Samarqandda matbuot ahvoli
I
[edit]1920nchi yilning oxirlaridan boshlab Samarqand matbuotig‘a hukumat tomonidan senzur (nozir) qo‘yildi. Va o‘shal kundan e’tiboran «Mehnatkashlar tovushi» gazetasi qisinqiliq ostida qoldi. Bir tomondan, senzur: «Millatchilikdan, diyonatdan gapirma! Hukumat tepasidagilarga tegma!» kabi amr va ta’limotlar berib, gazetani ma’naviy jihatdan qisaverdi. Ikkinchi tomondan, oqcha yo‘qlig‘i, kog‘oz qahatlig‘i va hurufchinlarning maishati torlig‘idan qocharg‘a majbur bo‘lishlari gazetaning kundan-kun tanazzuliga sabab bo‘la boshladi.
Buning ustiga, (1921nchi yil aprel — may oylarida) gazetada «So‘z, qaror va ish» sarlavhalik bir maqola bosilib, hukumatning ba’zi sahv va xatolari tanqid etildi. Shu choqlarda obko‘m partiyada rus va musulmon gazetalarini yo‘lga qo‘yish xususida muzokara majlisi bo‘lib, unda Mursalimov bizning gazetamizning kamchiliklarini sanab, o‘shal tanqidiy maqolaning mazmunini ham ruschaga tarjima qilib berdi. Natijada o‘zi «Mehnatkashlar tovushi»ga siyosiy nozir tayin etildi. Obko‘mning qarori bilan gazetaning oti o‘zgarib, «Kambag‘allar tovushi» qo‘yildi. Go‘yo mehnatkash so‘zi mensheviklarning shiori emish. Bolsheviklarga bunday ismlarni taqash munosib emas emish… Holbuki, o‘shal chog‘larda Maskovda «Mehnat» ma’nosida bo‘lg‘on «Trud» otliq ruscha gazeta chiqib tura yana har yerda chiqib turg‘on gazeta, jurnal va risolalarning bosh tomonida «Birlashingiz, butun dunyo mehnatkashlari» shiori yozilib kelar edi.
O‘rtoq Mursalimov gazetaga o‘tgandan keyin, bir yoqdan, yerlik muharrirlarni qisa boshladi. Boshqa yoqdan, o‘zi istagancha maqolalar yozib, mas’ul muharrirga ko‘rsatmasdan gazetaga o‘tkaza berdi.
Bu haqda 215-sonlik «Qizil bayroq»da uzunroq yozg‘onlig‘im uchun bu yerda takrorini lozim ko‘rmayman.
Shuning bilan «Kambag‘allar tovushi» kundan-kun har jihatdan qisilib, faqirlana berdi. 1922nchi yilning boshlarida obko‘m partiyaning sarkotibi o‘rtoq Mavlonbekov gazetaga mas’ul muharrir tayin etildi. Bu kishi gazetaga endi rivoj beraman, deb turgan chog‘ida o‘zi Xo‘jandga kamondirovka bo‘lib ketdi. Uning o‘rniga vaqtincha gazetaga o‘rtoq Yusuf Aliyev o‘tdi. Bu kishining gazeta ishlari bilan oshno emasligi va o‘zining quvvai qalamiyasining na darajada ekanligi ma’lum edi. Shuning uchun bu o‘rtoqning uch-to‘rt kunlik davrida ham gazeta durust yo‘lga kira olmadi.
O‘rtoq Yusuf Aliyev Toshkandga ketgach, uning o‘rniga obko‘m partiya tomonidan o‘rtoq 3. Burnasheva qo‘yildi. Bu o‘rtoq ham Mursalimov tutgan yo‘l bilan borib, yerlik muharrirlarni qisib, ularni ish tashlashlarig‘a sabab bo‘ldi. Bu holni ko‘rib obko‘m partiya yerlik ziyolilardan T. Rahmonberdi o‘g‘lini gazetaga mas’ul muharrir qilib qo‘ydi. Bu o‘rtoq o‘zi muharrir bo‘lmasa ham, yerlik muharrirlarni chaqirib gazetani chiqarmoqchi bo‘ldi. Lekin obko‘m partiya yo‘l bermadi. Bosmaxona «Gazetaning qarzi to‘lanmaguncha gazetani bostirmayman» dedi. O‘rtoq Rahmonberdi o‘g‘li harakat qilib, u yoq-bu yoqdan bir oz oqcha topib, zo‘rg‘a ikki-uch nomer gazeta chiqara oddi. Shuni ham yozayinki, bu gazeta ikki yildan ziyoda bir muddatdan beri viloyat firqa qo‘mitasi bilan viloyat ijroiya qo‘mitasining noshiri afkori bo‘lib kelgan bo‘lsa ham, shul ikki katta hukumat muassasasi o‘zining rasmiy gazetasini moddiy yokdan ta’min etolmadi yoki ta’min etarga jiddiyroq harakat qilmadi. Yo‘qsa, birgina gazetani har yoqdan yuqori ko‘tarish, mukammal va muntazam suratda chiqarish hukumat qoshida uncha qiyin bir ish emas edi.
Samarqanddagi rasmiy hukumat muassasalari har vaqt gazeta idorasig‘a «unday yozma — bunday yoz, e’lon va buyruqlarimizni tezroq bostur», deb tanbehot va ta’limot berib, senzur ustig‘a senzurliq qilib turardilar. Lekin gazetaning moddiy yoqdan va uning ochliqda qolg‘on muharrirlarini maishat jihatidan ta’min etish ishlarini eslariga ham keltirmas edilar. Hol bunday bo‘lg‘onda gazeta qanday taraqqiy etsun.
Uch yil davom etgan forsiycha «Shu’lai inqilob» jurnali ham kog‘oz va oqcha yo‘qliq, ham toshbosma asbobi yetishmaganlik sababli 1921nchi yil oxirlarida to‘xtalmoqqa majbur bo‘ldi. Yo‘qsa, ul ham ma’naviy jihatdan hech vaqt torliqda qolmag‘on edi.
Xulosa: Samarqandda bir gazeta va jurnalni ma’naviy jihatdan idora qilurliq kuch bor edi, hozir ham bor. Faqat yuqoridagi mone’lar bundagi matbuotning tangligiga, hatto yerlik muharrirlarning ham bir daraja ishdan sovunmoqlarig‘a sabab bo‘ldi.
Markaz (Toshkand)da bo‘lsa ish boshqachadir. Samarqandni hech vaqt Toshkandga qiyos qilib bo‘lmaydi. Chunki Toshkandda moddiy va ma’naviy kuch ko‘p bo‘lg‘onligi uchun andagi matbuot doim muntazam chiqib turadir. Toshkand Turkiston jumhuriyatining markazi bo‘lg‘oni uchun hukumat andagi matbuotni har jihatdan ta’min etadir. Hatto so‘ngg‘i choqlarda Toshkand matbuotida ishlayturg‘on musulmon muharrirlarning vazifalari va qalam haqlari ortdirilg‘onlig‘ini eshitduk. Buning ustiga, Toshkandda bizdagidek senzurning qisishi ham yo‘qdur. Shuning uchun Toshkandda matbuot keyingi chokdarda bir daraja taraqqiy etdi va etmakdadir.
«Zarafshon» gazetasi, 1923 yil, 3 noyabr
II
[edit]Men bundan burun bir munosabat bilan «Qizil bayroq» gazetasida «Samarqandda matbuot ishlari» unvoni bilan bir maqola yozib, unda Samarqand matbuotining kechirgan hollaridan bir oz ma’lumot bergan edim. Bu daf’a moddiy va ma’naviy jihatdan to‘liq yo‘sinda birinchi qatla shahrimizda chiqa boshlag‘on «Zarafshon» gazetasida yana shu mavzuda bir oz yozmoqchi bo‘ldim.
Samarqandda fevral o‘zgarishidan keyin bir marta Samarqand ziyolilari tomonidan «Hurriyat» gazetasi chiqarila boshlag‘on edi. Bu gazeta ma’naviy jihatdan va moddiy jihatdan ta’min etilmagan bo‘lsa-da, xalq tomonidan suyub o‘qilur edi. Chunki ul gazeta xalqning ahvoli ruhiyasiga qarab borar edi. Ul to‘xtalg‘onigacha mingdan oz bosilmag‘on edi. O‘ktabr o‘zgarishidan keyin «Hurriyat» gazetasi, bir yoqdan, hukumatning qisishi bilan o‘zining hurriyatini yo‘qota boshladi. Ikkinchi yoqdan, moddiy jihatdan ham og‘irlikda qoldi. Shuning uchun to‘xtalurga majbur bo‘ldi. Uning o‘rnida hukumat tomonidan «Mehnatkashlar tovushi» gazetasi chiqaruldi.
Bu gazeta rasmiy bir gazeta bo‘lg‘oni uchun tabiiy, bir yoqdan, hukumatning buyruqlarini bostira va xalq bilan hukumatni bir-biriga yaqinlashturmoq uchun tirishar edi. Boshqa yoqdan, xalqning uyg‘onishini, inqilobdan foydalanmog‘ini ham ijtimoiy jihatdan tuzalmagini ko‘zda tutib jidtsiy, hajviy va tanqidiy maqolalar yozar edi. Bu jihatdan ba’zi hukumat boshida turg‘on mansabparast kishilar yoki mustamlakachi bolsheviknamolarning saoyati va hujumiga uchrasa ham, ul senzur yo‘qlig‘indan istifoda etib, o‘zining tutgan maslakidan ayrilmay turdi. O‘shal vaqtlarda Toshkandda chiqaturg‘on «Ishtirokiyun» gazetasidan ko‘proq bizning «Mehnatkashlar tovushi» suyulib o‘qilur edi. Chunki kerak til, sheva va kerak maslak jihatidan bu ikki gazeta orasida xeyli ayirma bor edi.
Bu gazeta bir necha oy (1918nchi yil oxirlari va 19nchi yil boshlarida) o‘shal vaqtdagi matbuot mudirasi Brodskaya degan mustamlakachi bir xotinning qisishi ostida qolg‘on bo‘lsa ham, lekin «Milliy ishlar idorasi»g‘a o‘tgandan so‘ng aning changalidan qutulg‘on edi.
Bu gazetaning bir oz yaxshi davom qilg‘on choqlari 1920nchi yil oxirlarigachadir. Bu muddatda kog‘oz qahatlig‘i uncha sezilmasa ham, lekin kog‘oz uchun ba’zi rus millatchilari mustamlakachilik yo‘lini tutar edilar. Ruscha gazetani doimo kog‘oz va boshka jihatlardan ta’min etib kelganlari holda musulmon gazetasiga lozimicha ahamiyat bermaslar edi. Buning uchun esimda qolg‘on yolg‘iz bir voqeani yozib o‘tay, shoyad o‘quvchilar shunga qarab bu haqda o‘zlaricha bir hukm chiqara olurlar.
1919nchi yilda (oyi esimda qolmag‘on) Poligrafichiskiy otdelning ruscha gazetasiga 250 pud kog‘oz berganligini eshitib, biz ham yozib, musulmon gazetasi uchun kog‘oz so‘radik. Mazkur idora boshlig‘i ma’lum bir rus bizga taxminan 70-80 pudgina kog‘oz bermakchi bo‘ldi. Biz bunga ko‘nmadik. Ul mundan ortiq bermadi. Biz o‘shal vaqtdagi «Musulmon byurosi»ga murojaat qilib voqeani anglatdik. Bu ishga ani vosita qiddiq. Poligraf bo‘lsa, byuromizning murojaatini ham iltifotga olmadi. Biz «Musulmon byurosi»ning zohiran ko‘z bo‘yov uchungina tashkil etilgan nafsiz va e’tiborsiz bir idora ekanligini o‘shal chog‘da bilib oldiq. So‘zning qisqasi, oxiri umidsizlanib 125 pud kog‘ozga rozi bo‘ldiq. Qabul etmadi-da, talosh-tortishimizga qarshi: «Siz musulmonlar ham har vaqt o‘zingiz kog‘oz fabriki ochib, kog‘oz chiqarsangiz, so‘ngra tilaganingizcha kog‘oz ola bilursiz», deb javob berdi. Biz ham bu to‘g‘rida so‘z uzaytirishning foydasizligini bilib 70 pudgina kog‘ozga qanoatlandik. Mana, mustamlakachilarning bizga qarshi qilg‘on muomalalaridan bir misol!..
1918-19nchi yillarda «Mehnatkashlar tovushi» uch mingdan ziyoda, ikki mingdan oz bosilmadi. Va aksariyat ila haftada ikki da’fadan kam chiqmadi. Gazetada ishlaguvchi muharrir va tarjimonlar ham 19nchi yilning oxirlarigacha oyliqdan boshqa qalam haqi olmadilar. To‘g‘risi, tahrir haqi olmoqqa haqlarini borlig‘ini ham bilmadilar. Olaturg‘on vazifalari loaqal bir haftalik maishatlarini ta’min etmasa ham, lekin kitob va boshqa narsalarini sotib yeb, xidmatlarini davom etturdilar. Bu yo‘lda masohala etmadilar.
Gazetaning muntazam chiqmay oqsab qolishiga yana bir necha sabab bor edikim, biri huruf, ikkinchisi hurufchin (naborshik) masalasidir. Bosmaxonada to‘rt betlik gazetaga yetarlik miqdorda musulmoniy huruf yo‘q edi. Bori ham aksar vaqt hukumat siporishlariga ishlatilib, gazetaning tartibli chiqishig‘a mone’ bo‘lur edi. Hurufchinlarg‘a kelsak, bular ham tabiiy, maishat balosig‘a giriftor edilar. Olaturg‘on oyliklari loaqal joy vatanlarini ta’min etmaganligi uchun bu bechoralar ham ishdan qochar edilar. Biz alarni axtarib topib, hukumatning kuchi bilan zo‘rg‘a ishlatar edik. Bu ham albatta gazetaning davomiga sakta berar edi.
Huruf uchun bu muddatda necha martaba markaz (Toshkand)gacha murojaat qilg‘on bo‘lsak ham natijasiz qoldi. Quruq va’da va suchuk so‘zlardin boshqa foyda ko‘rmadik.
Mana, Samarqandda «Mehnatkashlar tovushi»ning 18- 19- 20-yillarda kechirgan umrlari. Gazetaning 21-22-yillarda o‘tkazgan hollarini kelasi maqolada yozsam kerak. Shuni ham bilmak kerakkim, men bu so‘zlarni «So‘ngg‘i vaqtlarda Samarqandda nima uchun matbuot tanazzul qiddi, ammo Toshkandda taraqqiy qilayotibdur?» degan savolning javobi uchun muqaddima tariqasida yozdim. Bu taraqqiy va tanazzulning tub sabablari gazetaning kelasi sonlarida yozilur.
«Zarafshon» gazetasi, 1923 yiya, 27 oktyabr
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|