O'tkan kunlar/02
Otabek o‘zi bilan ko‘rishgan mundaki ikki yot kishini tanimaganliqdan bir-ikki qayta ularni ko‘z ostidan kechirdi. Buni payqag‘an Ziyo shohichi Otabekka tanitdi:
— Amakilaringizni siz tanimag‘andirsiz albatta, — dedi. — Bu kishi otangizning yaqin do‘stlaridan Mirzakarim qutidor. Bu zot Andijon savdog‘arlaridan Akram hoji.
Mirzakarim ismlik qirq besh-elli yoshlar chamasida qora qosh, qora ko‘z, ko‘rkam yuz, yaxshig‘ina kiyingan bir kishi bo‘lib, Akram hoji elli besh yoshlar orasidag‘i bir keksa edi. Otabek qaytadan Mirzakarim qutidorni ko‘zdan kechirdi.
— Ota qadrdonlari bilan tanishdirg‘aningiz uchun rahmat, amak, — dedi va Akram hoji bilan Mirzakarim akaga tavozu’landi. — Otam sizlardek yaqin do‘stlariga salom aytishni menga amonat topshirg‘an edilar.
— Rahmat, sog‘ bo‘lsinlar.
Majlis Ziyo shohichining uyida Otabekning meh mondorchilig‘i uchun yig‘ilg‘an, yuqorida ismlari o‘tkan zotlardan boshqa Homid, Rahmat ham Hasanali bor edilar. Tanishdirishdan so‘ng Otabek bilan qutidorning ko‘zlari bir-birlariga tez-tez uchrasha boshladilar. Qutidor nimanidir Otabekdan so‘ramoqqa og‘zini jo‘plab tursa ham Akram hoji bilan Ziyo shohichining allanarsa to‘g‘risidag‘i gaplari keti uzilmay davom etar edi. Ularning ko‘zi uchunchi to‘qnashishida qutidor kulimsirab qo‘yib so‘radi:
— Meni eslay olasizmi, bek?
Otabek diqqat va e’tibor bilan qutidorni kuzatib javob berdi:
— Yo‘q, amak.
— Necha yoshg‘a bordingiz?
— Yigirma to‘rt yoshg‘a...
Qutidor o‘zicha nima to‘g‘risidadir hisob yuritdi-da:
— Voqi’an siz meni eslay olmassiz, — dedi. — Men Toshkandda qutidorlik qilg‘an vaqtimda siz taxminan besh-olti yoshliq bola edingiz... Go‘yoki, men Toshkandda kechagina turg‘andek va kechagina sizning havlingizda mehmon bo‘lg‘andekman...
Ammo, haqiqatda, oradan o‘n besh-yigirma yil o‘tib, siz ham katta yigit bo‘lgansiz, umr — otilg‘an o‘q emish.
— Siz bizning havlida bo‘lganmisiz?
— Ko‘b martalab mehmon bo‘ldim, — dedi qutidor,— ul vaqtda bobongiz ham hayotda edilar.
Bu ikkisining so‘zlariga quloq solib chetda o‘lturgan Hasanali ham gapga aralashdi:
— Amakingiz bizning havlig‘a kelib turadigan vaqtlarida siz yosh bola edingiz, bek, — dedi. — Amakingiz sizni saroylarga ham olib tushar edilar.
Otabek uyaluv aralash kulimsirab qutidorg‘a qaradi:
— Taassufki, eslay olmayman, — dedi. Qutidor tag‘in nimadir aytmoqchi bo‘lg‘an edi,
Akram hoji unga yo‘l bermadi.
— Hoji akamiz bu kunda qanday ish bilan mash-g‘ullar?
Otabek:
— Toshkand begi yonida mushovir sifati bilan turadilar.
— Azizbek bu kunda ham Toshkandga hokimdir?
— Shundog‘.
— Sotqi bek ketsin, Aziz bachcha deng, — dedi Homid va Akram hojiga qarab kuldi. — Yaqindag‘ina Musulmon cho‘loqning bazimi shu Aziz bachcha bilan qizir edi, — dedi, ulug‘ bir narsa kashf etgandek mag‘rur, majliska qarab chiqdi. Homidning zaruratsiz ayb tekshirishi majliska yotroq tuyilgan bo‘lsa kerak bir-birlariga qarashib oldilar. Bu o‘rinsiz tekshirish majlisni bir oz sukutga yubordi-da, so‘ngra Akram hoji savolida davom etti:
— Hokimingiz juda zolim emish, bu to‘g‘ri so‘zmi?
— To‘g‘ri so‘z, — dedi bek. — Azizbek zulmidan aholi juda to‘yg‘an.
Otabekning bu javobidan yolg‘iz Akram hojigina emas balki, majlisning boshqa a’zolari ham ajablandilar.
Otasining valine’mati bo‘lg‘an bir bekning zulmini iqror etish haqiqatan ham taajjubka loyiq edi. Azizbekning Turkiston xonlig‘ining eng zolim va mustabid sanalg‘an beklarining biri va uning o‘z qa-ramog‘ida bo‘lg‘an Toshkand aholisiga qilg‘an zulmlari Farg‘onaga doston, ammo Akram hojining bu savoli Azizbekning eng yaqini bo‘lg‘an bir kishining o‘g‘lini sinab ko‘rishlik uchun edi. Bu sinash natijasi Akram hojining taajjubini orttirdi va buning sirrini bilishka qi-ziqsindi:
— Otangiz Azizbekning mushoviri ekan, — dedi Akram hoji, — nima uchun uni bir oz bo‘lsa ham yo‘lg‘a solmaydir?
— Kechiringiz, amak, — deb Otabek kulimsiradi,— siz otamning mushovirlig‘ini boshqacharoq ongla-g‘ang‘a o‘xshadingiz... Bizning beklarga hukm vaqtida ham mushovir bo‘lmoq imkonsiz narsadir. Otam Azizbekning mushoviri va yaqin musohibi sanalsa ham va lekin bu juz’iy ishlardaginadir, buning uchun sizga bir misol keltiray, bu ish shu yaqin oralardag‘ina bo‘ldi: Toshkanddagi jum’alik gap majlislaridan birida bir kishi Azizbekni maxtar va bu maxtovg‘a qarshi ikkinchisi «nega munchalik maxtaysan, Azizbekning asli bir bachcha-da» der. Ularning bu muzokaralarini chetda eshitib turgan xufiyalardan biri bu so‘zni Azizbekning qulog‘iga yetkazur. Ertasiga Azizbek mazkur ikki kishini o‘z huzuriga oldirib maxtovchig‘a ulug‘ mansab ato qilar va ikkinchisini o‘limga buyurar... Bu hukm majlisida hozir turgan otam mahkumning gunohini so‘raganida Azizbek jallodga baqirar: «Tezroq olib chiq!» Otam tag‘in qulliq qilg‘anida jallodg‘a buyurar: «Qo‘ling-dag‘ini bo‘shatib, o‘rniga hojini olib chiq!» — Mana ko‘rdingizmi,
otamning qadru qiymatini.
— Bo‘lmasa aholi xong‘a shikoyatnoma yozmaydirmi?
— Nechanchi shikoyatnomani so‘raysiz, — dedi Otabek, — Azizbekdan zulm, jafo ko‘rganlar bilan birgalikda endi o‘ninchi shikoyatnomamizni yuborg‘andir-miz... Lekin xonning yo‘lboshchisi bo‘lg‘an kishining o‘zi zulmda Azizbekdan bir necha zina baland o‘rinni ishg‘ol etkuchi kimsa bo‘lsa, biz qandog‘ qilayliq. Ammo shunisi ham borki, shu keyingi vaqtlarda Azizbek Qo‘qonning yorlig‘ va farmonlarini iltifotsiz qoldira boshladi. «Itoatdan bosh tortmasin...» degan mulohazada yozg‘an shikoyatlarimizdan markazning ko‘z yumishi ham ehtimoldir. Har holda Toshkand aholisi Azizbek istibdodidan ortiq to‘yindi, kimdan ko‘mak so‘rashg‘a ham bilmaydir.
Yusufbek hojining qanday odam ekani ayniqsa Akram hojiga onglashilib, bu to‘g‘rida ortiq bahs qilinmadi va so‘z boshqa xususlarga o‘tdi.
Ziyofat samimiyat bilan chaqirilg‘anliqdan dasturxon qadrlik mehmonga maxsus turlangan edi. Ziyo shohichi bilan o‘g‘li Rahmatning har zamon mehmonlarni dasturxonga qistashlari boshqalarning ishtahalarini ochishg‘a sabab bo‘lsa ham, ammo bizning Otabekka sira ham asar qilmas, xayollanib o‘ltirar edi. Ul nima to‘g‘rida xayol surib, qaysi to‘g‘rida o‘ylar edi — buni bi-lish qiyin bo‘lsa ham, biroq uning hozirgi ba’zi harakatlari diqqatni jalb etarlik edilar: xayol surar ekan, uning ko‘zlari ixtiyorsiz kabi qarshisidagi qutidorg‘a qaraydirlar, qutidorning ko‘zi o‘ziga tushdi deguncha ko‘zini undan olib dasturxondagi ko‘ngli tilamagan narsalarga urina boshlaydir... Otabekning bu holini majlisdagilar sezmasalar-da, ammo Homid uni ta’qib etkandek edi.
— Savdo bilan qanday shaharlarga bordingiz, bek?— deb qutidor so‘radi.
— O‘zimizning shaharlardan ko‘pini ko‘rdim, — dedi bek, — o‘ris shahardan Shamayga ham bordim.
— Ha, ha, siz Shamayga ham bordingizmi? — deb Ziyo shohichi ajablandi.
— O‘tkan yil borg‘on edim, — dedi bek, — borishim noqulay bir vaqtga to‘g‘ri kelib
ko‘b mashaqqatlar chekdim.
— Chin savdogar siz emishsiz, — dedi qutidor, — biz shu yoshqa kelib hali o‘zimizning kattaroq shaharlari-mizni ham ko‘ralmadik; siz o‘risning Shamayigacha borg‘ansiz.
— Yurgan daryo, o‘lturgan bo‘ryo emish, — dedi Akram hoji.
O‘ris shaharlariga borib savdo qilg‘uchilar Turkistonda juda oz hisobda bo‘lib, chet ellarni ko‘rgan Otabek majliska tansiqlandi. O‘rislar to‘g‘risida allaqanday xayoliy rivoyatlar eshitib yurgan qutidor va Ziyo shohichilar-ning Otabekdan haqiqiy holni bilgilari kelib, undan Shamayda ko‘rib, kechirganlarini so‘radilar. Otabek Shamay xotirotini so‘zlab berdi. O‘rislarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotlarini eshitkuchilarni tongg‘a qoldirib, ortiq tafsiloti bilan aytib chiqg‘ach:
— Shamayga bormasimdan ilgari o‘z hukmdorlig‘i-mizni ko‘rib; boshqalar ham shundaydir, deb o‘ylar edim, — dedi bek, — lekin Shamay manim fikrimni ost-ust qilib, o‘zimni ham butunlay boshqa kishi yasadi. Men o‘risning i ora ishlarini ko‘rib, o‘z idoramizning xuddi bir o‘yinchoq bo‘lg‘anlig‘ini iqror etishka majbur bo‘ldim... Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan ketabersa holimizning nima bo‘lishig‘a aqlim yetmay qoldi. Shamayda ekanman, qanotim bo‘lsa, vatanga uchsam, to‘ppa-to‘g‘ri xon o‘rdasiga tushsam-da, o‘risning hukumat qonunlarini birma-bir arz qilsam, xon ham arzimni tinglasa-da, barcha elga yorlig‘ yozib o‘risning idora tartibini dasturilamal etishka buyursa, men ham bir oy ichida o‘z elimni o‘risniki bilan bir qatorda ko‘rsam... ammo o‘z elimga qaytib ko‘rdimki, Shamayda o‘ylag‘anlarim, oshiqqanlarim shirin bir xayol emish.
Bu yerda so‘zimni eshitkuchi birov ham bo‘lmadi, bo‘lsalar ham: “Sening orzungni shu xonlar eshitadimi, shu beklar ijro qiladimi?” deb meni ma’yus qildilar. Ilgariroq men ularning gapiga bovar qilmay yursam, so‘ngg‘idan to‘g‘ri so‘zni aytkanlarini bildim. Darhaqiqat, mozoristonda «hayya alalfalah» xitobini kim eshitar edi.
Majlis Otabekning Shamay taassurotini maroq bilan eshitkan, shu kungacha hech kimdan eshitilmagan uning fikrlariga ajablangan edi. Istiqbol qayg‘usi tushiga ham kirmagan bu Turkiston otalari Otabekning daruni dildan chiqarib aytkan gaplaridan hissasiz qolmadilar:
— Amiri Umarxondek odil poshsho bo‘lsa, — dedi qutidor, — biz ham o‘risdan oshib ketar edik.
Ziyo shohichi:
— Bizning bu holga tushishimiz o‘z fe’li xo‘yimiz-dan.
Akram hoji:
— To‘g‘ri.
Homid ham boshqalardan qolishmas uchun: «Xudo kofirning dunyosini bergan» deb qo‘ydi.
— Manimcha, o‘risning bizdan yuqoridalig‘i uning ittifoqidan bo‘lsa kerak, — dedi Otabek, — ammo biz-ning kundan-kunga orqag‘a ketishimizga o‘z ora nizo’imiz sabab bo‘lmoqda, deb o‘ylayman, boshqa xil aytkanda Ziyo amakining fikrlari qisman to‘g‘ri. Oramizda bu qo‘rqunch holatka bahaqqi tushunadirg‘an yaxshi odamlar yo‘q, bil’aks buzg‘uchi va nizo’chi unsurlar tomir yoyib, har zamon sodda xalqni halokat chuqurig‘a qarab tortadilar. Bu kungi qora chopon va qipchoq nizo’larini sizga bir timsol o‘rnida ko‘rsatayin: o‘ylab ko‘rilsin, bu nizo’lardan bizga qanchalik foyda va qipchoq og‘aynilarg‘a nima manfaat hosil bo‘lmoq-da?— Faqat bundan foydalang‘uchilar ikki xalq orasig‘a adovat urug‘ini sochib yurg‘uchi bir necha e’vogar boshluqlarg‘inadir. Masalan, Musulmonqulni kim xolis odam, deb o‘ylaydir? — Uning yurt uchun qon to‘kishdan boshqa nimaga foydasi tegdi? Musulmonqul o‘z g‘arazi yo‘lida orada yo‘q nizolarni qo‘zg‘ab, kuyavi Sheralixonni o‘ldirdi, gunohsiz Murodxonni shahid etdi, qo‘y kabi yovvosh Toshkand hokimi Salimsoqbekni o‘ldirib, o‘rniga Azizbekdek zolimni belguladi va o‘zini mingboshi deb e’lon qilib, aqlsiz bir go‘dakni (Xudoyorni) xon ko‘tarib el yelkasiga mindi. Tuzuk, agar Musulmonqul bu ishlarni bir yaxshi maqsadni kuzatib qilg‘anda, zolimlarni o‘rtadan ko‘tarib, yurtka osoyish berganda, unga kim nima deya olur edi? Holbuki, Toshkand tarixida misli ko‘rilmagan Azizbek kabi vah-shiyni faqat shu Musulmonqul qo‘lidan oldi. Basharti, Musulmonqul chin inson bo‘lsa, insondan vahshiy tug‘ilganini hech kim eshitkan chiqmas. Modomiki, o‘z g‘arazi yo‘lida istibdod orqali el ustiga hukmron bo‘lg‘unchilar yo‘qotilmas ekanlar, bizga najot yo‘qdir, magar shunday g‘arazchilarni ular kim bo‘lsalar ham ish boshidan quvlash va ular o‘rniga yaxshi xolis odamlarni o‘tquzish najotimizning yagona yo‘lidir.
Otabek majliska tamoman yangi va eshitilmagan fikrlarni so‘zlab ketdi, ular bekning og‘zig‘a anqayishib qolgan edilar. Darhaqiqat, o‘z ora bitmas nizo’larning asli mansha’ini ul yaxshi onglab tahlil qilar va durust qiymat berar edi. Uning shu yo‘sun mulohaza va fikrlari majliska chuvalg‘an ipning uchini topib bergandek bo‘lib, lafzan bo‘lmasa ham ma’nan ularning tahsin va olqishlarini oldi.
Otabek xufton namozi uchun tahorat olishg‘a mehmonxonadan chiqg‘an edi, uning keticha:
— Otaning bolasi-da, — deb Ziyo shohichi mehmon-larga qarab qo‘ydi.
— Umri uzoq bo‘lsin, — dedi Akram hoji, — yigitlarimiz ichida eng aqllig‘i ekan...
Agarda xon ko‘tarish manim qo‘limda bo‘lsa edi, xon qilib Otabekni ko‘tarar edim... O‘zi o‘qug‘anmi?
Bu maxtovlar bilan terisiga sig‘may ketkan Hasanali javob berdi:
— Toshkand Beklarbegi madrasasining peshqadam mullabachchalaridan edi, lekin uch yilcha bo‘ldi, xo‘jamiz madrasadan olib savdo ishiga qo‘ydilar.
— Xudo har narsadan ham bergan yigit ekan, — dedi qutidor.
Ahli majlis Otabekni ko‘klarga ko‘tarib maxtar edi, lekin Homid bu maxtashlarg‘a ishtirok etmas va nimadandir g‘ijing‘andek ko‘rinar edi. Shu orada qutidorning «uylanganmi?» deb Hasanalidan so‘rashi Ho-midga yana boshqacha holat berdi.
Hasanalining so‘ra-g‘uchig‘a bekning qiz yoqdirmaslig‘ini sabab ko‘rsatib, shu kungacha uylanmay kelganligini tafsili bilan hikoya qilib berishidan so‘ng ul toqatsizlang‘andek bo‘ldi:
— Balki begingizning tama’lari xon qizidadir, — dedi istehzo bilan Homid, — bundog‘ yigitlar uylanganlarida ham kishi qizini umr bo‘yi azob ichida o‘tkazadirlar...
Sababiga tushunish qiyin bo‘lg‘an bu istehzoga qar-shi Hasanali sukut qilmadi:
— Men uning xon qizini olish maqsadi borlig‘ini bilmayman, — dedi kulimsirab, — biroq ul xon qizini olsa arzimaydirgan yigit emas... hatto zarxarid quli bo‘lg‘anim holda menga ham qattig‘ so‘z aytishdan saq-lang‘an bir yigit o‘z nikohida bo‘lg‘an ozod bir qizg‘a albatta zahmat bermas, deb o‘ylayman. Ba’zi xotin uradirgan va xotin ustiga xotin olib, xotinlarig‘a zulm qiladirg‘an hayvonsifat kishilardan bo‘lib ketishi menimcha ehtimoldan juda uzoqdir, inim mulla Homid...
Hasanali o‘tkan faslda Homidning o‘z og‘zidan xotinlarig‘a qarshi qamchi ishlatkanini eshitkan edi. Shunga binoan uning bu oxirg‘i jumlasi Homidni yerga qaratib, lom deyishka majol bermay qo‘ydi. Ziyo shohichi qaynisi Homidga «Tuzlatildingmi»? degandek qilib qaradi va Hasanalidan afu so‘radi:
— Kechirasiz, ota, — bizning Homidboy shunaqa qo‘lansa gaplar uchun yaratilg‘an odam.
Qutidor ham Hasanalining ko‘nglini ko‘tarib tushdi:
— Gapingiz to‘g‘ri, ota, — dedi, — Otabek xon qizig‘a loyiq bir yigit ekan. Bahslashish uchun Homidga yo‘l qolmag‘an edi. Bir turlik iljayib yer tegidan Hasanaliga ko‘z tashladi.
Oshdan keyin boshlab Homid, so‘ngra boshqa meh-monlar tarqalishdilar. Otabek bilan qutidorning yo‘llari bir bo‘lg‘anliqdan birgalashib ketdilar. Qutidor havlisiga qayrilar ekan, bek bilan xayrlashdi:
— Albatta, birisi kun biznikiga marhamat qilasiz, tuzikmi?
— Xo‘b, amak.
— Bizniki mana shu burchakdagi eshik... Qaytag‘a bu kun biznikida qolsangiz
bo‘lmasmi-a?
— Rahmat... Xayr, salomat bo‘lingiz.
Ular to‘xtab so‘zlashqan o‘rinlaridan xayrlashib uzoq-lashg‘ach, shundagi bir burchakdan choponig‘a burkangan bir kishi chiqib, haligilar kelgan tomong‘a qarab yurdi...