Jump to content

Qimmatchilik hasrati

From Wikisource
Qimmatchilik hasrati (1919)
by Abdulla Qodiriy
334223Qimmatchilik hasrati1919Abdulla Qodiriy

«Ishtirokiyun»ning bir no‘mirinda Toshqun o‘rtoq «Qimmatchilik tinkamga tegdi» unvonli bir maqola yozib: man so‘qqabosh bo‘laturib shuncha qiynalmoqdaman, ammo bola-chaqalik akalarning holi nima kechmoqda ekan, mazmunida bir so‘z so‘zliydir. Bola-chaqalik bir yigit o‘ldig‘imdan Toshqun og‘aning boyagi so‘zi manim yaramga tuz sepdi. Shu qimmatchilik vaqtining oilador bir kishisi bo‘luvim sababi ila qo‘limga qalam olib man-da o‘z hasratimni yozib o‘tmoqchi bo‘ldim. Lekin manim kechirmoqda o‘ldig‘im kunlar oldida Toshqun o‘rtog‘imniki holva bo‘lib qoladir. Mana tubanda o‘qub ko‘rulsun: Osh-non yemoqdan boshqaga yaramagan bir chol otam ila bir kampir onam, yolg‘uz so‘z so‘ylash ila osh pishirishka yaratilgan bir xotunim bor. Ko‘chaga yuz karra chiqib, har uyga kirganda «Oyi, non ber!»ni o‘ziniki qilib olgan bir qizim, topkanini ko‘chada chiqim qilib, erta-kech manim ovqatimga sherik bo‘ladirgan bir inim bor. Bulardan boshqa tag‘i bir yashar o‘g‘lum bo‘lsa ham, Xudoga shukr, hali tishi chiqg‘ancha yo‘q. Manim qarovimdagi jam’i muftxo‘rlar olti jon, o‘zim ila yetgi jon bo‘lamiz. Mana shu yuqorida ko‘rsatganlarimni to‘ydirmoqlik kafolati manim ustimga yuklangandir. O‘zim… da xidmat qilib, oylik vazifam sakkiz yuz qirq so‘m, har kuniga yigirma sakkiz so‘m 33 tiyin tushsa kerak. Endi shu jonvor yigirma sakkiz so‘m 33 tiyinning ustidagi («Ishchi» o‘rtoqning ta’birincha) mashmashaga tomosha qilinsa: man Eski shahar oziq sho‘basi tarafidin berilajak oziqlarni hisobga olmay, to‘p-to‘g‘ri bozor bahosiga hisob yuritaman, chunki Eski shahar oziq sho‘basining beradirgan yigirma kunda bir karra nonini, ikki oyda bir martaba oila boshiga ikki qadoq zig‘ir moyini, bir yarim oyda jon boshiga bir qadoq so‘k va birinchni, oh o‘ldim, deganla yarim qadoq go‘shini butunlay hisobga olmayman. Iydning birinchi kunidan boshlab to alholgacha bilmadim, nima sababdandir non ham bergani yo‘q. Boshqa nimarsalar ham hokazo… Agarda qattig‘ tegmasa oziq sho‘basining mutasaddilariga shunday tavsiyada bo‘linur edim: Bizadek kambag‘al Julqunboylarni, o‘zingizni, ham komitetingizdagi ikki yuzmi, uch yuzmi xidmatchilaringizni javobini beringiz-da, hammamizni ovoragarchilikdan ham tamug‘likdan qutqaring!

Maqsaddan yiroq tushibman. Ertalabki choyni besh dona non ila ichamiz. Bir put unni o‘rta hisob ila ikki yuz so‘m qilganda har donasi besh so‘mdan tushib, yigirma besh so‘m bo‘ladir. Choyni ham uch so‘m hisoblaganda yuqorida ko‘rsatib o‘tkan bir kunlik topishimning mashmashasi tamom bo‘lib, kunning mundan bu yog‘iga bo‘ladirgan xarajatlar butunlay o‘rinlidir. (Ehtimolki, bu saxiyona yolg‘uz ertalabki choy uchun beriladurgandir).

O‘rni yo‘q chiqimlar: tushlik choyga uch dona non puli o‘n besh so‘m. O‘zim xizmat vaqtida arzon baho oshxonadan bir kosa osh yeyman — puli olti so‘m. Jam’i yigirma bir so‘m. Endi kechqurungi oshlik turi haftada shu ravishcha bo‘ladir: shanba ila dushanba kun moshxo‘rda, yakshanba ila seshanba moshkichiri, chahorshanba kun so‘k oshi, panjshanba kuni ubra, jum’a kuni palov. Palovdan boshqalarining chiqimi ozroq farqli bo‘lgani uchun bir kunlik masalliq tubandagicha hisoblansa mumkindir. Yarim qadoq mosh besh so‘mdan yetti so‘m elli tiyin. Yarim qadoq birinch olti so‘mdan to‘qquz so‘m. Chorak qadoq moy o‘n so‘m. Bir qadoq karto‘shka olti so‘m (go‘sh o‘rniga karto‘shka ishlata boshlaganimizga ikki oylar bo‘ldi. Go‘shning isminigina eshitamiz. Bu yaqinda o‘zini ko‘rganimiz yo‘q). Xojji tuz va o‘tundan boshqa osh chiqimi 36 so‘m 50 tiyin. Haftada kir sobundan bir qadoq ketadir. Puli 60 so‘m. Bul ham bir kunga 10 so‘m tushadi. Osh xarajatidan tag‘i bir narsa yodimdan ko‘tarilibdir. Haftaga bir xurmacha qatiq puli 35 so‘m, kuniga 6 so‘mdan ziyodroq tushsa kerak. Jam’i o‘rinsiz xarajat 64 so‘m 50 tiyin. O‘rinlik — 26 so‘m ila jam’i 102 so‘m 50 tiyin. Yuqorida yolg‘uz ovqat xarajatlarini ko‘rsatdim. Toshqun o‘rtoq aytmishli ham yozning ko‘ngil sus ketadurg‘an mevalari ham bor. O‘ldim deganda o‘tguz-qirq so‘mni bunga ham bermay ilojing yo‘q. Mayda-chuydalari ila hisoblaganda maishatimga bir yuz so‘m yetadir. Bu yuz so‘mni nima qilmoq kerak. Bunga kim aybli? Molni qimmatlandiruvchi ispikulyantmi? Yoki vazifani oz beruvchi hukumatmi? Bu xususda churq etmasdan hukmni o‘qiguchining muhokamasiga tashlab o‘taman.

Bobolarimizning «Qarzing mingga yetsa, murg‘i musamman yegin!» degan bir maqollari bor. Lekin hozirda qarzim besh mingga yetti ham murg‘i musammandan darak yo‘q. Agarda bu so‘z to‘g‘ri bo‘lsa edi, murg‘i musammandan beshini yegan bo‘lur edim.

O‘yun-kulgiga, tomoshaga o‘chroq (xarisroq) bo‘lsam ham oqchasizlikdan tashlab yuborganimga ko‘b vaqtlar o‘tdi. Matbuotga mayda-chuyda yozishka iqtidorim bo‘lsa ham bu ishim yaxshigina edi. Mal’un qimmatchilik qisiriqidan ko‘bdan tark etib yubordim. Yuqoridagi bir necha satr hasratni yozarga «Kampirning dardi g‘o‘zada», degan kabi Toshqunboy maqolasi sabab bo‘ldi. Man-da o‘z dardimni yozdim. Yo‘qsa ezmalanib o‘lturmoqqa vaqtim ham yo‘q edi. «Ishtirokiyun» boshqarmasi bu ezmalikni bosarmi, yo‘qmi manim ishim emas. Har holda hasragimni yozib, yurakimni bo‘shatib olganim uchun o‘zimni yengil kabi sezmoqdaman. Bu yozganlarim o‘quvchiga ortiqcha bir ezmalik bo‘lib sezilur, shuning ila barobar o‘rinlik ham deb o‘ylayman.

Julqunboy

«Ishtirokiyun» — 1919 yil, 5 avgust. 148-son, 2-bet


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"