Qissai Salim Javhariy
Kim emdi aylayin bir qissa og‘oz,
Salimi Javhariydin nuktapardoz.
Kim ul Hajjoji zulm ichra yagona,
Tilar erdiki, bir yaxshi fasona.
Topib Fattoh olib borgach Salimni,
Fasohat bobida yo‘q-yo‘q kalimni.
Buyurdi shah so‘zung og‘oz ayla,
Fasonangg‘a meni damsoz ayla.
Duo aylab Salimi nukta oshub,
Eturdi shohlig‘ rasmida uslub.
Dedi, ey shahriyori rub’i maskun,
Mutei xidmating bo‘lsun Faridun.
Eshit bu qulni ko‘rgan sarguzashtin,
Kezib olamg‘a yurgan ko‘hu dashtin,
Otamg‘a bor edi moli farovon,
Hisobu sondin ortiq gavharu kon.
Eram monand bog‘u bo‘stonlar,
Bihishtoso taajjub gulsitonlar.
Qamar zarrin eshikda qul tuman ming,
Qanizaklar necha siminbadan ming.
Zaru sim onchakim imkondin ortiq,
Duru la’l ul sifatkim kondin ortiq.
Shiori bazl o‘lub, andeshasi jud,
Gadolar xoni lutfidin topib sud.
Yalangg‘och to‘n topib, ochlar navo ham,
Ani asrida erdi benavo kam.
Jahon ehsonidin andog‘ bo‘lub shod,
Bo‘lubon mulki Vosit zavqobod.
Akobirlarga posi hurmat andin,
Lozimlarga shavqi shafqat andin.
Demishlar oni Abdulloi tojir,
Javohirg‘a fuzunroq erdi mohir.
Qo‘yub el oni ismin Javhariy ot,
Etub zotig‘a javhardin mubohot.
Bo‘lubon moyasi durru guhardin,
Badaxshong‘a borib, gah Qoshg‘ardin.
Degil har vajh dunyolig‘da xursand,
Vale bog‘ida butmay naxli farzand.
Beribon simu zar darveshlarga,
O‘g‘ul umedida dilreshlarg‘a.
Hadaf topgach banogoh tiri ummed,
Hamono topg‘on o‘lsa umri jovid.
Yig‘ibon majmuye jam’i kasire,
Tuzub jashne yig‘ib barnoyu piri.
Berib Vositg‘a ziynat bog‘lab oyin,
Xo‘tan bedil bo‘lub, sharmandasi Chin.
Menga ham tangri aylab lutf yovar,
Chu bo‘ldum lutfi haqdin yetti yoshar.
Muallimg‘a berib qildi xitobe,
Yaraydur aylasa ilm iktisobi.
O‘qub har ilmdin topdim kamohi,
O‘lumi fikhu tibdin intibohi.
Bo‘lub oz chog‘da har fan ichra mohir,
Akobir rasmig‘a ko‘z tikdim oxir.-
Muborizlig‘da, tirandozlig‘da,
Ham andog‘ nardu shatranjbozlig‘da.
Faridi vaqt bo‘ldum har fan ichra,
Qilurdim ko‘p o‘yunlar javshan ichra,
Uqumdin karkadon bosh tortar erdi,
Qilichim sher bag‘rin yirtar erdi.
Ot ustida o‘yunlar aylar erdim,
Masof ichra bahodir saylar erdim.
Kishi razmim uchun mayl aylay olmay,
Urub saflar buzar erdim payopay.
Menga bo‘lmay birov bu ishda hamto,
Masofimdin qochardi har tavono.
Yoshim o‘n yettiga yetkurdi ziynat,
Topib o‘n to‘rtkunlik moh tal’at.
Karimi ixtilotimg‘a berib zayn.
Falak xurshedi yanglig‘ qurratulayn.
Nikoh aylab kiyurdi xilvatimg‘a,
Kavokib ko‘z tikardi ishratimg‘a.
Otam rohatda, men ishratda mashg‘ul,
Nekim amr aylabon men anga ma’mul,
Otamg‘a yetti chun azmi zaruriy,
Etushti za’fi tan, ketti shuuri.
Tanini notavonlig‘ zo‘r qildi,
Tushub bemorlig‘ ranjur qildi.
Qulog‘ig‘a yetushti ko‘si rehlat,
Menga aylar edi necha vasiyat,
Ki ey umrumni bog‘ini niholi,
Gulistonimni sarvi e’tidoli.
Tanim ranjurlig‘ birla so‘lubtur,
Magarkim umr savdosi bo‘lubtur.
Jahon savdosig‘a yeldim-yugurdim,
Nekim istab murodim oncha ko‘rdim.
Ulusni shodkom aylab o‘zumdin,
Eturdim bahralar elga tuzumdin.
Ne kim taqdir etib erdi xudovand,
Ham o‘zni ayladim, ham elni xursand.
Bu qolg‘on mollar emdi seningdur,
Qaro tufrog‘ aro manzil meningdur.
Egil, ichgil, xudovandi taborak
Bu davlatni senga qilsun muborak.
Va lekin to‘rt ishni qilg‘um izhor,
Ani berk ushlag‘il zinhor-zinhor.
Biri bu: yaxshilik kunni unutma,
Maishat moyasin isrof tutma.
Biri bu: tong-la fikrida yema g‘am,
Bu g‘amdin yetguluk rizqing bo‘lur kam.
Biri qilma kishini aybini fosh,
Bu atvoring yeturgay bag‘ringga tosh.
Biri bu: yaxshi ishdin qilma nomus,
Ani qilmoqlig‘ida bo‘lma ma’yus.
Ulug‘lar tufrog‘ini to‘tiyo qil,
Alarni suhbatini kimiyo bil.
Xususan ilm eli bo‘lsun anising,
Alardin pur ayla zavqi jalising.
Otadin chunki bu posux eshittim,
Etushtum ko‘zlarin yoshin orittim.
Dedim: «Ey qiblagohim, uzrxohim,
So‘zingdin ko‘kka yetgay dudi ohim.
Hayotingdin gulistonimg‘adur rang,
Zamirim ko‘zgusin yuqturmag‘il zang.
Qolib sendin qachon men shod bo‘lgum,
Agar gulmen bu motam birda so‘lgum.
Boshimda soyai iqboling o‘lsun,
Rafiqim lutfi molomoling o‘lsun.
Hayotingdindurur jonimg‘a minnat,
Boshimdin bo‘lmasun zilli raofat.
Va lekin hukmi haqni chorasi yo‘q,
Ajalni jallasidin otilur o‘q.
Otam ichti ajalni jomidin may,
Samumi marg yiqitti lahza qo‘ymay.
Qilib dafn ayladim oshi azosin,
Solib ustumg‘a ham motam libosin.
Atodin harnakim qolmish zaru sim,
Borisi o‘z qo‘lumg‘a topti taslim.
G‘ururi naqdu mulku molu asbob,
Ham andoq xidmatimda xosu navvob.
Tushub hushumg‘a oshubi yigitlik,
Qilib xudroylikda nafsim itlik.
Tutub qavmi arozil birla ulfat,
Sharorat xayli birla bazmu suhbat.
Alarga sarf etib boru yo‘qumni,
Oshurub osmondin g‘ulg‘ulimni.
Falakka yetkurub oshubi mastim,
Bu mastimda bo‘lub ko‘k toqi pastim.
Bo‘lub isrofg‘a shug‘li mizojim,
Ishim lavhu tarab bermak rivojim.
Tamizim anglamay sudu zarardin,
Na tinmoq, ne tayanmoq sho‘ru shardin.
Mizojimga yetushub siflaxo‘lig‘,
Sharorat ahli ichra komjo‘lig‘.
Dimog‘im jo‘sh urub beboklig‘da,
Demak bebok, beidroklig‘da.
Bo‘lub behudalig‘da eldin ortiq,
Yamonlig‘da ayog‘im tildin ortiq.
Atodin harna qolg‘on mollarni,
Zaru simu tuman amvollarni.
Berib oz chog‘da oncha molu amlok,
Talaf qildim borini chustu cholok.
Mani bexudlig‘ aylab ul sifat mast,
Berib sarmoyani bo‘ldum tihidast.
Na qul qoldi eshigimda, na doya,
Yo‘qotdim borchasini poya-poya.
Bu bexudlig‘da bilmasdimki g‘am kim,
Sitam qaysi bo‘lur, bilmay alam kim?
Diram qaydin kelib qoyda borodur,
Maishat to‘shasi qoydin yetodur?
Yamon yo‘lg‘a qilurdim sarf chandon,
Ko‘ngulg‘a tushmas erdi judu ehson.
Bu yanglig‘ simu zar ketgach qo‘lumdin,
Qochib el qo‘rqar erdi shumlug‘imdin.
Uzub do‘stlar tanobi do‘stlig‘ni,
Muhabbat sinasidin po‘stlig‘ni.
Qo‘yub otim Salimi ko‘rtole’,
Bu ot ul mamlakatg‘a bo‘ldi shoye’.
Ko‘zum oqu qarosi mehribonlar,
Qochib mendin burun ul istagonlar.
Meni istar kishilarni men istab,
Alar yuz qaytarurdi ochmayin lab.
Salom etsam, alar qilmay javobe,
Salimi ko‘rbaxt, aylab xitobe,
Qarindoshimg‘a mendin oru nomus,
Alar topmay burun bo‘lmoqg‘a pobo‘s.
Matou moya barcha ketdi qo‘ldin,
Aningdek sirru somonim ko‘nguldin.
Dedim juftimga: «Ey kulbam charog‘i,
Anisi xilvatim ko‘ngulni bog‘i.
Chu mendin qildi sudu moya padrud,
Zaru simu nuqudim bo‘ldi nobud.
Xazoyin yemrulub ko‘nglum uyidek.
Nishotim qasri vayron bum uyidek.
Buzuldi xotirim yonglig‘ nishotim,
Qo‘lumdin ketti naqdi inbisotim.
Burung‘i shodmonlig‘ bo‘ldi barbod,
Zamoni ishratim bermas birov yod.
Hama ahbob uzdi tori shafqat,
Urub balki bag‘irda xori zillat.
Alarkim xoni lutfimdin edi shod,
Yuzumga ta’na teg‘in qildi bunyod.
Salimi sho‘rbaxt, yod aylab otim,
Xaloyiq ichra afzunroq uyotim.
Bu xijlatdin boshimni ko‘tarolman,
Ulus ruxsorig‘a tiklab boqolman.
Bu avlodurki, sen tushmay g‘amimga,
O‘zungni qo‘ymagil bu motamimga.
Otang lutfida yuz zevardadursen,
Tuman hurmat bila parvardadursen.
Dimog‘ing benavolig‘ ko‘rgan ermas,
Mizojingg‘a taab yetkurgan ermas.
Nabotu qand guftoringg‘a banda,
Shakar la’li guharboringg‘a banda.
Niholing nozu ne’mat birla butgan,
Kamoling shahdu sharbat xo‘p tutgan,
Vujuding bog‘i nuzhat bo‘stoni,
Yuzung ko‘zgusi aksi komroni.
Yuzing oyinasi zavqu safoda,
Ko‘zingning orzusi to‘tiyoda.
Maishat birla xushzavq hayoting,
Hujumi foqa ko‘rgan yo‘q sifoting.
Ki ya’ni ko‘rganing yo‘q benavolig‘,
Qadingg‘a or erur sholi gadolig‘.
Otang bazmida bo‘l sham’i shabiston,
Otangni kulbasin qil Yusufiston.
Etushmay shumlug‘um tortg‘il o‘zungni,
Otang charxida ko‘rsat yulduzingni.
Meni qo‘y ushbu mehnat xonasida,
Bo‘lay men ushbu g‘am koshonasida.
Bu oshub ichra sen o‘rtog‘im o‘lma,
Bog‘ir dog‘iga sen hamdog‘im o‘lma.
Seni ko‘rsam bu zulmatxona ichra,
Tushar o‘t bu dili vayrona ichra.
Ko‘runmay o‘z g‘amim sendin tushar tab,
Ki quti yavmiya qilsang yo‘q istab.
Bo‘lubmen notavonlig‘da tavono,
Bu mahzunlig‘da ne bo‘lg‘aymen oyo.
Ki sen borg‘il otang uyig‘a, ey hur,
Meni deb bo‘lma muflislig‘da ranjur
Yana yondursa davlat sham’ini haq,
Qora kulbamg‘a tushsa nuri ravnaq.
Kasodi ishratimg‘a yetkurub sud,
Ketibon foqa, yetsa tarhi behbud.
Kelib manzilingni obod etarsen,
Burung‘i zavqingni bunyod etarsen,
Ki holo men bo‘lub nokomlig‘da,
Sen andoq turfa beoromlig‘da.
Ota-onang bila tut g‘amzudolig‘,
Aromizda turubtur kadxudolig‘».
Chu juftim mendin anglab bu fasona,
Qilibon zahrxand etti tarona.
Dedi: «Budurmu tamhidi muruvvat,
Bu qaysi rasm erur, qandog‘ hamiyat?
O‘zung insof qil, fikr et kaloming,
O‘zung andesha qil bu fikri xoming.
Seni tanho qo‘yub bu ibtiloda,
Men anda aysh etay, sen bu baloda.
Otam bazmida men mastonalig‘da,
Senu har sham’g‘a parvonalig‘da.
Otam birla bo‘lub men zavq xirman,
Bo‘lub sen har eshiklarda salozan.
Bo‘lub men zavq ila ishratda mashg‘ul,
Kiyib sen eski shol egningda kachko‘l.
Bale, bozui hushu himmatingdin,
Shuurim ketti mundog‘ xijlatingdin.
Vafo uslubiga budurmi oyin,
Rusumi do‘stlig‘ budurmi erkin?
Kerak mendin bu betoqatlig‘ o‘lsa,
Ne dey bir-birga shafqat ushbu bo‘lsa.
Eru xoting‘a oyin bu bo‘lurmu,
Eri bemoya bo‘lsa ayrilurmu?
Bu tavringdin hamiyat elig‘a nang,
Shuuring botil etmish sho‘lai bang.
Demon ojizlik ichra notavonsen,
Tanumandu qavi ham pahlavonsen.
Ayog‘ingda erur yurmoqg‘a yoro,
Aling har ishni aylarga tavono.
Etar har ishni aylarga madoring,
Etar har kasb qilsang iqtidoring.
Qachon ojiz erursen kasb etardin,
Kelur qilmoq qo‘lingdin har hunardin.
Birov sarmoyasi gar oz bo‘lg‘ay,
O‘tunchinliq qilib mumtoz bo‘lg‘ay.
Vagar bo‘lsa qo‘lida moya chandon,
Ochar har rastada yuz nav’ do‘kon.
Dema otim Salimi Javhariydur,
Javohir bo‘lsa sarmoyam yeridur.
Jahon qonunida turmas bir ohang,
Cholur yuz parda ichra nag‘masnn chang.
Tuzotib zeru bam sharhida ovoz.
Gahe pastu gahe bolo qilur soz.
Havodis barq yanglig‘ o‘rgulub tez,
Yurur maydoni dahr ichra sabukxez.
Xijolat mulkida ko‘b bo‘lma ma’yus,
Bu ma’yusingdin ortar senga nomus.
Bir ish shug‘lin o‘zungg‘a pesha qilg‘il,
Xijil yurmay bir ish andesha qilg‘il.
Burunroq bo‘yla kundin qilmading yod,
Saranjomingni berding yelg‘a barbod.
Pushaymondin topilmas suding oxir,
Ilik bir ishga ur behbuding oxir.
Tutub bechoralig‘ rasmida uslub,
O‘tun qil dashtdin yo bog‘la jorub.
Vayo muzdurlig‘da kasbi kor et,
Vayo hammomlig‘ni ixtiyor et.
Maishat moyasida aylagil jahd,
Jadaldin komi zavqingg‘a yetar shahd,
Xijolatdin fuzun bo‘lg‘ay zabunlig‘,
Etar joningg‘a tarhi vojgunlig‘.
Muningdek munfaillig‘ ichra yotma,
Sazo toshi bila boshing ushotma.
Xarimi xilvat ichra men ham andoq,
Ishim bo‘lsun tunu kun charx o‘gurmoq.
Sen aylab toshqorining korsozin,
Qilay man ichkarining ko‘bu ozin.
Otamni uyidin yetmas menga sud,
Sening birla bo‘lay har budu nobud.
Dami ayshu nishotingda edim yor,
Ham andoq men g‘aming vaqti parastor.
Alimdur domaningda shodu g‘amda,
Sening birla bo‘lay zavqu alamda.
Bu yanglig‘ xotunim ko‘rguzdi shafqat,
Zamirimga tushub zavqu hamiyat.
Qilib tangrini shukrini adosin,
Hamul manguchai ismat vafosin.
Shabistonim yorutmish bu sifat oy,
Vafo gulzorida sarvi sumansoy.
Ko‘ngulni zavqi oshib hushu tobim,
Dimog‘i xush aningdek jo‘shu tobim.
Qilurga kasb etmoq jazm qildim,
Magar hammolliqga azm qildim.
Ko‘ngulga xotunimdin oshti izzat,
Bu jur’at ko‘rdum andin yetti himmat.
Belimni bog‘ladim hammollig‘g‘a,
Ko‘ngulni qo‘ymayin ehmollig‘g‘a.
Safi hammolg‘a qotdim o‘zumni,
Eshit, ey shahriyor, alhaq so‘zumni.
Sari bozori Vosit ichra behol,
Burun javhar sotardim, emdi hammol.
Kulub ba’ze urubon ta’nadin nesh,
Hazin ko‘nglum qilurdi turfa dilresh.
Alar so‘zig‘a solmay iltifotim,
Boshimdin oshurub tashlab uyotim.
Hamono qildim ish hammollig‘da,
Uyotni oshurub xushhollig‘da.
Olib oz uchrasin ko‘b-ko‘b ko‘tardim,
Masofat qat’ida eldin o‘tardim.
Alar bir borg‘onicha ikki borib,
Alar o‘n borg‘onin bir yo‘l ko‘torib.
Qolib hammollar po‘yamga hayron,
Etib hammollar muzdig‘a nuqson.
O‘nu o‘n besh diram har kun topardim,
Takopo‘yumg‘a ravnaq ko‘rsatardim.
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |