumli bir ishdir. Bu konsertlarni tashkil etgan Qizil qo‘shun uyi mudirligidir.
Bir zamonlar Polsha hukumdorlari, undan keyin Rusiya chorligi* tomonidan, yana bir tomondan – o‘z boylari va mulkdorlari tomonidan har taraflama jabr-zulm ko‘rib kelgan Ukraina xalqining shu uzun qulliq yillari orasida yaratgan adabiyoti, kuylari, cholg‘isi juda boydir. Maskovda katta muvaffaqiyat bilan ko‘rsatilgan ikki cholg‘ili asar asosan xalq ijodi ustiga qurilg‘an narsalar edi. U asarlarning Ukrainaning o‘zidagi muvaffaqiyati yana ham kattadir.
Shahrimizga kelgan kopella o‘sha keng va boy cholg‘i san’atining bir shaklini, bir bo‘lagini ko‘rsatadi. To‘dada eng ko‘p va asosiy asbob «bandura»* (mandolin shaklida bir asbob)dir. Faqat buning ovozi nozik, ta’sirli va yoqimlidir. To‘dada banduradan boshqa asboblar ham bor (childirma, chang, tsimboli va boshqalar). Bandura bilan birga tub ro‘lni mukammal xor, cholg‘i va yolg‘iz ashulalar o‘ynaydi, xor, cholg‘i va yolg‘iz ashulalarning hammasi muzika bilimining talabiga ko‘ra yaxshilab ishlangan. Shu uchun xorlarning ovozi bir xilda va to‘ldiruchi emas: har xil tovush beradi. To‘dada yaxshi ovozli ashulachilar bor. Programmadagi kuylarning hammasi deyarlik xalq kuylari. Orada «Vinochok» atalgan uch kuyli sho‘x, quvnoq o‘yin maqomlari bor. Bular butun tomosha zalini harakatga keltiradilar. Kuylar orasida Ukraina kuylaridan boshqa rus kuylari ham bor. (Qizil qo‘shunda aytilaturg‘an «Priamur» qo‘shig‘i.) Ukrainaning mashhur tarixiy qahramoni «Mamlyuk»ning qo‘shug‘i tomoshachini eski zamonlarga, Ukrainaning poplar (mulkdorlar) qo‘l ostida ezilgan davrlariga, olib ketadi. Bunday mungli, g‘amli kuylar programning boshig‘a qo‘yulg‘an. Program sekin-sekin quvnoq kuylarga o‘tadi.
Biz qo‘shni sovet respublikalari xalqlarining san’atlari bilan ko‘prak tanishuv kerakligini tegishli uyushmalar esiga solib o‘tamiz.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|