Jump to content

Oʻzbekiston yozuvchilarining 1937-yil 7—8-aprel kunlari boʻlib oʻtgan yigʻilishda soʻzlangan nutq

From Wikisource
Oʻzbekiston yozuvchilarining 1937-yil 7—8-aprel kunlari boʻlib oʻtgan yigʻilishda soʻzlangan nutq (1937)
by Abdulhamid Choʻlpon
368332Oʻzbekiston yozuvchilarining 1937-yil 7—8-aprel kunlari boʻlib oʻtgan yigʻilishda soʻzlangan nutq1937Abdulhamid Choʻlpon

Oʻrtoqlar! Meni kechirasizlar, men oʻzimda boʻlmagan sabab bilan doimo boshim ogʻriq holatda soʻzga chiqishga majbur boʻlaman. Shuning uchun, balki, istagan fikrimni gapira olmasman. Men shu yerdagi oʻrtoq Bereginning aytilgan soʻzlaridagi uch narsaga javob berishim kerak. Keyin oʻzimning aytaturgan soʻzlarimni aytarman. Oʻrtoq Beregin mening xatolarimni koʻrsatib berib yaxshi ish qildi. Men xatolarimni shu majlisda oʻz ustimga olaman.

Modomiki biz oʻzimizni tanqid qilar ekanmiz, albatta, boshqalar qatori men ham oʻzimning ayblarimni boʻynimga olishim kerak. Oʻz-oʻzini tanqid qilishni shunday anglash kerakki, biz hech qaysimiz xatodan xoli emasmiz. Kim boʻlmasin: „Xato qilmayman!“ – desa notoʻgʻri aytgan boʻladi. Bizning bu majlisimiz ham oʻzimizda boʻlgan xatolarni aytib berish uchun chaqirilgan. Shuning uchun bor xatolarni aytib, oʻz-oʻzimizni tanqid qilishimiz kerak.

Bu yerda bir narsani aytib oʻtish kerak. Yozuvchilar oʻrtasida ikki xil xato tushunish bor: birinchisi – majlis, ikkinchisi – xususiy gaplashishda.

Biz hamma vaqt oʻzaro suhbatlashib oʻtirganimizda bir-birimizning kamchiliklarimizni koʻrsatamiz, aytamiz. Lekin minbarga chiqqan vaqtda hammamizning tilimiz tutilib qoladi. Men shu yerda oʻtirgan oʻrtoqlar orasida Uygʻunning gapini juda yaxshi tingladim. Ul koʻp narsalarni aytdi. Lekin shunda ham Uygʻunning aytmasdan qoldirgan narsalari oz emas. Chunki soʻzlaganda ham, majlislardan chiqqanda ham hamma narsani ochib tashlash kerak boʻladi…

…Gʻulom Zafariy toʻgʻrisida aytib oʻtishim kerak. Bu odam meni soyuz bogʻiga borgan vaqt(im)da izlab kelgan. U kishini(ng) menikiga nima uchun kelganligi sababini tushuntirib beraman. Menda qand kasali bor. Men oʻzimning kasalimni tuzatish ustida Moskvada va boshqa joylarda tibbiy muassasalarda boʻldim. Shu kasalimga hech qayda yaxshi davo topa olmaganimdan keyin tabiblar menga shotut yeyishni tavsiya qildilar. Men oʻzimni ziyoli deb hisoblashimga qaramay, shu maslahatga ishonib Zafariydan (bir kosa) shotutni olib kelishni soʻraganman. U soyuz bogʻiga men uxlab qolganimdan keyin, kech kelib qolib, menikiga kirmay, Soʻfizodaning oldiga kirgan…

…Ertasi kuni meni Soʻfizodanikiga chaqirib qolishdi. Biz shu yerda suhbatlashib oʻtirdik. Shu vaqt oʻrtoq Shams bu ishning yaramasligini aytgan. Buning tanbehi toʻgʻri edi. Mana shundan keyin ular bilan uchrashmay quydim. Ammo undan keyin oʻrtoq Shams chaqirib menga tanbeh qilgan. Shu vaqtda men oʻrtoq Shamsga: „Oʻzimdagi kamchiliklarni tugatish uchun odamlarning tanqidiga va yordamiga muhtojman“, dedim. Bu oʻzini tuzatish masalasidagi ikkinchi marotaba aytgan soʻzim edi…

Agar eski xatolarimizni shu ikki-uch kundagina tuzatib, biz odam qilamiz desangiz, yolgʻon boʻladi. Bizni chaqirib, anglatib, jamiyat ichiga olib kirib tuzatingiz. Biz turmushga yoʻl solgan kishilarmiz. Lekin bu yoʻlda kamchiliklar boʻlsa, buning uchun sizlar ham javobgarsiz. Zafariy masalasi shundan iborat. Buni oʻsha vaqtda oʻrtoq Beregin bilgani yuq…

…Ikkinchidan, sitatalar toʻgʻrisida nimadir aytdilar. Men buni yaxshi anglamadim. Bilsam edim – javob qaytarar edim. Men Hofiz va boshqa klassik yozuvchilarning asarlarini koʻp oʻqiyman. Fors shoirlarining eng goʻzal asarlaridan baʼzi bir hikmatli baytlarni yozib olganman. Hozir shulardan baʼzi birlarini oʻqib bermoqchiman… "Agar shu zararli boʻlsa, men buni boʻynimga olaman…

Endi eng ogʻir va nozik masala bu – Choʻlpon oʻzini koʻrsatmadi degan masala.

Moskvadan kelganimga ikki yil boʻldi. Ammo shu muddatning ellik prosentini „skidka“ qilasiz. Chunki men koʻp vaqt kasal boʻlaman. Men yarim odamlikdan chiqqanman. Buni hamma bilishi kerak.

Mana shu ikki yil orasida men qanday ishlarni bajardim? „Ona“ning ikkinchi boʻlimini tarjuma qildim. Bu toʻgʻrida hammadan maqtov soʻzlarini eshityapman. Bu boʻlim ham hajm jihatdan birinchi boʻlimcha keladi. Juda katta asar. Undan keyin Gorkiyning „Yegor Bulichev“ini, Pushkinning „Dubrovskiy“, „Boris Godunov“ asarlarini tarjuma qildim. „Joʻr“ degan sheʼrlar toʻplamini nashrga topshirdim, Lohutiyning „Ovrupo safari“ni tarjuma qildim. Undan tashqari, Eski shaharda chiqaturgan „Tiyotru“ gazetasiga qatnashib turaman. Undan keyin „Mushtum“ jurnalida ishlayman. Agar sizlar shuncha ishni ham kam desalaringiz meni xaltura yoʻliga tortgan boʻlasizlar. Men sizlardan tarbiya kutaman, xaltura yoʻliga boshlashingizni istamayman. Mening xatolarim koʻp, lekin sizlarning tashabbuslaringiz bilan men shu xatolarni tuzatmoqchiman.

Endi meni yigirma bir yildan beri qanday tarbiya qildilaringiz? Men hozirgi kungacha soyuz aʼzosi emasman. Buning sababini anglamayman. Ariza berganimga ancha vaqt boʻldi. Buning uchun mening asarlarimni tahlil qilish kerak ekan. Men kelganimdan bir oy keyin „Soz“ degan sheʼrlar toʻplamim chiqdi. Agar men millatchi boʻlsam, qora boʻlsam, nima uchun shu asarni soʻzboshisiz chiqardingiz? Toʻplam qoʻlyozmasini muhokama qilib soʻkish, tanqid qilish kerak edi. Yoshlar Choʻlponning asarini bevosita olib oʻqimasdan, vosita bilan oʻqishi kerak edi. Men oʻzim boshsoʻz yozib chiqarsam boʻlarmidi? Boʻlmas edi. Nima uchun millatchining asari soʻzboshisiz chiqadi? Undan keyin mening romanim bosilib chiqdi. Bu roman sotilib ham boʻldi. Hozir hech qayerda yoʻq. Bu ham soʻzboshisiz chiqdi. Mana shunga yarim yil boʻldi, hech qayerda roman haqida bir ogʻiz ham soʻz aytilmadi. „Yosh leninchi“da bir maqolani oʻqidim, u faqat maqtovdan iborat edi. Men uning muallifiga rahmat demayman, chunki bu maqola menga hech narsa bergani yuq. Men Moskvadan kelganimdan keyin shu asarni soyuzda oʻqib bermoqchi boʻldim. Birinchi majlisga 11 kishi, ikkinchi majlisga 7 kishi, uchinchi majlisga esa 4 kishigina keldi, xolos. Shunda ham rahbarlikdan hech kim kelgani yoʻq. Faqat oʻrtoq Oydin boʻldi. Mana bu ham „eski millatchi“ni tarbiyalash!

Men eski ziyoli sifatida xato qilmasdan ishlay olmayman. Sizlar mening xatolarimni tuzatishlaringiz kerak. Men: „Asarlarim boʻyicha tanqidiy fikr-mulohazalaringizni aytib beringlar, men kamchiliklarimni oʻzim tuzatib chiqaman“, – dedim. Menga asarimda yashiringan majoziy joylarni tuzatib berishni topshirishdi. Men ularni tuzatib chiqdim. Roman bosilib chiqqandan keyin ancha zamon oʻtdi. Ammo asar xususida biror maqola yozilmadi. Shuning uchun ham bugun kechgacha shu yerda qolib meni yaxshi tanqid qilishingiz kerak edi. Men ham bir kecha qolishga rozi boʻlub kelgandim. Men shunday oshkora muhokama boʻlishini hozirgacha kutaman. Ammo, afsuski, hech narsa boʻlmayotir…

…Endi sheʼrlar xususida.

Men qoʻlimdan kelgancha sheʼrlar yozib kelayotirman. Bu sheʼrlar baʼzi bir jurnallar va gazetalarda bosilib turibdi. Sheʼriyatning ruhini oʻzgartirish tez boʻlaturgan protsess emas. Shu qiyinchilikni yengib olish kerak. Bu narsa, masalan, „Soz“da ozroq boʻlsa, „Joʻr“da koʻproq. „Oʻktyabr inqilobini qarshi olganda“ degan sheʼrim toʻgʻrisida oʻrtoq Usmonov" „durust“ dedi. Lekin ana shu „durust“ sheʼr ham bosilmasdan yotibdi. Sizlar shu sheʼr chiqquniga qadar meni soʻkib turaverasizlar. Ammo bu sheʼr chiqqanidan keyin bir oz masala yengillik topar deb oʻylayman. (Kulgi ovozlari.) Chunki avvalgiga qaraganda unda xiyla oʻzgarishlar bor.

Men Moskvadan kelganimda Akmal aka meni qabul qildi. Aytdiki: „Siz hozir sheʼrlaringizning xudojestvenniy tomonini qoʻyib, koʻproq siyosiy tomonlariga ahamiyat bering“, – deb. Shundan keyin saylovga bagʻishlab sheʼr yozib olib borganimda (gazeta idorasida) „Siz lirik tomonlardan yozmabsiz“, – deb mendan oʻpkalanishdi. Bu qiyin bir narsa. Lekin men bu qiyinchiliklarni albatta yengib oʻtaman. Sizning tanqidingiz, ayamasligingiz orqasida, „domulla“ deb ul yogʻini aytmasdan qoʻyishingiz orqasida boʻlsa-da men tuzalaman.

Endi ikki ogʻiz soʻz „Hamlet“ toʻgʻrisida. „Hamlet“ Londonda dovruqlandi. U haqda koʻp gapirdilar, lekin hech qayerda tarjimonning nomini eslamadilar. Men oʻzim haqimda „koʻproq gapiringlar“ deb talab qilmayman. Lekin tarjimon ham odam, uni ranjitmaslik kerak. Nega endi: „Falonchi oʻrtoq mana bunday katta bir asarning tarjimoni“, – deyish mumkin emas?! Sizlar bunday sukut bilan tarjimonni ranjityapsizlar. Bilasizlarmi, men oʻzim: „Tarjumaga familiyamni quyinglar“, – deb eshikma-eshik yurdim. „Ona“ning tarjumasida boʻlsa tarjimonning nomini texnik redaktorning familiyasi qatoriga qoʻyishgan edi. Yana bir narsa ustida oʻrtoq Bereginga aytmoqchiman: „Hamlet“ni menga berishdan ilgari boshqa birovga berishgan ekan. Lekin u istamagan ekan. Soʻngra „Hamlet“ning tarjumasini menga berganlar. Biz tarjuma ustida Uygʻur bilan birga ishladik. Oxirida gazetaga chiqdiki, „Hamlet“ning tarjumasi Choʻlponning hech bir ishtirokisiz tiyotrga chiqdi", – deb. Toʻgʻri emasmi (Ziyo Saidiyga qarab), Ziyo aka?!

Z i y o S a i d i y. Tarjuma Uygʻur bilan sizning oʻrtangizda boʻlgan.

Ch oʻ l p o n (davom etib). Keyin arab soʻzlari ustida ham gap boʻlgan. Lekin bu yolgʻon! Men arab emasman! Men millatchi emasman! Men arabchani yomon koʻraman! Qursin arab soʻzlari! (Kulgi.)

„Hamlet“ Hamza tiyotrida qoʻyilganidan keyin hech vaqt tarjimonning nomi eslanmadi. Moskvada(gi gastrol chogʻida) ham tarjimon xususida hech narsa deyilmadi. Mayli, men toʻgʻrimda yozmanglar. Lekin yosh yozuvchilar biror asarni tarjuma qilishganda tarjimon nomi texnicheskiy redaktor nomi bilan bir qatorda turibdi. Natijada shu boʻldiki, oʻzingizning xayolingizga kelmaganidan keyin men kelib: „Tarjimonning nomini yozingiz“, – deb Ziyo Saidiyga yalinib yurdim.

Mana shu „Hamlet“ oʻynalib boʻlgandan keyin Oʻzbekistonda ham, Moskvada ham katta muvaffaqiyat qozonib turgan bir vaqtda oʻrtoq Nazir Toʻraqulovning maqolasi lop etib paydo boʻldi. Agar men „Hamlet“ni ruscha nasriy tarjumadan oʻgirgan boʻlsam, u Lozinskiy tarjumasini olib tarjuma hech narsaga yaramaydi deb meni soʻkdi… Menga esa gazetada oʻzimni himoya qilishga kerakli oʻrin bermay, faqat qisqacha xatimgina bosildi va hatto soyuzga javob yozishimga ham imkon berilmadi.

Falonchi meni shunday soʻkdiki, hatto meni „otboqar“ deb, „mirshab“ deb ham soʻkdi. Hech bir sovet matbuotida ishlatilmayturgan soʻzlar bilan soʻkdi. Oʻrtoq Beregin esa lom-mim demay yurdi. Axir oʻrtoq Beregin shu asarning redaktori edi-ku! Redaktor ham javobgarmi, yoʻqmi?! Men ming joyga bosh urdim. Xayriyat, Sanjar bor ekan, topib tarjumaning originali boshqa ekanligini aytdi. Shuning uchun bu yerda redaktorlarga ham „javobgarlik“ degan soʻzning asl maʼnosini tushuntirib qoʻyish kerak.

Endi, oʻrtoqlar, yoshlar ijodi xususida bir gapni aytmoqchiman. Hali oʻrtoq Tuygʻun soʻzladi. U menga bir sheʼrini bergan edi, „Shu sheʼr tugʻrisida fikringizni bering, men yaqinda bostirmoqchiman“, – dedi. Men yolgʻon gapirsam, majlisning shaʼniga aslo yarashmaydi. Uning ijodi badiiy jihatdan nihoyatda past saviyada. Agar men unga shu gapni aytsam, u mendan arazlab qolgan boʻlardi.

Oʻrtoq Tuygʻun bu yerda: „Mening yettita asarim bor“, – dedi. Bu, balki, yoshlarga yaxshi tarbiya bermaslikning natijasidir. Endigina yoza boshlagan yosh yozuvchining yettita asari bosilib chiqibdi… Yoshlarga adabiy maslahat bergan vaqtda ular yoshini, saviyasini bilib berish kerak. Bitta sheʼr yozib kelsa, „yaxshi“ deb, uni oʻqib-tahlil qilib oʻtirmasdan bostira berish toʻgʻri emas. Masalan, biz sanoat korxonalarini qanday qayta qurdik? Sanoat korxonalariga juda murakkab mashinalar keltirildi. Ular kvalifikatsiyasi koʻtarilmagan bir rabochiyga ishonib berilmaydi-ku! Xuddi shuningdek, maslahatni ham, mavzuni ham oʻylab berish kerak. Oʻylaymanki, bu gaplarni aytayotganim uchun oʻrtoq Tuygʻun mendan aslo xafa boʻlmaydi. Uni koʻproq tarbiya qilish oʻrniga hadeb sheʼrini bosa berish yaxshi emas… Shuning uchun bundan keyin yoshlarni ham tekshirishimiz, ularning soz asarlarinigina bosib chiqarish kerak. Mana shu masalada ham rahbarlarimizga koʻproq oʻylashga toʻgʻri keladi.

Endi ikki ogʻiz soʻz sheʼr texnikasi toʻgʻrisida. Boya Uygʻun tarafidan misolga keltirilgan Elbekning formalistik taraflarini aytmoqchiman. Biz koʻp shoirlarning sheʼrlarini olib qaragan vaqtimizda vazn masalasi chatoqligini koʻramiz. Hatto Gʻafur Gʻulomda ham vazn masalasida chatoqliklar uchraydi. U menga „……..……..“ degan sheʼrini oʻqib berdi. Shu sheʼrda vazn qattiq buzilgan oʻrinlar bor. Men: „Shuni tuzatib chiqing“, – desam, „Bu toʻplamimni nashriyotga berib olay, 1937-yilda chiqaturgan tuplamimni xatosiz chiqaraman“, – dedi. Demak, haligi toʻplam xato bilan ketsa mumkin ekan. „Bu ish boʻlmaydi“, – desam, „Yoʻq, men buni mana bunday qilib aytib beraman“, – dedi. Gʻafur Gʻulomdek katta shoirlarimizda ham shunday kamchiliklar bor, lekin bu ifrot tarafiga olib bormasligi lozim…

…Sheʼrda qofiya va vazn kerak. Lekin sheʼrning ruhi ham esdan chiqarilmasdan, birga borishi kerak. Ruhdan ajralgan sheʼr sheʼr boʻlmaydi. Mening oʻzimning qiynalganligim shundan boʻlsa kerak.

Ikki ogʻiz soʻz Mashrab toʻgʻrisida. Bu xususda yaxshi maqola chiqdi. Mashrab – oʻzi yashagan jamiyatning kamchiliklarini qattiq tanqid qilgan shoir. Shu hol hozirga qadar yolgʻon deb kelinayotir. Lekin agar Mashrab sheʼrlari ommaga tarqalsin, ommaga yetib borsin desak, gazetadagi maqolalar bilangina kifoyalanib boʻlmaydi. Hozir soyuz, Til va adabiyot instituti shu narsaga ahamiyat berishi kerak. Mashrabda „Buxoroning bitta darvozasini qingʻir deganlar kofir boʻladi“ degan satr bor. Bu satr mutavoze. Lekin koʻrib turib har xil takliflarni toʻplab, koʻrsatib, yaxshilab tanqid qilib, undan keyingina xalqning qoʻliga berish lozim. Boʻlmasa, xalq adashib qolishi mumkin…