Ohkim bir sarvi gulruxsora oshiq boʻlmisham...
Ohkim bir sarvi gulruxsora oshiq boʻlmisham,
Bemuruvvat qotili xunxora oshiq boʻlmisham.
Oldi jonim, nozu istigʻnou yolgʻon va’dasi,
Bir sitamgar zolimu makkora oshiq boʻlmisham.
Ohu nolam qumri-yu toʻtidin oʻtsa, ne ajab,
Bir sixiqomat, shakarguftora oshiq boʻlmisham,
Sarvu gul xascha koʻrunmas koʻzima, ey bogʻbon,
Bir yuzi gul, qaddi xushraftora oshiq boʻlmisham.
Doʻstlar, gah bexudu, gah xastahol oʻlsam ne ayb,
Koʻzlari ham mastu, ham bemora oshiq boʻlmisham.
Hajrida koʻzdin toʻkarman tun-kun ashki lolagun,
Toki man ul xilьati gulnora oshiq boʻlmisham.
Yoruta olmas shabistonim quyoshing, ey sipehr,
Ul yuzi xurshidi puranvora oshiq boʻlmisham.
Aylama, Komil, manga firdavsu rizvon vasfini.
Vasli ishratgohida diydora oshiq boʻlmisham.
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |