Jump to content

Shamol nimadan paydo bo’ladi

From Wikisource
Shamol nimadan paydo bo’ladi (1919)
by Abdulhamid Choʻlpon
335064Shamol nimadan paydo bo’ladi1919Abdulhamid Choʻlpon

(Ermak-kulgi)

1

Bir shaharda, bir majliska shul shaharning yoshlari,
El boshida yuraturg’an rahbarlari, “bosh” lari
Yig’ildilar el qayg’usin qayg’ulashmoq o’yida,
Qayg’ulashib dardlariga davo topmoq ko’yida.
Biri elning bir g’amini aytmakchiydi majlisda,
Yana biri davo topib bermakchiydi. Shul kechda
Ulus uchun, balki, bir zo’r ishni boshlab yuborub
Qolarlardi o’zlariga shonli bir nom qozonib…

2

Dasturxonga keldi har xil meva-cheva, qand, asal,
Alichadan, klubnikdan bo’lg’on qiyom, holvaytar.
Undan keyin kabob keldi – tovoqlarda gerdayib!
Orqasidan yog’liq palov: “men ham keyin qolmay!” – deb…
Ahli majlis taomlarga istayini ko’rsatdi,
Gullik, go’zal tovoqlarni qaltiratdi, titratdi.
Bir tovoqni siz ko’rsangiz: rangi butun o’chuvdi,
“Biz ham endi ketamiz”, – deb shirin jondan kechuvdi…

***

Osh vaqtida shu yoshlarning eng birinchi sardori,
Shoirlarning, adiblarning eng mashhuri, nomdori,
Bir afandi hech to’xtamay har xil so’zlar so’zladi,
So’zlashda, hech shubhasiz, shuhrat yo’lin ko’zladi…
U dediki: “Birodarlar, bizda yo’qdir hech narsa,
Na hikoya, na-da ro’man, na tiyotr, na sahna!
“San’at” degan nafis narsa xalqimizga qorong’u,
Na musiqiy, na piano’, na-da raqsa, na “tango”!..
Ko’p taassuf, hech narsa yo’q… yo’q, o’rtoqlar, yaramas!
Elning munday qolishiga er vijdoni unamas!
Bu ishlarni ishlayturgan faqiringiz – mana men
Ulusimni bu qizg’onchli hol ichida qo’ymaymen.
Yeng shimarlab ishga kirsam, ko’rasizkim, bir yilda
Tanimasliq bir o’zgarish vuqu bo’lib bu elda…
Konsertchimizni ko’rganda ashulachi Shalyapin
Yamay olmas, garang bo’lur, sinib qolg’on qanotin…
Sahnadagi taraqqiyg’a shoshib qolar Qoriyef,
Emanskiy, “Arabli” lar, kuldurguchi Valiyev…
Ayta bersam tamom bo’lmas, maqtag’onday bo’lmasun
“Maqtandi” deb dushmanlarim ermak qilib kulmasun…”
“Yo’q, yo’q – dedi bir afandi, – yo’q, yo’q, o’rtoq,
yo’q aslo,
Maqtanishmas so’zlaringiz, to’g’ri so’zlar… va, illo,
Dushman so’zlar so’zlay bersun, suyaksiz til o’zida,
Bir chaqalik maza yo’qdur yuz ming og’iz so’zida…”

3

Dasturxonlar yig’ildi-da, oshlar ketdi oradan,
So’z so’zlashish adoq bo’ldi endi har xil “qora”dan,
Endi navbat keldi har xil ilmiy, fanniy bahslarga,
Uyqu keldi, qayg’u cho’kdi… majlisdagi yoshlarga!..

4

Shul vaqtda ko’p soqollik, boshi yo’g’on, pakana,
Yum-yumaloq, tishi kemshik, mayda so’zlik, bachkana
Bir afandi so’z boshladi yuz o’girib adibga,
So’zlarining bittasi ham to’g’ri kelmasdan epga…
“Uka” – dedi, – bir so’rog’ bor, shunga javob bersangiz,
Shamol nedan bo’lg’onini bizga ta’rif qilsangiz”.
Adibimiz o’ylanmoqchi bo’lib boshni qashladi
Va dedikim: “Yer kurrasi to’xtamasdan aylanar,
Aylanishga kecha-kunduz oy-u yillar bog’lanar.
Yer kurramiz, shunday qilib, aylanadir, yuradir,
Shul aylanish, yurishlikdan shamol paydo bo’ladir!..”
Ahli majlis “to’g’ri topdi” adibbekning so’zini,
“To’g’ri aytgan” adibbek ham pilanglatdi ko’zini…
“Shamol nedan bo’ladir?” – deb so’rasangiz agar siz,
Ul majlisning har fardidan darhol javob olursiz.
Ul degaykim: “Yer kurramiz to’xtamasdan yuradir,
Shul yurushlik quvvatidan shamol paydo bo’ladir…”

5

Shundan keyin ilmiy bahslar kerak bo’lmay qoldilar,
Ziyolilar uyga qarab yo’llarini oldilar…

Qalandar.

1919. avgust.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"