Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi toʻgʻrisida
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT GERBI TOʻGʻRISIDA
1-modda
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli va oq-qora tasviri tasdiqlansin.
2-modda
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzidir.
3-modda
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi quyidagi ko‘rinishga ega: tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi. Gerbning yuqori qismida Respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo‘lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida “O‘zbekiston” deb yozib qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli ko‘rinishida: Humo qushi va daryolar — kumush rangida; quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va “O‘zbekiston” yozuvi — oltin rangida; g‘o‘za shoxlari va barglari, tog‘lar va vodiy — yashil rangda; chanoqlardagi paxta — oq rangda; lenta — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda; sakkizburchak — oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda; yarim oy va yulduzlar — oq rangida tasvirlangan.
4-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri:
1) doimiy ravishda:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohlarining;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining;
respublika davlat boshqaruvi organlarining;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining;
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining;
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashining;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining; sudlarning;
prokuratura organlarining;
O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari binolarining old tomoniga;
2) doimiy ravishda:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va uning Kengashining;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va uning Kengashining;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining;
respublika davlat boshqaruvi organlarining;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining;
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining;
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashining;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining; sudlarning;
fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining nikoh tantanali ravishda ro‘yxatga olinadigan majlislar zallariga;
3) doimiy ravishda:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining;
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raislarining;
respublika davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining; O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisining;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati raisining;
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining;
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi raislarining;
viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlarining;
O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari boshliqlarining xizmat xonalariga joylashtiriladi;
4) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarining;
O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining;
mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining blankalarida;
5) quyidagilarning:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va uning devonining;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, uning Kengashi, qo‘mitalari va devonining;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, uning Kengashi, qo‘mitalari va devonining;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining;
davlat boshqaruvi organlarining;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlarining;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati organlarining;
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlarining;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki muassasalarining;
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining;
sudlarning;
prokuratura organlarining;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning);
O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalarining, konsullik muassasalarining, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalarining;
notariuslarning hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi notarial arxivlarning;
qonunchilik bilan muhrlari va hujjat blankalarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasvirini tushirish huquqi berilgan boshqa davlat organlari hamda tashkilotlarning muhrlarida va hujjatlari blankalarida;
6) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarining rasmiy nashrlarida;
7) O‘zbekiston Respublikasining pul belgilarida;
8) O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportida, identifikatsiyalovchi ID-kartasida va diplomatik pasportida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning identifikatsiyalovchi ID-kartalarida;
9) O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegaralarida o‘rnatiladigan sarhad ustunlarida;
10) O‘zbekiston Respublikasi pochta aloqasi milliy operatorining pochta vagonlari va pochta qutilarida;
11) umumdavlat namunasidagi hujjatlarda;
12) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlari yoki referendum kunlari — ovoz berish o‘tkaziladigan binolarda aks ettiriladi.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining bo‘rtma tasviridan foydalanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviridan O‘zbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida predmetlarda, o‘quv-tarbiya jarayonida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlarining elementi sifatida foydalanilishi mumkin.
5-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining takrorlanayotgan tasviri, uning katta-kichikligidan qat’i nazar, ushbu Qonunga ilova qilinayotgan rangli va oq-qora tasviriga aniq mos bo‘lishi kerak.
5-1-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbiga o‘xshash bo‘lishi mumkin emas.
6-modda.
Ushbu Qonun ijrosini ta’minlash tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
7-modda.
Ushbu Qonunning O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari tomonidan ijro etilishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, boshqa davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishi ustidan nazorat esa ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.
8-modda
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek O‘zbekistonda turgan boshqa shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbini hurmat qilishlari shart.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risidagi qonunchiligini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 2-iyul,
616-XII-son
This work is in the public domain in the U.S. because it is an edict of a government, local or foreign. See § 313.6(C)(2) of the Compendium of U.S. Copyright Office Practices, 3rd ed. 2014 (Compendium (Third)) . Such documents include "legislative enactments, judicial decisions, administrative rulings, public ordinances, or similar types of official legal materials."
These do not include works first published by the United Nations or any of its specialized agencies, or by the Organization of American States. See Compendium (Third) § 313.6(C)(2) and 17 U.S.C. § 104(b)(5). A non-American governmental edict may still be copyrighted outside the U.S. Similarly, the above U.S. Copyright Office Practice does not prevent U.S. states or localities from holding copyright abroad, depending on foreign copyright laws and regulations. | |
|