Jump to content

To sayri gulshan noz ila ul sarvi ozod aylamish...

From Wikisource
To sayri gulshan noz ila ul sarvi ozod aylamish...
by Komil Xorazmiy
332664To sayri gulshan noz ila ul sarvi ozod aylamish...Komil Xorazmiy

To sayri gulshan noz ila ul sarvi ozod aylamish,
Sarv oʻzni aylab bandayu, gul barg barbod aylamish,

Gulzor aro ruxsorini chun koʻrdi shaydo andalib,
Gul infioligʻa boqib, afgʻonu faryod aylamish.

Jonim xalos oʻlgʻay nechuk, oning koʻzu mijgonidin,
Bu birni xanjar aylabon, ul birni jallod aylamish.

Man ne sifat tark aylay ul shirin shamoyil ishqini,
Gʻam besitunin qozgʻali koʻnglumni Farhod aylamish.

Qoshu koʻzining shaklidin qatlimgʻa nass zohir boʻlur,
Chekkanda goʻyo suratin bu naqsh Behzod aylamish.

Mandin qochinglar baxtdek, ey ayshu ishrat: shohidi,
Bir shoʻx koʻnglum mehnayau kulfatgʻa mu’tod aylamish.

Javru jafolarkim manga yetmish oning hijronida,
Bilmas hisobini aning, aql ahli te’dod aylamish.

Ta’sir qilmas nolishim bir zarracha, goʻyo qazo,
Xilqatda bagʻrin tosh etib, koʻnglini foʻlod aylamish.

Ermas pari gar, ne uchun ham yigʻlatib ham kuldurur,
Bu nav’ afsunni qachon bir odamizod aylamish.

Gʻamzangga taqlid aylabon el qatlini aylar ajal,
Ori qilur shogirdi ham har ishki ustod aylamish.

Gulrux sanamlar, ne ajab, qilsa itoat amringa,
Kim haq azalda shohgʻa lashkarni munqod aylamish.

Kim sifla ersa shod etar bu charxi dushmankom oni,
Vohkim hamisha imtiyoz ahligʻa bedod aylamish.

Noqislar izzu johini har kun baland aylab falak,
Komillar oʻrnin past etib, mahzunu noshod aylamish.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.