Tun oqshom nola qilsam bulbulu parvonani o‘rtar...
Tun oqshom nola qilsam bulbulu parvonani o‘rtar
O‘zimdek mubtaloyi ishq ko‘p so‘zonani o‘rtar.
Malomat teshasi bir sori, tekkan toshi bir sori
Nayistondin chiqib o‘t, majnunu farzonani o‘rtar.
Sarosar g‘am bila og‘ishta bo‘lgan, so‘rma ahvolim,
Agar izhor qilsam oqilu devonani o‘rtar.
Xumorim haddin oshdi, iltifoting yor qil, soqiy,
Jununim zo‘ridin o‘t tushsa bu mayxonani o‘rtar.
Mani holimga rahm etsang na bo‘lg‘ay, xo‘blar shohi
Fig‘onim kuydurur hushyor, ham mastonani o‘rtar.
Totib may qatrasin soldi tanobi ishq bo‘ynig‘a,
Analhaq shishasini sindurub paymonani o‘rtar.
Karam bobiga kelgan bo‘lmasun navmid, sultonim,
G‘ariblar ohidin olam kuyub koshonani o‘rtar.
Tuganmas qissalardur ishqidin motamsaro Qoriy,
Kuyub boshdin-ayog‘ing daftari afsonani o‘rtar.
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |