Jump to content

O'tkan kunlar/31

From Wikisource
O'tkan kunlar (1926)
by Abdulla Qodiriy
31. Baxt va baxtsizlik
334859O'tkan kunlar — 31. Baxt va baxtsizlik1926Abdulla Qodiriy

Oshni suzib keltirgach, mehmonni oshg‘a taklif qi-lishdan burun yana toqchadagi ko‘vachani olib bir pi-yolani to‘ldirdi va Otabekka uzatdi.
— Iching buni ham, so‘ngra oshni yeymiz, — dedi. Bu gal uncha qistatishqa to‘g‘ri kelmadi, birinchi piyola bilan uning ko‘z o‘nglari jimirlashmakka va o‘zida bir yengillik his etmakka boshlag‘an va bu ikkinchi piyola go‘yo «meni ichsang tag‘in ham yengil tortasan», der edi. Otabekning ikkinchi piyolasidan so‘ng oshg‘a o‘lturdilar. Bitta «don» hazmini ham tasavvur qilmag‘an uning me’dasi ketma-ket tushib turg‘an luqmalarni e’tirozsiz qabul qilmoqda edi. Bunday ishtihoni, ehtimolki, ul o‘z umrida birinchi martaba ko‘rgandir. Tomoq orasida uy egasining bergan savollariga yaxshi javob berganidek, o‘zi ham ba’zi so‘zlarni to‘qib yubormoqda, boyag‘i oz so‘zliliklar o‘rnini ezmalik bo‘lmasa ham mo‘’tadil bir hol olg‘an edi.
Oshdan so‘ng lagan va dasturxonni yig‘ishtirib olg‘uchi uy egasiga sarxush va qizarg‘an ko‘zlari bilan uzoq qarab qo‘ydi. Bu qarash unga minnatdorliq va tashakkur qarashi edi. Uy egasi Otabekning yonig‘a ikkita yostiq olib qo‘ydi va bittani o‘z yonboshig‘a ham oldi.
— Yonboshlangiz bek, — dedi, boshlab o‘zi yonboshladi. Otabek ham unga ergashdi. Ikkisining orasidag‘i sham’ yel bilan o‘ynashibg‘ina nur separ, ikkisi ham so‘z qo‘yishqandek sham’ga ko‘z tikib qanday o‘yg‘adir berilgandek ko‘rinar edilar. Bir necha vaqtdan so‘ng uy egasi ko‘zini sham’dan oldi va yer ostidan Otabekni kuzatkach, so‘radi:
— Uylanganmisiz, bek?
Otabekning kayfi kuchlikmi edi yoki so‘zni onglamay qoldimi, haytovur shu onda javob berolmadi.
— Uylanganman.
So‘rag‘uchi bir oz to‘xtab olg‘ach, yana so‘radi:
— Xotiningizga muhabbatingiz bormi?
Otabek bu savol qarshisida garangsib qolg‘andek bo‘ldi, voqi’an orag‘a og‘ir savol tushkan edi, bilintirmaslik qilib uflab oldi.
— Muhabbatim yo‘q.
— Yaxshi ekan, — dedi uy egasi. Otabek uning bu so‘ziga tushuna olmay, «nega?» degandek qarab turar edi.
— So‘zimga ajablandingiz shekillik?
— Yo‘q, — dedi Otabek, lekin uning taajjubi uy egasiga ochiq ko‘rinib turar edi.
— Balki muhabbat baxtlik kishilar uchun yaxshidir, lekin o‘z tajribamcha, baxtsiz kishi uchun badbaxtlikdir. Masalan, siz agar chindan ham xotiningizg‘a muhabbatsiz bo‘lsangiz, o‘zingiz ham iqror qila olasiz: uyga kirsangiz xotiningiz bordek, ko‘chaga chiqsangiz yo‘qdek, bas, sizga xotinning og‘irlik va yengilligi birdak. Shundoq emasmi?
— Shundoq, — dedi Otabek, ammo muhabbat to‘g‘risida so‘zlangan bu so‘zlar uning kayflik ko‘zini ocha yozdilar.
Uy egasi davom qildi:
— Men bu so‘zlarni o‘z holimdan chog‘lab aytaman, ehtimolki men yanglisharman, — dedi va uzoq tin olg‘ach, so‘radi: — Siz uylanganda o‘zingiz yoqtirib uylandingizmi yoki oradag‘ilarning yoqtirishlari bilanmi?
Otabek so‘rag‘uchining qanday muddaosi borlig‘ig‘a tushunmay qoldi.
— Onamning yoqtirishi bilan.
— Barakalla, — dedi uy egasi va, — manimcha, hamma balo o‘zing ko‘rib, suyib uylanishda, — dedi va eshitkuchisi kutmagan joyda sukutka ketdi. Otabek bir ko‘ynakni o‘zidan burun yirtkan kishi to‘g‘risida go‘yo o‘z sarguzashtining eski tarixini mulohaza qila bosh-lag‘an, qarshisida o‘lturg‘uchini-da, qayin ota eshigidan quvlang‘an kishi deb bilgan edi. Qayin otang sani ham quvladimi, deb aytmasa ham shunga yaqin bo‘lg‘an «suygan xotiningiz sizni tashlab ketdimi?» degan savolni berdi. Uy egasi boshini chayqadi:
— Tashlab ketishka — ketdi, lekin o‘z ixtiyoricha emas, — dedi. Otabek bu so‘zdan so‘ng buning ham qayin otasi yoki qayin onasi tomonidan zulm ko‘rganiga ishong‘an edi.
— Yomon odamning yuzi qursin, — deb qo‘ydi, bu so‘z uy egasiga tushunarlik bo‘lmadi shekillik, Otabekka savol nazari bilan qarab oldi.
 — Ezmalik bo‘lsa ham boshimdan o‘tkanlarni so‘zlab beraymi, mehmon? — dedi.
O‘z sarguzashti bilan farqsizg‘a o‘xshab ko‘ringan bu hikoyani eshitishka uning ishtiyoqi ortqan edi:
— Siz so‘zlamasangiz-da, men so‘zlatmoqchi bo‘lib turar edim.
— Manim sarguzashtimda siz kutkan qiziqliq yo‘q. Lekin shunday bo‘lsa ham so‘zlab berayin, — dedi va yostiqni ko‘kragiga qo‘yib olg‘ach, hikoyasini boshladi:
— Men o‘zim asli qo‘qonliqman. Ota-onamdan yoshliqda yatim bo‘lib, tog‘amning qo‘lida o‘sdim. Yoshim 17—18 larga borg‘andan so‘ng o‘z kunim o‘zimga qolib, bir o‘rtog‘imning kengashi bilan bundan yigirma yillar burun Marg‘ilong‘a kelib, bu kungi ustakorimning otasig‘a to‘quvchiliq hunariga shogird tushdim. To‘rt yil chamasi qilg‘an xizmatimdan so‘ng haligi ustakorga xalfa bo‘lib ishlay boshladim. Boshqa yigitlardek ortiqcha o‘rinsiz sarflarim bo‘lmag‘ani uchun oz zamon ichida uch-to‘rt tilla pullik ham bo‘ldim. Ishimga ixlos bilan qarag‘anim uchun maning to‘qug‘an ishlarim o‘zgalarnikidan qadrlik yurar va xalq orasida ham otim «usta Alim kichkina» bo‘lib shuhratlangan edi. Ma’lumki, bofandalar oldig‘a ko‘pincha xotin-qizlar kelib, yangi nusxa qidirib yuriydirlar. Maning to‘qug‘an ishlarim va chiqarg‘an nusxalarim hammaga maqbul, ayniqsa xotinqizlar uchun mashhur bo‘lib, har doim to‘quv do‘konim yonidan xotin-qizlar ayrilmas edilar.
Kunlardan bir kun hali kishidan qochar darajaga yetmagan o‘n uch-o‘n to‘rt yoshlar chamaliq do‘ndiqqina bir qiz kelib, men chiqarg‘an yangi nusxa shohidan so‘radi. Qizning so‘rag‘an nusxasi to‘qilib va sotilib ketkan edi. Shuning uchun «yo‘q» deb javob berdim. Qiz ko‘zini jovdiratib turib, «maning uchun to‘qib berolmaysizmi?» deb so‘radi. Men qizning yuziga qarab, «mumkin emas opa, bir kiyimlik shohi deb nusxa bo‘yash og‘ir», dedim. Qiz so‘zni aylantirib mendan va’da olishg‘a tirishar edi. Men so‘z orasida yana unga qarab oldim. Yonimdag‘i xalfalardan bittasi qizg‘a o‘la, «to‘qib bering, usta, opani xafa qilmang!» deb qo‘ydi. Uchunchi qarashda o‘zimda qizg‘a qarshi bir yaqinliq his etkan, unga uzoqqina qarab qolishg‘a majbur bo‘lg‘an edim. Garchi qiz aytkan nusxani tayyorlash og‘ir bo‘lsa ham qandaydir bir kuch ta’sirida haligi qizg‘a va’da berib yuboribman. Ul chiqib ketkach, qanday va’da berganimni o‘ylab ko‘rib, va’da kuni kelsa to‘quy olmadim derman, degan so‘zni ko‘nglimdan o‘tquzdim, lekin qizning gunohsiz o‘ynab turg‘an qora ko‘zlari, qizil olmadek taram-taram yuzlari hamon ko‘z o‘ngimda ko‘rinib turar edilar va «maning uchun to‘qib berolmaysizmi?» so‘zi quloq ostimda takror aytilgandek bo‘lar edilar.
Bir necha kun shu yo‘sun ikkilanib yurg‘ach, niho-yat o‘zimga tushunilmagan bir savq ostida va’damni ifoga ham boshlabman, bir kiyim shohi, deb o‘ttuz kiyim bo‘laturg‘an ipakni bo‘yash, tanda, arqoq, go‘la mashaq-qatlari ko‘zimga hech ko‘rinibdir. Va’damdan ikki kun ilgariyoq shohini to‘qib, uning kelar yo‘lini poylar edim, ul kelmas edi. Nihoyat va’da kuni ham kelib o‘tdi, kel-madi. Sizga shuni ham aytib qo‘yayki, bir ko‘rgan kishingizning tusini albatta uzoq fursat xotiringizda tutolmaysiz, lekin bu qiz to‘g‘risida man tamom boshqacha holatda bo‘ldim: shundoqki, uning qoshini, ko‘zini, tusini, qo‘g‘urchoqdek qaddini ko‘z o‘ngimda tuta-tuta tamom bir yillik bilishlardek bo‘lib qolibman. Uning tovush ohanglari qulog‘im xotirasida u daraja yaxshi saqlanmag‘an bo‘lsa-da, ammo «maning uchun to‘qib berolmaysizmi?» so‘zini hozirg‘ina eshitkandek bo‘lar edim.
Va’da kunidan uch-to‘rt kun o‘tib ketkan bo‘lsa ham hanuz ul kelmas edi. Men uning ko‘chasini so‘rab qolmag‘animdan xafa bo‘lar edim. Chunki, shohini o‘zim eltib berishka ham endi hozirlanib qolg‘an edim. Bu kutish kunlarimda na uchundir yonimdag‘i xalfa shogirdlar bilan bo‘laturg‘an muomalalarim ham o‘zgara boshlag‘an, ya’ni so‘zlarim dag‘al va tundlikka aylangan, go‘yo buning ila Alining kekini Validan olar edim. Nihoyat va’daning beshinchi kuni qiz keldi. Qizni ko‘rish bilan men borliq-yo‘qliq holatda qolg‘an, bir necha zamon maning uchun so‘z topish ham qiyinlashqan edi. Qiz shohini so‘ramay menga termulib turar edi. Uning minnatdorchiligini faqat shohi bilan olmoq-chi bo‘lg‘anim uchun bu hol menga og‘ir keldi. «Nega va’daga kelmadingiz?» dedim. Qiz o‘ng‘aysizlanib, gunohkorlarcha ko‘zini yerga tikkani holda so‘radi:
— Shohini sotib yubordingizmi?
Yonimg‘a qo‘yib o‘lturg‘an shohini qizg‘a uzatdim. Ul shohining orqa-o‘ngini ag‘darib ko‘rdi va: «Yaxshi to‘qibsiz», deb menga umidsizcha qarab qo‘ydi. Shohini menga berib qo‘lidagi mayda chaqalarni oldimg‘a to‘kdi.
— Shohingiz qancha pullik?
Men javob o‘rniga chaqalarni sanab chiqdim, bitta oltmish pullik tangasidan boshqasi bir pullik, besh pullik zang bosqan chaqalar bo‘lib, ko‘p vaqtlardan beri yig‘ilib kelganligi ma’lum edi. Bergan puli shohining yarim bahosini qoplar-qoplamas bo‘lg‘anlig‘ini aytdim.
— Tag‘in qancha kerak? — deb so‘radi.
— Uch tanga, — dedim. Qizning o‘ychan yuzini yana qayg‘u bosdi. Men uning yuzidan katta husndor qizlarda ko‘riladigan bir ulug‘liq tomosha qilar edim va uning o‘z va’dasiga kela olmag‘anlig‘i sirrini onglar edim. Bu yosh farishtani bu holda qoldirishg‘a ko‘nglim bo‘lmadi va dedim:
— Qolg‘anini qachon olib kelasiz? — Bunga ham tez javob bermadi va javobsizlik bilan yana o‘z holini menga arz qilg‘andek bo‘ldi.
— Pul topqanda keltirasizmi? — dedim-da, uning javobini kutmay qo‘liga shohini tutqazdim. Qiz menga ishonmay boshlag‘an edi:
— Menga ishonasizmi?
Men ishonch bildirib o‘lturmadim:
— Uyingiz qayerda?
— Ch... mahallasida.
— Kimning qizisiz?
— Sharif miltiqchining qiziman.
— Otangiz qarib qolg‘anmi?
— O‘lgan. Onam bor.
— Akangiz yo‘qmi?
— Yo‘q. Bitta kichkina o‘g‘ul ukam bor.
— Ismingiz nima?
— Saodat.
Shundan so‘ng Saodatni shohi bilan jo‘natib yubordim. Saodat maning bu ishimga ishonmayg‘ina chiqib ketdi. Xalva shogirdlar: «Tuziksiz-ku usta», deb menga piching otishdilar. Ammo men Saodat uchun har bir og‘irliqni ko‘targundek ko‘rinar edim...
Uy egasi bo‘lg‘an usta Alim hikoyasini to‘xtatib, Otabekdan so‘radi:
— Hikoyam uzayib ketdi shekillik, zerikdingizmi?
Otabek uni ortiqcha bir e’tibor bilan eshitar edi, sarxushchasiga:
— So‘zlay beringiz, — dedi.
Usta Alim davom etdi:
— Menga uch tanganing ahamiyati yo‘q edi. Ammo Saodat bilan bog‘lanib turishim uchun bu uch tanga ming tanganing ishini qilar edi. Oradan o‘n kunni o‘tkuzib, uch tanga bahonasi bilan Saodatning uyiga bordim. Saodat xolasining uyiga ketkan ekan, onasig‘a o‘zimni tanitib, devor orqaliq anchagina so‘zlashdik: eri o‘lib erkaksiz qolg‘andan, ip yigirib ovqat o‘tkarganidan va qizining kengashmasdan shohi buyurg‘anidan hasrat qilib ketdi; so‘zining oxirida yana bir hafta kutib tu-rishimni iltimos qildi. Bir haftadan so‘ng aloqani uzib qo‘yish maning tinkamni quritaturg‘an bo‘lg‘ani uchun ishni boshqa rejada yurgizmakchi bo‘lib aytdim: — O‘zingiz ip yigirib, kun ko‘rib turgan bo‘lsangiz, sizga uch tanga emas, uch pul berish ham og‘ir ekan, agarda sizga ma’qul bo‘lsa ko‘nglimga bir gap keladir, shundoq-ki, siz erkaksiz bo‘lg‘aningizdak, men ota-onasiz yolg‘iz yigitman.. Ko‘pincha kir yuvdirish va yirtiq-yamoq vajhlaridan qiynalaman. O‘sha sizdagi pul evaziga bir necha vaqt kir-pirimga qarab, yirtiqyamog‘ imni yamab bersangiz, qandoq bo‘lar ekan... Kampir bu so‘zimni mamnuniyat bilan qabul qildi va ertasi kunga kirlarimni olib kelish uchun Saodatni yubormoqchi bo‘ldi. Shundoq qilib bu kun bog‘lanishni yaxshi asoska qurib qaytdim. Ertasiga Saodat kelib kirlarimni olib ketdi. Uch kundan so‘ng yuvilgan kirlarni keltirib, to‘quv do‘konimning yonida anchagina qarab o‘lturdi. Men uning kelishi uchun har hafta panjshanba kunini belguladim. Kundan-kun Saodatka qattig‘roq bog‘lana borg‘animni onglar edim, panjshanbani hayit singari qarshilar edim. Oradan uch-to‘rt hafta o‘tkandan so‘ng qo‘lig‘a «oyingga eltib ber» deb yigirma-o‘ttiz chaqa pul ham berdim. Saodat bilan aloqa qilg‘animning to‘rtinchi oyida ramazon hayiti keldi. Fitir ro‘za bahonasi bilan Saodat uchun sakkiz tepki xon atlas, onasi bilan ukasiga bo‘z ko‘ynak qilib, Saodatlarning uyiga o‘zim chaqirib bordim. Saodat meni yo‘lakdan qarshiladi va gunohsizcha qo‘limdan tutib ichkariga boshladi. Men: — Saodat, esingni ye-dingmi, onang mendan qochmaydimi?— dedim. Saodat tortishida davom etib:
— Qochmaydi, o‘zi menga ustakang kelsa qochmayman, degan.
Men Saodatning yo‘lboshchilig‘i bilan ichkariga kirdim. Ayvonning oldida Saodatning onasi ip yigirib o‘lturar ekan, qizining qo‘lida begona yigitni ko‘rgach, hayron bo‘lib qolg‘an edi. Saodat meni havlining o‘rtasida qo‘yib onasining oldig‘a yugurdi va:
— Ustakam-ku! — dedi. Onasi nari-berida dakanasini tuzatib o‘rnidan turdi. Salomalikdan so‘ng so‘rashdiq. Saodat tegimga ko‘rpacha yozdi, men qo‘ynimdag‘ini olib o‘rtaga qo‘ydim. Fotihadan so‘ng bir oz yotsirashib, uyalishib ochilisholmay qoldiq. So‘ngra kampir Saodatning manim to‘g‘rimda aytaturgan so‘zlaridan muqaddima qilib dedi:
— Saodat sizni xudda o‘z akasidek yaxshi ko‘radir, tunov kun iroqi sobun olg‘il, deb o‘ttuz pul bergan ekansiz. Sobunni olib kelgach, yotib uyqusi kelmadi, voy ustakamdan aylanay, voy ustakamning umrini xudo baxtimga uzun qilsin, deb butun tongni tong otdirib duo qilib chiqdi.
Bu so‘zni kampir so‘zlar ekan, men o‘ng‘aysizlanib ketib yer ostidan Saodatka qarab qo‘ydim. Saodat qizarib-bo‘zarib chetka burilib olg‘an edi. Kampir davom etdi: — Munchalik bizning holimizg‘a qayish-g‘aningiz uchun besh vaqt namozning oldida men ham haqqingizga duo qilishni unutmayman va hafta sayin qilib turg‘an marhamatingizni ko‘rib o‘ylayman: xudo bandasiga mehribon, holimizning rahmini yeb saxovatlik bu yigitni bizga uchratdi deb, ko‘nglingizdagi har na tilagingiz o‘ziga ayyondir. Siz yatimlarning rahmini yesangiz, sizning g‘amingizni o‘zi yesin. Kampir bir uflab olg‘ach, dedi: — Manglayim sho‘rlik ekan, bolam, Saodatning Qayumjon otliq bir akasi bor edi, yoshi yettiga chiqib, otasi rahmatlik endigina to‘y qilaman deb turg‘anda, qizamiq degan bir falakat kasal bilan og‘rib dunyodan o‘tdi, buning ustiga Saodatning otasi ham marhum bo‘lib bizlarni ora yo‘lda qoldirib ketdi. Loaqal shu bola bo‘lg‘anda ham edi, biz bu yo‘sun og‘ir kunlarga qolmasmi edik, deb o‘ylayman, — ko‘z yoshisini artib so‘zini bitirdi. — Bandasining qo‘lidan kelaturgani oh-vohdan nariga o‘ta olmas ekan, bolam!..
Men ko‘ngil ko‘targan bo‘ldim:
— Oldingizda yosh bo‘lsalar ham qizingiz va o‘g‘lingiz bor ekan, bu kun bo‘lmasa ertaga axir siz ham yorug‘liq kunga chiqib qolarsiz, ona, — dedim va kelturgan narsamni kampirning oldig‘a surib: — Shu arzi-mag‘an narsani Saodat bilan ukasiga hayitlikka olib kelgan edim, bu aybim uchun albatta mendan koyimassiz, dedim.
— Odamgarchilig‘ingizdan o‘rgulay, — dedi kampir va og‘zig‘a kelgan so‘zlar bilan duo minnatdorchilik qila boshladi. Boyag‘i so‘zdan keyin uyalg‘anicha bizdan uzoq-roqda o‘lturgan Saodat sekingina bizning yong‘a keldi va qog‘ozg‘a o‘ralg‘an kiyimlikni ochib atlasni oldi. «Bu mengami?» deb mendan so‘radi va javobimni kutib ham turmay yo‘llik bo‘zni oldi. «Bu Sayfiga», dedi. Uning orasidag‘i odimi bo‘zni ko‘rub: «Bu oyimga», dedi. Saodat bu narsalarni juda oddiy qilib ko‘rdi va soddacha haligi so‘zlarni aytib qo‘ydi. Go‘yo bu narsalarni ilgaridan kutkan edi. Atlasni yaxshilab ko‘rib chiqg‘ach, yoqtirg‘andek bo‘ldi, bir menga va bir atlaska qarab turib nimadir aytmakchi bo‘lsa ham aytalmadi. Men nima demakchi bo‘lg‘anlig‘ini sezgan edim. Bu orada biz kampir bilan hasratlashib turg‘an edik, ul kelib so‘zni bo‘ldi:
— Ustaka, — dedi, men qaradim. — Ro‘zamisiz?
— Ro‘zaman.
— Ro‘za bo‘lmasangiz choy qaynatar edim, — dedi. Onasi kuldi.
— Choyni hayitda kelganimda qaynatib berarsan, — dedim.
— Hayitda kelsangiz osh ham qilib berar edim, — dedi va onasig‘a qaradi.
— Akangga har narsa qilsang ham arziydir, qizim,— dedi kampir va na uchundir ko‘ziga yosh oldi, men ham arang ko‘z yoshimni to‘xtatib qoldim.
— Bo‘lmasa bu kun iftor qilaqoling. — Saodatning bu so‘ziga onasi ham qo‘shilishdi. Men uzr aytdim. Lekin haqiqatda esa, Saodat bilan birga o‘lturib iftor qi-lishni ko‘ngil istay boshlag‘an edi. Uzoq so‘zlashib o‘lturdim, bu uydan chiqib ketkim kelmas, bir soat orasida tamoman ochilib-sochilib ketkan Saodatning bolalarcha qilig‘ini ko‘rib to‘ymas edim. Saodat goh men bilan, goh atlas bilan mashg‘ul, boyag‘i uyalib turishini bir yoqqa yig‘ishdirib qo‘yg‘an, onasi bilan meni kuldirib, ancha-gina ko‘tarilib qolg‘an latif ko‘kragi ustiga «senginadan aylaniy!» deb atlasni bosib quchoqlar edi. Men bo‘lsa go‘yo atlas emas, quchoqlang‘uchi o‘zim bo‘lg‘andek kayflanar edim.
Men kampir bilan xayrlashib chiqa boshlag‘an edim, Saodat «Panjshanba kun boraymi», deb so‘radi. Men kampirning oldig‘a qaytib bordim-da, aytdim:— Saodatingizning bo‘yi cho‘zilib qolg‘an ko‘rinadir, mundan so‘ng maktabdan bo‘shag‘an vaqtida Sayfini yuborsangiz qalay bo‘lar ekan va qo‘lim bo‘shag‘an kezlarda o‘zim ham kelib turarman, — dedim. Go‘yo kampir ham mendan shu so‘zni kutib turg‘an ekan, hamiyatimga va aqlimga tahsin o‘qudi va qizig‘a qaradi. «Ana, eshitdingmi ustakangning so‘zini, endi vaqt-bevaqt ko‘chaga ham chiqaberma!» dedi. Men chiqaturib Saodatka qarag‘an edim, mendan o‘pkalagansumon ko‘rindi. Ammo maning bu so‘zim bekorga emas, balki xalfa shogirdlardan ba’zilarining unga yomon ko‘z bilan qarag‘anlarini payqag‘anim uchun edi.
Shu yo‘sunda Saodatning onasi ham mendan qochmay qo‘yib, aloqamiz tag‘in ham qattig‘lashdi. Kutmagan bu muvaffaqiyatim bir necha kungacha ko‘zimdagi uyquni ham qochirib qo‘ydi. Uch-to‘rt kun go‘yo bu kun-erta Saodatka uylanaturg‘an kabi hovliqib ham yurdim.
Uncha-muncha narsani ayamag‘anim uchun bo‘lsa kerak, tez zamonda go‘yo Saodatlar oilasining boshlig‘i holini olib qoldim. Jum’a kunlari masallig‘ni ko‘tarib Saodatlarnikiga borar, Saodatning qo‘lidan osh qildirib yeb qaytar edim. Saodat kundankunga o‘sib borar, shu nusbatda husniga husn qo‘shilar va men battar uning maftuni kesilar edim. Shu holda oradan ikki yil chamasi fursat o‘tib ketib, Saodat ham o‘n olti yoshlarg‘a yetib qoldi. Endi maning oshiqona termulishlarim ma’nosini ongliy boshlag‘an, negadir «aka» deb qilaturg‘an xitob-larnida tark etkan edi. Ikki yildan beri kampirning oldig‘a sovchi kirguzishni o‘ylab kelgan bo‘lsam-da, ammo nima uchundir Saodatdek qizg‘a uylanish baxtiga erishmakni o‘zimga tasavvur qilolmas edim. Bu to‘g‘rida bo‘lgan hamma umidim Saodatning onasidan edi, balki o‘zi so‘z ochar va yokim orag‘a kishi qo‘yar, deb kutar edi. Orag‘a boshlab o‘zim sovchi qo‘yishdan o‘ngg‘ay-siz-lanar, to‘g‘risi o‘zimga tushunilmagan bir xavf ostida bu jasoratdan mahrum edim. Bir kun odatimcha Saodatlar uyiga borg‘an edim. Osh-suvdan keyin kampir Saodatni o‘choqboshi yumishiga yuborib, menga qarab kuldi:
— Saodatka bir yaxshi joydan kuyav chiqib qoldi. Kecha unashsak unashkundek ham bo‘lg‘an edik, biroq sizning maslahatingizni olayin, deb sovchilarni qay-tardim, — demasinmi, ustimdan bir chelak sovuq suv quyg‘andek entikdim, qanday javob berishka tilim kelmay qoldi. Uzoq vaqt kesak kabi harakatsiz qolg‘ach, kuch orqasida tilimni bazo‘r shu so‘zga harakatlantirdim:
— Joyi yaxshi bo‘lsa, o‘ylab ko‘rish kerak...
Kuyavning kimning o‘g‘li bo‘lg‘anlig‘ini va qanday kasb qilishini sharh qila boshlag‘an edi, sabrim tamom bitdi:
— Undog‘ bo‘lsa, kecha sovchilarni bekor qaytaribsiz,— dedim. Kampir manim bu kinoyamga tushunmag‘an edi:
— Kuyavning tegi-taxti menga ma’qul bo‘lishka bo‘ldi-ya, faqat endi ish sizning kengashingizga qarab qoldi, siz Saodatka ota bo‘lmasangiz ham lekin otaliqdan yuqori ishlarni qilib kelasiz. Endilikda Saodatni uzatishda ham otalig‘ingizni ayamangiz, — dedi. Bu so‘z bilan yana o‘lganning ustiga chiqib tepilgandek bo‘ldim.Chayon kabi meni zaharlamakda bo‘lg‘an kampirning to‘g‘ri so‘zini eshitib turishka ortiq to‘zalmadim-da, ertagacha o‘ylab javob berishni aytib kampirning oldidan chiqdim. Chiqg‘ach, oyog‘i kuygan tovuqdek to‘rt tomong‘a yugura boshladim. Epaqalik bir gap esimga kelmas edi. Nihoyat, aqlimni boshimg‘a yig‘ib, sirrimdan voqif bir oshnamg‘a kengash soldim. Ul uzoq o‘ylab turmay, ertasi kunga tomonimdan sovchi bo‘lib kampirning oldig‘a bormoqchi bo‘ldi. Lekin butun tuni bilan ko‘zimga uyqu kelmay, tikanga ag‘nag‘an kabi azoblanar edim va sustligim uchun o‘z-o‘zimni so‘kar edim...
Usta Alim hikoyasini bu yerga yetkuzgach, sham’-ning so‘xtasini miqroziladi va og‘zini poylab turg‘uchi Otabekdan «zerikmadingizmi?» deb so‘rab olib, davom etdi:
— Sovchini yuborib tinchiy olmadim, ishka qo‘lim bormas va bir joyda to‘xtab turolmas, u yerdan turib bu yerga o‘lturar, ming turlik xayol bilan dovdir sifatiga kirgan edim. Yuborgan kishim tezda qayta bermagach, bir-ikki bora Saodatlar eshigi yonig‘a borib keldim. Nihoyat, miyam shishib Saodatning uyi yaqinida bo‘lg‘an bir yong‘oqning soyasida o‘lturg‘an edim, sovchim chiqib qoldi-ku: yuragim orqamg‘a tortib ketdi. Va olding‘a tushib yuriy berdim, chunki sovchig‘a uchrashib haqiqatni onglash ham menga dushvor mushkul kelgan edi.
— Shoshma-shoshma, ho, kuyav! — dedi sovchim. Hazilmand bo‘lg‘ani uchun ishning chappa ketkaniga ishong‘an, uning bu «kuyav» degan so‘zini kinoyaga yo‘yg‘an edim, ketaberdim. Ul orqamdan tez yurib yetdi:
— Qani, to‘nni yesh! — dedi va to‘nimni o‘ziga torta boshladi.
— Yuragim yorilishg‘a yetdi, hazillashma! — dedim.
Haqiqatan so‘zi chin ekan, og‘zidan o‘pdim. Jiq to‘lg‘an ko‘z yoshimdan ham uyalib turmadim. Sov-chim yo‘l bo‘ylab kampir bilan bo‘lg‘an hikoyasini so‘zlab ketdi: Saodatka bir yildan beri har kun deyarlik sovchilar qatnar, kampir hammasiga ham boshi bog‘liq, deb javob berib kelar ekan. Shuning barobarida maning og‘zimni poylar yoki kishi qo‘yishimni kutar ekan. Nihoyat, bir tarafini chin va bir tarafini so‘z olish muddaosi bilan kechagi so‘zni menga aytgan va shunga qarab ish qilmoqchi bo‘lg‘an. Uzun so‘zning qisqasi kampir-ning javobi: bir qizim emas, yuz qizim bo‘lg‘anda ham usta Alimga nazir tortdim — bo‘libdir.
Terimga sig‘mas edim; ikki yillik yurak dardim nihoyat hoziqini topqan edi. Bir necha kun uyalib kampirning oldig‘a bormay yurgan edim, o‘g‘li orqaliq yo‘qlatdi. Bordim. Lekin borishimdag‘i sezgularimni sizga bu til bilan tushuntirolmayman. Men borliq yo‘qliq eshikdan kirganimda, Saodat kir yoyar edi. Meni ko‘rgach, qizarinib ketdi va yoyilg‘an kir ortig‘a yashirinar ekan, shahlo ko‘zlaridagi sezilar-sezilmas tabassumning farqig‘a bordim.
Kampir bilan uyalishibkina to‘y to‘g‘rilarini so‘z-lashdik. Kampir ortiqcha takalluflar qilishg‘a yo‘l qo‘ymasa ham, ammo o‘zim Saodatning ko‘ngli o‘ksimasin uchun to‘yni katta qilishg‘a tarafdor edim. Kampir bilan to‘y va nikoh kunlarini muqim qilg‘ach, men ketishka turdim. Saodat kir yonida menga bir ko‘ringandan so‘ng, qaytib ko‘rinmagan edi. A, men bo‘lsam yana uni bir ko‘rmakchi va o‘ziga bir-ikki og‘iz so‘z aytmakchi edim. O‘choqboshida qozon yuvar ekan, to‘g‘ri oldig‘a yurib bordim. Ul meni sezmadimi yoki sezsa ham bilmaganga solindimi, haytovur orqasi o‘gurug‘liq engashkan holda ishka mashg‘ul edi. Bir o‘rim bo‘lib tushkan uzun qo‘ng‘ur sochi uning harakati bilan qo‘ltug‘i ostida o‘ynoqlar edi. Anchagina orqasidan tamosho qilib turg‘ach:
— Saodat, — dedim. Qaradi. O‘choqda yong‘an olov issig‘idanmi yoki uyatidanmi uning yuzi qip-qizil olma edi. Qo‘lidagi sochig‘i bilan oldimg‘a yaqin kelib to‘xtadi. — Eshitdingmi, — dedim. Yerga qaradi. Uni ortiqcha uyaltirmas uchun eshikka qarab yuriy boshladim-da: — Maylimi? — deb so‘radim.
Javob o‘rniga: — Osh yemay ketasizmi? — dedi. Bu uning ikkinchi turlik qilib aytilgan «mayli» javobi edi. Bir bugina emas, qirq yillik qadrdon xotin tomonidan eriga qilinaturg‘an mehribonchiliqning eng lazzatlisi edi. Chiqar ekanman, «Osh yemay ketasizmi?» so‘zining kayfiga tamom mas bo‘lg‘an edim.
Usta Alim shu so‘ngg‘i so‘zlarini aytib bitirar ekan, Otabekning qoshlari chimirilib, go‘yo o‘zining ham shu yo‘sun xotiralarining abadiy qaytib kelmaslik — yo‘qliqg‘a chiqqanlig‘ini yana bir karra onglar edi. Usta Alim davom etdi:
— O‘n kun orasida hozirlikni bitirib to‘y qildiq. Nihoyat, Saodat meniki bo‘lib, saodatlik kunlarim boshlandi. Saodatka bo‘lg‘an muhabbatim bir daraja sizga ma’lum bo‘lg‘anliqdan u kunlardagi mas’udiyatimni ham shu o‘lchavg‘a solib bila olasiz. Rafiqam Saodat chin sa’ida edi. Bu yil o‘zimga kutmagan darajada bir kuch va istiqomat ortdirib, to‘y bilan tugalgan boylig‘imni qaytarg‘an edim. Turishka Saodatlar uyi ortiq torliq qila boshlag‘anliqdan shu havlini (Jannat opa havlisig‘a ishora qilib) hozirg‘i qo‘shnimizdan sotib olishg‘a muvaffaq ham bo‘ldim. Qayin onam, qaynim va eru xotin shu havlig‘a ko‘chib kelib tura boshladiq. Kundan-kunga Saodatka bo‘lg‘an muhabbatim oshqandek kasbim ham unumlik bo‘la boshlag‘an, uylanishim-ning ikkinchi yili haligi qo‘shnimizdan o‘zingiz ko‘rgan boqchani ham sotib olg‘an edim. Uylanishimning uchunchi yili Saodat yuklik bo‘ldi. Eru xotin birimiz ota va birimiz ona bo‘lmog‘imizni o‘ylab quvonar edik. Kechalari yotib uyqumiz kelmas edi. Nihoyat, Saodatning oy-kuni yaqinlashdi... — Usta Alim uzoq tin olishdan so‘ng davom etdi: — ... yaqinlashdi... lekin abadiy baxtsizlik kunlarim, manhus soatlarim ham yaqinlashdi... — dedi va so‘zdan to‘xtadi.
— Davom qilingiz, — dedi Otabek, usta Alim bir uflab olg‘ach:
— Saodat boladan qiynalib uch kungacha azoblandida, to‘rtinchi kuni o‘ldi, — dedi.
Otabekning kayfi tarqag‘andek bo‘lib, ko‘zlarini zo‘raytirib ochdi va o‘zini yostiqdan olib o‘lturg‘ach, so‘radi:
— O‘ldi?!
Usta Alim ko‘z yoshisini artib:
— O‘ldi, — dedi va davom etdi: — dunyog‘a kelib ko‘rgan birdan-bir quvonchimdan ayrilg‘an edim. Hayotning hamma umrimga kifoya qilarliq mudhish zarbasini shodliq ichida qarshilag‘an edim. Oylar bo‘yincha ko‘z yoshimni yomg‘ur kabi to‘kdim. Chunki menga bundan boshqa bir ovinchoq qolmag‘an edi. Ko‘z yoshlarimning tiyilmag‘anini ko‘rgan qayin onam Saodatning vafotining ikkinchi yili meni zo‘rlab uylantirdi. Lekin bu ikkinchi xotin menga Saodat bo‘lolmadi. Haqiqatan saodatim ko‘milgan edi. Keyingi yillarda futurdan keta boshlag‘an qayin onam qizidan yigirma oy so‘ng, o‘n bir yoshliq o‘g‘lini menga tashlab dunyodan o‘tdi. Qayin onamning vafotidan so‘ng, biylik o‘z qo‘lig‘a qolg‘an keyingi xotinim fahsh suratda ro‘zg‘orimni to‘zita bosh-ladi. O‘g‘riliqcha va to‘g‘riliqcha qimorboz akasiga in’om qilishg‘a kirishdi. Kundan-kunga ishim keyin ketib, ishlaganim ro‘zg‘orga uchurvoq ham bo‘lmay boshladi. Yomon xotinning shum qadami bilan uyimdan baraka ko‘tarilganligini va barcha barakalarimni rafiqam Saodat bilan birga ko‘milganligini onglab, keyingi xoti-nimni taloq qildim. Endi uchunchi yildirki, xotinsiz yashayman va uylanishni ham o‘ylab ko‘rmayman. Chunki marhuma Saodat bilan kechirgan kunlarimning totli xotiralari menga abadiy lazzat bag‘ishlag‘anlaridek, ham achchig‘-achchig‘ yig‘latadirlar. Uylanishimga kengash berguchi o‘rtoqlarimg‘a: — Men endi dunyodan o‘tkan kishi, bu kun bo‘lmasa ertaga yor qabri ustida yong‘an sham’da o‘zini halok qilg‘uchi bir parvona, — deyman.
Endigi o‘ylag‘anim faqat qaynimni uylantirish, so‘ngra... so‘ngra yuzni yoruq qilib Saodat quchog‘iga kirish... — dedi va darmonsizlang‘an kabi yostiqqa yonboshladi. Ustaning bu so‘ngg‘i so‘zi Otabekni ortiq asarlantirgan, ko‘z chuquri bir-ikki qayta yosh suvi bilan to‘lib chiqg‘an edi.
Ikkisi ham uzoq jim qoldilar. Otabek o‘z qayg‘usini butunlay deyarlik unutib qo‘yg‘an, qarshisidag‘i yerga singibkina yotqan mujassam ishqdan ko‘z uzolmay boshladi. Ustaning moziysida emas, holida ulug‘ bir ma’no ko‘rar edi. Ammo uning istiqbolida bir bo‘shliqdan o‘zga hech gap uchrata olmasa-da, yana ulug‘ bir ma’no ko‘rgandek bo‘lar edi. O‘z istiqbolini ham shu ustaniki qabilidan ko‘rmakchi bo‘lsa-da, buning uchun bir narsa kamdek, yetishmag‘andek kelar, ikkinchi usta Alim bo‘lish uchun bir «o‘ldi» so‘zigina oradan topolmas edi. Keyinroq bu «o‘ldi» so‘zini qo‘shqan bilan ham usta Alim bo‘lish qiyinlig‘ini onglay boshladi, chunki Otabek Kumush tomonidan so‘kilgan va tashlang‘an edi. Holbuki, Saodat so‘kmagan va tashlamag‘an, balki eri-ning bir gunohi sababidan yosh umrini xazon qilg‘an va usta Alim qayin otasi tomonidan hayvoncha quvlanmag‘an... va qayin ota tomonidan kuyav yo‘lig‘a tuzoq qo‘yilib, Saodatni chiqarib olish fikriga tushilmagan, ya’ni orag‘a shaytanat oralamag‘an... Bu so‘ngg‘i fikrni ul o‘ylamag‘an joydan ilhom qabilidan to‘qib olg‘an edi, ya’ni o‘zining Toshkanddan uylanishiga qutidor tomonidan rizoliq berilishini, hatto uning to‘yni o‘z qo‘li bilan o‘tkazib kelishini ilgaridan hozirlanib kelingan tuzoq, deb tushungan edi. Muhokamasi shu yergacha kelib yetkach, usta Alim darajasiga yetish uchun o‘zida hech bir munosabat ko‘rmadi... Usta Alim yozib bergan o‘ringa kirib yotar ekan, o‘z-o‘ziga aytar edi: «Quvlanishg‘a, tahqir etilishka loyiq ko‘rilgan Otabek usta Alim bo‘lishg‘a ham sazovor emas!» Ul uyqug‘a ketar ekan, yuragi bolalarini uchurib ketkan karrukning uyasidek bo‘m-bo‘sh edi.

* * *

Otabek ertagi namozga turg‘anda ko‘zi Shamshodbekning bazmidan azonda qaytib kelib, dong qotib uxlab yotqan Sayfiga tushdi. O‘n besh yoshlar chamasida bo‘lg‘an bu yigit o‘zining o‘tkur husni bilan Saodatdan xabar berar edi.
Bir-ikki piyola choy ichkan bo‘ldi-da, usta Alim bilan xayrlashdi.