Jump to content

Pandnomai Xudoyorxon

From Wikisource
Pandnomai Xudoyorxon
by Shavqiy
333334Pandnomai XudoyorxonShavqiy

Uni yosh og‘o, derdilar, Mallaxon,
Nasihat qilur erdilar har zamon.

Bu xon aka g‘amin yer erdilar,
Fasih til bila gohi der erdilar

Unga, bu nasihatni dark aylagil,
Bu bachkana ishlarni tark aylagil.

Erur shah ishi elga damsozlik,
Munosib emas xonga sagbozlik.

Qayon bordi bu sandagi aqli xush,
Egay har iting kunda bir nimta go‘sht.

Taajjub seni elga bu qilmishing,
Munosibmi senga bu qilgan ishing.

Necha safshikan er bahodir yigit,
Bular barcha och bo‘lsa, to‘q bo‘lsa it.

Bu na xon ishidur, bu na qilgoning,
Berib ot, boqasin it olgoning.

Erur shah qanoti yigit birla ot,
Agar xon esang qil ani ehtiyot.

Bu behuda ish xon ishidin emas,
Xushomad eli sanga bu so‘z demas.

Qoshingga kelib bir necha ahli joh,
Bori o‘zlarin ko‘rsatur nekxoh.

O‘zin hyylalar birla aylab qarib,
Berib senga har kuni yuz firib.

Seni bu maishatga mag‘rur etib,
Bori ajdahodek o‘zin zo‘r etib.

Hukumatga atrofin qo‘l solib,
Eb-ichib, bori olg‘oncha olib.

Borib hukm ishini qilib poymol,
Bularga g‘araz esa bir teksa mol.

Bo‘libsan shikoru o‘yin birla g‘arq,
Bilib qilmading do‘stu dushmanni farq.

Kishi jon chekib qilsa xizmat agar,
Ayarmu aningdin kishi molu zar.

Ko‘rib xizmat in’omini qilmasang,
Chopon qadricha jonini ko‘rmasang.

Qishi arzi bo‘lsa oldingda so‘r,
Har ishni o‘zing qil, ko‘zing birla ko‘r.

Bu yanglig‘ ishing bo‘lsa anjom qil,
Sipah jabdug‘ini saranjom qil.

Bu yanglig‘ nasihat, bu yanglig‘ rama,
Necha desalar yoqmas erdi, so‘zlama.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.