Shayboniynoma
Hamd angokim, tilim etti go‘yo,
Hamd angokim, ko‘zum etti bino.
Hamd angokim, tanima jon berdi,
Hamd angokim, manga imon berdi.
Hamd angokim, manga ishq etti nasib,
Qilmadi aql diyorida g‘arib.
Ayladi ishqi ila jonimni yor,
Qilmadi aqli qo‘lida meni zor.
Ishqdin ayladi jonimni shod,
Ishqdin qildi ravonimni shod.
Ishqdin qildi tilimni go‘yo,
Ishqdin qildi ko‘zumni bino.
Shukrkim, ishq ila lutf ayladi jon,
Shukrkim, ishq ila berdi imon.
Ishq agar qilmasa erdi in’om,
Bor edi borcha ishim nofarjom.
Maza topmas erdim bu jondin,
Lazzate qilmas edim imondin.
Ishqsiz ne keraki bordur jon,
Ishqsizga ne keraktur imon?
Zohiran jon deganim ishq o‘zidur,
Balki imon deganim ishq o‘zidur.
Ishq andinduru ham jon andin,
Jon aro lazzati imon andin.
Ishqning mayllari andin pursho‘r,
Ishq mayxonasi andin ma’mur.
Mastlar anda aning zikri bila,
Rindlar barcha aning fikri bila.
Xum aning shavqi bilandur purjo‘sh,
Yo‘qsa qaydindur ango muncha xuro‘sh.
Xum aning shavqi bila chun to‘ldi,
Barcha mayxona ulug‘i bo‘ldi.
Poytaxti bo‘lubon mayxona,
Ko‘roga birla tuzub paymona.
Podshohona asose qurdi,
Borchag‘a fayz yetkura turdi.
Kimki yetkurdi o‘zin xidmatig‘a,
Xidmat aylab yurudi hazratig‘a.
Ul ani qo‘ymadi hargiz mahrum,
Bu ishi borchag‘a bo‘ldi ma’lum.
Har kim o‘z hafsalasig‘a yarasha,
Har kim o‘z silsilasig‘a yarasha.
Topti aning karamidin in’om,
Chi yamon-yaxshi, chi xosu chi avom.
Kimki kelturdi qoshig‘a ko‘za,
Qildi ango yarasha daryuza.
Ul aning ko‘zasini to‘ldurdi,
Zarfi daryuzasini to‘ldurdi.
Kim surohi bila ko‘rguzdi niyoz,
Ango loyiq tarabin ayladi soz.
Kim piyola ila qone’ bo‘ldi,
Zarfi holig‘a yarosha to‘ldi.
Chun aning fayzini ko‘rdilar om,
Qolmadi hech kishiga orom.
Keldilar borcha aning xidmatig‘a,
Ofarinlar deb aning himmatig‘a.
Har kishi topqonini kelturdi,
O‘zini xidmatig‘a yetkurdi.
Qoysi chini qadah olib keldi,
Ko‘nglini aning ila xush qildi.
Qoysi kelturdi Halab shishasini,
Ne Halab, ayshu tarab shishasini.
Qoysi oltun ayog‘ oldi qo‘lig‘a,
Qo‘ydi mastona boshini yo‘lig‘a.
Qoysi paydo qilibon nuqrayi xom,
Xomlikdin yosadi andin jom.
Qoysi ishkasta safole topti,
Borib aning bila xole topti.
Ul ko‘rub borchalarining zarfin,
Demadi hech malolat harfin.
Borchaning zarfig‘a quydi boda,
Qildi ishratlarini omoda.
Moyayi ayshu tana’umdur bu,
Ollo, ollo, ne ajab xumdur bu?
Ajab ushbuki, agar daryoye,
Aylasa jilvagahin sahroye.
Birov aning yaqosig‘a kelsa,
Bir ariq fikrini ando qilsa.
Arig‘ini qozibon olsa suv,
Arig‘ig‘a yarasha solsa suv.
Ne qadar suvki ariqqa solur ul,
Ne qilibon, ne qadarkim olur ul.
Ul qadar suv kam o‘lur daryodin,
Ango suv hamdam o‘lur daryodin.
Ushbu xumdin necha olsa kishi,
Qadahu jom ichiga solsa kishi.
Hech kam bo‘lmas o‘shul xumdin, hech,
O‘ksumas hech tana’umdin, hech.
Bu na xumdur, bu na maydur, bu na jom?
Bu na lutfu, bu na judu in’om?
Bu xumu bu mayu jom andindur,
Borchaning ayshi tamom andindur.
Birining botinidin xum yosadi,
Sababi ayshu tana’um yosadi.
O‘z sharobi bila to‘ldurdi ani,
Ani ul naqd bila qildi g‘ani.
Ani qilg‘och g‘aniyu sohibi toj
Ayladi ahli talabni muhtoj.
Ul ko‘rub ahli tarabni ul tavr,
Jonlari ichra shag‘abni ul tavr.
Har kishining talabig‘a yarasha,
Talab ichra hasabig‘a yarasha.
Ul musaffo mayidin yetkurdi,
Ani ham hukm bila jub ko‘rdi.
Hukm aning, tolib aning, pir aning,
Ro’y aning, sog‘ayshu tadbir aning.
Hokimi jumlayi hukkom uldur,
Manshayi jumlayi ahkom uldur.
Ul agar aylamasa lutf izhor,
Lutf topmoq bo‘lur asru dushvor.
Judidin borcha jahondur ma’mur,
Judidin borcha ulusdur masrur.
Jud aning, lutf ila in’om aning,
Xum aning, boda aning, jom aning.
Xumidin tashnajigarlar serob,
Bodasidin tarab arbobi xarob.
Xumidin so‘xta dillar xushhol,
Mayidin boshlari yo‘lda pomol.
Xumidin xasta yuraklar qonlig‘,
Mayidin dilshodalar armonlig‘.
Xumidin hirsu havo zarfi tahi,
Mayidin ozu havas harfi tahi.
Xumidin faqru fano jomi to‘la,
Mayidin dardu balo jomi to‘la.
Xumig‘a hojat emas paymona,
Mayig‘a hojat emas mayxona.
Xumu paymona so‘zi ko‘p bo‘ldi,
Mayu mayxona so‘zi ko‘p bo‘ldi.
Qaydakim boda bo‘lur, so‘z ko‘b o‘lur,
Bo‘lsa ham boda bila so‘z xo‘b o‘lur.
Xosa bu bodaki bor ul xumdin,
Borchag‘a nuqta guzor ul xumdin.
Man ham ul xumdin o‘lubman purjo‘sh,
Ul sababdin tura olman xomush.
Man ham ul maydin o‘lubman go‘yo,
Na dedim, mast bo‘lubman go‘yo.
Mast bo‘ldum, mango ta’zir kelur,
Sohibi shar’i mungo hukm qilur.
Sohibi shar’idur ul xum deganim,
Sababi ayshu tana’um deganim.
Haq bila banda aro vosita ul,
Nozimu qoidavu zobita ul.
May degan fayzi ilohi, angla,
Ishrati nomutanohi, angla.
Fayzlar borcha ango foiz o‘lur,
Fayzlar borcha ango o‘q o‘kulur.
Ondin o‘zga yoyilur olamg‘a,
Etishur borcha bani odamg‘a.
Borcha olamdin ani saylabdur,
O‘ziga ani habib aylabdur.
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |