Ohkim, ko‘z to‘kdi qon eski hukumat dastidin...
Ohkim, ko‘z to‘kdi qon eski hukumat dastidin,
Bo‘ldi tanlar notavon eski hukumat dastidin.
Molimizni, jonimizni zulm ila bosib olib,
Bo‘ldi el muhtoji non eski hukumat dastidin.
Bevayu bechoralar ochu yalang‘och yig‘lashur,
Bas, buzuldi xonumon eski hukumat dastidin.
Ehtiyot etmas esang pul deb cho‘ntakka qo‘l urar,
To‘zdi, yirtildi chopon eski hukumat dastidin.
Bir belat olmoqqa besh so‘m baski, mendin oldilar
Aylamaymu yuz fig‘on eski hukumat dastidin.
Zulm o‘ti birla jigarlar kuydiyu bo‘ldi kabob,
Chunki o‘rtandi jahon eski hukumat dastidin.
Gar bozorg‘a bir nimarsa tushsa oldi zo‘r ila,
Ko‘rdi ko‘p odam ziyon eski hukumat dastidin.
Xoinu zolim, qaroqchi kisaburlar erdilar,
Uldilar ko‘p korvon eski hukumat dastidin.
Mehru shafqat bitdi, yo‘q bo‘ldi elning ko‘nglidan
Kim, topilmas parcha non eski hukumat dastidin.
To‘qchilik ketdi, kelib o‘rnig‘a bu qimmatchilik,
Bu kabi bo‘ldi zamon eski hukumat dastidin.
Shod emas yoshu qari, hech yer aro bu jazm erur,
Kim, bo‘libtur notavon eski hukumat dastidin.
Mardikor olmoq xususida qirilduk ko‘p kishi,
Bo‘ldi bas o‘qg‘a nishon eski hukumat dastidin.
Soldi qirg‘izlarni boshig‘a, bilursiz qatli om,
Oqti suv o‘rnig‘a qon eski hukumat dastidin.
Sotdigu berdik hama uyda yo‘qu bor narsani,
Qolmadi singan qozon eski hukumat dastidin.
Shukrkim, yangi hukumat, Sidqiyo, shod ayladi,
Yo‘qsa, chiqg‘ay erdi jon eski hukumat dastidin.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|