Jump to content

Padarkush

From Wikisource
Padarkush (1913)
by Mahmudxoʻja Behbudiy
334119Padarkush1913Mahmudxoʻja Behbudiy

yoxud o‘qimagan bolaning holi

(Turkiston maishatidan olingan ibratnoma)

3 parda 4 manzarali, milliy birinchi fojia

QATNAShUVChILAR

B o y — 50 yashar.
T o sh m u r o d — boyning o‘g‘li, 15—17 yashar.
D o m u l l o — yangi fikrlik bir mulla, 30—40 yashar.
Z i yo l i — (ovro‘po libosida), o‘ruscha o‘qug‘on, millatchi musulmon.
X a y r u l l o — boyning mirza va mahrami, 18—20 yashar.
T a n g r i q u l — boyning qotili.
D a v l a t ila N o r (bo‘z bolalar) — kissalariga 4 so‘m qadar mayda kerak.
L i z a — rus xotini, qabiha shaklinda.
A r t u n — armani mayxonachi.
P r i s t u f — 2 politseyskiy, 2 qorovul, boyning 3 nafar erkak hamsoyasi.
B o y b u ch ch a — boyning xotini, 35—40 yashar.

KERAK NIMARSALAR

Bir la’li shiravor, non, dasturxon, choynak, piyola, chilim.
Mehmonxonaga keraklik gilam, ko‘rpa, yostiq.
Boyni(ng) yotoq asbobi va karavot.
Bir kaltak.
O‘n shisha suv va kivas.
Besh-olti istakon.
Bir sanduq.
Bir hamyon ichida pulg‘a o‘xshag‘an nimarsa.
Bir katta pichoq.
Bir tapponcha.
Sanduqni ochaturg‘on temur asbob.
Mukammal pristuf libosi.
2 politseyskiy mukammal libosi.
2 qorovul kaltagi.
1 hushtak.
1 shohsaqa.
1 kanob.
1 qo‘l kishani.

BIRINChI PARDA

Boy mehmonxonada o‘tirar, Xayrullo ila domulla kirar:

— Assalomu alaykum.
BOY. Vaalaykum assalom, marhamat qilsinlar (turib muloqot qilub, domullaga joy ko‘rsatib, o‘ltirur).
DOMULLA. Boy davlatini Ollohi taolo mundan ham ziyoda qilg‘ay (fotiha qilur).
BOY. Nafas(lari)i muborak, inshoolloh, durlari qabuldir.
DOMULLA. Balli, jum’a oqshomi duoni qabul vaqtidir.
BOY. Xush keldilar, taqsir.
DOMULLA. Salomat, salomat (qo‘lini ko‘ksiga qilib).
BOY. Xayrullo! Choy va la’li keltur.
XAYRULLO. Xo‘sh! (Choy va la’li keltirar, choy suzar, alar tanavvul aylar, Toshmurod kirar, salomsiz, beadabona).
TOShMUROD. Ota, tomoshag‘a boraman, pul bering.
BOY. O‘g‘lim, kim ila borasan?
TOShMUROD. Tursun akam ila.
BOY (kissasidan pul berib). Albatta, vaqtli kelinglar va yomon yerlarga bormanglar.
TOShMUROD. Xayr, xayr, hov ko‘p gapura(r)siz-da (chiqib ketar. Domulla boy va Toshmurodg‘a badbinona boqib, boshini solar).
BOY. So‘zlashib o‘lturing, taqsir.
DOMULLA. Xo‘b, xo‘b, boyvachcha katta bo‘lubdur, Xudo umr bersin, usuli jadida maktabigami o‘qiydur, yoinki eski maktabga?
BOY. Ikkisiga ham bormaydur.
DOMULLA. O‘z hovlingizda o‘qutaturg‘onsiz?
BOY. Yo‘q, yo‘q. Men o‘g‘lumni o‘qutmoqg‘a o‘ylaganim yo‘q.
DOMULLA. Ajoyib, sabab nedurki, o‘qutmaysuz? Vaholanki, o‘qumoq qarz va ilm sababi izzati dunyo va sharofati oxiratdur.
BOY. Mani xayolimg‘a dunyoning sababi, izzati — boylik. Oxiratga bo‘lsa, Xudoning qilgan taqdiri bo‘lur. Chunonchi, biz ko‘ramizki, odamlar boyni mullodan ziyoda izzat qiladurlar. Xususan, mana, banklar ko‘paydi. Katta boylar chilen bo‘lub, har kim chilenlarni izzat qilur, hatto, ishi tushaturg‘onlar chilen molini qimmat olur, azbaski, chilen iltifotiga olmagan odamlarga banklar pul bermaydurki, so‘ngra muomiladorlar sinib, mayda-mayda bo‘lur, bildingizmi?
DOMULLA. Bu so‘zlaringiz hozirgi zamonaga ma’qul, lekin chilen va boylarni izzatlari vaqtincha va xalqni ko‘zi ochilgunchadir. Holbuki, alarni ishi tushganlar izzat qilur, mulloni bo‘lsa, barcha xalq izzat qilur, ya’ni mulloni ilmi izzat qilinadur.
BOY. Bizni ham boyligimiz izzat qilinadur, hatto, musulmonlar nari tursun, o‘rus va armanlar-da izzat qilur.
DOMULLA. Izzatni nari qo‘yduk, agarda o‘g‘lingizni o‘qutsangiz, daftaringizni yozar, namozingizni va musulmonchiligini yaxshi bilur va ham sizga savob bo‘lur.
BOY. Mirzalik oson, mana, Xayrulloga oyinda yetti so‘m beraman, kunduzlari mirzalik va oqshomlari mehmonxona ishini qilar va hatto, uyqum kelguncha xodimlik qilar, kitob ham o‘qub berar.
DOMULLA. Shariat ilmi va zaruriyati diniyani bilmoq uchun boyvachchani o‘qutmoq, albatta, sizg‘a lozimdir.
BOY. Shariat ilmini o‘qitmoqni lozim bilmayman, chunki ani mufti yo imom va muazzin qilmoqchi emasman, azbaski davlatim anga yetar.
DOMULLA. Zarurati diniyaga ne dersiz?
BOY. Men o‘zim besh vaqt namozni keraklik duolari ila bilurman. O‘zim o‘rgaturman.
DOMULLA. Xat va savodga ne dersiz? Holbuki, savodi yo‘q odam hech nimaga yaramaydur.
BOY. Bu fikringiz g‘alat, chunki mani savodim yo‘q, bovujud, bu shahrimizning katta boylaridandurman va har ishni bilurman.
DOMULLA. Siz ilgari zamonda bir navi ila boy bo‘lubsiz, ammo endi boy bo‘lmoq nari tursun, faqat ro‘zg‘or o‘tkarmoq uchun (ham) ilm kerak. Ko‘ramizki, yigirma-o‘ttiz yildan beri barcha savdo ishlari armani, yahudiy va boshqa ajnabiylar qo‘lig‘a o‘tdi, muni sababi bizlarning o‘qumag‘onimizdur. O‘qumagan boyvachchalarni ko‘ramizki, ota molini barbod etar va oxiri xor va zor bo‘lur, binobarin, o‘g‘lungizni o‘qutmoqni sizga taklif qilurman.
BOY. Ay, domullo! Siz manga tahqiqchimi? O‘g‘ul maniki, davlat maniki, sizga nima? O‘quganni biri siz, yemoqg‘a noningiz yo‘q, bu holingiz ila manga nasihat qilursiz. Xayrullo! Mehmonxonani qulfla, uyqum keldi (Xayrullo la’li va asboblarni jamlab, muntazir turar).
DOMULLA (odamlarga qarab). O‘qumoq va mulla bo‘lmoq uchun pul kerak, badavlatlarimizni holi bul, bas, bu ketish ila nauzambilloh, dunyo va oxiratga rasvo bo‘lurmiz, o‘qumoq barcha musulmonga, erkak va yo xotin bo‘lsun, farz edi. U qayda qoldi? Oh, voy bizni holimizga! (Boyga qarab). Boy, man sizga amri ma’ruf etdim va menga shariat bo‘yicha lozim bo‘lgan ishni bo‘ynumdan soqit qildim. Inshoolloh, mo‘ylab chiqarib, alifni tayoq demayturgan o‘g‘lungiz holini ko‘rarmiz va o‘qutmaganingiz uchun gunohkor bo‘lursiz (domulla nos chekar).
BOY. Ay, domullo! Manga nasihatchi keragi yo‘q, bezor qildingiz, (odamlarga qarab) ishimdan, uyqumdan bu odam mani qoldirdi. Xayrullo, mehmonxonani qulfla (domulla arazlab chiqib ketar, boyni dimog‘i kuyib o‘lturar. Ziyoli musulmon kirar, palto va asosini mixga qo‘yar, boy ola-ola qarar, xushlamas).
ZIYoLI. Assalomu alaykum.
BOY (karaxtlik ila). Vaalaykum assalom, Xayrullo, kursi keltur. Bu kishi yerga o‘lturolmaydur (kelturar, ziyoli o‘lturub, papirus chekar).
ZIYoLI. Janob boy, sizni kayfsiz ko‘raman, mumkinmi sababini bilsam?
BOY. Bir mullo kelib edi, o‘g‘lingni o‘qutmaysan deb juda jonimni oldi, quvlagandek qilib zo‘rg‘a qutuldim, faqat mushtlashmadik.
ZIYoLI. Ah-ha, qiziq va interesniy hodisa emish (odamlarga qarab), bu shaharda boylarga amri ma’ruf qilaturg‘on mulla bor ekan, Xudoga shukur. Ul janobi haqqoniy domullani topib, ziyorat qilmoq kerak. Boy afandi, sizga malol kelmasun, ushbu to‘g‘ridan men ham sizga qachonlardir bir necha so‘z aytmoqchi edim. Va ammo soati ushbu daqiqaga mavquf ekan, endi sizdan iltimos qilamanki, bir necha daqiqa menga quloq bersangizki, ilm nafi to‘g‘risida so‘zlayin.
BOY (ola-ola qarab). Endi bildim, siz ham o‘g‘lungni o‘qut deb mani qisar ekansiz (odamlarga qarab), bugun chap yonim ila turganman, o‘ylamagan ishlar oldimdan chiqar, mazmuni — qordan qutulib, yomg‘urga uchraymiz. Xayrullo! Chilim keltur! (Tarafayn sukut, chilim kelar. Boy chekar, yo‘talar).
BOY. Xayrullo!
XAYRULLO. Labbay, taqsir!
BOY. Joyimni tashla, uyqum keldi (homuza tortar), ertaga ish ko‘p, vaqtlik yotmoq kerak (yana homuza).
XAYRULLO. Xo‘sh, hozir.
ZIYoLI (jiddiyat ila). Boy afandi! Men sizga dedimki, millatga keraklik ilmlar to‘g‘risida so‘zlamoqchiman, ammo siz meni(ng) so‘zimii eshitmoqg‘a xohlamayturg‘ong‘a o‘xshaysiz. Ikkinchi daf’a aytamanki, quloq bering va bu so‘zlar sizni(ng) va millatni(ng) naf’idur.
BOY. So‘zingizni jabr va zo‘r ila eshittirasizmi? Va yo meni azob bermakkami keldingiz?
ZIYoLI. Yo‘q, men asli boshqa ish uchun kelib edim va lekin ilm bahsining ustidan chiqib qoldim. Ushbu sababli muddaoni tabdil qilib, ilm to‘g‘risidan sizga bayon qilmoqni qasd etdim. Shoyadki, janobingizdek boylar millat bolalarini o‘qutmoqg‘a sa’y qilsalar.
BOY (xalqqa qarab). Koshki, domullo hikoyalari yetmasa edi. Xo‘b, modomiki qo‘ymaysiz, ertaroq so‘ylab tamom qiling, uyqum kelgan (homuza tortadi), odamlar bolasini o‘qut, deydur-a.
ZIYoLI. Hozir yangi va boshqa bir zamondir. Bu zamonga ilm va hunarsiz xalqni boyligi, yeri va asbobi kundan-kun qo‘lidan qetgandek, axloq va obro‘yi ham qo‘ldan chiqar, hatto, dini ham zaif bo‘lur. Buning uchun biz musulmonlarni o‘qutmoqg‘a sa’y qilmog‘imiz lozimdur, vaholanki, dini sharifimiz har nav naflik ilm o‘qumoqni beshikdan mozorigacha bizlarga farz qilgandir. Bu hukm — hukmi shariatdir. Biz musulmonlarga, alalxusus, bu zamonda ikki sinf ulamo kerakdur: biri olimi diniy; digari olimi zamoniy. Olimi diniy: imom, xatib, mudarris, muallim, qozi, mufti bo‘lub, xaloyiqni diniy va axloqiy va ruhoniy ishlarini boshqarar, bu sinfga kiraturg‘on talabalar, avvalo, Turkistonda va Buxoroda ilmiy, diniy va arabiy va bir oz ruscha o‘qub, so‘ngra Makka, Madina, Misr va Istanbulga borib, ulumi diniyani xatm qilsalar kerak, yoki komil mullo bo‘lsunlar (boy mudraydur). Angladingizmi boy?
BOY (boshini ko‘tarib). Ha, ha, aytabering, qulog‘im sizga.
ZIYoLI. Olimi zamoniy bo‘lmoq uchun bolalarni, avvalo, musulmoniy xat va savodini chiqarub, zaruriyati diniya va o‘z millatimiz tilini bilaturg‘ondan so‘ngra hukumatimizni(ng) nizomli maktablariga bermoq kerakdur, ya’ni gimnaziya va shahar maktablarini o‘qub tamom qilg‘onlaridan so‘ng, Peterburg, Maskov dorilfununlariga yuborib, dokturlik, zakunchilik, injenerlik, sudyalik, ilmi san’at, ilmi iqtisod, ilmi hikmat, muallimlik va boshqa ilmlarni o‘qutmoq lozimdir. Rusiya vatanina va davlatina bilfe’l sherik bo‘lmoq kerakdir va davlat mansablariga kirmoq lozim. Toki maishati ehtiyoji zamonamiz to‘g‘risida vatan va millati islomga xizmat qilinsa va ham davlati Rusiya podshohlik mansablariga kirib, musulmonlarga naf yetkurulsa va ham davlati Rusiyaga sherik bo‘lunsa, hattoki, shul tariqa o‘qugan musulmon bolalarini Farangiston, Amerika va Istanbul dorilfununlariga tarbiya uchun yubormoq kerakdur. Hazrat payg‘ambarimiz: ilm Xitoyga ham bo‘lsa, talab qilingiz, demadilarmi? (Boy uyquda). Bul ishlar bo‘lmas, magar pul ila, sizdek katta boylarni himmati ila, chunonchi, Qafkaz, Orenburg va Qozon musulmonlarini boy va ahli g‘ayrati ilm yo‘liga ko‘p pullar sarf etarlar va kambag‘al bolalarini o‘qutdirarlar (boyga qarab), albatta so‘zlarimga tushungansiz, janobi boy. Boy bova, hoy!
BOY (mudraydi, bosh ko‘tarib, esnab). Ha, ha…
ZIYoLI: Al-on biz Turkiston xalqiga bir yomon odat borki, bir kishi ruscha o‘qub, podshohlik ishiga kirib, rasmiy formasida yursa, masxara qiladurlar, agar izvoshchilik va yo qora mehnatkash bo‘lub, ovro‘palilarni eski libosini kiysa va yo o‘yinchilarning libosini kiysa, hech kim bir nima demaydirki, bu kamoli nodonlik va dunyodan xabarsizlikdir. Shunday emasmi, boy amaki.
BOY (o‘lturish yeridan bir tarafga og‘ib yotib). Xur, xur, xurra, xurra, xurra…
ZIYoLI. Ilohi xudoyo! Ummati islomiyaga, xususan, biz Turkistonliklarga rahming kelsun!.. (ro‘moli ila ko‘z yoshini artib, chiqib ketar ).

Parda inar

IKKINChI PARDA

Pivaxona manzarasi: boyvachcha ila uch nafar o‘lturarlar.

TANGRIQUL. Bu oqshom, bilmayman, nima uchun ichkilik meni tishlamaydur: Namozi digardan beri bir dyujina shishani bo‘shatdim. Dayusni pivosi qulog‘imni qizitmadi. To‘ldir, ichaylik (Nor qadahlarni to‘ldirar).
HAMMASI. Toshmurod boyvachchani salomatligiga ura! Ura! Ura! (icharlar).
DAVLAT. Jo‘ralar. Manuvni ichdim, endi yodimga Lizajon tushdi. O, Lizajon!
HAMMASI. Oh, Lizajon, voh, Lizajon, qaydasan?
NOR. Zolim falak firoqig‘a kuydirdi mani; billohki, kelmasa, bo‘miydi.
DAVLAT. Bu dodu bedod ila hech nima bo‘lmas. Xo‘jayinni chaqirarmiz, otam o‘ldi bazmi qilarmiz.
NOR. Qo‘lingni ber, ey, nomard, topding (qo‘lini siqar). Bo‘ldi.
DAVLAT. Ey, to‘taburut Tangriqul. Daming chiqmaydur. Shuncha odam so‘zini o‘g‘irlab o‘lturasan. Erga navbat, sherga navbat. Gap berib o‘ltur. Yo bu odamlarni pisand qilmaysanmi? Bizlarni ham yonimizga besh tangalik aqchamiz bor. Jo‘ra! Bu mastlik rostlikdir. Qovog‘ingni ochib o‘ltur.
TANGRIQUL. Jo‘ralar. Sizlardan yashiraturg‘on so‘zimiz yo‘q. To‘g‘risini desam, manuni ichdim, qulog‘im qizig‘an, sen Liza deding, endi o‘zim shunda bo‘lsam-da, hushim Lizaga, to Lizani kelturmasang, mani gapirturolmaysan. Ammo gap kelturganingga, Davlat zo‘r!
DAVLAT. G‘am yema, muddaong Liza bo‘lsa, shul zamon yoningga ko‘rarsan, kelmasami? Boshini olarman.
NOR. Boyvachcha! Barishnaga tobingiz bormi?
TOShMUROD. Mayli, odam yuboringlar, bazm qilsun.
TANGRIQUL. Gap, gap ila vaqtni o‘tkararsizlar, buyuraturg‘on bo‘lsanglar, buyuringlar, ertaroq kelsun, kayf qilayluk (Davlat qo‘ng‘iroq chalar. Artun armani mayxonachi kirar).
ARTUN. Nima deysan?
DAVLAT. Lizaga birovni yubor, kelsun.
ARTUN. Bunda?
DAVLAT. Ha, munda kelturmasdan mozorgami keturarding?
ARTUN. Izvinit surushdim-da.
DAVLAT. Bo‘l. Bo‘l. Birovni yubor.
ARTUN. Bah, ne vor, bilursin, Liza banga demishki, o‘n besh manatsiz banga kishi ko‘ndarma. Ha, o‘n besh manat-da va faytun pulini-da ver, geyin Nikolayi ko‘ndarayum. Liza o‘lmasa, boshqasini getirsin, kayfing nechik?
DAVLAT. Avval kelturub, so‘ngra pulni olsang bo‘lmasmi?
ARTUN. Davlat zo‘r! Ban sana demishimki, Liza aqcha olmayincha gelmaz, bana ne? Sen o‘zing bilirsanki, u gavur qizi, banim degil.
TANGRIQUL. Artun. Bir oz to‘xta, pul beramiz.
ARTUN. Bosh ustina, hoziram (chiqar. Jo‘ralari kayflari uchub, sukut etarlar).
DAVLAT. Suz, ichaylik! (Nor suzib quyar.)
TANGRIQUL. Pulni peshaki talab qilgani ishni belini sindurdi.
DAVLAT. Ish aksiga olsa, shunday bo‘lur. Pullaring bormi? Hammalaring chiqaring (hammasi chiqaradi, Davlat sanar, besh so‘m yetmas). Bu minan hech nima bo‘lmas. Bir ilojini topmoq kerak.
NOR. (tama’girlik ila). Ey, boyvachcha, bizlar-ku, kambag‘al. Sizga nima, kissangizdan pul chiqmaydur? Ana boybachchaning holi (qo‘li ila ko‘rsatur).
DAVLAT. Parvo qilma. Nor. Men bir nimarsa o‘yladim, agar boyvachcha ko‘nsa.
TANGRIQUL. Nima ekan? Nima?
DAVLAT. To‘xta, nima ekanligini bilarsan. Avval boyvachchani(ng) salomatligiga ichaylik (Tangriqul suzar, icharlar boyvachchaning salomatligiga).
DAVLAT. Boybachcha. Bu kechadek chahorshanba sayri oyda-yilda bir bo‘lur va (yo) yo‘q, bir kecha ming kecha bo‘lmas, agar qabul qilsangiz, Tangriqulni sizga qo‘sharman. Birga borib, otangizni sandug‘ini ko‘rsatursiz. Boshqa ishni Tangriqul bajaradur.
TOShMUROD. Tangriqul aka, borasizmi?
TANGRIQUL. Ulfatlar buyursa, u dunyoga boraman. U-ku sizning hovlingiz.
DAVLAT. Sen nima dersan, Nor?
NOR. Men ham ko‘pni biri, bor desang, borarman.
DAVLAT. Yo‘q, ikkov bas. Ko‘rganlar badgumon bo‘lmasin. Bukunni ertasi bor.
NOR. Boybachcha! Otangiz sandig‘ini joyini bilasizmi?
TOShMUROD. Otamning yotaturg‘on uyinda.
DAVLAT. Yotaturg‘on uyni necha eshigi bor?
TOShMUROD. Uch.
DAVLAT. Qaysi eshikdan kirasizlar?
TOShMUROD. Eshikning biri onamning uyindan ochilur, men kirib, hovli tarafidagi eshikni ocharman, so‘ngra Tangriqul akam kirar.
DAVLAT. Barakalla! Ilgari ham o‘g‘irlik qilganga o‘xshaysiz. Nor! To‘ldur, ichaylik! (Nor to‘ldurar, icharlar. Tangriqul va Toshmurodga qarab) Endi boradurgansizlar?
TANGRIQUL. Albatta. Bormay nima bo‘lubdur (Davlat to‘pponchasini boyvachchaga berar. Nor etik sog‘idan pichoqni olib, Tangriqulga berar. Alar ehtiyot qilib turarlar).
DAVLAT. (ikkisiga qarab). Yo‘l bo‘lsin, botirlar?
TANGRIQUL. Olgani (Davlat Tangriqulni bir chetga olib, ishorat va xufiya ma’lumot va amr berar).
NOR. Omin, olloh… (Hammasi) Ollohu akbar. (Davlat fotiha berar).

Parda inar

UChINChI PARDA

Odat bo‘yicha boy yotar karavot ustiga uyquda, uyni bir tarafiga sanduq. Toshmurod bir eshikdan ohistalik ila kirar, bu taraf, u tarafga qarab, boshqa bir eshikni ochar va bir chetga turar. Tangriqul kirar, qo‘lida kalid va temir asbob, beliga pichoq, sandiq tarafiga borib, kalid solar, sandiq ochilmas. Toshmurodga qaraydur. Ishorat ila maslahat so‘raydur. Toshmurod sanduqni temir asbob ila sindirmoqg‘a amr berar. Tangriqul temir asbob ila sanduqni sindirar. Sanduqni ovozi ila boy uyg‘onur. Boy cho‘chib turar, kaltakni olib, voy, voy deb Tangriqulga yugurar. Toshmurod kaltakni kelib ushlar. Tangriqul pichoq ila boyni qo‘ltig‘iga urar.

BOY (taraqlab yiqilar). Voh, jonim (jon uzar tipirlar, xirillar. Tangriqul sandiqdan tanga xaltasini ko‘tarar, pichoq va temir asbobni o‘ziga berkitar, tashqaridan bir necha odam tovushi eshitilur).
ODAMLAR. Nima gap, birov dod dedi? (Bir necha erkak ila boy xotuni kirarlar, Tangriqul ila Toshmurodni ko‘rarlar).
TANGRIQUL. Toshmurod, ot! (Toshmurod havoga to‘pponcha otar va hozir kishilarga siloh ko‘rsatib qocharlar).
BOYVUChChA. Voy, zolim dastidan! Bu qanday kun edi, voy dod! (Chapak chalar, boy ustiga o‘zini tashlar, yuz va sochini yular). He, juvonmarg Toshmurod! Qon qus! Qoshki chechakda ketsayding! Voy, padarkush! Toshmurod! Voy, dod-ey!
DOMULLA (kirar). Onajon, sizga sabrdan boshqa chora yo‘q. Bu badbaxtlik va musibatga sabab jaholat va nodonlikdir, bema’nilik va tarbiyasizlikdir. Uyingizni nodonlik buzdi. O‘g‘lingizni beilmlik Sibirga yuboradi. Joningizdan aziz farzandingizni tarbiyasizlik balosi sizdan umri ayritadur. Bolangizni otasi tarbiya etmadi, o‘qutmadi. Oxiri baloga uchradi, yomon rafiqlar yo‘ldan chiqardilarki, qurboni jaholat bo‘ldingiz.
BOYVUChChA (to‘lg‘onib). Oy, voy-voy bolam! Voy boyim, oh, voy u-u-u!
DOMULLA. Boyingiz-da nasihatga quloq solmadi va oxiri ushbu yomon hodisa paydo bo‘ldi. Endy sizga, ochig‘i, sabrdan boshqa iloj yo‘qdir, onajon. Olloh sizga sabr bersun.
BOYVUChChA (kamoli betoqatlik ilan oh-vovaylo etar). Dod, voy bolam! Voy boyim! Ikkisidan ham ayrildim, erimni mozorga, bolamni Sibirga yuborarlar! Voy, voy, voy u-u-u!..

TO‘RTINChI MANZARA
(Ikkinchining ayni, mayxona)

Nor, Davlat ichib, ashula aytib o‘lturar. Tangriqul va Toshmurod pisib borib kirar, to‘pponcha va qonlik pichoqni bir chetga yashirar, hamyonni chiqarib, stol ustiga otar; o‘lturarlar.

TANGRIQUL. Chilim keltur-ey!

Artun chilim kelturur, chekarlar. Artun ketar. Tangriqul Davlatni bir tarafga olib, xufiya bo‘lgan ishlarii so‘ylar, ishoratlar qilar. Davlat «bechora» deb xufiya so‘ylab, ishorat ila xotirjam qiladir.

TANGRIQUL (hamyonni ochib ko‘rib, suyunar, Tangriqul va Toshmurodni yelkasiga qoqar). Barakalla, barakalla (Davlat zang chalar, Artun kirar).
ARTUN. Na buyurarsiz?
DAVLAT. Ma, pulni ol, tezlik ilan Lizann keltur!
ARTUN. Bosh ustina. Hozir kelur (pulni olar, icharlar. Liza kirar).
LIZA. Dobriy vechrim! (hammasi-la ko‘rishar).
DAVLAT. Isprizdim, ispasibo, ispasibo, prixal…
LIZA. Mersi (o‘lturar).
DAVLAT. Suz, Lizaning salomatligiga.
NOR (suzar, cho‘qishtirib). Lizaning salomatligiga ura, ura (icharlar).

Nor ashula o‘qur, tashqaridan hushtak sadosi kelar, oyoq tovushlari eshitilar. Majlisdagilar sarosima, hayron bo‘lar. Silohlik politseyskilar, pristuf, qorovullar bostirib kirarlar. Liza ochar.
Politsiya to‘rt nafarni ushlar, ba’zisi buyumlarini va har tarafni axtarur, qonlik pichoq va to‘pponchani topar. To‘pponchani pristufga topshirar. Iskab ko‘rar, o‘qini bo‘shatar.
Tangriqul va Toshmurod qochar. Qorovullar ushlar.
Toshmurod ho‘ngir-ho‘ngir yig‘lar, betoqat bo‘lur.
Pristuf ishorat qilur. Qo‘lkishanni keltirib, Tangriqul va Toshmurodga urarlar. Bashka ikkisining qo‘li bog‘lanur.
Pristuf gunohkor va qorovullarni saf qildirur.

ZIYoLI. (kirar, gunohkorlarga qarab afsus qilur. Odamlarga qarab). Ilm va tarbiyasiz bolalarni(ng) oqibati shuldir. Agarda bularni otasi o‘qutsa edi, bu jinoyat va padarkushlik alardan sodir bo‘lmas va bular ichkilikni bo‘yla ichmasdi, xun beg‘ayri haqqin qilmas edi. Umri boricha Sibir va bandg‘a va qiyomatg‘a jahannamg‘a qolmas edi. Agarda bular ichkilik ichmasa edi, dunyo va oxiratda ilalabad azob va mehnatda qolmas edi. Oh, haqiqatda boyni o‘ldirgan va bu yigitlarni azobi abadiyg‘a giriftor qilgan beilmlikdur. Bizlarni xonavayron, bachagiryon va bevatan va bandi qilg‘on tarbiyasizlik va jaholatdur: bevatanlik, darbadarlik, asorat, faqru zarurat va xorliklar hammasi ilmsizlik va betarbiyalikning mevasi va natijasidur. Dunyoga taraqqiy qilgan xalq ilm vositasi ila taraqqiy qiladi. Asir va zabun bo‘lganlar-da beilmlikdan. Modomiki, bizlar tarbiyasiz va bolalarimizni o‘qutmaymiz, bul tariqa yomon hodisalar va badbaxtliklar oramizda doimo hukm-farmo bo‘lsa kerak. Bu ishlarni yo‘q bo‘lmog‘iga o‘qumoq va o‘qutmoqdan boshqa iloj yo‘qdur. Ollohu taolo boshqalarga hamisha ibrat va sizlarga sabr bergay.
PRISTUF (amirona). Hayda, turma, marsh (yo‘naladur).

Parda inar


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.