Jump to content

O'tkan kunlar/17

From Wikisource
O'tkan kunlar (1926)
by Abdulla Qodiriy
17. Yusufbek hoji
334830O'tkan kunlar — 17. Yusufbek hoji1926Abdulla Qodiriy

Rayimbek dodxohning yonidagi bizga tanish olabay-roq to‘nlik kishi Hasanalini ko‘rishi hamono:
— Ha-a-a, bizning Hasanali-ku! — dedi, — kel, Hasan ko‘rishaylik, Otabek esonmi?
Hasanali kelib ko‘rishdi, Yusufbek hoji ko‘rishar ekan, Azizbekka dedi:
— Bu bizning kishimiz taqsir, Marg‘ilondan keladir.
Azizbek labini tishlab qoldi. Chunki darboza taqillatib, otini hurkitkan Hasanalini jallodg‘a topshirish niyati, albatta yo‘q emas edi. Yusufbek hojining so‘ziga javob bermay yo‘lida davom etdi. Hasanali sipohlar orqasidan, Yusufbek hoji Azizbek ketidan o‘rdag‘a qarab yurdilar. O‘rda darbozasiga yetkandan keyin kutib turg‘an o‘rda begi Azizbekning qo‘ltig‘idan olib otdan tushirdi. Azizbek o‘rda ichiga kirmakda ekan, Yusufbek hoji otdan qo‘nib so‘radi:
— Menga ruxsatmi, bek?
Azizbek yo‘l ustidan hojiga qaradi:
— Ruxsat, ertaga choyni o‘rdaga kelib iching.
— Yaxshi, taqsir.
Yusufbek hoji sipohlardan birining qo‘ltiqlashi bilan otig‘a minib, narida kutib turg‘an Hasanaliga qarab yurdi. Sipohlar ham o‘rda ichig‘a ot yetaklashib kira boshladilar. Yusufbek hoji Hasanalining vaqtsiz ham Otabekka qaytishidan tashvishlangan va qanday bo‘lsa ham bir falokat yuz berganiga ishongan edi:
— Nega vaqtsiz kelding, Otabek sog‘mi? — deb so‘radi.
Yusufbek hoji Hasanaliga yetmasdanoq bu savolni berdi, Hasanali eshitmadimi yoxud eshitsa ham eshit-maganga solindimi, har nuchuk javob bermadi.
— Nega indamaysan?
— Otabek salomat...
— Bo‘lmasa, nega vaqtsiz kelding, Otabek qani?
Otabekning qamalishidan xabar berish Hasanali uchun juda og‘ir tuyilgan edi. Nihoyat ko‘zidagi yoshini artdi-da:
— Otabek Marg‘ilon hokimi tarafidan qamaldi, — dedi.
— Nega, nega? — dedi hoji, otidan sachrab yiqilishga yetkan edi. — Sababi nima?
— Sababi ma’lum emas.
— Astag‘firulloh, — deb qo‘ydi hoji, o‘zini bir oz to‘xtatqan edi.
Hasanali Otabekning Marg‘ilon borg‘anidan tortib, qamalishig‘acha bo‘lg‘an hikoyalarini so‘zlab ketdi. Yusufbek hoji bekning uylanishini ham oddiy gaplar qatorida eshitib o‘tkardi.
— Marg‘ilonda turib bir ish chiqarishg‘a ko‘zim yetmagandan keyin Toshkand kelishka majbur bo‘ldim, — dedi Hasanali va shu gap bilan mojaroni so‘zlab tugatdi. Hoji vaqi’ani eshitib, chuqur bir mulohaza ichida borar edi. Uning qanday kishi bo‘lg‘anini Toshkandning yetti yosharidan yetmish yosharig‘acha bilganlikdan guzar va mahallalarda unga duch kelgan kishilar joylaridan turib salom berarlar, hoji bo‘lsa javob qaytarishni bilmas, go‘yo kishilarni ham ko‘rmas edi. Nihoyat shu holda ko‘b yurgach, orqasida kelmakda bo‘lg‘an Hasanaliga qarab otining boshini burdi va:
— Otabek bilan birga qamalg‘anlarni necha kishi deding? — deb so‘radi.
— Uch kishi: biri Mirzakarim qutidor, ikkinchi Ziyo shohichi, uchunchi Rahmat.
— Yaxshi, sen bu to‘rtavining o‘lturishlarida bo‘lg‘anmiding?
— Bo‘lg‘an edim.
— Nima va qaysi to‘g‘rilarda so‘zlashdilar, Otabek qipchoqlarg‘a qarshi so‘zlamadimi?
— So‘zlamadi. Boshqalarning ham bu to‘g‘rida so‘zlari bo‘lmadi.
— Ularning majlislarida bo‘lmagan vaqting ham bo‘ldimi?
— Har bir o‘lturishlarida men hozir edim.
— Yaxshi, sen ular bilan qay yerlarda o‘lturish-ding?
— Birinchi martaba Ziyo akanikida bo‘ldiq, ikkin-chi...
— To‘xta, Ziyo akanikida mehmonlar necha kishi edilar?
— Qutidor, Otabek, andijonlik Akram hoji, men, Ziyo akaning qaynisi — Homid degan birav. Ziyo aka va uning o‘g‘li... Hammasi yetti kishi.
Yusufbek hoji otining yolini qamchisi bilan tarar ekan, uch-to‘rt daqiqa o‘ylab qolib, so‘ngra so‘radi:
— Ikkinchi o‘lturish qayerda bo‘ldi?
 — Ikkinchi o‘lturish Ziyo akanikidan ikki kun so‘ng qutidornikida bo‘ldi. Bu majlisda ham o‘sha birinchidagi kishilar edilar. Yolg‘iz Homid yo‘q edi.
— Tag‘in qayerda o‘lturishdingiz?
— Boshqa joyda o‘lturishmadik... Mundan yigirma kundan keyin to‘y bo‘ldi. To‘yda albatta bunday so‘zlar gapurishilmaydir.
— Ikkinchi majlisingizda kim hali, Homid dedingmi, nega yo‘q edi?
— Bilmadim, nega yo‘q edi... Qutidor aytmagan bo‘lsa kerak.
— Qamalg‘uchilar: Otabek, qutidor, Ziyo aka, Rahmat, shundog‘mi?
— Shundog‘, hoji.
— Seni ham qo‘rboshi yigitlari qidirdilar?
— Qidirdilar.
— Akram hoji Andijon ketkan edi. Shuning uchun uni topolmadilar, shundog‘mi?
— Shundog‘.
— Homidni-chi?
— Uni qidirmadilar shekillik... Otabek qamal-g‘andan so‘ng alla qayerda ko‘rgandek bo‘laman.
— Bizga kelin bo‘lmishni, go‘zal, dedingmi?
— Ilohi Otabek salomat qutilsin, muhabbat qo‘yg‘anicha bor...
— Kelinning suluvligi Marg‘ilonda ma’lum ekan-mi?
— Ma’lum ekan, tillarda doston ekan.
— Homid uylangan yigitmi, bildingmi?
— Uylangan. Bizning hujraga kelganda, ikki xotini borlig‘ini o‘z og‘zidan eshitkan edik.
— Homid sizning hujraga nima uchun kelgan edi? — deb so‘radi hoji, — nega buni boya so‘zlamagan eding?
— Esimdan chiqibdir, — deb uzr aytdi Hasan, — Homid Rahmat bilan birga Otabekni Ziyo akanikiga taklif qilg‘ali kelgan edi va biz ularga osh-suv qilib jo‘natqan edik. Ammo ularning unday-bunday so‘zlari bo‘lmag‘an, to‘g‘rilikcha kelib ketkan edilar.
— Yaxshi, o‘sha Homidni sen qanday odam, deb o‘ylaysan?
— Qo‘lansa so‘zlik, ichi qoraroq bir yigit edi, — dedi Hasanali, bir oz borg‘ach so‘radi.
— Otabekning ishini og‘ir, deb o‘ylamassiz?
Hoji javob bermadi. Ul javob bergali ham qo‘rqar edi. Uningcha ish juda nozik, g‘oyatda qo‘rqunch edi. Chunki, Marg‘ilon zindonida yotguchi qipchoq dushmani bo‘lg‘an Azizbek otalig‘ining o‘g‘li edi. Toshkandning isyon chiqarg‘an bir zamonida Otabekdek bir yigitning Marg‘ilonda qanday gunoh bilan bo‘lsa-bo‘lsin ushlanishi har jihatdan ham mudhish edi.
Ul o‘g‘lining qutilishi yo‘lida har bir mulohaza ko‘chasiga kirib chiqmoqda, ammo har birisidan ham bo‘sh va umidsiz qaytmoqda edi. Eng so‘ng o‘g‘lig‘a hujum qilg‘an bu falokatning tadbiridan aqli ojiz qoldi, miyasi ishlashdan to‘xtadi va shundan so‘ng — «Parvar-digoro, keksaygan kunlarimda dog‘ini ko‘rsatma», dedi va ko‘z yoshlari bilan soqolini yuvdi.
— Hasanali, zinhor uning qamalg‘anini onasi bilmasin.
— Albatta.
Shundan so‘ng otlarini yetaklashib ichkariga kir-dilar.