Jump to content

Sart so‘zi majhuldur

From Wikisource
Sart so‘zi majhuldur (1915)
by Mahmudxoʻja Behbudiy
334154Sart so‘zi majhuldur1915Mahmudxoʻja Behbudiy

Ul zoti anvar amiri Buxoro hazratlarining huzuri humoyun ruscha tarjimoni muhtaram Bahrombek qorovulbegi janoblari: «Biz Turkiston va Buxoro xalqining turkligi ma’lum bo‘lub turub… na uchun sart ataydurlar?» — deb mo‘tabar «Sho‘ro» majallasining 1911 yil 16-adadinda savol etib edilar. Mazkur majallaning 19-adadinda «Oyna» muharriri tarafidan «Sart so‘zi majhuldur» unvoni ila ba’zi nimarsalar yozilib edi.

«Sho‘ro»ning 24-adadinda samarqandiy marhum Baqoxo‘ja tarafidan «Sart lafzi aslsizdur» unvoni ila ba’zi nimarsalar yozilib edi. Mo‘tabar «Tarjumon» muharriri muhtaram Ismoilbek janoblari «Tarjumon»da «sart» atamoqni durust emasligi to‘g‘risinda bir necha daf’a yozib edilar. Sart haqindagi turkiy maqolalarning natijasini mo‘tabar ustod Ismoilbek janoblari tafsili ilan Toshkanda chiqaturgon «Turkestanskiy kurer» ruscha jaridasinda ham yozib nashr qildurub edilar. «Oyna»ning (?) raqaminda yana ushbu to‘g‘ridan janob Bahrombek qorovulbegi so‘z qo‘zg‘otib edilar.

Totor muarrixi muhtaram Ahmad Zaki Validiy janoblarining Samarqandda kelganlarinda sart so‘zi haqinda ba’zi mukolimalar ham bo‘lub edi. Turkiston yoshlaridan ushbu to‘g‘rida bir necha e’tiroz — «pro‘test» nomalar ham kelib, u jumladan Toshkandnikini. «Oyna»da yozildi. Yana ushbu to‘g‘ridan idorada savollar kelgan sababli «Sart masalasi» haqinda qisqalik ila minba’d yozilaturgon nimarsalar xulosa qilindi. Va ushbu to‘g‘ridan asoslik nimarsalar yozaturgon azizlar uchun «Oyna» sahifalari ochuqdur.

Endi matlabg‘a kelayluk. «Oyna» muharriri tarafidan 19-adad «Sho‘ro»da yozilg‘on so‘zlarni mazmuni shul edi: fikri ojizicha, turkistoniylarning sart atalishini sababi ma’lum yo‘qdur. Bu ism shimol xalqi ya’ni qozoq va totor qardoshlarimiz tarafidan Turkistonning shahar xalqig‘a berilgan ismdur. Ushbu bobdagi mulohazalar shul tariqa xulosa bo‘lunur:

1) qazoq va totorlar Turkiston xalqining xoh turk va tojik yo arab bo‘lsun, sart derlar;

2) (o‘qib bo‘lmadi);

3) Turkiston janubidagi Balx, Badaxshon va Chahor-viloyat xalqiki, aksaran turkcha so‘ylashurlar va o‘zlari Afg‘oniston tab’asidurlar, turkistoniylarni o‘zbek der, Afg‘onistonning afg‘on, tojik, o‘zbekcha so‘ylaydurgon barcha xalqi turkistoniylariing o‘zbak va turk der… Sart degan so‘zni abadan bilmaydurlar;

4) Kafkoz, Eron va Hindiston xalqi sart kalimasini bilmaydurlar, faqat turkistoniy, turk yo tojik derlar;

5) turkistoniylar bir-biri ila so‘rashganda: «O‘zbekmisan tojik?», «Mullomisan xoja?» — deb so‘raydurlar. Turkistonda sayyidlarni «xoja» derlar. Xojasiz arablar-da bordur;

6) Turkistonda mashhur 92 qabila — urug‘ning ismi mashhur bo‘lub, oning ichinda «sart» yo‘qdur.

Xonlar zamoninda julus hangomida bu 92 qabiladan murraxxas va oqsoqollar Samarqandda jamlanib yangi amiri(ng) «xon» ko‘tarib «julus» marosimini ijro etardilar. Samarqand Taxti Temuriysinda julus etgan Buxoro xonlarining eng oxirgisi amiri hozirning jaddi Muzaffarxondur. Samarqand Buxoro hukumatining Maskovi erdi.

Amir Muzaffar marhumning ta’rixi julusi:

Bahri ta’rixi julusash omad.

Shanbau moh rabbius-soniy. (1277 hijriya.);

Turkcha ta’rix she’riyasi:

Shoh mulku iqbol ila

O‘lturdi Ko‘ktosh ustina.

Ko‘ktosh amir jahongir Temur Sohibqirondan qolma tosh — bir taxtdurki, Turkistondagi turk ellaridan 92 urug‘ning oqsoqol va bakovullari yig‘ilib, yangi xonni oq bir namad — kacha ustinda o‘tkuzub, 92 urug‘ muraxxaslari kachani birdan ko‘tarib, yangi xonni Ko‘ktosh taxtina mindurarlar edi. Va bu ondan e’tiboran xon va amir e’lon qilinib, naqora, karnay qoqilib cholinardi. Amir ushbu 92 ning oqsoqollarig‘a oltun va xil’at, ot va tug‘lar berib, alardan bay’at olardi. Va xon ko‘tarmoqdan avval 92 ning oqsoqollari ba’zi bir so‘zu odatlarni rioyati uchun amirdan va’da va so‘z olar ekanlar. Bu 92 so‘zi al-on xalq og‘zinda mavjud va maqollar hukmindadur. «To‘qson ikkini ichinda… dedi», «Bu yer 92 ni yig‘ilgan yeri, so‘zingni bilib so‘yla», «San badzot, shajarang 92 g‘a yetmaydur».

7) «Temurnoma» va amsoliy kitoblarda sart ismi mavjud (va) urug‘lar ichinda ko‘rulmaydur;

8) Turkiston shimolig‘a oxirgi vaqtlarda sart so‘zi eshitilib, ammo Turkiston janubi va g‘arbida xalq og‘zinda yo‘qdurki, Turkiston shimolig‘a bu so‘zni joriy bo‘lg‘oni qazoq, totor va ruslar sababidandur. Masalan, Toshkanda «sart arbasi», «sart choyi», «sart odati»… deyilgan holda Samarqandda «musulmoni aroba», «musulmon shahri», «musulmon odati» derlar;

9) Buxoro o‘lkasinda sart so‘zi mutloq yo‘q. Xalq o‘zbek, tojik, qazoq, turkman, arab qabilalarig‘a mansub kishilar bo‘lub va shu ismlar ila atalurlar;

10) Turkistonning qayu bir cho‘l va tog‘ yo ma’mur yerindagi 60—70—100 g‘a kirgon kishidan «sart» so‘zi so‘ralsun, bilmaydur. Ammo olchin, barlos, tuyoqli, qipchoq, xitoy, turk, qavchin, saroy, mang‘it, qoraqalpoq, ming, yuz, qirq, o‘roqli, oytamg‘ali, qo‘shtamg‘ali, nayman, qangli, mo‘g‘ul va bularg‘a o‘xshash asomai qabila, urug‘ ismlarining mashhuri va alarning tuganmas sho‘ba va shoxalarini bayon qilgan holda bu «majhur sart»ni aslan tilg‘a olmaydur. Qari kishilar: falona aslan o‘zbek yo tojikdur, der. Aslo sart demas va sartni bilmas, sart degan qabiladan bexabardur;

11) sart so‘zini hozirgi mafhumidan xabardor turkistonlilar gumon qiladurlarki, sart so‘zi turkistoniy degan so‘zni ruscha tarjimasi bo‘lsa;

12) matbuotdan boxabar Turkiston o‘zbek va yo tojik va yo arabg‘a «sart» deb xitob qilinsa, o‘zlarig‘a or his etarlar. Albatta, bir kishini ota-onasi bergan ismi bo‘lub va oni mansub bo‘lgon qabila va urug‘i bo‘lub turub, oni boshqa bir ism ila chaqirib va noma’lum va yo ma’lum bir qabila ismini onga taqilsa, oni xushlanmasg‘a va e’tiroz qilmoqg‘a haqi bo‘lsa kerak;

13) Turkiston xalqidan o‘zini bilaturgonlari qabila va urug‘iga u qadar binosi borki, boshqa qabilag‘a qiz bermayturg‘onlari bordur. Qizni o‘zi xohlab tekkan bo‘lsa, qabila orasidan aqcha jamlab da’volashib chiqorib oladurlar. Qabilasining ismini va yetti otasining otini bilmayturgonlarni qul — marquq derlar.

«Sho‘ro» majallasining 1911 sanadagi 24-adadinda samarqandiy marhum Baqoxoja janoblari «Sart lafzi aslsizdur» unvoni ila ba’zi nimarsalar yozib ediki, andan minba’d yozilaturgon moddalarni xulosa qilarmiz:

1) o‘tgan sanalarda sart so‘zi haqinda ruslar orasig‘a mubohasa bo‘lub, «Turkestanski vedomosti» ruscha — jaridasida har kim har nima yozib va har nav’ faraziyotlar joriy qilinib edi. Qazoq birodarlarimizdan da’vo vakili janob Sherali Lapin yozib ekanki, sart so‘zi haqorat so‘zlaridan bo‘lub, «sarig‘ it»dan axuz muhaqqaqdur. Bu lafzni iste’mol qilmasg‘a kerak. Hozir Turkistonda joriy turki — o‘zbaki shevani «sartski» yoinki «sart tili» demasdan «o‘zbaki til» deb atalsun;

2) Astro‘muf2 janoblari «Sartlar» isminda taxmi-nan 300 sahifalik ruscha bir kitob tasnif qilgandurlar. Ushbu kitobg‘a mazkur janob Sherali Lapin tara-fidan bir necha e’tiroz va bahslar bo‘lgandur. Ammo janob Astro‘mo‘f, sartlar kim ekanligini isbot qilib bir joyg‘a qaror berganlari yo‘q va kitoblari har naf’ ixtilof va faraziyot ila to‘ladur;

3) Astro‘mo‘f janoblarini «Sartlar» kitobidan va boshqa bir necha ruslarni yozgan kitobidan ma’lum bo‘lurki, Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlarining xalqi «sart» bo‘lub, Samarqand va Buxoro o‘lka — viloyatlarining xalqi o‘zbek va tojikdurlar;

(«Oyna»: Ammo tarix va adabiyotdan bexabar rus va totora rabta besh viloyat Turkistoni Rusiy va Buxoro xonligi xalqini(ng) ayirmasdan «sart» derlarki, bir mahzi asari g‘aflat va butun g‘alati fohishdur. Farg‘ona va Sirdaryo xalqining sartlig‘i ma’lum yo‘qdur).

4) Geyer janoblari «Turkiston sayohatnomasi»da yozadurki: «Sartlarni asl va nasablari masalasig‘a hozirgacha ulamo tarafidan faysal berilgan yo‘qdur. Alarni nasablarig‘a teyishli har nav bayonotdan sihhatg‘a yaqini shulki, Turkistonning asl xalqi tojik bo‘lub, so‘ngra turk — o‘zbek xalqi tasxir qilib olib va bu ikki xalqni birlashganidan paydo bo‘lgan xalqlarni «sart» atalishi taxmin va gumon qilinur;

5) Vamberi janoblari yozadurki: «Sartlarni Buxoro va Ho‘qandda tojik ataydurlar. Inchunin janob Lazar Budago‘fni va Shayx Sulaymon Buxoriy janoblarining lug‘atlaridan ma’lum bo‘lurki, sartlar ahli fors va tojik eroniylardan iborat bo‘lsa, holbuki eroniylar fors va tojikdurlar;

6) Logofet janoblarining «Buxoro xonlig‘i» nom ruscha kitobinda Turkistonda mavjud turk-o‘zbek qabilalarini te’dod etibdurki, «sart» qabilasi yo‘qdur;

7) «Shayboniynoma» sohibi Muhammad Solih, Alisher Navoiy, Boburxon, Abulg‘ozixonlar turkdurlar, bularning ta’lifotlarindagi sartlar kim bo‘lur, ajabo? Albatta, bular Turkistonning tamom o‘zbek va turk xalqini(ng) va o‘z jinsdoshlarini(ng) sart demaganlar. Bunlar eroniylarni va yo boshqa bir toifani (urush zamonidagi dushmanlarini) maqomi tahqir va ochiqda sart degan bo‘lsalar kerakki, «Shayboniynoma»dan shunday bilunur;

8) (o‘qib bo‘lmadi);

9) alhosil, ushbu kun Turkistoni Rusiyning besh viloyatini va Buxoro xonligining barcha turk va o‘zbek xalqini «sart» demak va yozmak insofsizlik, istibdod-roy’i boisi shubha va tafriqadur, buyuk xatodur, vassalom.

Marhum Baqoxojaning so‘zi munda tamom bo‘ldi.

Yuqoridagi yozilgan so‘zlarg‘a qaraganda, ma’lum bo‘lurki, sart so‘zi haqiqatan noma’lum va sart atalmish kishilar yoinki sartlar bukungi Turkistoni Rusiy yoinki Turon, Xorazm va Buxoroda abadan yo‘qdur, balki bir zamonlar bor emishlar-da, qavmi tab’ yoinki hun, hamiriy, osuriy, bobiliy… lardek dunyodan bil-kulli safar etib, joylarida boshqalar kelubdurlar. Tarixg‘a qaralsa, bukun musammasi yo‘q ko‘b ismlarg‘a uchralurki, sart ismida Turkistonda «ismi bemusamma» hukmindadur. Sartlikni butun Turkistoni Rusiy va Buxoroning turk, tojik va arabdan iborat xalqig‘a toqaturg‘onlardan dalil so‘ralsa, aytaturgonlari albatta shundan iboratdurki:

1. «Shayboniynoma», «Boburnoma», Abulg‘ozixon kitoblarinda ba’zi bir turkistoniylarni(ng) sart atalibdur.

2. Ovruponing ba’zi sayyohlari yozibdurlarki, Turkistonda shahar xalqini yoinki fors xalqini yo tojirni noma’lum zamonda sart atardilar.

3. Nomuayyan bir zamonda Dashti Qipchoq yoinki Xitoy hududidan «sart» isminda bir toifa kelib, Turkistong‘a yerlashib, so‘ngra boshqalar tarafidan yutulub va boshqa urug‘lar ila atalib ketgandurlar.

Ana, Turkistoni Rusiy va Buxoro xalqig‘a sartlik ismini toqaturgonlarni dalili shundan iboratdur. Biz takror aytarmizki, mazkur uch ehtimolni qaysi biri chin bo‘lgan sur’atda ham nafsul amrda bugun Turonda sart yo‘qdur. Hamchunonki, bu kun Ovrupoda va Oziyoda isman «hun» yo‘qdur. Tarix hun qavmini sartdan ko‘ra yaxshi zabt etgan. Maa fihi bukun na Ovrupo va (na) Osiyoda «hun» ismlik urug‘ yo‘q. Farazan, sart qabilasinda bir vaqt bor ekan, ammo endi sart urug‘i yo‘qdur. Bu qadar mashhur urug‘lar Turkistonda bo‘lub va atalib turub, ammo sart urug‘ini yo‘qligi va hech bir qabilani «man sart» demagani bu kunda sartni yo‘qligini va zamonida bo‘lsa-da, munqariz bo‘lganini dalilidur. Xo‘b, turoniylarni sartligini da’vo etaturgonlarni dalili bo‘lsa, lutfan bayon etmoqlarini iltimos etarmiz. Va dalillarig‘a qarab, albatta, ahli qalam muhokama joriy etarlar. «Sart» atamoqg‘a oshiq bo‘lganlardan ba’zan derlarki: «Har holda turkistoniy va buxoriylar oxirgi zamonlarda sart atalib va bu ism mashhur bo‘lubdurki, muning tark etmog‘i mumkin yo‘qdur».

Bu so‘z bir necha vajhdan to‘g‘ri emas. Masalan, usuli jadidchi yoinki taraqqiyparvar va madaniyati hozira toliblarini Turkistonda ba’zan kofir «bobiy», Istanbulda «mosun», Eronda hokazo «bobiy» atabdurlar. Holbuki, «bobiy» va «mosun» boshqa, taraqqiyparvar musulmon boshqadur. Bobiy va mosunlik ila faxr qilaturgon nomusulmonlar bo‘lganidek, taraqqiyparvar musulmon bobiy va mosunlikni o‘zig‘a nisbat berishni abadan qabul qilme6aydur.

Endi madaniyatparvar musulmonlarning «bobiy», «farra», «mosun» ismlari ba’zi xalq tarafidan bizg‘a berilibdur, deb musulmon ismini qo‘yub, o‘zini «bobiy» va «farra mosun» atamog‘i va shul nomag‘rub ismlarni o‘zig‘a toqmag‘i munosibmi? Albatta, yo‘q dersiz. Bas, turoniylarning o‘zig‘a maxsus va mashhur urug‘lari bo‘lub turub, majhul bir urug‘ ismini o‘zlarig‘a toqmasliklari tabiiydur, albatta. Derlarki, sart demayluk-da, na deyluk? Javobi nihoyat oson! Turkiston o‘zbeklari, tojiklari, arablari, turklari, ruslari, yahudiylari agarda desalarki, biz Turkistonni turk, arab va forsiyni tashxisdan ojiz va barchasig‘a umumiy bir ism kerak. Bul suratda dermiz. Unday bo‘lsa to‘g‘ri «Turkistonli», «Turkiston musulmonlari» yozingiz. Yo‘q! Bo‘lmasa, balki bir asr so‘ngra Turkistonda mavjud yahudiy, rus, turk, tojik va arablar bir libos va bir hay’atg‘a kirar-da, siz yana barchasini «sart» atarsiz.

Totor muarrixlaridan muhtaram Zaki Validiy afandi «sart» iborati to‘g‘risinda taqriban shunday deyur: «Bir zamonlar Turkiston xalqi sart bo‘lganlar. Ammo Chingizlar va mo‘g‘ullarni istilosi sababi-la ismlari almashgandur. Samarqand va Buxoroda sart yo‘q va ham tojik va arab va o‘zbeklar sart emas. Ho‘qand va Toshkand xalqi sartdur, azbaski, alar urug‘ini bilmaydur va ham alar na turk va na o‘zbek va na tojik va arabg‘a o‘xshaydur. Sart ismlik qabila Turonda bo‘lmasa-da, eski kitoblarda bor».

Yuqoridagi ro‘zlar munga javobdur.

(Baqiyasi bor)

Mahmudxo‘ja

«Oyna» jurnali, 1915 yil, 22-, 23-, 25-, 26-sonlar, 314—315-, 338—340-, 386—388-, 478—480-betlar.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.