Jump to content

Nisbat g‘azaliga muxammas

From Wikisource
Nisbat g‘azaliga muxammas
by Hayrat To‘raqo‘rg‘oniy
333323Nisbat g‘azaliga muxammasHayrat To‘raqo‘rg‘oniy

Ohkim, bir bo‘lmadik aslo qadrdon ikkimiz,
Etmaduk qo‘l ushlashib sayri guliston ikkimiz,
Ne bo‘lur, ey yuzlari xurshidi tobon ikkimiz,
Oshnolik birla bo‘lsak shodu xandon ikkimiz,
O‘rtamizga tushmasa begona bir on ikkimiz.

Doimo kezgum chu bulbul gulyuzim yodin qilib,
Nang ila nomus, aqlu hush barbodin qilib,
Ittifoqo yorimi ko‘rganda dil shodin qilib,
Hayfkim, har dam falak kajravlik ijodin qilib,
Gar topishsak qo‘ymagay suhbatga chandon ikkimiz.

Ishtiyoqidin bo‘lib jon ila dillar behuzur,
Etmadim vasliga hargiz, ko‘rmadim ayshu surur,
Bor ekanmu bilmadim oyo bu peshonamda sho‘r,
Muddao naqshi muhabbat ko‘nglimiz lavhidadur,
Ramz ila imo etishmoq erdi, ey jon, ikkimiz.

Muddaoyi xotirim bo‘lgaymukin, yorab, husul,
Tig‘i hijron ila zaxmin ko‘nglum o‘ldi pur malul,
Bo‘lsa xohi oshno yokim raqibi bulfuzul,
Daxli yo‘q g‘ayri digar gar topsa o‘rtamizga yo‘l,
Mahzi hasratlar bila qilgaymiz armon ikkimiz.

Ishq jomin mast har kim no‘sh etar hushyor emas,
Kimdur ul bo‘lsun farishta hamnafas ag‘yor emas,
Volai maftun ko‘ngul deb orzug‘a or emas,
Xohi do‘stu xohi dushman bizga hech darkor emas,
Joni dildek bo‘lsak ar tan ichra pinhon ikkimiz.

Sayr etib yursak ikov bog‘lar aro dilxushlashib,
Uchrasa hajr ila furqat jon boricha mushlashib,
Bodai gulrangdin no‘sh aylabon mayxushlashib,
Orzum shuldur hamisha siz bilan qo‘l ushlashib,
Aylasak har yon xiromon ila javlon ikkimiz.

Qahr etib gohi sitam tig‘ida siynam tildirib,
Nim nigohi xandaomiz ila gohi kuldirib,
Hayratiy devonaga mahbub ekonin bildirib,
Nisbatiyga amr etib, gohi muvashshah qildirib,
Nomingiz ash’origa bo‘lsak g‘azalxon ikkimiz.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.