Ofeliyaning o'limi
1
Orzung bor kuylashga, lekin qalbingdan
Tarqalar bir ma’yus va g‘amgin sazo.
Qo‘yningda bir quchoq oq va nafis gul,
Lekin ruhing to‘la motam va aza.
2
Foyda yo‘qdir, go‘zal, zolim falakdan
Qancha dod qilsang-u qancha shikoyat,
Qancha yolvorsang-u qancha to‘ksang bosh,
Baribir, alamga bo‘lmas nihoyat.
Qancha ma’sum bo‘lsang, qancha vafodor,
«Qorday oq bo‘lsang-u muz qadar toza»,
Hech zamon kor etmas, shum falak badkor,
O‘qilur sevgingga qora janoza.
Nega kerak edi, shu chiroy, shu o‘t,
Shu yoniq yulduzni ko‘zga yashirmoq?
Nega lablaringdan husn oldi yoqut,
Nega siynang bo‘ldi qor tog‘iday oq?
Husn balosiga kim etdi duchor?
Holbuki, bunsiz ham qanchalar alam,
Holbuki, bunsiz ham qizning boshida
So‘ngsiz musibatlar, dunyo-dunyo g‘am.
Holbuki, bunsiz ham qiynalardi jon,
Bunsiz ham yetardi falokat, azob.
Faqat go‘zal emas, hatto xunuk qiz
Ko‘z ochib ko‘rardi yolg‘iz iztirob.
Orzung bor kuylashga, lekin qalbingdan
Tarqalar bir ma’yus va g‘amgin sazo.
Qo‘yningda bir quchoq oq va nafis gul,
Lekin ruhing to‘la motam va azo.
Shundayin latofat, shu oq ko‘krakka
Nahot munosibdir shu g‘amgin libos.
Onang shuning uchun suyunganmidi
Nahotki, shu sifat go‘zallikka xos?
Javob berib ko‘r-chi, nomard tabiat,
Bunchalik go‘zalni nechun yaratding?!
O‘zing gunohkorsan, osiysan behad,
Nechun yaratding-u o‘tlarga otding?
Hali sevishmoqda shumidir ma’no?
Faqat azob bordir qismatda, nahot?
Nahotki, sevgiga shudir tamanno?
Nahot go‘zal uchun faqat, faqat dod!..
3
Hamlet sevar edi, uning qalbini
Go‘yoki ikki cho‘g‘, ikkita otash
Bo‘lib yondirardi ko‘zing tun-kuni,
U ham qilmas edi bu otashga g‘ash.
Hamlet yuragiga berardi hayot
Sening u otashin, gulbarg lablaring,
Jasur xayoliga bog‘lardi qanot
Bog‘idan bir kezib o‘tganing sening.
Faqat netmak kerak, bordir na chora,
Sevguvchi yurakni qurshasa balo?
Butun olam ko‘zga esa qorong‘u,
Balolarga Hamlet esa mubtalo?
Shubha otashida yonar tafakkur,
Dunyo bir g‘amxona, «Doniyo zindon».
Yo‘qdir yuraklarni yoritgali nur,
Zanjirdadir sevgi, qafasdadir jon.
Ishqiy tug‘yonlarga qaynab yurakdan
Chiqolmas bir tovush, bir sazo, bir un.
Etmishdir yerdagi oddiy azoblar
Allaqachonlarkim Hamletni majnun.
Hosil bo‘lmas murod, hech narsa nasib,
Qancha yig‘lasang-u qancha cheksang oh;
Sevguvchi yigitni solmishdir yo‘lga
Tunda ertak aytgan bir mudhish arvoh.
Jannat, farishtalar, toza malaklar,
Bir puldir eng ma’sum va eng pok o‘pish,
Do‘zax ichra Hamlet yonib alahlar,
Butun olam ko‘rinadi ro‘yo, tush.
Ko‘ngil gulshanini qopladi xazon,
Yo‘qoldi shunchalik bebaho sevgi.
Shu bo‘ldi bokira, dunyo ko‘rmagan
U yoqut lablarning qora taqdiri.
Sevgi ko‘klarida uchuvchi lochin
Arshidan yiqildi va ko‘hna dunyo —
Butun armonlarni kul qilgan otash
O‘zi bo‘lib qoldi sevgiga gado.
1937
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|