Jump to content

Rus tilini o‘rganishning foydasi haqida

From Wikisource
Rus tilini o‘rganishning foydasi haqida (1912)
by Abdulhamid Choʻlpon
335221Rus tilini o‘rganishning foydasi haqida1912Abdulhamid Choʻlpon

Dunyo bamisli yak rabot, dar on dudarast,

Har ro‘z dar in saroy qavm digar ast.


(Dunyo go‘yoki ikki eshikli rabot,

Har kuni qavmlar o‘zgarib turadi.)


Sa’diy

Mana bu dunyo yaratilg‘andin bu zamong‘a qadar shulay bo‘lub keladi. Dunyada bo‘lg‘an har bir mamlakatning tarixina nazar qilsaq, ko‘ramizki, hurmatli Sa’diy janoblarining so‘zlari har birisining tillodin ortuqdur. Bu dunyoga birovlar ketub, aning o‘rnig‘a ikkinchisi kelub, bu dunyo shul ko‘pincha aylanib turadur. Muna bizning Turkiston viloyatimiz qancha martaba buzulub, qancha martaba tuzalib, Sa’diy janoblarining aytqani shekilli qancha kishilar keldi, qanchalari ketdi. Zamoni minan mashhur Iskandar Rumiy bizning Turkiston viloyatini olib bir podsholik yasag‘an edi. Ul vaqtda bizning bobolarimiz badaviy bir o‘rundin ikkinchi o‘rung‘a ko‘chub yurur edilar. Dunyodin hech jabri yo‘q qay jer (yer) o‘tlov bo‘lsa, shunda ko‘chib borub qimiz minan qatiqdin boshqani bilmas, o‘qush-o‘qutush nima ekanin o‘ylamasdi edilar. Iskandar Rumiy qo‘lindin kelgancha bizlarga ko‘b zulmlar qildi. Aning qo‘yg‘an hokimlari odatdin, qonundin tash ishlar ijro qilub nihoyasiz zulm kelturdi. Bizning har bir zotimiz minan foydalandi. Lekin bizg‘a uch pulluk foyda qilg‘ani yo‘q. Bizlarga na maktab va na madrasa bino qildi. Munday bizning dunyo oxirinda rohat bo‘luvimizg‘a sabab bo‘ladurgan ishni hech qilg‘an emasdur. Bizning mol-mulkimizni xuddi o‘zining vatani bo‘lgan Makedoniyag‘a tashidi. O‘z yurtin bizning ko‘chimiz minan boy qildi, g‘aniy etdi. Shuning uchun-da Iskandarning podsholig‘i yuz yildin ortuqqa bormasdin vayron bo‘ldi. Iskandarning podsholig‘i buzulub, vayron bo‘lg‘andin necha yuz yil keyin bizning Turkistonimizni arablar kelub oldilar. Bizlardek islomni qabul etduk. Shuning minan birga arab madaniyatin qabul qilub, qancha o‘runlarg‘a maktab, madrasalar solduq. Butun Turkiston ul vaqtlarda bir behisht shekilli bo‘ldi. Ul vaqtlar Buxoro, Samarqand butun dunyog‘a mashhur bo‘lub dunyoning har tarafidin sayyohlar, shogirdlar bizning mamlakatimizg‘a to‘lar edilar. Bizning Turkistonni bilmagan odam yer yuzinda qolmas edi. Bu vaqtimiz ko‘b o‘zmadi, Qitoy yog‘indin Chingizxon degan bir odam chiqub, bizning mamlakatimizni barbod qilub, ostin-ustinga kelturdi. Qancha begunoh bandalarni qo‘y shakilli qirub, masjid-madrasalarni xarob, vayron qildi. Bu odam-da Iskandar Rumiy shakilli bizga hech nima bermay, xarob etish, vayron qilishdin boshqa hech narsa ko‘rsatgani yo‘q. Bu odamning qilg‘an ishlari, buzg‘an binolari bu zamonda ko‘zimiz oldinda turubdi. Xudo o‘zining panohida saqlasun. Buning-da jafosidin qutqazdi. Chingizxon podsholig‘i buzuldi. Hama ish o‘zimizga qoldi. Mashhur Amir Temurimiz qancha mamlakatlarni fath qilub, yetti iqlimning to‘rtini olub, beshinchisi bo‘lg‘an Qitoy mamlakatiga borg‘an vaqtda yo‘lda vafot etdilar. Mundin so‘ng ishimiz bir oz yillar tuzuv bo‘lsa-da, keyin hech bir ishimiz o‘ngalmadi. Xonlarimiz bekorg‘a kishi qonin to‘kdi. Bir-birina yov bo‘lub, qancha qirilishlar, o‘lturishlar bo‘lub, hech bir yoruq kun bo‘lmadi. Bola onasin so‘ydi. Xotun erin zaharladi. Tunu kun xavf-xatarda bo‘lub, bir rohatlik bo‘lmadi. Bir ovul ikinchi ovulning molin talab, bir xalqning odami ikinchisining xotun-qizlarin o‘g‘urlab, fuqaro juda kambag‘al, nihoyasiz darajada xor edilar. Bizlarda hech rohatlik hech kasb, hech bir hunar bo‘lmas edi. Bor bilgan hunarimiz talov, yov-yov bo‘luv, urushuv edi.

Bizning shunday rohatsiz kunlarimizda Xudo o‘zi bizni oqposhshoning fuqarosi qildi. Har yerda tinchliq, har yerda rohatlik butun Turkiston boyliq minan rohatlikka g‘arq bo‘ldi. Muna Iskandar ketdi – arablar keldi, arablar ketdi – Chingizxon keldi, nihoyat, bukun borimizda bir ittifoq minan oqpodshoning fuqarosi bo‘lduq. Xurmatli Sa’diy janoblarining har bir so‘zi haq ekan. Yuqorida men Iskandar va boshqalarning bizlarga hech bir nima bermaganin, balki bizdin qancha foydalansa-da, alardin jabr-zulmdin boshqani ko‘rmaganimizni yozg‘an edim. Bizlar emdi hozirgi kunimizga qarayiq. Bizning burung‘i musulmonobod vaqti minan hozirgi holimizni tekshurub qarasaq ko‘ramizki, ul vaqt minan hozirgi holimiz orasida jer minan ko‘k shakilli ayirma bor. Musulmonobod vaqtlarida bizning Toshkandimizni ba’zan Xo‘qand xonligi, ba’zan Buxoro, ba’zan Turkiston xonlig‘i kelub chopib olur edi. Ul vaqtlarda bizning qancha molimiz, qancha jonimiz halok bo‘lur edi. Tuni-kuni xavf-xatarda bo‘lub, shaharning qo‘rg‘onining tashina chiqub, joy qiluv aslo mumkin emas edi. Qo‘rg‘onning tashiga chiqding esa hozir kallangni chopub olishqa tayyor turuvchilar bor erdi. Hozirda ul vaqtlardag‘i qo‘rg‘on, ul vaqtlardag‘i xatar, tashvishlar qayda qoldi? Boylik tarafin o‘ylasaq, hozirda Xudo bizga shul qadar ne’mat berganga ul vaqtlarimizg‘a qarag‘anda birimiz o‘n hissa ortdi. Musulmonobod vaqtlarda nimamiz bor edi? Bir safar minan bir ot, bir omoch minan bir ho‘kuz, boshqa nima davlatimiz bor edi? Ul vaqtlarda gurunch botmoni uch-to‘rt so‘m bo‘lsa, hozirda ellik so‘m emasmu? Bug‘doy iki so‘m – bir so‘m bo‘lsa, hozirda yigirma so‘m emasmi? Hozirgi parovonchiliq daraxtzorlik musulmonobod vaqtlarda bittasi yo‘q edi. Burun Toshkand minan Piskand orasi to‘rt kunlik yo‘l edi. Hozirda ko‘b yurganda to‘rt soat boradilar. Musulmonobod vaqtda O‘runburg‘a yilda bir martaba borub kelsa ko‘b xursand bo‘lur edilar. Hozirda ikki kunda boruv mumkin bo‘ldi. Burun cho‘liston bo‘lgan jerlar obod bo‘ldi. Ariqsiz, suvsiz yotqan o‘runlarg‘a ariq qozilub, suv keltirdi. Bularni kim qildi? Xudoyorxonmi, Nasriddinxonmi, qaysilari qildilar? Muna bulardi o‘ylab qarasaq, ulamomiz bo‘lsun, avomimiz bo‘lsun xursand bo‘lub, oqpodshoning fuqarosi bo‘lg‘ang‘a Xudog‘a shukrlik qilurmiz. O‘qush tarafin qarasoq, albatta, burung‘i zamonimizg‘a qarag‘anda ko‘b tuzumimiz qancha maktablar ochildi. Qancha ishko‘llar solindi. Bolalarimiz har qayuvsida o‘quv-yozuv bilub, har ishga usta bo‘lub qoldilar. Bizni ruscha bilsunlar deb qancha o‘runlarg‘a ishqo‘llar soldilar. Bizlar o‘zimiz nodon bo‘lg‘animizdin shunda ko‘rub o‘quvni yaratmaymiz, bolalarimiz o‘rus bo‘lub ketadi deb qo‘rqub, behuda o‘ylar minan o‘qumay nodon qoluvimizni ortiq ko‘ramiz. Bizga tayyor maktab bo‘lsa, tayyor domla bo‘lsa, nimaki bizga bekorg‘a umrimizni o‘tkaramiz? Bizning shariatimizda har bir ilmni bilmak durust bo‘lsa, bu o‘ruscha, bu faloncha deb farq qilmay o‘zimiz uchun soling‘an ishko‘llarg‘a kirub o‘qiyiq.

Qalandar

“Turkiston viloyatining gazeti”

1912-yil, 19-avgust.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"