O'tkan kunlar/39
Ertasi kun butun Marg‘ilon deyarlik Malikboyning maydonida voqi’ bo‘lg‘an ishka juda hayron edi:
— Mutal bilan Sodiq bo‘lsa shaharning tomteshar yigitlaridan, ular qutidornikiga o‘g‘riliq uchun borg‘an bo‘lsalar borg‘andirlar... Lekin shaharning katta boylaridan hisoblang‘an Homidning ishi qiziq. Xayr, Homidning o‘g‘riliq hunari ham bor bo‘lsin, bularni kim o‘ldirgan? Qutidor bo‘lsa ertalab uyqudan turg‘ach, bu hangamani bilibdir, juda ajoyib!
Kuch choshkohga yetkanda Otabek saroy darbozasidan chiqdi. Ul o‘zining so‘l qo‘lini doka bilan o‘rab bog‘lag‘an va ko‘kragiga ko‘tarib ushlagan edi. Kecha Homid xanjarlik qo‘lini siltab tortqanda, xanjar uning bosh barmog‘i orasini suyakka yetkuncha shipirib ketkan edi. Uning oyog‘ olishida ham bir oz oqsoqlanish sezilar edi.
Saroydan ancha uzoqlashqan edi, qarshidan o‘ziga qarab kelguchi Rahmatni ko‘rdi va chor-nochor so‘rash-moqqa to‘g‘ri keldi:
— Ha, mulla Rahmat, salomatmisiz?
Rahmat oshiqibg‘ina uning bilan ko‘rishdi:
— Qachon keldingiz, bek aka?
— Kelganimga bir-ikki kun bo‘ldi... Nega xafa ko‘rinasiz, mulla Rahmat?
Rahmat uflab oldi:
— Eyyy, bek aka, bizning boshka tushkanni dushmaningizga ham ko‘rsatmasin!
Otabek ajabsinish tusi ko‘rsatib so‘radi:
— Nima bo‘ldi, uy-ichingiz bilan salomatmisiz?
— O‘zingiz bilasiz, bultur padar marhum bo‘lg‘an edilar, bu kun yana boshimizg‘a o‘lim tushaturg‘an bo‘lib qoldi, tog‘am Homidni allakimlar chavog‘lab ketibdirlar.
Otabek ko‘zini olalantirg‘an bo‘ldi:
— Qayerda, kimlar, yarasi qo‘rqunch emasmi?
Rahmat voqi’ani qayerda bo‘lg‘anlig‘ini so‘zlab turmadi:
— Yarasi yomon, hushsiz holda hiqillab yotibdir. Qornini tikdirmakchi bo‘lg‘an edim, jarroh bo‘lmaydir, dedi.
— Chavog‘lag‘uchini aytmadimi?
— Til bo‘lsa aytadi-da, — dedi Rahmat, — ul yiqi-lib yotqan joyda yana ikki yigitning o‘lugi bor ekan... Shulardan zarb olg‘anmi deb o‘ylayman.
— Xudo shifo bersin! — dedi Otabek.
Ajralishdilar.
Otabek usta Alimning ko‘chasiga burilg‘ach, Sodiq eshigida uch-to‘rtta bel bog‘lag‘an kishilarni tobut yasash bilan mashg‘ul ko‘rib tinchsizlanib ketdi. Usta Alimning yo‘lagiga kirar ekan, Jannat opa bilan yana bir xotinning yig‘i tovushlarini eshitdi... Janozaga tahorat olish uchun obdasta yonig‘a o‘lturgan usta Alim Toshkand jo‘nab ketkan Shokirbekni oradan uch-to‘rt kun o‘tmay qaytib kelishiga ajabsingan edi:
— Keling-keling, Shokirbek... Toshkand jo‘na-mag‘anmi edingiz?!
Otabek ayvonning oldig‘a o‘lturar ekan, kuldi:
— Toshkandga borib keldim...
Usta Alim uning hazilini fahmladi-da, tahorat ola-ola qiziq voqi’adan so‘z ochdi:
— Marg‘ilondan ketmagan bo‘lsangiz, o‘zingiz ham eshitkandirsiz Shokirbek, siz bilan menga tarjimai hollari ma’lum bo‘lg‘an Homid bilan Sodiqni va tag‘in Mutal degan yana bir yigitni Mirzakarim akaning havlisi orqasida o‘ldirib ketibdirlar. Yomonlar o‘z jazalarini to-pibdirlar.
— Eshitdim, — dedi Otabek va tag‘in kulib qo‘ydi.
Usta Alim uning bu kulgisiga e’tibor qilmag‘an edi, so‘zida davom etib so‘radi:
— Siz bularni kim o‘ldirgan deb o‘ylaysiz?
— Siz-chi? — dedi Otabek va tag‘in iljayib qo‘ydi.
— Menga qolsa, — dedi usta Alim, — o‘ldirguchi albatta Mirzakarim akaning kuyavi Otabekdir... zap ish qilg‘an-da, men unga qoyilman. Men uning O‘tabboy qushbegiga qilg‘an muomalasini eshitib, yuragiga bali degan edim... zap yigit ekan-da! Otabek o‘ng‘aysizlanib ketdi. Usta Alim yuz-ko‘zini artib Otabekning qo‘lini olib ko‘rishmakchi bo‘lg‘an edi, ko‘zi o‘ralg‘an dokaga tushdi:
— Qo‘lingizga nima qildi, Shokirbek?
— Pichaq kesib ketdi...
— Yomon kesdimi?
— Sal.
Usta Alim Otabekning yonig‘a o‘lturdi va:
— Nega Toshkand jo‘namadingiz, birarta mone’ chiqib qoldimi? — deb so‘radi.
— Mone’ chiqib qoldi...
— Qanday mone’? — dedi usta.
— Mone’mi? — dedi Otabek va kulimsirab: — Men sizga bir katta gunoh qilib ketkan edim... Yo‘lda boraturib gunohimdan o‘kindim-da, sizga tavba qilg‘ali Qo‘qondan qaytdim... Agar siz gunohimni kechirsangiz, men shu daqiqada Toshkand jo‘nayman.
Usta Alim ajablanib Otabekka qaradi:
— Hazillashasiz...
— Hazillashmayman, agar siz kechiraturgan bo‘lsangiz, gunohimni ham hozir iqror qilaman.
Usta Alim kulimsirab so‘radi:
— Qani iqror qilingiz bo‘lmasa.
— Ilgari kechirishka va’da berib qo‘yingiz.
— Menga qolsa sizning hech gunohingiz yo‘q... Menga noma’lum gunohingiz bo‘lsa kechirdim.
— Rahmat, — dedi Otabek va so‘radi: — men kim?
— Sizmi, siz Shokirbek!
Otabek uyat aralash kulib qo‘yib dedi:
— Ana usta, manim borliq gunohim sizning shu kungacha meni Shokirbek, deb bilishingizdagina!
— Bo‘lmasa, siz kim?
— Gunohimni kechirgansiz-a?
— Kechirganman.
— Men siz bilgan Shokirbek emas, toshkandlik Yusufbek hojining o‘g‘li va marg‘ilonliq Mirzakarim akaning kuyavi — Otabek!
Usta Alim bir oz o‘zini keyinga tashladi va ko‘ziga jiq yosh chiqardi.
— Siz-a? — dedi. Kelib Otabekni quchoqladi... Bu favqulodda holg‘a tushuna olmay qolg‘an Sayfi ishini to‘xtatib do‘konxonadan qarab turar edi. Usta yig‘lag‘an holda Otabekni quchoqlab o‘pdi-da, ayvonga ko‘rpacha sola boshladi.
— Nima qilmoqchi bo‘lasiz, usta? — deb Otabek so‘radi.
— Men o‘zimning yangi mehmonimni ko‘rpachaga o‘tquzmoqchi bo‘laman, — dedi kulib usta Alim.
— Men sizning ko‘rpachangizga ko‘b o‘lturganman, endi menga ortiqcha takallufingizning hojati yo‘q.
— To‘g‘ri so‘zlamaysiz, Otabek, bu kungacha manim ko‘rpachamda o‘lturib yurgan Shokirbek otliq bir yigit edi. Endi men o‘zimning yangi mehmonim bo‘lg‘an Otabekni siylamoqchi bo‘laman... Qani, Otabek, ko‘rpachaga chiqingiz!
Otabek ustaning latifasiga kuldi-da, ko‘rpachaga chiqib o‘lturdi. Bu vaqt Jannat opaning «shahid o‘lgan bolam» deb yig‘lag‘an tovushi eshitildi-da, Otabek gunohkor bir yuz bilan usta Alimga qaradi. Ul esa Otabekning bu qarashidag‘i ma’noni sezgan edi:
— Zap qilg‘ansiz, Otabek, — dedi usta, — yomonlarning jazosi shunday bo‘ladir...
Yoningizda kishilaringiz bor edimi?
— Yo‘q.
Usta Alim Otabekka tushuna olmay qarab turg‘ach, so‘radi:
— Uch dushmanga qarshi yolg‘iz o‘zingiz?
— Yolg‘iz o‘zim! Xudo yomong‘a jazo beraturgan bo‘lsa, shundoq bo‘lar ekan.
Usta Alim tamom ajabda qolg‘an edi:
— Subhonolloh! Qanday yuragingiz bor ekan, Otabek! Qo‘lingizdan boshqa yeringizda jarohat yo‘qmi?
— Yo‘q. Bo‘ksam ustiga bir oz xanjar uchi tegib o‘tkan bo‘lsa ham ahamiyatsiz.
— Xudoga shukur, Otabek! Sizning bu ishingizdan qayin otangizning xabari bor edimi?
— Yo‘q edi. Bu ishni hozirg‘acha bir o‘zim va bir tangri bildi. Endi bu sirni bilguchilarning uchunchisi siz bo‘ldingiz!
— Astag‘firulloh! — deb qo‘ydi usta Alim, — raqibingiz Homidni birinchi martaba usta Farfi orqaliq tanig‘aningizmi?
— Birinchi martaba tanishim, — dedi uflab olib Otabek, — bunga ham sizning bilan bo‘lg‘an oshnalig‘im ko‘mak berganlikdan sizga minnatdorlik qilishdan ojizdirman.
— Sizning aqllar ishonmaslik qahramonlig‘ingizg‘a yuragim qinidan chiqish darajasiga yetdi! Otabek, Homidning bu keyingi rejasini qayerdan bildingiz?
Otabek kuldi.
— Xudog‘a shukurlar bo‘lsunki, manim tortqan ohlarimni quriqqa yubormay, utmagan yerdan sirni bildirdi. Men sizga hikoyamni boshidan so‘zlab beraymi va yo Homidning rejasini bilishimniginami?
— Boshidan so‘zlangiz, Otabek! — dedi hovliqib usta Alim va ish to‘qish ila mashg‘ul Sayfini savzi to‘g‘rashqa buyurdi. Usta Alimni hikoya tinglamak uchun hozirlang‘an ko‘rgach, Otabek dedi:
— Tahoratning sababi yodingizdan ko‘tarildi shekillik!
— Ko‘tarilgani yo‘q, Otabek, yomonning janozasidan yaxshining hikoyasi foydalik ko‘rinadir... Qani, so‘zdan keling!
Otabek o‘zining chin do‘stig‘a birinchi marta Marg‘i-lon kelishidan tortib hikoyasini so‘zlab ketdi. Uning uch yil ichida boshidan o‘tkanlarini bir soatlik vaqtga cho‘zilib, Sayfi oshni suzib kelganda yo‘lda uchrashqan Rahmat bilan hikoyasini tugatdi. Usta Alim Otabekning yelkasiga qoqib der erdi: — Sizda chin yurak bor, do‘stim. Bu yurakingiz bilan hech vaqt dard qolmaysiz, Otabek! Ammo mendan chin ismingizni yashirib kelganingiz uchun sizni ayblay olmayman. Biroq jum’a kun kechasi Homid izidan manim havlimga kirib, menga o‘zingizni bildirmay ketkaningizga xafa bo‘laman, xudoy ko‘rsatmasin bir falokat yuz berganda nima bo‘lar edi?
Oshdan so‘ng usta Alim shunday fotiha o‘qudi:
— Dushmanlaringizning yo‘q bo‘lg‘anlari chin bo‘l-sin, suyganingiz bilan endi mas’ud yashang!
Otabek tashakkur etdi. Tag‘in bir oz choy ichib so‘z-lashqandan so‘ng, Otabek daftaridan ikkita xat chiqarib dedi:
— Sizga og‘ir kelmasa, bir xizmat topshirmoqchi-man, usta!
— Buyuringiz!
Otabek qo‘lidag‘i xatlarni uzatib:
— Men shu soatning ichida Toshkand jo‘nashg‘a majburman. Shuning uchun siz bu xatlarni qayin otamnikiga o‘z qo‘lingiz bilan eltib berasiz.
Usta uning bu gapiga tushunolmay qoldi:
— Nega endi Toshkand jo‘naysiz, o‘zingiz...
— O‘zimga mumkin emas, chunki... ikki tomong‘a ham o‘ngg‘aysiz. Men hozir ketishka majburman, balki o‘zingiz ham onglarsiz.
— Ongladim, — dedi usta va: — gap-so‘z bosila-yozg‘ach, kelmakchimisiz?
— Balki... — deb to‘xtadi Otabek, — xatlarning birisi qayin otamg‘a, ikkinchisi unga,
— dedi.
— Xo‘b.
— Qayin otamg‘a yozg‘anim qisqa bo‘lg‘ani uchun siz unga mendan eshitkanlaringizni so‘zlab qondirarsiz. Qutidor bilan ishingizni tugatib qaytishingizda uning xatini berarsiz, tuzikmi?
— Ma’qul.
— Uchrashqaningiz to‘g‘risida menga ma’lumot yozsangiz, tag‘in minnatdor qilar edingiz...
— Bosh ustiga.
Shundan so‘ng ikkisi quchoqlashib ko‘rishkach, vidolashdilar.
Otabek eshikdan chiqg‘anda Sodiqni ko‘mib kelgan kishilar qur’on o‘qub tarqalmoqda edilar.