Meni Majnun boʻlubman bir pari ishqida devona...
Meni Majnun boʻlubman bir pari ishqida devona,
Ki yodidin boʻlubdur koʻnglum andoqkim parixona.
Erur ul mansizin doim nishotu aysh ila har dam,
Vale man onsizin tun-kun gʻamu kulfatgʻa hamxona.
Tutar har subh elga kosa-kosa bodai vaslin,
Ichib man zahri hijron, har kecha paymona-paymona.
Ne tong, tushsam man ul koni malohat majlisidin dur.
Muyassar boʻlgʻamu hargiz gadogʻa bazmi shohona.
Ne hojat bodakim, ul mugʻbacha masti mudom aylar,
Mani yoʻq, borchani majlis aro gar kirsa mastona.
Chu qildi tiyra kulbam, ey saodat axtari, hajring,
Munavvar boʻlmoqi mumkin emas gar kelmasang yona.
Koʻngulda sirri ishqing yoshururman xalqdin doim,
Nedinkim bordurur ul ganjgʻa madfan bu vayrona.
Manga qil zulmu bedodingni bas, ey mahvashi Chini,
Yoʻq ersa aylaram bir kun qulingdin arz xoqona,
Havodis sangboridin desang mahfuz oʻlay xumdek,
Boʻlub sarshor maydin, qil maqoming kunji mayxona.
Mulozimpesha boʻlma joh uchun har pastfitratgʻa,
Tavakkal shohrohida taku-poʻ ayla mardona.
Agar bor et, vagar yoʻq, Komil ayrilmas dame sendin,
Kim uldur zarra, sen xurshid, san sham’u u parvona.
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |