Jump to content

Muhtaram samarqandiylarg‘a xolisona arz

From Wikisource
Muhtaram samarqandiylarg‘a xolisona arz (1917)
by Mahmudxoʻja Behbudiy
334157Muhtaram samarqandiylarg‘a xolisona arz1917Mahmudxoʻja Behbudiy

Ahli xabaraning ma’lumidurkim, eski hukumat zamonida har nimarsa amr va buyruq ila bo‘lur edi. Xaloyiqning diniy va milliy ishlarini islohi va rivoji to‘g‘risinda qilaturg‘on harakatlarg‘a yo‘l berilmas edi. Hech nimarsa hukumatdin bejavob va iznsiz qilina olmas edi, hozirda bo‘lsa, Xudoyi taolo bizga hurriyat berdi. Diniy va milliy islohot va taraqqiyimiz uchun harakat va say’ etmoqg‘a yo‘l ochuqdir.

Hurriyatning uchinchi oyindamiz. Lekin biz samarqandiylar diniy va milliy ishimizni rivoj bermoq uchun hanuz bir ish qila olmagandurmiz. Ahli jamoat va g‘ayrat bir necha yoshlar, ahli muruvvat bir necha mo‘ysafid va kattalarimiz bir necha kun bir bo‘lib, ba’zi yaxshi ishlarni bajarmoqchi bo‘ldilar. Hatto, ulamoyi kiromdan aksari qo‘shulmoqchi bo‘ldilar, bilkulli qo‘shuldilar.

Yoshlarning ochgan «islomiy qulubi» har kun ulamo, savdogar va ahli kasabadan bir necha daf’a to‘lub bo‘sholub edi, ishlar yaxshi ketar edi, umidlar qaviy edi. Oyandamizning yaxshi bo‘lushini istidolar qilur eduk. Ammo ishlar va ittifoqlar uzoqg‘a surilmadi. Bir necha tajribasiz va tez harakat yoshlar, bir-ikki nafar nafsoniyatg‘a botgan va o‘lguncha tuzolmayturg‘on qishilar qadima ig‘vo va fasodni o‘rtag‘a soldilar, natijada Samarqand xalqi ikkig‘a bo‘lundi. Balki ikki emas, yuzg‘a bo‘lunub, xalqning ko‘ngli sovub, ba’zilarining so‘z va harakatlaridan nafratlanib, tarqalib ketdilar.

Bukun ma’noyi haqiqiysi ila Samarqandda bir jamiyat yo‘q, millat va din oyandasi uchun natijalik bir say’ va harakatni boshqaraturg‘on bir jamiyat yo‘qdur, hozirg‘acha aytur edukkim, bizning milliy harakatimizg‘a hukumat mone’dur, ammo endi o‘zimiz mone’miz.

Ey hazrati ulamo! Ey tujjor, ahli kasaba va ag‘niyo! Ey, g‘ayratlik yoshlar! Nifoq va bir-biriga dushmanlikni tashlangiz. Xudo haqi, arvohi anbiyo hurmati va bu kunlarda qornini to‘yg‘azolmayturgon yetim va bevalar haqi biri-biringiz ila ittifoq etub, jamiyatlar barpo qilub, xoliq Xudoning naf’ig‘a, din va millat yo‘lig‘a xizmat etingiz. Millat va xalq sizdan xizmat va yaxshilik talab etadur, nafsoniyat va g‘urur emas.

Ey yoshlar! Siz ham bir oz og‘ir va xushso‘z bo‘lingiz. Hurriyatning avvalida xaloyiq sizga inondi, sizg‘a o‘zini tashladi, ammo sizlar tajribasizlik etib va o‘z orangizda ixtilof ko‘rsatib, xalqning o‘z borangizdagi xushgumonligini, afsuskim, yo‘qotdingiz. Mana shul yo‘qotganingizni qaytarib topmoqqa harakat, sa’y etingiz. Xalq sizlarg‘a mayl qilg‘on edi, sizlar, to‘g‘risi, bajarolmadingiz. Mana shu tajribasizligingizni xotiringizg‘a keltirungiz va bul yoshlarg‘a darsi ibrat bo‘lsun.

Muhtaram yoshlar! Zamon siznikidur, qarilar zamoni o‘tkan. Siz kiromga bobasirat bo‘lub, o‘n daf’a o‘lchab, bir daf’a kesingiz. Otashinlik va tezlik ila ish bo‘lmas. Al-ajla minash-shayton! (Shoshilgan shaytondandir!) Bu fikrni boshingizdan chiqaringizkim, sizning o‘z boshingizg‘a taraqqiy qilmog‘ingiz mushkuldur. Balki, butun shahringiz va millatingiz ila taraqqiy qilursiz.

Man ham yigirma yildan beri harakat etamankim, taraqqiy paydo bo‘lsun, shuni sizlar ham bilursizki, o‘n va yigirma nafar ila taraqqiy bo‘lmaydi va bo‘lmas ekan. Binobarin, o‘rta va bir qadar imkoni ko‘proq kishi mayl qilaturgon yo‘l ila taraqqiy etmoq kerak va unsiz boshqa chora yo‘qdir. Muni men bir necha daf’a sizlarg‘a yuz ba yuz aytganman. Muhtaram hamshaharlarimdan aksari shunday biladurlarki, mening har so‘zumni sizlar qabul qilasiz va sizning har bir ishingiz mening mashvaratim ila bo‘lur. Xayr unday emas. Yoshlarning ba’zi bir mashvarat va ishlarig‘a sherik bo‘lsalar ham ba’zisidan bexabardurman. Alarning barcha ishlarig‘a men mas’ul emasmai. Zotan hech kim hech bir kimning harakatidan mas’ul emasdur.

Aziz hamshaharlarimg‘a, mo‘tabar ahli vatanim, hammangiz bir bo‘lub, xalq va dinning rivoji uchun birlashub, oradagi nafratlarni tashlab, Xudoning bergan hurriyat ne’matidan naf’ilanmoq harakatida bo‘lmoq kerak va al-on (toki) bizning harakatsizligimiz bizdan hurriyatni ketkurib, yana boshqalarga bizni asirlik darajasiga tushurur va yuz yillar ila keyin ketarmiz. Bizning avlodimiz hamda xalqi olam bizga rahmat o‘rnig‘a la’nat o‘qurlar.

Bu so‘zlar to‘g‘ri so‘zlardur. Yosh va qarilardan, albatta, mandan ushbu so‘zlarim uchun ranjiydurg‘onlar bo‘lur. Ammo nachora, to‘g‘rini aymaguncha, ishlar to‘g‘rilanmas. Oldimizda shahar dumasi saylo‘vi, majlisi ma’buson(?) (uchreditulnaya sobraniya) saylo‘vi, mamlakat dumasi saylo‘vi turubdur. Agarda Samarqand yosh va qarilari shu holatda tursalar, voy bizning holimizg‘a! Xalqi olam bizg‘a kular. Biz yanadin boshqalarning asiri bo‘lurmizkim, bunga tajribasiz yoshlarimiz, taraqqiyni xohlamayturgon kattalarimiz sabab bo‘lurlar va ham bizning ishsizligimiz uchun boshqalardan keyin qolishimiz muqarrardur. «Qolu al haq valu kon maran» — «To‘g‘rini so‘yla achchiq bo‘lsa-da!»

«Hurriyat» gazetasi, 1917 yil, 13 may.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.