Og‘zingga qarab gapir
Hangama
«Turkiston»ning 36-sonida «Muxbirlarimizdan» bitgasi bir narsani yozibdirkim, o‘qub ko‘rib nax muxbirning og‘zini yorib yuborg‘um keldi.
Axir, uying kuygur, sag‘al og‘zingga qarab gapir-da:
— «Isroflik to‘y…» «Samarqandda o‘rtoq Qurbi o‘g‘ullarini kestirdi, uch-to‘rt kun to‘y berdi, bir-ikki milliard pul ketdi… To‘yg‘a isrof qilg‘an aqchasiyu! «Ko‘mak» uyushmasiga berganda falon bo‘lardi…»
Zab kurakda turmag‘an vahmalarni qilibsan-da, inim! Sening «Ko‘mak» uyushmang bizning mulla Qurbining kori xayriga qancha ko‘mak berdi? Og‘zing bo‘lsa gapir-chi, betiyiq! Va yo bu vag‘ir-vug‘uring mulla Qurbining to‘yig‘a qilg‘an to‘yonangmi? Hayf senga-e!
Samarqandlik mulla Qurbi bilan kamina toshkandlik mulla Julqunboyning onalari nima uchun tug‘ub tashladi? Doyachimiz nima deb tang‘layimizni ko‘tardi?
— Yaxshi boylarg‘a kuyov bo‘l, uvalik-juvalik bo‘l, o‘g‘ullaringning to‘y-tomoshasini ko‘r!..
Ammo «To‘y qilaturg‘an pulingni «Ko‘mak»ga ber!» deyilmabdiku? Bas, shunday bo‘lg‘andan keyin biz ham besh kunlik dunyoda bola-chaqamizning orzu-havasini ko‘raylik. Chiq eshikka-e, tuf betingga-e… Muxbir degan har bir maza-bemazani xabar deb gazetaga yozavermaydir. Andisha kerak, rioya kerak. Agar men shundaqanggi beandishalik qilib yozabersam-chi, nax butun Toshkandni kiyib yuboraman. Tag‘in menim yozg‘anlarimning eng kichkinasi tuyadek bo‘lur. Yo‘q, men senlarga o‘xshash beandisha emasman. Agar men beandisha bo‘lsam:
— Falon dahaning boshlig‘i, pismadonchi o‘rtoqning o‘zining yoshg‘ina xotunining ustiga yana bir xotun olmoq harakatida bo‘lub yurganini yaxshi bilaman, shuni yozsam bo‘lmasmi edi?
Agar men rioyasiz bo‘lsam:
— Tuppa-tuzuk ishboshi, yaxshig‘ina ongi bor bir taviya o‘rtog‘im qaydandir pul topib, imorat soldi, uning ketidan guvaladek pul isrof qilib, hovli to‘yi ham qilib berdi. O‘rtog‘imning qilgan ishi qip-qizil jinnilik, deb gazetaga yozsam qo‘limdan kelmasmi edi?
Agar men andisha qilmasam;
— Eski shahardagi solinaturg‘an teatru binosining muboshirlari kam xarju bolonishin deb «Jangoh»ga solib bergan teatrularida qurbaqalar teatru boshladilar deb xabar yozmasmi edim?
Agar Eski shahardagi puli ko‘paygan xunasai notantilarning bir oz andishalari bo‘lsa:
—Besh kunlab ayqirtirib qilg‘an to‘yimizni, o‘n milliardlab to‘yga qilgan isrofimizni mahallamizdagi ko‘ksini zaxga berib yotkan och-og‘riqqa berib, olqishlarini olsaq bo‘lmasmu? — deb andisha aylamasmi edilar?
Har holda og‘izg‘a qarab gapirish kerak. Buning ustiga bir chimdim andisha ham kerak?
So‘z uzoq erdi, muxtasar qildiq. Yomon ko‘b erdi, muttaham qildiq.
Hozircha xayr:
Julqunboy
«Turkiston» — 1922 yil, 26 dekabr, 41-son
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|