O'tkan kunlar/49
To‘rda qutidor, uning yonida mahallaning imomi Yunus Muhammad oxund, yurt og‘asi Pirnazar jallod va Sotiboldi otalig‘ yana bir keksa o‘lturar edilar. Pirnazar jallodning yonida Otabek va Sotiboldi akaning qatorida Yusufbek hoji edilar. Oyog‘da Hasanali meshdan qimiz quyar edi.
So‘z to‘rtinchi kuni bo‘lib o‘tkan qipchoq qirg‘ini ustida ketib, Yusufbek hoji bu to‘g‘rida so‘zlar edi.
— Men biz xalqning odam bo‘lishimizdan tamom umidimni kesib qo‘ydim... Esimni tanig‘animdan beri amal demay, mansab demay faqat shu musulmonlar manfaatini ko‘zlab kelib, oyog‘ida o‘zini qushbegi, mingboshi olg‘an uch-to‘rtta manfaatparastlardan go‘yo yosh bola kabi aldandim... Ululamir bo‘lg‘an kishi ham shu manfaatparastlarning xarob fikrlariga quloq berib, bizdek odamlardan bu to‘g‘rida bir og‘iz kengash so‘rashni unutdi. Holbuki, Musulmonqul balosidan uni najotka chiqarg‘uchilarning bittasi biz edik. Natijada ersa so‘zi — so‘z, kengashi — kengash bo‘lg‘anlar shu uch-to‘rtta kalla buzarlar bo‘lib, bizga o‘xshag‘anlarning darajamiz yosh boladek aldanish ekan...
Yunus Muhammad oxund uning so‘zini bo‘ldi:
— Ey hoji, — dedi, — hamma fasod ululamirda, agar ululamir durust odam bo‘lsa, uch-to‘rtta muttahamning yomonlig‘i hech qayerg‘a bormas va buncha gunohsiz bechoraning qoni o‘rinsiz to‘kilmas edi. Janobi payg‘ambari xudo hadisi shariflarida aytadirlarkim, «Bismillahir-rohmanir-rohim qola an-nabiyu alay-hissalom: Izo vasada alamru ilo g‘ayri ahlihi fantazir as-soata, ya’ni ul sarvari koinot marhamat qilurlarkim, agar bir qavmning ishi noahl odamg‘a topshirilg‘an bo‘lsa, bas, o‘shal qavmning qiyomatini yaqin bil, ya’ni halokatiga muntazir bo‘l». Bas, bizning korlarimiz ham ko‘b fursatlardan beri noahl odamlarning qo‘lig‘a qolib va har zamon ul nobakorlar bizlarning boshimizg‘a anvo’i kulfatlarni soladirlar. Ilohi kori badlari o‘z boshlari birlan daf’ bo‘lg‘ay.
— Saddaqta yo rasulilloh, — dedi hoji va hadisni takrorladi: — «Izo vasada al-amru ilo g‘ayri ahlihi fantazir as-soata» — voy bo‘lsin biz badbaxtlarning holiga,— dedi. Bir oz ma’yuslanib to‘xtadi va domla tarafidan bo‘lingan so‘zini shu gaplar bilan tamomladi:
— Shu kungacha bo‘lmag‘anlarg‘a bo‘lishmoqchi bo‘lib umrimning nihoyatiga yetib qoldim, — dedi. Soqolini tutamladi. — Bu soqol shu el qayg‘usida oqardi. Bu ko‘ngil shu manfaatparastlar ta’sirida qoraydi. Yoshim oltmish beshka yetib bir vaqt bo‘lsin ibodatimni janobi haqqa bevosita yo‘naltirg‘animni va ko‘ngil ko‘zim ochilib qilg‘an sajdamni xotirlay olmayman. Bu aldanishim ersa, haq tarafidan bir tanbeh, bo‘lmag‘ anlarg‘a bo‘lishmoqchi bo‘lg‘anim uchun bir kinoya-dir. Endi mundan keyingi besh kunlik umrim dunyo mojarolaridan etak silkib to‘sha’i oxirat tadorikini qilmog‘im uchun g‘animat ko‘rinadir.
Bu so‘z majliska bir ma’yusiyat berdi. Ko‘b vaqt hammalari sukutda qoldilar. Hojining gapi ayniqsa Pirnazar akaga ta’sir qilg‘an edi. Ul o‘z hunari ruhida mulohazasini so‘zladi:
— Yomonlarni bitta-bitta, terib-terib bosh kesmasdan elni tinchitish qiyin, — dedi.
Bu so‘zdan keyin majlis ahli hojining og‘zig‘a qaradilar. Hoji kulib qo‘ydi, bir ozdan keyin:
— To‘g‘ri aytdingiz, jallod, — dedi, — bu taqdirda yoningizda o‘lturg‘an bizning o‘g‘ulni ham ko‘makingizga chaqira olasiz...
Hamma kulib yubordi. Qutidor yer ostidan Otabekka kulimsirab qaradi. Otabek dadasining kinoyasiga tushunib qip-qizil lavlagidek bo‘ldi. Yaxshiki qutidor va Hasanalidan boshqa hech kim bu kinoyaga tushunmas edi.
Pirnazar aka jiddiycha Otabekka qaradi.
— Otabek menga o‘xshag‘an jallodkina emas, amiri lashkar bo‘la oladir. Siz fotiha bersangiz va Otabek amr bersa men xudo haqqi yomonning boshini olishdan qaytsam, — dedi.
— Bizning kattadan-kichigimizning, — dedi hoji,— topqan-tutqanimiz faqat bosh olish... Biz o‘ylaymizki, go‘yo bosh olish bilan olam tinchiydir va biz o‘z xohlag‘animizni qila olamiz. Tuzik, jallod aytkanidek, yomonning boshini olmoqqa men ham qarshi emasman va lekin buning nozik shartlari bor: avvalo manfaati shaxsiyasidan kechib, faqat el baxti uchun bosh tikkanlar jamoasi kerak va bu jamoaning o‘z maslaki yo‘lida kuzatkan ma’lum bir nishonasi bo‘lmog‘i zarur. Ana shundan keyin haligi nishonaga qarab intilishda oyog‘ ostig‘a elashkan cho‘p-xaslarni supira borish lozim. Mana shundagina to‘kilgan qonlar o‘rinlik va mashru’, berilgan boshlar chin qurbon hisoblanadirlar. Yo‘qsa, sizning bosh olishingiz ham anovilarning qirg‘inidan farq-lik bo‘lolmas, — dedi va bir oz to‘xtab olg‘andan keyin afsuslandi, — shu yoshg‘a yetib bu xalq orasida haligi jamoani uch-to‘rt nafardan ortiq uchratolmadim, afsus.
Yana bir muncha gaplar o‘tkandan keyin hammalari masjidga chiqib peshinni o‘qub kirish uchun qo‘zg‘al-dilar. Otabek ham ko‘bchilik bilan birga qo‘zg‘alg‘an edi, Hasanali uni to‘xtatdi:
— Siz to‘xtangiz, Otabek, — dedi. Kishilar havli yuziga tushkandan keyin, — ichkariga bir kirib chiq-masangiz ayb bo‘ladir... Boyag‘i ishingizni bo‘lsa zo‘rg‘a yolg‘on-yashiq bilan ularning ko‘nglidan chiqardim.
Otabek nihoyatda bo‘shashqan holda qaytib o‘rniga o‘lturdi:
— Mayli, bo‘lmasa... — dedi.