O'tkan kunlar/28
Qutidorning Toshkanddan yolg‘iz qaytib kelishi Kumushni ancha entikdirgan edi. Ammo Otabekka voqi’ bo‘lg‘an uzr masalasi bir qadar uni tinchitdi. Ishonar-ishonmas shubha va vasvasalardan bir oz aridi: «Ul meni unutmagan, va’dalari chin, so‘zlari to‘g‘ri... Ul ham meni suyar ekan...» deb burung‘i odati bilan gohi eri-ning yo‘lig‘a chiqib kutmakka ham boshladi.
Otasining kelishining sakkizinchi kuni edi. Ul bu kechasi ko‘rgan ba’zi bir tushlarini uning bu kun ke-lishiga yo‘ydi-da, ertalabdan turib sochlarini yeshdi. Sochlari orasidag‘i chigillarini diqqat bilan tarab, jom yonig‘a o‘lturdi. Uning nafis qora sochlari orqa-o‘ngiga to‘zg‘ib ajib bir manzara berdilar. Sochini qatiqlab va sovunlab yuvgach, onasidan ikkita qilib o‘rdirdi. Oftob oyimning: «Nega qirq kokil qilmaysan?» deb so‘rashig‘a: «Qizingiz endi qizlik davridan o‘tib, kelinlik davriga kirdi. Qizingizning mundan so‘ng kuyavingizdan boshqa sovchilari ham yo‘q», deb kuldi. Ammo bu ikki o‘rim soch qirq kokiliga qarag‘anda juda ham o‘ziga kelishib tushib, unga yana bir qayta ulug‘vorliq va oliyliq bag‘ishladilar. Sochini o‘rdirg‘andan keyin uyiga kirdi-da, ki-yimlar taxlangan toqcha yonig‘a to‘xtadi. Ravoqliq toqchada uning o‘n besh chamaliq asl ko‘ynaklari uyulgan edi. Sariq rupoh atlasini kiyishka chog‘lab ko‘rgan bo‘lsada, biroq ko‘ynakni olg‘an yerida bu fikridan qaytdi. Qizilni... ko‘kni... olma gullini... qisqasi qaysi birisini kiyishka taraddudlandi. Ko‘ynaklar ichida o‘ziga yarashmaydirg‘ani yo‘q: oq olma uchun bargi ham, guli ham bir... Uning o‘ziga sariq atlas xush kelsada, biroq hozir o‘z xohishini bir yoqqa qo‘yaturib Otabek ko‘nglicha kiyinishka qaror berdi. Chunki Otabek ko‘pincha qora ko‘ynak kiyishka qistar edi. Sovsar guli qora atlas ko‘ynagini kiyib, boshig‘a zangor shohi ro‘ymolini soldi va marvarid ko‘zlik kichkina oltun halqani qutidan olib qulog‘ig‘a taqdi. Shu soddagina yasanishdan so‘ng, ikkinchi toqchada tirog‘liq turg‘an ko‘zgi yonig‘a bordi. Ko‘zgi ichidan to‘zg‘ib, chuvalib ko‘ringan soch tolala-rini to‘g‘rilab o‘zini kuzatdi. Ko‘zgi ichidan ko‘ringan malak o‘z egasini ham kayflandirib sekingina iljayib qo‘ygan edi, narigi yoqdag‘i fitnai davron ham sadafdek oq tishlarini yoqut kabi irinlari orasidan ko‘rsatkandek bo‘ldi. Bu husnga otaliq vazifasini o‘tag‘andek ko‘ringan latif burni yonidag‘i qora xolini tabiiylig‘ig‘a ishonmag‘andek qashib ko‘rdi va ko‘zgi yonidan jo‘nadi. Jo‘nar ekan, «...chiroylik bo‘lsa ham menikidek xoli yo‘qdir», deb ko‘nglidan kechirdi.
Kechki olov vaqtida tashqari hovlisida u-buga ovora bo‘lib yurar edi. Bu kungi ko‘rgan tushi uni ortiq ishontirgan, shuning uchun To‘ybekaning tashqari havli-da qiladirg‘an yumishini ham o‘zi bajarmoqda, To‘ybekadan suv sepdirib o‘zi yer supurar ekan, quloqlari yo‘lak tomondan eshitiladirgan oyoq tovushlarida edi.
Havlidagi ikir-chikir ishlarni tamomlag‘ach, ayvonning oldig‘a o‘lturib tuzatindi, tuzatinar ekan yo‘lakdan yurib kelmakda bo‘lg‘an bir oyoq tovshini eshitib yuragi nima uchundir oshiqinib-shopirinib ketdi. Oyoq tovshi ichkariga yaqinlag‘an sayin ul o‘zida titroq aralash bir hol sezar edi. Nihoyat, yo‘lakdagi oyoq tovshi tugalib, Kumush kutmagan joyda paranjilik bir xotin kelib chiqdi. Kumush uzoq bir entikib qo‘ydi. Xotin Kumushka qarab kelar edi. Ul yerdan bichib olg‘andek pak-pakana, burni yuzi bilan barobar deyarlik tep-tekis, ko‘zi qoqqan qoziq o‘rnidek chup-chuqur, og‘zi qulog‘i bilan qoshiq solishar darajada juda katta, yuzi qirq yillik og‘riqlarnikidek sap-sariq, qirq besh yoshlar chamasida bir xotin edi. Kumushbibi o‘ziga tomon kelguchi bu dahshatlik xotinni umrida birinchi martaba ko‘rar edi. «Nima qilib yuribti bu och arvoh!» deb o‘yladi. Xotin o‘n adimlab uzoqdan yuziga sovuq va tushda qo‘rqarliq bir kulgi tusi berdi. Dimog‘i bilan «qix» etib qo‘ydi.
— Xi-xi-xi, aylanay sizdan, poshsha qiz! Mirzakarimboyning havlilari shumi? — deb so‘radi. Kumush «shu» javobini bergandan so‘ng o‘zi bilan ko‘rishmakchi bo‘lg‘an bu xotin oldig‘a ikki adim yurib tilar-tilamas yelkasini tutdi. Uning to‘g‘ri mavzun qomatiga yerdan bichib oling‘an mudhish xotinning qo‘llari zo‘rg‘a yetdi-da, «esonmisiz, poshsha qiz» deb so‘rashdi. Xotin paranjasi bilan ayvonning oldig‘a o‘lturib olg‘ach, «uff» deb chayqaldi va «ancha yo‘l ekan, tinkalarim qurib ketdi-ya?» deb shikoyatlandi.
— Mirzakarimboyning havlilari aniq shumi?
— Shu.
— Siz kimlari bo‘lasiz boyning?
— Men, qizlari.
— Qix... sizga bersam ham bo‘lar ekan, — dedi xotin va yonchig‘idan bir xat chiqardi.
— O‘g‘lim Toshkand bilan Marg‘ilon orasida qatnab oliq-sotiq qiladir. Bu gal Toshkanddan qaytishida birav unga shu xatni berib, Mirzakarimboyning havlilariga tez yetkuzib berasiz, deb iltimos qilibdir. Qix, xi-xi, aylanay sizdan poshsha qiz, qix... Maxtang‘uliq bo‘lmasin, o‘g‘lim ham o‘zimga o‘xshash biravning xizmati yo‘lida o‘lib qutiladir: bu kun tush vaqtida Toshkanddan keldi-da, onasi bilan so‘rashishni ham bilmay shu xatni qo‘limg‘a tutqizdi. «Jon ona, o‘zim yo‘lda juda urinib keldim, sanga adabsizlik bo‘lsa ham darrav Mirzakarimboynikini so‘rog‘lab shuni eltib ber, berguvchi tez berasiz deb o‘tingan edi», dedi. Men ham ko‘ngilchangman, aylanay poshsha qiz, kasaldan yaqinda turganim uchun bir qadam bosishg‘a toqatim bo‘lmasa ham savobdan quruq qolmayin, deb surgala-surgala havlingizni so‘rog‘lay-so‘rog‘lay topqunimcha o‘lib bo‘ldim... qix... — dedi. Kumush xatni xotinning qo‘lidan olib rahmat aytdi va xatning unvoniga ko‘z tashladi: «Marg‘ilon shahrida sokin Mirzakarim qutidor havlisig‘a».
— Yanglishmabsiz, oyi.
— Nega yanglishay aylanay sizdan, poshsha qiz. Ulug‘ dargohlaringizni ko‘chadagi har kim bilar ekan, — dedi xotin va yaltoqlanib o‘rnidan turdi. — Endi men ketaqolay, bolag‘inam yo‘ldan och kelib, bir qoshiq issiqqa zoriqib o‘lturgandir.
— Ichkariga kiring, choy qaynatayliq.
— Rahmat, poshsha qiz. Anchon icharmiz choy bo‘lsa... qix. Bir ko‘rgan bilish, ikki ko‘rgan tanish, deydirlar...
Kumushbibi xotinni ortiqcha qistab o‘lturmadida, yo‘lakkacha kuzatib bordi. Xotin yo‘lakka burilar ekan qayrilib to‘xtadi:
— Bu dunyoda shunaqa hojat chiqarishlardan topqanmiz, agar Toshkandgami, Qo‘qong‘ami otan-gizning xat-patlari bo‘lsa o‘g‘lim bajonudil olib ketadi. Shu o‘rtalarg‘a kelib qolsam xabar olib o‘taymi? — deb so‘radi. Kumushning «yo‘q» deyishka og‘zi bormay «maylingiz, og‘ir kelmasa» deb javob berdi. Xotin yo‘lakka burildi. Kumush ayvon tomong‘a qaytar ekan oshiqib xatni ochti. Xat kichikroq qog‘ozda o‘lchavlik so‘zlardan iborat edi.
«Kumushbibi binti Mirzakarimboyga — zavji toshkandlik Otabek Yusufbek hoji o‘g‘lidan. Otangiz Toshkandda ekan vaqtida men bu ishni ochmoqqa og‘irsing‘an, to‘g‘risi uyalg‘an edim. Ma’lumingiz Toshkanddan uylanganimdan so‘ng yolg‘iz boshimg‘a ham Toshkanddan, ham Marg‘ilondan ikki xotin ushlab turish og‘irliq qila boshladi. Shuning uchun bu ikki xotinning birisidan kechishka to‘g‘ri kelib, nihoyat turmishim uchun yengil va orzumga muvofiq bo‘lg‘an bir narsaga qaror berdim. Ul ham toshkandlik xotinim bilangina qolib, sizni taloq qilish edi. Maktubni olg‘an kuningizdan boshlab o‘zingizni mendan begona va nikohimdan tashqari hisoblasangiz bo‘ladir. Manim bu taloq xatimni albatta shariat peshvolari shar’iy hisoblab iddangiz bitish bilan sizga boshqa er qilmoqqa ixtiyor bersalar kerak. Otabek Yusufbek hoji o‘g‘li.
13-inchi javzo, 1265-inchi yil, Toshkand».
...Ul bu maktubni o‘zining so‘ng tomchi kuchi bilan o‘qub tamom qildi-da, jonso‘z bir tovush ila «uyatsiz!» deb qichqirdi va yerga yiqilib o‘zidan ketdi... Yiqilishda qo‘lidan chiqg‘an qog‘oz parchasi shamol bilan uchib borib boshi yonig‘a tushdi. Yo‘lak panasidan mudhish bashara chiqib bir-ikki qayta unga kulib qarag‘ach, yo‘qoldi...
Bozordan qaytqan qutidor yerda hushsiz yotqan qizi ustiga dahshat ichida yugurib keldi. Chakkasini zax yerga berib yiqilg‘an va kesak kabi hissiz qizini jon holatda quchog‘ig‘a oldi. «Qizim... Kumush... ko‘zingni och!» Ammo Kumushdan javob yo‘q edi. Dahshati yuz daraja ortqan holda Kumushni ko‘tarib olib ichkariga yurdi. Uyda Oftob oyim bilan To‘ybeka qiychuv qo‘pordilar. Ayvong‘a yotqizg‘an bo‘lsalar ham Kumushni o‘ziga keltirish chorasini bilmay, to‘g‘risi nima chora ko‘rishni eslari topmas edi. Barakat bersinki, esi yarim bo‘lsa ham To‘ybeka umrida birinchi ish qildi: sovuq suv keltirib Kumushning manglay va ko‘ksiga sepkan edi, seskanib o‘ziga keldi. Hushdan ajralayozg‘an bechoralar bu holdan so‘ng bir oz jonlang‘andek bo‘ldilar. Kumushni sovuq ter bosib bir necha vaqt jim yotdi, shundan keyin ohistag‘ina o‘nglanib yotib olg‘ach, ko‘zini ochdi.
— Nima bo‘ldi qizim, ko‘zingga bir narsa ko‘rin-dimi?
Kumush ko‘zini yumdi-da, entikib qo‘ydi. Javob bermadi. Bu savol otasi tomonidan ham berilgandan so‘ng:
— Meni tashqaridan kim olib keldi? — deb so‘radi.
— Men, qizim!
— Yonimda hech narsa ko‘rmadingizmi?
Qutidor bu savoldan boshqa gap tushundi:
— Yo‘q, qizim, sen o‘zing yolg‘iz yotar eding.
— Shundoq yo... — dedi. So‘zining so‘ngg‘ini aytalmadi.
— Gapur, gapur, qizim.
— Yonimda bir xat bor edi... meni bu holg‘a qo‘yg‘uchi shu xatdir, — dedi, bu so‘zni nihoyatda kuchlanib aytdi.
Vaqt xuftanga yaqinlashg‘an edi. Qizining haligi javobi bilan sabrsizlikka tushkan qutidor qo‘lig‘a sham’ olib tashqarig‘a chiqdi va yerdan xatni oldi. Qizini bunchalik falokatka solg‘an xatni olg‘an yeridan qo‘zg‘almayoq o‘qub chiqdi. Xat haqiqatan jonso‘z edi. Qutidorning ham oz qoldikim, hushi boshidan uchsin... So‘ng chekda xo‘rlang‘an va favqulodda chayqalg‘an yuragi bilan ixtiyorsiz «makkor, insofsiz!» dedi. Ko‘z o‘nglari qorong‘ulanib bir necha vaqt serraygancha qoldi. Yana «yaxshiliqni bilmagan haromzoda» deb qo‘ydi. Boya bu xatdan xabarsiz edi. Endi qizining oldig‘a kirib, uning betiga qarash unga juda ham og‘irlashqan, chunki bu foji’aning bosh omili deb o‘zini tanig‘an edi. Borib ayvonning oldig‘a o‘lturdi va boshini qo‘llari orasig‘a oldi. Bu xo‘rlik, bu odatdan tashqari uyatsizlik bechora qutidorni juda ezgan; nima qilmoqg‘a, xo‘rlang‘an, tahqir etilgan qizini ne yo‘sunda yupatishka, bu qora kunlarni qandog‘ qilib o‘tkazishka bilmas edi. Shu holda ne vaqtg‘achadir qoldi. Erining kechikishidan xavfka tushib, Oftob oyim uning yonig‘a chiqqanda ham ul boyag‘i holda edi.
Eru xotin qizlarining yonig‘a kirdilar-da, uning oyoq tomonig‘a o‘tib sekin-sekin o‘lturishdilar. Anchagina bir-bilariga qarashib qolg‘ach, Oftob oyim olg‘an taassurotini ichiga yutaberishka chidalmadi-da, yog‘murdek ko‘z yoshini to‘ka berdi. Qutidor ham xotinini kutib turgandek ko‘z yoshlari bilan soqolini yuvmakka oldi. Ko‘zi yumuq bo‘lsa ham ularning hozirgi hollarini sezib yotg‘an Kumushningda qaynab chiqg‘an ko‘z yoshlari ikki chakkasidan yostiqg‘a oqib tusha boshladi. Shu choqda na uchundir toqchada yonib turg‘an sham’ ham lip-lip qildi-da, o‘chdi... Shuning ila bu havlini chin ma’nosi bilan qorong‘uliq bosdi.
Bu voqi’aning uchunchi kuni Kumushbibi yillab yotg‘uchi og‘riqlardek sarg‘ayib ozg‘an, endigina g‘unchadan chiqayozgan bu yosiman gulni xoin qo‘llarning zahri so‘litkan, fasod o‘chog‘ining uyatsiz mufsidlari husn bog‘ining bu yangi erkasini ishong‘an va ko‘z tikkan jihati ismidan tahqir qildirib umidsiz bir vujud yoki jonsiz bir haykal holig‘a qo‘yg‘an edilar. Uning ko‘zlarida doimiy bir ma’yusiyat, arimas bir huzn, har onda bir entikib chayqalish edi. Oftob oyim ham so‘ng chekda xo‘rlang‘an esa-da, lekin unga bu xo‘rliqdan burun u-bu bilan qizini ovitish, uning ko‘nglini ochib bu sovuq, uyat gapni unutdirish, har holda ko‘zining oqu qorasi bo‘lg‘an Kumushni birar kasalga chalinmaslig‘i yo‘lida tirishish muhimroq edi. Va ikki gapning birida «Ortiq o‘ylama, qizim... Esingdan chiqar, endi xafa bo‘lg‘aning bilan sira foydasi yo‘q», der edi. Kumush bo‘lsa hushsizlarcha onasining og‘zig‘a ag‘rayar va har qachon ma’yus edi. Kumushning bu holi bechora onaning yuragini uzar, yuz xil vasvasalarga solar edi.
— Kumush, — dedi Oftob oyim tushlik choydan ke-yin, — qaytag‘a tog‘angnikiga borib kelmaymizmi?
— Nima qilamiz tog‘amnikida?
— Nima qilar edik. O‘ynab kulamiz, qayg‘ularingni ko‘chaga tashlaymiz.
Kumush onasining so‘ziga nima uchundir kuldi va «mayli» dedi.
— Tur bo‘lmasa, yuz-qo‘lingni yuvib otlan, xudo o‘lim bersin uyatsiz eringga. Kumush muloyimg‘ina qilib onasig‘a qarab oldi. O‘rnidan turib To‘ybeka hozirlab bergan obdasta yonig‘a yuvinish uchun o‘lturdi.
Ular tamoman yo‘lg‘a hozirlang‘an edilar, yo‘lak tomondan o‘tkan kun xat keltirgan xotin ko‘rindi. Kumushning ko‘ziga bu xotin ofat kabi ko‘rinsa ham, ammo ikkinchi tarafdan ul so‘yindi. Onasini kelguchi xotin bilan tanishdirib, kim bo‘lg‘anlig‘ini so‘zladi. — Xi-xi, aylanay boyvuchchalardan... Shundog‘ qi-zimnikiga o‘tkan edim, qix...
— Xi-xi, aylanay boyvuchchalardan... Shundog‘ qi-zimnikiga o‘tkan edim, qix... alva’ddayn, deb yo‘l ustidan burilib kirdim... deb puchuq xotin so‘zlanib kelar edi. Onabola qo‘lg‘a olg‘an paranjini yerga qo‘yishg‘a majbur bo‘ldilar. Xotin Kumush bilan ko‘rishkach, aching‘ansumon so‘radi: — Ha, aylanay, poshsha qiz, sizga nima bo‘ldi, juda o‘zingizni oldirib qo‘yibsiz?
Puchuqqa joy ko‘rsatib, Oftob oyim javob berdi:
— Bir-ikki kundan beri tobi yo‘q.
— Xudoy saqlasin, xudoy saqlasin, — dedi xotin, — qix... bevaqt kelib sizlarni yo‘ldan to‘xtatdimmi... xayr, xudo singlimni yomon ko‘zdan asrasin, — deb fotiha o‘qudi.
— Xush kelibsiz, — dedi Oftob oyim...
— Xushvaqt bo‘linglar, aylanay, qix... — dedi xotin va Kumushka qarab davom etdi, — anuv kungi so‘zingiz bilan yo‘ldan qayrilib kirgan edim. Ertaga o‘g‘lim Toshkand jo‘namoqchi, otangizning xat-patlari bo‘lsa... qix.
Kumush javob berish o‘rniga onasig‘a qaradi. Qizining qarashidag‘i ma’noga tushungan Oftob oyim «yuboraturg‘an xatimiz yo‘qdir», deb javob bedi. Bu so‘z bilan puchuq xotin g‘ilt etib Kumushka qarab qo‘ydi. Kumush onasini unga xabarsiz ko‘rsatib javob berdi:
— Otamning xatlari yo‘q, meniki bor, ozg‘ina kutishka vaqtingiz bo‘lsa, yozib berar edim.
Puchuqning kelishidan maqsadi faqat shu yozib beriladirgan xatgina edi. Kumushning o‘tinchi unga moy kabi yoqib tushdi:
— Yozib bering aylanay, poshsha qiz, boraturg‘an joyimdan kechiksam-da, savobi bor-ku, qix... — dedi. Kumush xotindan minnatdor bo‘lib uyiga xat yozish uchun kirdi.
Yuqorida Otabek tomonidan oling‘an maktubning haqiqati mana shu yo‘sun xiyonatning natijasi edikim, biz endi xiyonat qahramonlari bilan o‘qug‘uchini tanishdiramiz.