Jump to content

Sahna adabiyoti

From Wikisource
Sahna adabiyoti (1924)
O‘ktam
334739Sahna adabiyoti1924O‘ktam

Har bir millat, qavmning ichki va tashqi turmushin, ijtimoiy hayotin tasvir etguvchi, turmush kamchiliklarin tanqid qilib ko‘rsatguvchi narsa o‘shal millat turmushidan olinib yozilg‘an hikoya va ro‘monlardir.

Ro‘monlardan foydalang‘uvchilar o‘qiy olg‘an savodliqlar bo‘lur. O‘qish bilmaganlar, boshqalardan o‘qutdirib eshitmasalar, turmushlaridag‘i fojealar, haqiqatlar, kamediyalarni voqe’band qilib ko‘rsatgan tasvir, tasavvurlarni tashqi bir ko‘z bilan qarab muhokama etishdan mahrum qolur.

Xalqimizning ko‘bchiligi savodsizdir. Demak, hozirg‘i va tarixiy turmushdan olinib yozilg‘an hikoya, ro‘monlardan foydalanishdan uzoqda turadir.

Ham o‘qug‘anlar va ham o‘qumag‘anlar uchun o‘zi va boshqa millatning turmushini, tarixiy hayotini tasvir etib jonli ravishda omma muhokamasiga tashlag‘uvchi, unga badiiy his berguvchi adabiyotning bir qismi bordirkim, u-da sahna adabiyoti – pyesalardir.

Siz-da sahna adabiyotining holi qalay? – deb so‘rab qo‘yilsa, to‘satdan beriladurg‘an javob shulki, – yo‘q!

Nega yo‘q, yozg‘uvchi yo‘qmi, yo u keraksinilmaydirmi, yoki xalqimizning ehtiyoji yo‘qmi?.. Barchasig‘a javob shulki, – Bor, ming martaba bor!

Faqat shunday narsalarni to‘plashda, terishda, bosdirishda muboshir bo‘lg‘an muassasalar musohilakorlik qiladir, to‘g‘on bo‘ladir.

Bizda bosma pyesa tarixi

Burung‘i zamonda xalqning sof miyasida tasavvur etilib, uning shirin tillari, nafis harakatlari bilan tasvir qilinib, ulug‘ yig‘inlarda, o‘rtoqliq maylislarida, gap-gashtaklarda, to‘y-bazmlarda, xon saroylarida jonlantiriladurg‘an og‘zaki asarlarni qo‘shmaymiz. Faqat Ovruponiki kabi sahnaga qo‘yarliq etib yozilg‘an narsalarnigina ko‘zda tutmoqchimiz.

Bizda sahna adabiyotining tarixi 1912 nchi yilda Behbudiy “Padarkush”i bilan boshlanadir. Bundan so‘ng Hoji Mu’in, Abdulla Qodiriy, A.Badriy, Hakimzoda Niyoziylarning pyesalari bosiladir. O‘shal zamonlarda (mening bilganim) Hamid Sulaymonning “Boy” degan, A.Avloniyning “Advokatlik osonmi?” degan pyesalari yozilg‘an bo‘lsa-da bosilmay qolg‘an.

Sahna adabiyotining yozilishida qaynag‘an davr ham muhim asarlarning yuzaga chiqishi O‘ktabrdan keyin bo‘ldi. Oyning yorug‘lig‘ini xayoliga keltirmagan kishi oy ko‘rganda qanday shoshqalog‘lab tong qolg‘andek, biz ham tasavvurimizda tug‘ulmag‘an (chunki bizning xalqning saviyasi va turmush shartlari O‘ktabr inqilobini tug‘dirarliq emas edi) yangi bir dunyoni ko‘rgach, turmush shartlari, tiriklik oqimlarin o‘zgara ketishini seza boshlag‘ach alanglab qoldiq: dunyo ulug‘, yog‘du quyuq, yo‘l yalan, har kim uchun tekislik… Ochiq turub ko‘ra olmag‘an ko‘zlar ko‘rmakka boshladi. Ish ishlash kerak. Hayotning, maishatning har bir yo‘l-yo‘rug‘i o‘zi to‘g‘rali ishlaguvchi talab etadir. Har narsa uchun muhtojmiz, har narsa kerak, har narsa…

Tabiiy talantlar turmush ehtiyoji bo‘yincha uyg‘ona boshlar, har ish uchun o‘z kishilari chiqa qolar. Qizil matbuot kuni tug‘ulg‘andan buyon sahna adabiyoti bilan shug‘ullanganlar va ularning asarlari bilan bilganimizcha tanishayliq:

  • Bosdirilg‘anlari: “Chin sevish”, “Hind ixtilolchilari”. Bosdirilmag‘anlari: Buxoro, Samarqand, Toshkand sahnalarida ko‘b o‘ynalg‘an “Begijon”, “Abu Muslim”, “O‘g‘uzxon”, “Temur sag‘anasi”; yangi yozilg‘anlari: “Qon”, “Abulfayzxon”.
  • Hamid Sulaymon (Cho‘lpon). “Yorqinoy”, “Cho‘rining qo‘zg‘alishi”, “Xalil farang” (fojea), “Uzunquloq bobo” (kulgi). Bulardan boshqa 5-6 tarjima va tabdil etgan narsalari bor. Hech biri bosdirilmag‘an.
  • Shamsiddin Sharaf (Xurshid). O‘z asarlari: “Asmo”, “Karbalo voqeasi”, “Farhod-Shirin”, “Varaqa va Gulshoh”, “Siyovush”, “Jadid – qadim”, “Yomon o‘rtoq”, “Juvonbozliq qurboni”, “Kichik askar”, “Buyuk askar”, “Tuganmas boyliq”, “Jamiyat yerinda xiyonat”, “Zavolli vatan yoxud Turkiston”, “Qo‘rqoq qahramon”, “Yalqovlar jamiyati”, “Avvali hoy oxiri voy”, “Qaysi biri yaxshi”, “Shahzoda va tilanchi”. (Bularning hech biri bosilmag‘an)

Yozilmoqda: “Yusuf va Zulayho”, “Tohir-Zuhra”.

Bulardan boshqa Ozarbayjon, usmonlicha va tatarcha shevalardan tarjima qilg‘an: “Shayx San’on”, “Iblis”, “Otilla”, “Razboynik”, “Layli-Majnun” kabi 20 xil pyesasi bor.

O‘z asar va tarjimalarining ko‘pi Toshkant sahnalarida o‘ynalg‘an va ulug‘ olqishlarni qarshilag‘an bo‘lsa-da bosdirilmag‘an.

  • Hamza Hakimzoda Niyoziy. 4 seriyalik “Farg‘ona fojealari”, “Loshmon fojealari” 3 seriyalik. “Boy ila xizmatchi”. Bulardan boshqa kulgi va manzaralari bordirkim, har biri Turkiston, Buxoro sahnalarida o‘ynalib kelgandir. Lekin hech qaysisi bosdirilmag‘an. Mana shuning uchun 2-3 yildan beri o‘zi Turkistondan tashqarilag‘anig‘a ko‘ra asarlari ham maydondan ko‘tarila boshladi. Nusxasi hech kimda topilmaydir.
  • Gʻulom Zafariy. “Erk bolalari”, “Tuyg‘unoy ham Halima”, “Chin temir botir”. Har biri ham turmushdan oling‘an muzikalik dram va ko‘rinishlardir. “Halima” Turkiston va Buxoro sahnalarida necha martalab o‘ynalg‘an, har vaqt xalqning diqqatin o‘ziga jalb etib kelgan, biroq bosilmag‘an.

Bulardan boshqa bolalar uchun “Gunafsha”, “Quyon”, “Tilak”, “To‘squnchilar” va boshqa asarlari borkim, bolalar adabiyoti uchun eng muhim asarlardir. Bular ham bosdirilmag‘an. (“Gunafsha” “Bolalar dunyosi” jurnalida bosdirilg‘an)

  • Gʻozi Yunus. “Zahoki moron” (bosdirilg‘an), o‘nlab tarjima va tabdil etkan pyesa bor. Ularning ba’zilari bosdirilg‘an.
  • Abdulla Badriy. “Men ham Xudoning bandasi”, “Namoz o‘g‘ri”, “Otamizniki bobomizg‘a bo‘lsun” (Hech biri ham bosdirilmag‘an).
  • Abdulla Avloniy. “Advokatlik osonmi”, “Pinak” (kulgi), “Po‘rtug‘aliya inqilobi”. Bulardan boshqa 4 ta tarjima qilg‘an asarlari bor (Hech biri bosdirilmag‘an.

Rafiq Mo‘minning “Gulyor”, Boqiy Orifning “Ya fattoh”, Mannon Romizning “Turkiston xonlig‘i”, Tangriqul hojining “Eski madrasa”, Abdulla Qodiriyning “Hech kim bilmasun”, Mannon Majid (Uyg‘ur)ning “Fanniy to‘y”, “Guvoh” (tarjima) otliq asarlari ham bulardan boshqa o‘ttuzlab tarjima va ta’lif etilgan inqilobiy va tarixiy asarlar bordirkim, sahnada necha martadan o‘ynalib xalq hissiyotiga yoqisholg‘an bo‘lsalar-da bosdirilmag‘an.

6-7 yil orasida shuncha asarning dunyog‘a kelishi kichkina ish emas. Lekin bosdirilmaslig‘i ulug‘ gunoh, buyuk xiyonatdir. O‘rta maktablar tekshirmak uchun, xalq o‘qumoq uchun, ishchi-dehqon ko‘rmak uchun, asarga muhtoj. Ammo bizda asarlar yo‘q emas, bor bo‘la turib dunyog‘a chiqmay, uy tokchalarida, xaltalarda yotib, chirib yirtilib, qo‘lma-qo‘l o‘tib yo‘qolib ketmakda.

O‘z asari dunyog‘a chiqmag‘andan so‘ng albatta yozg‘uvchining ham ruhi tushadir. Ikkinchi yozg‘usi kelmaydir. Agar shu asarlarning loaqal yarmisi bosdirilg‘an bo‘lsa edi, tanqidlar etilib muharrirlar yanglishlarin bilgan, sahna adabiyotimiz tugallanmakka, taraqqiy etmakka yuz tutqan, ulug‘ kamchiliklarimizdan biri tugagan bo‘lur edi. Endi bundan so‘ng qizil matbuotimizning olti yilligi munosabati bilan sahna adabiyotini bosdirishg‘a qadam qo‘yayliq!

Bu qadar asarlarni sanadiq. Endi bularning ijtimoiy muhitimiz ham so‘ng jarayonlarga munosabati va tarbiyaviy yoqdan beradurg‘an samarasin tekshirmak kerak. Lekin buning uchun yana aytamizkim, shu asarlarning bosilg‘an yoki sahnada o‘ynalib ko‘rilgan bo‘lmog‘i lozim edi. Ma’attaassuf, hech biri ham bo‘lmag‘anliqdan shunday gina demakka jasorat eta olamiz.

Shu sanalg‘an yozg‘uchilarning asarlarini-da zamonaviy turmushdan oling‘anlari zamonasozdirlar. Tarixiy asarlar esa: burung‘i turmushdag‘i haqsizliklarni ko‘rsatguvchi, fuqaro sinfining amaldorlar va boylardan ko‘rgan zulmlarini tasvir etguchi oyinalardir.

O‘ktam

“Turkiston” gazetasi 1924-yil 21-iyun.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"