Tarbuz qo‘ltuqdan tushdi
Hangama
Genuya konferensiyasidan oldin
Eyy… gapdan xabaringiz bormi hali, hoji pochcha, «Karbalo»mi, «Kirbalo»mi degan mamlakatda «kampirimse» bo‘larmish. O‘zimizning bolshevoy haligi kampirimsegacha qirilg‘an bo‘lur emish. Katta qironlar kampirimseda bolshevoy vakillariga: «Kel endi qo‘y, bechora boylaringning, mulkdorlaringning yerlarini o‘zlariga qaytarib ber!», der emishlar. Katta qironlarning so‘zini qaytarishqa bizning bolshevoyda hech had bo‘lmas emish. Xudo: «Ol qulum» deb yuborsa, sizning yeringiz ilgarigidek botmon-botmonu bizning qo‘ra bilan zavo‘dning oyliq kelimi milyard-milyard-da!
— Ha, ha, Mulla Xodiboybachcha, hali gap shunday deng-chi; siz bilan menim molimiz zakotlikda, na o‘tda kuysun va na suvda oqsun! Hali Farangistonda «Kampirim chor» bo‘ladir deng-chi?
— Shunday, Hoji pochcha, agar ish o‘nglanib ketsa, «kapirimse»gina emas, siz bilan bizning kampirimiz shash, Hoji pochcha, duoda bo‘ling — duoda!
Kanferensiyaning borishini ko‘rub:
— Keling-keling mulla Xodi, ish eblanayozdimi, «kampirimsiy»dan nima xabarlar bor?
— Ey-y, bolshevoyning uyi kuysun, Hoji pochcha, xudda tosh-metin padar la’nati!.. Qironlar shuncha afsungarlik qilsalar ham bolshevoyning Chechanboyi ko‘naturg‘an bolag‘a o‘xshamaydir. Chechanboy «Mulk qaytarib berish qayoqda, mulk bo‘lsa tag‘in ham olaman!» deydir, noinsof! Bolshevoying juda ham qaytg‘ani ekan, xudo bexabar!
— O‘bba xudo bexabar Chechanboya?
— X-a-a-a, Hoji pochcha, judayam pes ekan.
— Mulla Burtul nima deydi?
— Ey-y, Hoji pochcha, mulla Burtulboyning so‘zi siz bilan bizning qoidamiz edi-ya, lekin bo‘lmayturg‘ang‘a o‘xshaydir. Mulla Burtul siz va biz uchun chirana-chirana o‘layozibdir!..
— O‘b bechora mulla Burtul, chulchutning qo‘lig‘a kirgan narsa qaytub chiqmas demaymi edim?.. Endi yerimiz badar ketdi deng-chi, uyi kuysun bolshevoyning, yer yutsun bolshevoyni!
— Qo‘ldan chiqdi — ketdi, Hoyasi pochcha, manim qo‘ram bilan zavo‘dimning o‘zi ham eskirib qolg‘an edi.
— Siz uni aytasiz mulla Xodi, yerimning o‘rtasidan o‘pqon chiqg‘anidan xabaringiz yo‘qmi, hali?..
Julqunboy
«Qizil bayroq» — 1922 yil, 23 may, 177-son, 4-bet
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|