O'tkan kunlar/52
Kumush qayin otasi bilan qayin onasiga uch-to‘rt kunning ichidayoq o‘zini ko‘rsatib qo‘ydi, shirin va aqllik muomalalari bilan ularni o‘ziga maftun qildi. Yusufbek hoji «bu odam farzandi emas — farishta» der, orada Zaynab bo‘lmasa «farishta», deb atamoqqa ham hozir edi. O‘zbek oyim bo‘lsa eski kina va adovatlarni qaytib kelmas dunyosiga jo‘natdi. Tevarakdan marg‘ilonliq, kelinni ko‘rish uchun kelguchi xotinlarg‘a muomalani yana ham yuqoriroqdan turib qila boshladi. Har bir «keliningiz ajabmi?» deb Kumushka suqlang‘uchi xotinlarg‘a, «Manim chin kelinim Marg‘ilonda edi-da!» der edi. Goho O‘zbek oyimning o‘zi ham Kumushning husniga va muomalasiga ajablana boshlar, hojini ovlog‘roqda uchratib qolsa, «alhazar, o‘g‘lingizdan — uylangan xotinini qarang», deb qo‘yar, hoji bo‘lsa, «o‘zing bilgan sihrchi hindi sening ham boshingni aylantiribdir...» deb iljayganda, O‘zbek oyim «rost, bu kelinning husnidan ham boshqa yana tag‘in bir alohida xosiyati borg‘a o‘xshaydir!» deb kular edi. Kumush o‘zini ko‘rgan kelguchi xotinlardan ko‘proq olqish olsa (albatta oshkora emas), xotinlarning jo‘nashi bilanoq darrov O‘zbek oyim Oybodoqdan isiriq tutatdirib avval Kumushka, undan keyin ko‘ngli qolmasin, deb Zaynabka soldirar, agar Otabek ko‘rinib qolsa, uni ham quruq qoldirmas edi. Egasini siylag‘an itiga suyak tashlar, qabilidan qizlari tufayli qutidor va Oftob oyimlar ham juda yaxshi izzat ko‘rar edilar. Qutidor kelganidan beri bir soat ham uyda bekor qolmay, har kun Yusufbek hojining muxlislaridan birining uyida mehmon va hojining suhbatidan mamnun edi. Oftob oyimni bo‘lsa O‘zbek oyim o‘tqizg‘ali joy topmas, quda so‘zi o‘rniga — singlim deb xitob qilar, oshni ham uning ra’yini so‘ramasdan buyurmas edi.
Kelganlarining o‘n beshinchi kunigacha shaharning kazo va kazo xotinlarini qabul qilib o‘tkardilar. Ya’ni Oftob oyim Toshkandning yuz boshi oyimidan tortib, ponsadboshi, qo‘rboshi to o‘rda oyimlarig‘acha tanishib oldi va ularning har birlaridan kutilmagan darajada izzat, hurmat ko‘rdi. Bu oyimlarning har birlaridan — «albatta biznikiga mehmon bo‘lmasdan ketmaysiz, egachi degan takliflar ham hisobsiz edi. O‘zbek oyimning lozim topishicha, bu takliflardan faqat o‘n chog‘lug‘i ijobat etiladirgan bo‘lib va birinchi martaba Normuhammad qushbegining xotini Sorabek oyimnikiga, ya’ni o‘rdaga borilmoqchi edi.
O‘n oltinchi kun mehmon oyog‘i tovsillanib, O‘zbek oyim Sorabek oyimga o‘zlarining borishlaridan xabar yubordi va Hasanaliga aravani qo‘shmoqqa buyurdi. O‘rda oyimlarining turmushlarini ko‘rmagani uchun Kumushning ham ular bilan birga borg‘usi keldi va ertalab choy ustida Zaynab tilga kelturib, «Zaynabingiz ham boradimi» deb so‘rag‘anida, O‘zbek oyim: «Zaynab bir martaba borish bo‘lsa borg‘an», deb javob berdi.
— Men-chi?
— Sen ham bormaysan.
Kumushning ma’yuslanib qilg‘an sukutidan keyin, O‘zbek oyim mundog‘ izoh berib chiqdi:
— Sen Toshkanddagi Yusufbek hojining kelini bo‘lasan, bolam! Chorlamag‘an joyga borish uchun se-ning kafshing ko‘chada qolg‘an emas, — dedi.
Otabek qayoqqadir ot minib ketgan edi. Yusufbek hoji bilan qutidor Solihbek oxundning Ko‘kaldosh hujrasiga mehmon bo‘lib ketganlar. Faqat bu kun uyda qoladirg‘anlar — Kumush, Zaynab va Oybodoq edilar.
O‘zbek oyim yo‘lakkacha kuzatib chiqg‘an Kumush bilan Zaynabka qarab arava yonidan kuldi:
— Ikki kundash uyni xoli topib tag‘in yulishmanglar! Oybodoq, sen kundashlardan xabarsiz qolma!
Oftob oyim aravaga minar ekan:
— Xudoy saqlasin, oyi! Shukur, ikkalasining ham aql-hushi boshida! — dedi.
— Bular kundash emas — egachi-singil-ku! — dedi otning jilovidan ushlab Hasanali.
— Meni tashlab ketkaningiz alamini Zaynabdan olmasam kimdan olay, — dedi kulib Kumush va darbozaning halqasi bilan o‘ynar ekan: — a, yulishamizmi?— deb Zaynabdan so‘radi. Zaynab javob bermadi.
O‘zbek oyim Oybodoqqa ba’zi ta’limotlarni bergandan keyin kelinlariga:
— Tushda issig‘siz qolmanglar! — dedi. Arava qo‘zg‘aldi.
Zaynab ilgariroq, Kumush keyinroq ichkariga qaytib kirdilar. Kundashining so‘zsiz, nesiz o‘z uyiga kirib ketkani uchun o‘ylanib, bir oz havli yuzida to‘xtadi, so‘ngra bu ham o‘z uyiga burildi.
Kundan-kunga Zaynabning susayib, o‘ziga begonalashib borg‘anini ul yaxshi onglar edi. Bu kun bo‘lsa o‘ynab aytkan so‘zi javobsiz ham qoldirilib, bu hol yana uning miyasini qotirdi. Ko‘nglida bir xiralik bilan borib daricha yonig‘a o‘ltirdi. Zaynabning hasadini qo‘zg‘ atmas uchun Otabek bilan muomalada qilg‘an ehtiyotlari zarracha foyda bermaganiga hayron, endi qaysi yo‘sunda mirosani sozlash yo‘llarini o‘ylar edi. O‘n besh kun ichidayoq buncha keskinlashkan Zaynabning ichki adovatining bir oyda qaysi darajalarga borib yetishini o‘ylar va mirosa bu holda ketgan taqdirda bu uyda uzoq qola olmasini fahmlar edi. Lekin bu uydan chiqib ketishni, bir-ikki oylab Otabekni Zaynab qo‘lig‘a topshirib qo‘yishni yana muvofiq ko‘rmas, ya’ni Kumushda ham bir qizg‘anchiqlik hissi uyg‘ong‘an... Fikri shu yerga yetkanda qaysi kunidir Otabekning Zaynabka boshqacharoq qilib kulib qarag‘ani va Zaynabning shu vaqtdag‘i oydek jozibalik to‘la yuzi ko‘ringandek bo‘ldi... Bu ko‘rinishdan so‘ng ul sakrab o‘rnidan turdi-da, tokchadag‘i oynani oldi va o‘ziga qaradi...
Ma’lumki, kishi oynaga boqqanda nechog‘liq aybsiz bo‘lsa ham o‘zini bir kamchiligi orqaliq ko‘radir. Shunga o‘xshash bir qarashda Kumush ham o‘z-o‘zidan rozi qolmadi. Shahlo ko‘zlar, o‘siq jinggila kipraklar, qunduz qosh va qora xollar va boshqa latofatlar o‘ziga pisand bo‘lmadilar... O‘zini Zaynabka qarag‘anda siqiq, yosh, bolasifat ko‘rdi... Oynani tokchag‘a qo‘yib Zaynabka chinlab hasadlangan holda kelib boyag‘i o‘rniga o‘lturdi. Anchagina o‘ylab o‘lturg‘andan keyin ko‘ngliga «u meni suysa bo‘ldi-da», degan gap keldi... O‘zining bu hukmiga rozi bo‘lmadi, go‘yo o‘zining suyilishi bir necha oyliqqag‘ina o‘xshar, Zaynabning to‘lg‘an oydek yuzi bu suyilishka shu besh-o‘n kunning ichidayoq xotima beraturg‘andek ko‘rinar edi. Shu ko‘rinish orasida Zaynabni yana o‘z ko‘zidan yaxshilab o‘tkarmakka va uning husn kuchini sinamoqqa qaror berib o‘rnidan turdi...
Kumush kirganda Zaynab daricha yonida to‘ppi tikib o‘lturar edi.
— Oyim aytkandek, — dedi kulib Kumush, — siz bilan yulishqali keldim.
Zaynab to‘ppisini qo‘yib o‘rnidan turdi:
— Men ham oldingizg‘a chiqaymi, deb turg‘an edim...
Kumush istehzo bilan kuldi:
— To‘ppi tikib o‘lturibsiz-ku, manim oldimg‘a chiqarmidingiz, barakalla sizga, — dedi.
Zaynab bir sabab ko‘rsatalmay o‘ngg‘aysiz holda qoldi. Darhaqiqat, uning bu ishi ochiqdan-ochiq bolalarcha ketgan edi. Kumush uni o‘ngg‘aysiz holdan chiqarish uchun tikilgan to‘ppini yerdan olib ko‘rgan bo‘ldi.
— Chokni yaxshi tikar ekansiz, kimga?
— Biravga atag‘anim yo‘q, axir bittasi kiyar... O‘ltu-ring.
Ikki kundash qarshima-qarshi o‘ltirishdilar. Kumush unga tikilib-tikilib qarar edi...
Zaynab boyag‘i o‘ng-g‘aysizliqdan hali chiqib yetmagan, qizarinqirab yerga boqqan edi.
Bir-ikki daqiqani so‘zsiz kechirdilar.
— Chiqmag‘animni ham ko‘nglingizga olibsiz-da, — dedi nihoyat Zaynab.
— Nega ko‘nglimga olay, men yosh bolamanmi, — dedi,— kelganimga o‘n besh kun bo‘lmasdan o‘zingizni chetka tortib boshladingiz... Men siz bilan egachi-singil bo‘larmiz, deb o‘ylag‘an edim...
— Hali nima bo‘libmiz... Arzimagan gapni ham ko‘nglingizga olabersangiz...
— Bu arzimagan gapmi? — dedi Kumush, — uyda hech kim yo‘qlig‘ini bilaturib o‘zingizni chetka tortasiz... Bu esa yuzingni ko‘rishga toqatim yo‘q deganingiz bo‘ladir.
— Qo‘ying-chi... O‘zingiz har bir narsani ham ko‘ng-lingizga olaberar ekansiz... men unaqa emasman...
Boshlanishda anchayin hazilga o‘xshab ko‘ringan bu kinaxonliq kutilmagan joyda bir tus olib ketdi. Kumush o‘n besh kunlardan beri yig‘ilib kelgan achchig‘ini bir varakay to‘kib soldi:
— Men ko‘nglimga olsam arziydirganini bilib olaman, — dedi.
— Oldingizg‘a chiqmag‘anim yuzingizni ko‘rmaslik uchun bo‘lg‘anini siz qayoqdan bildingiz, manim ichimga kirib chiqmag‘andirsiz-ku, axir?
Zaynab ham ancha qizishib oldi. Kumush undan ham oshib tushdi:
— Bilish uchun ichingizga kirib chiqishim shart emas... Ba’zi ishlaringiz ichingizdagini menga ochiq so‘zlaydir.
— Qaysi ishlarim?
— So‘ramang...
— Bilmagan bo‘lsam bildirib qo‘ying, axir.
— Aytsam yana achchig‘ingiz qistaydir...
— To‘g‘ri gap bo‘lsa achchig‘im sira qistamaydir...
Yaqinroqda yumish qilib yurgan Oybodoq eshitmasin uchun sekinroq tovushda:
— Qistamasa aytay, — dedi Kumush, — eringiz manim oldimg‘a kirsa, nega ishingiz bo‘lsa-bo‘lmasa kirib o‘ltirib olasiz-da, yolg‘iz qolg‘animda kirmaysiz?
— Shundog‘ deyarsiz, deb turg‘an edim o‘zim ham— dedi Zaynab,— kirishimni ham ko‘nglingizga olg‘an bo‘lsangiz, endi mundan so‘ng kirmaganim bo‘lsin.
— Qani, to‘g‘ri gapka achchig‘ingizning qis-ta-mag‘ani?
— Axir, eringiz bilan yolg‘iz o‘ltirg‘aningizda mundan so‘ng kirmayin deyapman-ku.
— Egrilikka olmang, Zaynab, — dedi Kumush, — men bu gapni yonimda erim bo‘lg‘anda kirma, deb aytmadim, balki boyag‘i so‘zimning isboti uchun aytdim...
Bu o‘rinda ikkisi ham jim bo‘ldilar. Oybodoq darichaga kelgan edi:
— Tushlik osh vaqti bo‘ldimi, nima tomoq qilsamikin?
Kumush Zaynabka qaradi:
— Nima tomoq buyuramiz?
— Sizdan so‘rayapti...
— Zaynabnisa yaxshi ko‘rgan tomoqni qilingiz, — dedi Kumush.
— Lag‘mon qilaymi? — deb Oybodoq Zaynabka qaradi.
— Tomoqqa ishtihom yo‘q, o‘zingiz bilganingizcha qilabering.
Oybodoq ketdi. Uning keti bilan Zaynab «tavba» deb qo‘ydi.
— Tavba demang, Zaynab... Bu gaplar ayniqsa siz bilan menga kelishmasa ham azbaroyi meni yolg‘iz tashlab qo‘yg‘aningizdan aytdim... men sizning uyingizga butun umrga kelgan emasman... Atigi uch-to‘rt kun qayin ota, qayin onalarimni ko‘rib ketish uchungina kelganman. Shunchalikka bir-biravimizdan chetlashib, ming‘ayishib yurishimiz kishiga og‘ir kelar ekan.
Kumushning «uch-to‘rt kuni...» bilan Zaynab yo-rishib ketgandek bo‘ldi:
— Voy o‘lay, Kumush opa, — dedi Zaynab bo‘shashqan ohangda, — chindan ham ko‘nglingizga olibsiz deyman. Ko‘nglimda tariqdek yomonlig‘im bo‘lsa, ertagacha yetmayin.
«Ketish» so‘zini eshitib ond ichib boshlag‘an Zay-nabka Kumush ichdan kulib qo‘ydi va «endi o‘lsam ham ketmay, sen qarab tur!» deb yandi.
Shundan keyin oradan gap-so‘z to‘xtag‘andek bo‘ldi. Kumush tizzasini quchoqlab nimanidir xayolida, Zaynab bo‘lsa qatimini uzun tortib to‘ppisini tikar edi. Anchagina shu holatda qatim tortqandan so‘ng Zaynab sekingina qarshisidag‘i g‘ayri rasmiy yovg‘a yovlarcha qaradi. Uzoqqina qarab turg‘andan keyin o‘ziga ham sezdirmaslik qilib entikdi, yana uch-to‘rt qatim tortti...
— Siz munchalik qo‘rqmasangiz ham bo‘lar edi...
Kumush bir oz javobsiz qoldi va surilib devorga suyaldi:
— Nimadan ham qo‘rqmasam bo‘lar edi?
— Axir... jek ko‘rmasangiz ham... deyman-da...
— Men kimni jek ko‘ribman?
— Bilarsiz axir, kimni...
— Uyat, Zaynab!
— Sizniki ham uyat!
Yana ikki kundash hujumga hozirlanishqan xo‘roz-lardek bir-birlarining ustlariga hurpayishdilar.
— Nimam uyat? — deb so‘radi Kumush.
— Men erim bilan o‘lturganda ustimga kirma, de-yishingiz albatta uyat.
— Avvalo men bu so‘zni sizning haligi qilig‘ingizg‘a qarshi aytdim. Agar siz buni chinga hisoblag‘an bo‘lsangiz, men ham sizdan chinda so‘rayin: siz eringiz bilan o‘lturganda
men ustingizga kirdimmi?
Zaynab bu savolning javobiga qolg‘anda bir oz tutiliqdi. Chunki, Otabek Zaynab yonida bo‘lg‘anda Kumushning kirganini xotirlay olmadi.
— Siz kirsangiz albatta ko‘kragingizdan itarmas edim, — dedi Zaynab. — O‘zingiz jek ko‘rganingiz uchun meni ham o‘zingizdek fahmlab kirmaysiz.
— Kishini bo‘g‘asiz, Zaynab! Gapka temirchilik yaxshi emas!
— Gapka temirchilikdan xudoy saqlasin, ota-bobom temirchi o‘tkan emas.
— Kim sizga — otang temirchi deyapti?
— Axir so‘zingizning sirasi shunga keladi-da...
— Tavba, — deb kuldi Kumush, — jek ko‘rasan, deb bir aytasiz, o‘zingdek fahmlaysan, deb uzib ulaysiz, sen qo‘rqmasang ham bo‘ladi, deb tag‘in nina tiqasiz...
Mana shuni gapka temirchi, deb aytadilar.
— Rost-da axir, siz qo‘rqmasangiz ham...
— So‘zlay bering.
— Axir...
Zaynab o‘zining xatosini ongli va gapuralmay g‘o‘ldiradi. Kumush esa buni sezib Zaynabning o‘z og‘zidan iqror etdirish ko‘yiga tushdi.
— Men tushundim, — dedi, — sen qo‘rqmasang ham bo‘ladi ering seni yaxshi ko‘radi, demakchisiz.
Zaynab ishini to‘xtatib bo‘zrayg‘ancha Kumushka qarab qoldi... Bu xatosini o‘nglash uchun esiga hech gap kelmas edi:
— Axir... menga o‘xshash sizni ham ishondirib qo‘yg‘andirlar.
— Sizni nimaga ishondirg‘anlar?
— Axir... Men sensiz turolmayman, deb sizga ham aytkandirlar...
— Hech.
— Sizga aytmagan bo‘lsalar... menga yuz qaytalab aytadirlar... U kishini sizga ham shunaqalar, deb o‘ylabman...
O‘zi aslo ishonmag‘an shuncha yolg‘on gaplarni boyag‘i dovdirash holatida ilhom ravishda to‘qib yubordi. Uning bu dovdir gaplari g‘alaba qozonmoqchi bo‘lg‘an Kumushni dovdiratti, boyag‘i oyna yonida tug‘ilgan shubhasi chinga chiqg‘andek bo‘ldi va muhokama xususiyatini yo‘qotdi. Zaynab to‘g‘ri aytadi, deb o‘yladi, agar uni yaxshi ko‘rmaganda Toshkandga kelishimni kutib o‘lturarmidi?.. Zaynab bu yolg‘onlash natijasidan qo‘rqib, o‘ngu ters ishiga yopishdi. Kumush moddiy hayotidan ayrilg‘an jonivordek bo‘shashdi. Oybodoq ona tarafidan ikki kundash o‘rtasig‘a qo‘yilgan tushlik bir necha vaqt sovib yotdi. Zaynabning qo‘rqa-pisa «oling, opa»sidan so‘ng ikki taraf ham lagandan chimchigan bo‘lishdilar-da, birin-sirin qo‘lni dasturxon chetiga artishdilar...
Shundan birar soat keyin Otabek qaytib Zaynab tomondan qarshi olindi. Ust to‘nini yeshib Zaynabka bergandan so‘ng, qaysi uyga kirish to‘g‘risida havli yuzasida bir oz taradudlanib qoldi. Tevaragida g‘ildirlab yurgan Zaynabning uyiga kiraberish uchun Kumushning mulohazasini qilar, Kumushning oldig‘a kirmak uchun Zaynabni o‘ylar edi. Kumush uyda ko‘rinmadi, shunga ko‘ra «uxlag‘andir», deb o‘ylab Zaynab bilan kirdi. Zaynab oyog‘i olti, qo‘li yetti bo‘lg‘an holda erini to‘rt qavat ko‘rpacha ustiga o‘tquzib, yoniga uchta par yostiqni uydi. Erining mahsisini artishka ko‘maklashib, yelpib qo‘ymoq uchun izn so‘radi. Otabek uzr aytib bunchalik mehribonchiliq ma’nosidan cho‘chib qo‘ydi.
Otda kelgan bo‘lsa ham kunning issig‘lig‘idan bir piyola choyga muhtoj edi. Choy so‘zi og‘zidan chiqmasdanoq Zaynab o‘choq boshig‘a yugurib ketdi. Uning keti bilan Kumushning uyiga qaradi. Eshik va darichalar ochiq bo‘lsalar ham uyda birav ko‘rinmadi.
Kumush kelgandan beri Otabek kun sayin o‘zini siqiqroq bir doiraga kirib borg‘anlig‘ini sezar edi. Adimini sanab bosish, bir cho‘qib sakkiz yoqqa qarash kabi ehtiyotlarga ta’limotsizoq o‘rganib qolg‘an, buning ustiga bir xil o‘ngg‘aysizlig‘i ham yo‘q emas edi... Uning o‘tkan kunlari, ya’ni Kumushka Marg‘ilonda qiladirg‘an muomala va aloqasi Zaynabka qorong‘i, shu qorong‘iliqdan foydalanib Zaynab bilan muomalasi o‘zi tilagancha. Ammo endi o‘sha holatni davom etdirish mumkin emas edi. Kumushka kulib qarasa, Zaynabka ham shundog‘ qilmoqqa, unga qandog‘ muomala qilsa, bunga ham shundog‘ qilishg‘a majbur edi. Biroq buning birinchisi yurakdan, ikkinchisi... Birinchisini tavsif qilib ko‘rsatish nuchukkim, biz shu o‘ringacha ko‘b qog‘ozlarni qoralab kelamiz, o‘qug‘uchini ham zeriktirmay orqamizdan ergashdirgandek bo‘lamiz, chunki Otabek va Kumush ishqlarida samimiyat, yana to‘g‘risi she’riyat bor edi. Ikkinchi masala ustiga o‘tib tahlil qilmoqchi bo‘lsaq, Otabekda majburiyatdan boshqa hech gap topolmaymiz, topgan bilan o‘qug‘uchig‘a qiziqarliq bir narsa chiqmaydir. Qahramonimizning hozirgi «majburiyati» sabablarini muhtaram o‘qug‘uchilar yaxshi his etsalar ham yana biz bir daraja o‘z tomonimizdan ularni sanab ko‘rsatamiz:
Din adolatka buyuradir va ota-onaning hurmatlari ko‘ndalang, majburiyatning eng kuchligi ham nozigi — mundan bir necha hafta ilgari Zaynab avval martaba yurak dardini ko‘z yoshlari ichida ochib berdi. Hammadan ham mana shu keyingisi Otabekni siqib tashlag‘an edi. Bu dard ayniqsa Otabekka uch yildan beri sinashta, ul bu dardning achchig‘-chuchugini uch yil bo‘yi totib kelar va shuning uchun ham boyag‘i og‘irliqni o‘z ustiga olmoqqa majbur edi...
Zaynab unga ikki piyola choyni ichirgandan so‘ng so‘radi:
— Sizni kech qaytarsiz, deb osh qoldirmag‘an edik, sovug‘roq bo‘lsa ham ozroq olib qo‘yg‘an edim... yesangiz?
Otabek ochiqib kelgan edi, «mayli, bering», dedi. Boyagi gap bilan yeyilmagan lag‘mon Otabekning oldig‘a keldi. Ustidagi qiymasi bilan laganning buzilma-g‘anini ko‘rib Otabek so‘radi:
— O‘zlaring yemadinglarmi?
— Yedik. Kumush opa ham shu yerda edilar... Lag‘monni uncha xushlamas ekanlar, shekillik, yaxshi yemadilar... U kishi yemaganlaridan keyin men ham yeb o‘lturg‘ali iymandim...
— Yemagan bo‘lsangiz, siz ham olishing, — dedi bek.
Zaynab eridan iymanmay birgalashdi.
Xo‘rak orasi Otabek Zaynabdan so‘rab, Kumushning uxlab yotqanini bildi. Tomoqdan keyin Otabek ham bir oz uxlab olish uchun yotdi. Ko‘zi uyqug‘a borg‘ach, faqat shuni kutib o‘lturgan Zaynab qo‘lida yelpug‘ichi bilan yostiq yoniga keldi. Eri juda uxlab ketkandan so‘ng yelpiy boshladi... Yelpir ekan, Zaynabning ko‘zi Kumushning uyida edi...
Zaynab o‘zining bu tasodufiy muvaffaqiyatini kundash nazaridan o‘tkuzib olmoqchi va boyag‘i da’vosini bir daraja amalda ham ko‘rsatmakchi edi.
Zaynab shu holda uzoq fursat erini yelpidi va natijada ma’lum ko‘rukni odatdan tashqari bir muvaffaqiyat ichida kundash nazaridan o‘tkazdi: nima yumish bilandir uydan chiqg‘an Kumush Otabekning yostig‘i yonida qo‘lig‘a yelpug‘ich ushlagan Zaynabka ko‘z qirini tashlab o‘tdi.
Birar soatdan keyin Otabek uyg‘ondi. Zaynab ham kundash yuragini un qilg‘uchi yel tegirmonini to‘xtat-moqqa majbur bo‘ldi.
Otabek uyga kirganda yostiq betini tartibsiz soch o‘rimlari bilan chulg‘atib Kumush uxlar edi. Otabek bir necha daqiqa uning uyquliq holatiga termulib qoldi va unga rohatsizlik bermas uchun sekingina orqasig‘a qayt-di. Uy eshigidan chiqar chog‘ida yana bir qarab oldi... Endi uyquliq ko‘z ochilg‘an edi.
— Tinch uxlay bering, men ketaman.
Kumush ko‘z yumish o‘rniga yostiqdan boshini uzdi va yerga tushkan ro‘ymolini o‘rab, o‘lturdi. Uning ko‘zi uyqudan qolg‘an kishilarning ko‘zidek qizarg‘an edi. Otabek qaytib kirdi.
— Nega qo‘zg‘aldingiz, uxlang, — dedi. Kumush javob bermadi, qovog‘i solig‘ edi. —
Ko‘zingiz qizarib ketipti, uxlay olmadingizmi?
— Tobim yo‘q...
— Xudoy saqlasin, — dedi bek va Kumush yonig‘a o‘ltirdi, — qayeringiz og‘riydir?
— Bilmayman, — dedi. Ko‘zi tokchadag‘i allanarsalarda edi.
Otabek bu ters javobni hazil fahmlab kuldi va Kumushning manglayig‘a qo‘lini tegizdi:
— Nega bilmaysiz?
— Qo‘lingizni oling.
— Nega olay?
— Mendan hazar lozim...
— Sizdan hazar qilmayman...
Kumushning ko‘zida bir turlik g‘iltillash bor edi:
— Zaynabdan-chi? — deb so‘radi.
Otabek daf’atan javob beralmay havli tomong‘a qarab qo‘ydi:
— Buni... mendan ham siz yaxshi bilasiz.
Otabekning alang‘lab javob berishi Zaynabning boyag‘i da’vosini chinga chiqarg‘andek bo‘lib, Kumush juda ham to‘nini teskari kiydi va yuzini chetka burdi:
— Yalhaqlikni qo‘ying.
Otabek bu holga tushunolmay, Kumushning ko‘ziga jiq to‘lg‘an yosh yana uni shoshirib qo‘ydi. Shundog‘ ham bo‘lsa kulimsirab:
— Uyqudan so‘l yoningiz bilan turibsiz, — dedi.
— Chunki manim o‘ng yonim bilan turg‘uzadigan kishim yo‘q...
— Adovat shuning uchunmi hali? — dedi bek va kulib yubordi.
Kumush ko‘z yoshisini artdi:
— Ha, shuning uchun.
— Shuning uchun bo‘lsa arzimaydi...
Kumush ko‘tarilib ketdi:
— Ikki yuzlamalig‘ingiz va til tegida til saqlag‘a-ningiz ham arzimaydimi?
— Tushunmay yotibman...
— Albatta tushunmaysiz va tushunishni ham tilamaysiz.
Ul Kumushdan munday ters gaplarni umrida birinchi martaba eshitar edi. Bir onda necha xil ehtimollarni o‘ylab chiqdi:
— Zaynab sizga bir narsa dedimi?
— Dedi, «Sensiz turolmayman» deb aytkan so‘zla-ringizni ham dedi.
Unga nima bo‘lsa ham ikki kundash o‘rtasidan ancha gaplar o‘tkani bir daraja ma’lum bo‘lib, Zaynabning yolg‘on-yashiq gaplar bilan Kumush yuragiga o‘t yoqqanini payqadi.
Ammo boyag‘i yarim jiddiy vaziyatini buzmay so‘radi.
— Zaynabning so‘ziga siz ishondingiz?
— Ishonmaydirg‘an gapmi?
— Yaxshi, men unga shunday deb aytkan ham bo‘layin, lekin shunda ham sizning xafalanishingiz menga qiziq tuyuladir. Ayniqsa sizdan bu gap... Kumush indamadi. Otabek uning orqa sochidan tutib sekingina yerga bosdi:
— Qani gapuring-chi menga, orangizdan bir gap o‘tdimi, — deb so‘radi.
— Ha o‘tdi, — dedi Kumush va chetka qarab kulimsiradi.
— O‘n besh kun bo‘lmasdan?
— Mendan boshqa xotin bo‘lsa Zaynabingiz bilan birinchi kundanoq arazlashar edi...
— Xudo xayringizni bersin...
— Kesatmang.
— Kesatmasam gapuring.
Kumushning raqobat o‘ti bir oz o‘cha tushkan edi, uch-to‘rt kunlik mojarodan yaxshig‘ina hasrat ochildi. Otabek hasratni yarim jiddiy tinglab bordi. Zaynabning keyingi so‘zi va so‘nggi yelpitish foji’alari ham hasrat qolipig‘a birma-bir kirib chiqdi. Hasrat tugalgandan so‘ng Otabekning yuzidagi boyag‘i yarim jiddiylik ketib, uning o‘rnini o‘ychanliq oldi. Ul shu holatda anchagina so‘zsiz qoldi va oxirda o‘zini natija kutib o‘lturg‘uchi Kumushka qarab kulib qo‘ydi.
— Nega kulasiz?
— Chunki yig‘lamoqqa arzimaydir.
Kumushning qoshlari chimirildi:
— Zaynabingizning bu qilig‘iga men chidalmayman.
— Chidash va chidamasni hozircha bir tarafka qo‘yib turayliq, — dedi Otabek, — ammo hammadan ilgari sizdan so‘rayman: menga ishonchingiz bormi?
— Bor, ham yo‘q, — dedi Kumush va kulimsirab bir oz o‘ylanib oldi, — Zaynabning haligidek gaplari kishini shubhaga solar ekan...
— Ammo sizni shubhadan chiqaraturg‘an hujjatlaringiz albatta yo‘q emas edi.
Kumush uyalg‘annamo yuzini chetka burdi, Otabek tovshini sekinlatib davom etdi:
— O‘tkan kun sizdan «Toshkandda qolasizmi, yo‘q-mi?» deb so‘rag‘anim ham faqat shunga o‘xshash gaplar bilan siz xafalanmang, deb aytilgan edi. Agarda siz siqilar ekansiz, hali ham Toshkandda qolmasligingiz menga ma’qul ko‘rinadir. Chunki men sizni shuning singari o‘rinsiz ozor chekishingizni xohlamayman.
— Siz quvlamasangiz, men Marg‘ilong‘a bormayman.
Otabek kuldi.
— Agar siz shunga o‘xshash arzimagan gaplar uchun manim ustimga hujum qilabersangiz, albatta quvlayman.
Kumush bir xil o‘pkalangan boqishda:
— Sizga ishonsam bo‘ladimi? — deb so‘radi.
— Yuragingizdan so‘rang.
— Yuragim... Yuragim ishonma, deydi.
— Bo‘lmasa bu yurak so‘zi emas.
— Albatta yurak so‘zi.
— Yuragingizning ishonma, deyishka birar vaji bordir?
— Bor.
— Bo‘lsa ayting.
— Yuragim: quvlanishg‘a kim sazovor, deb sizdan so‘raydi... Siz o‘z yuragingizdan olib javob bering.
Otabek maqsadga tushundi, daf’atan javob berishka hayron bo‘lib qoldi. Darhaqiqat, Kumush eng nozik joydan ushlag‘an edi.
Kumush Otabekdan javob kutib o‘lturmay yana dedi:
— Boshqalar yuragini sinab ko‘rishka qudratim yetmasa ham manim yuragim ikki narsani o‘z ichiga sig‘dira olmaydir...
— Sening yuraging ikki narsani o‘z ichiga sig‘di-radir, demakchisiz.
— Demakchi emasman, — dedi Kumush, — chunki hech vaqt bo‘ladirg‘an gap emas... Kumush hamon yuqorida aytilgan bir ma’nonigina ifoda qilmoqchi bo‘lar edi. Ammo Otabek Kumushning to‘sindan o‘zgarib ketkan xarakter qat’iyatiga va bir kundayoq, bunchalik masofani o‘tkan keskinlikka juda taaj-jubda, qarshisidag‘ining suratida emas, siyratida qiziq bir o‘zgarish ko‘rar edi.
— Maqsadingizga yaxshi tushunaman, — dedi oxirda,— har jihatdan qaralg‘anda ham siz bu to‘g‘rida haqlisiz. Ammo o‘shang‘acha... balki buni o‘zingiz his etarsiz, deb o‘ylayman...
Kumush indamay qo‘ydi. Ehtimolki, ul keyingi masala to‘g‘risida erining fikrini bilib qo‘ymoqchi edi...