Oʻtib boradir
Bu foniy dunyoga koʻngil berganlar
Ishin xato aylab, oʻtib boradir.
Qurʼon ochib, ne hikoyat koʻrganlar
Iqbolni bir pulga sotib boradir.
Jafosi koʻp foniy, yolgʻonchi jahon,
Mard koʻnglida tutar boʻldi u makon,
Iso anglab, Luqmon qilmas hech darmon,
Koʻz yumib, tush bilan oʻtib boradir.
Kimlar bu jahonda erkiga yetmish,
Kim osmonga uchib, kim loyga botmish,
Kimsalar molini qayga uzatmish,
Kimlar hirsi dunyo tutib boradir.
Gʻavgʻodan tinmadi koʻplarning boshi,
Kimning yonar boʻldi padar, qardoshi,
Kimsalar har joyda tayyorlab oshni,
Kimsalar qoʻzgʻalmay, yotib boradir.
Kimlar toj-u taxtda farmonlar bitib,
Kimlar saman minib, yoʻllarni oʻtib,
Kimlar padarini, elin xor etib,
Gunoh zindoniga botib boradir.
Kimsalarning chiqmas aylagan zori,
Kimlarning tutashib jonida nori,
Kimlarning bogʻida bitmish anori,
Har tikan taniga botib boradir.
Kimlar doim surar boʻldi davronni,
Kimlar oʻzin bilmay, unutar jahonni,
Kimsalarning doim doʻzax makoni,
Kimsalar jannatga yetib boradir.
Kimsalar bosh qoʻshar ajab jononga,
Kimsa xotin istab, oʻt solar jonga,
Kimsalar koʻz tutib boylig-u konga,
Din-u iymonini sotib boradir.
Kimsalarga bermas u ikki koʻzni,
Kimsa boplay olmas soʻzlasa soʻzni,
Kimsalarning ajab emishdir yuzi,
Kimsalar yuzini oʻrtab boradir.
Kimning alam bilan ogʻibdir soli,
Kimlarni band etmish goʻzal xayoli,
Kimsalar umrida totmagan bolni,
Kimlar zahar-zaqqum yutib boradir.
Kimsalar haq demas, xatoga doʻnar,
Kimsalar uchishar, anchalar koʻnar,
Nechalar farzandi — zurriyoti unar,
Anchalar befarzand oʻtib boradir.
Kimlar bu dunyoda iqbol etmishdir,
Kimsa qilgan niyatiga yetmishdir,
Kimsa Haqni chorlab, yigʻlab yotmishdir,
Kimsa bu dunyoni yoritib boradir.
Kimlar ojiz jonni mol uchun yoqib,
Kimlar ketmish vatanini tark etib,
Kimlar el-u din — iymonni unutib,
Kimlar uni qoyim tutib boradir.
Maxtumquli, kimsa dashtlarda sarbon,
Kimsa aylar boʻldi zolimdek farmon,
Kimlar bu dunyoda aylab koʻp armon,
Kimlar xandon boʻlib, oʻtib boradir.