Jump to content

Tanqid – saralamoqdur

From Wikisource
Tanqid – saralamoqdur (1914)
by Mahmudxoʻja Behbudiy
334152Tanqid – saralamoqdur1914Mahmudxoʻja Behbudiy

Majalla va jaridalarning katta bir xosiyati tanqid, ya’ni saralamoqdur. Sarroflar aqchani, tujjorlar mato’ni saralaganidek, muharrirlar ham umumiy hol va maishatg‘a taalluq nimarsalarni saralaydurki, boshqa so‘z ila «tanqid» atalur. Masalan, yangi maktab va muallimlari va anda o‘qulaturgon kitoblarni ma’nan taftish etib, andagi nuqsonlarni bayon etmoq tanqiddur. Taarruz va dushmanlik emas. Agarda shaxsiyatg‘a to‘qunmasa. Ammo bir muallim yo mudarris va muharrirni ishidan, shaxsiyatidan xaloyiqg‘a zarar kelsa, andan ham bahs va tanqid yozmoq shaxsiy bo‘lmaydur.

Tanqid yangi yozilgan kitob, jarida va majallalarg‘a-da joriy va nofe’dur. Masalan, bir muharrir va yo muallimni sahvini va o‘z xizmatig‘a beparvoligini va lozim qoida va tartiblarg‘a amal qilmay, ommag‘a zarar kelturgonini tanqid etmoq boisi isloh bo‘lur. Bizni Turkistonda yangi maktablar xeyle bordur. Yangi risola xeyle bosilib turubdur. Jaridalarg‘a maqola va shiorlar o‘qulub turubdur, Ammo hanuz tanqid davrig‘a yetushganimiz yo‘q. Ittifoqo, tanqid shaklinda bir nimarsa yozilsa, bizlarg‘a qattig‘ tegar. Yozganlarimizni buzuqligi va fikrimizni xatoligi, ishimizni noqisligini biror kishi ko‘rsatsa, achchig‘imiz kelur. Va ul odamni dushman ko‘rub, shaxsidan nafrat va fikrig‘a norozilik bayon etarmizki, bul bizni yangidan ishg‘a boshlaganimizdan, boshqa til ila noqisligimizdandur.

Biz eskilarni ayblaymizki, alarg‘a islohdan so‘zlasak, chiday olmaydurlar. Ammo o‘zimizning maqtab, risola, tahrir va maslakimizni bir kishi tanqid etdimi, chiday olmaymiz, diqqat ila munaqqid so‘zini tinglamaymiz, Munaqqid bizni to‘g‘rimizg‘a ming so‘z ila bayoni muddao etar ekan, biz oni ichindan o‘n so‘zini noma’qul topib, yuzig‘a urarmiz. Va yoinki vajhsiz oning so‘zini raddu o‘zig‘a e’tiroz etarmiz. Agarda ul desaki, man sizg‘a bir ming kalima nasihat yo tanqid so‘yladim, durust, o‘n kalimasi sizg‘a bejo ekanki, qaytib oldim, 990 kalimasig‘a na dersiz?

Na javob berarmiz! Tanqidni ko‘tarolmaganimizg‘a to‘g‘risi, hanuz tanqidg‘a loyiq bo‘lmaganimizni misoli. Kafkazli sayyoh Muhammad Sayyid afandi Turkiston maktablari to‘g‘risinda «Oila va mo‘tabaran iqbol» jaridasig‘a tanqid yozib ediki, aning javobi yalg‘uz quruq bir e’tiroz (pro‘test) bo‘ldi. Ammo oning yozg‘anig‘a javob tushmas. Ikkinchi, «Adab va tarbiyat» unvoni ila yana sayyoh mazkur «Oyna»ning 27—28—29—30 raqamlarinda maktab to‘g‘risinda voqe’i dalillari ila ba’zi nimarsalar yozdiki, mo‘tabar «Sadoyi Turkiston» rafiqimiz 11-adadinda Muhammad Sayyid afandi maqolalarini xilofi adab va tarbiya deb oni yozilg‘onig‘a sohibi maqola va idorag‘a izhori norizolik aytib, mazkur maqolalarni «ahamiyatsiz» der. Hamda «muallimlarning xotirin qoldiruv» bo‘larmish. «Oyna» kamoli ehtirom ila «Sadoyi Turkiston» rafiqimizg‘a arz etarki, mazkur maqolalar boshdan oxirg‘acha ahamiyatsizmi? Agarda ahamiyatligi bo‘lsa, iltifotg‘a olmaganlarig‘a taassuf etarmiz. Va maqola ichidan ikki-uch xati mizojg‘a nomuvofiq tushgan uchun afularini tilaymiz. Takroran, aytarmiz: biz hanuz tanqidg‘a layoqat paydo etganimiz yo‘q. Yana qadima kasallarimizdan — «norizo», «xotiri qolmasunu…» illatlari hanuz ketgan yo‘q.

Muhammad Sayyid afandi ta’birincha, munday ketabersa, «qiyomatdan ming yil so‘ngra-da, Turkistong‘a taraqqiy yo‘q». Agarda, «xotir qolmasun» qoidasi maslak tutulsa, matbuotdan qalam tortmoq kerak. Chunki haqiqiy matbuot hech kimni xotirig‘a qaramas. «Xotir qolmasun» kasali biz musulmonlarni barbod etdi.

Umumiy hollardan bahs qilindimi? Mutlaq har bir masalag‘a bir necha kishini xotiri qolur. Islohi madoris va dorulqazo desangiz, ulamoni xotiri qolur. Islohi rasm bazm desangiz, avomni xotiri qolur. Islohi savome’ desangiz so‘fi, shayxu eshonlarni xotiri qolur. Islohi foydaxo‘rlik va tijorat desangiz, boylarni xotiri qolur. Endi islohi makotibi jadida deyilganda, muallimlarni xotiri qolsa, bas muharrirlar uchun sukutdan boshqa ish qolmaydur.

Shuni-da aytmoqki, Muhammad Sayyid afandidan yoinki idoradan birgina «ba’zi» kalimasi maat-taassuf qolibdurki, bu ba’zi vajhdan ba’zi muallim afandilardan idora afu istar.

Boqi: Muhtaram «Sadoyi Turkiston»g‘a salom.

«Oyna» jurnali, 1914 yil, 32-son, 621—623-betlar.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.