Jump to content

Maktabi Dor ul-aytom

From Wikisource
Maktabi Dor ul-aytom (1914)
by Hamza Hakimzoda Niyoziy
334512Maktabi Dor ul-aytom1914Hamza Hakimzoda Niyoziy

I

[edit]

Dunyoda har bir narsaning tanilmog‘i ismi ilandur. Binoi oliya dunyodagi har bir bor va bor bo‘lub turuvchi nimarsalarning har biri, ilmiy o‘lsun, chunonchi, kitoblar, gazeta, jurnallar yoxud fanniy o‘lsun, ashyolar, hunarlar o‘zlariga maxsus bir unvon ilagina mustammidurlar.

Biz keldik masjid, yo madrasa, yo maktabxonalar masalasina. Mana, Misrda «Jome’ ul-azhor», Istambulda «Sulton Ahmad», Shomda «Jomei Umaviya» yoxud maktablar — Qozonda «Muhammadiya», Orenburgda «Husayniya» va al-hosil har bir mamlakatlarda bo‘lg‘on har bir madrasa, masjid va maktabxonalarni o‘ziga maxsus bir ismlari vordirki, G‘arbda, Sharqda o‘lsun qo‘lig‘a gazeta tutgan kishilardan yuqoridagi maktab va madrasalarni ko‘rmag‘anlari bo‘lsa ham eshitmaganlari va unvonini bilmaydurganlari kamdir.

Xususan, Orenburgga borgan kishi qaysi bir tarafdan, qaysi bir kishidan «Husayniya» maktabi qayda, — deganda, bilotavaqquf «falon joyda» degan javobini eshitmoq shubhasizdir.

Bu nimadan? Bori maktab va madrasalarning o‘ziga maxsus bir unvon ila umumga barobar masmu’ bo‘lganidandir.

Mana, bizim mamlakatlarda ham maktab va madrasalar yo‘q emas, bor. U madrasalardek o‘lmasa hamki, hozirgi ilm-ma’rifat tahsillariga torlik qilmasa ham, kenglik qilmas. Lekin ism qo‘ymoq masalasiga kelganda, «Darx zadam devor kafid» degan maqolidek yolg‘iz eshituvchini taajjubga qoldiruvdan bo‘lak ahamiyatligina bir unvon muqarrar o‘lgani kamdan-kamroqdir. Masalan, madrasai «To‘nqator» yoxud madrasai «Chalpak» yoki madrasai «Zambardor», masjidlar esa «Chinorlik machit», «Anjirlik machit», «Chitgarlik machit» hokazo. Bunga o‘xshash «Taqachilik», «Taroqchilik machit»» laqablari unvon topub, bechora boniylar ila masjidlarning xuruflari o‘zgarub, balki butun yo‘qolub, agarchi ko‘hna sollikda bir asr odamlariga ibodatxona bo‘lub o‘tganlari bo‘lsa hamki, 12 darvoza ichida turub, bu masjid-madrasalarni muxtasargina bo‘lsun tarjimai holini bilg‘uvchi kishilar mo‘ysafid odamlardan bo‘lmasa, boshqalarida kamdan-kamroqdir. Mana, boshqa mamlakatlarni qo‘yaylik, o‘zimizni Ho‘qanddagi madrasa va masjidlarnigina boniylarini va na sababdan bu xilda ma’lumotsiz unvonlar qo‘yilmog‘ini hanuzgacha bilmasligimiz qaydan keldi? Avvalgi ota-bobolarimizni ilmsiz va ma’rifatsizlik va har so‘zni husn va qabihini, avvalu oxirini o‘ylamasliklarindan keldi. Shoyad, boshqa illatlarini mandan ham ko‘proq qoriini kirom bilsalar kerak.

Mana, hozirgi o‘zimiz oynak olub, aksimizga qaraganda, yana o‘zbek bobolarimizni aybli sanamoqqa butun haqsiz bo‘lub qolamiz. Chunki uch-to‘rt yildan beri usuli jadid maktablari rasm o‘lub, kundan-kun rivoj topub ko‘paymoqdadur. Garchi bu maktablarning binolari yangidan solingan bo‘lmasa ham nazar eski maktablarga qaralganda hifzil sihatga muvofiq bo‘lmog‘i yoki boshqacha bir nizom va tartibdalig‘ining nazokati yangi binodan 100 daraja ortiqroq, desak-da haqli bo‘lurmiz. Bayon hojat emas.

Bas, lozim erdiki, har bir maktabni o‘ziga munosib tarixi bo‘lmasa ham layoqatli muxtasargina bir unvon ila yuritulsa, nazokat ustina ikkinchi bir nazofat o‘lur edi.

Holbuki, bir mamlakatdan kelgan musofir ko‘chada o‘tub ketguvchi talabalardan tutub: «Qaysi maktabda o‘qiysiz?» deganda, biri: Chorsuvni orqasida misgarlikdagi avrod masjidda… domlada o‘qiyman», ikkinchisi: Bekbachcha mahallasida… masjididagi hovuzi bor maktabda o‘qiyman, uchinchisi, yog‘ bozoriga ketoverishda, do‘ppi bozoriga chiqoverishda chap qo‘ldagi tor ko‘chadagi hovlidagi maktabda o‘qiyman, degan javobi o‘n sakkiz qarichlikni eshitub butun hayronlikda qolmoqdan bo‘lak mazalik joyi yo‘qdir. U bechoralar qaydan bilsun bizni Ho‘qanddagi Karnaychilik, Shimchilik, Eshakchilik kabi adabiy ismlar ila unvon topgan mahallalarimizni?!

Bu takror lozim ediki, har bir maktablarimizga bir unvon qo‘ysak, toki tarixlar sahifasida ham besh-to‘rt gaz joylarni bandga solub o‘tlab yotmasa.

Mana, janobi qozi domla hazratlari… sanada millat munodillari uchun ikki qanotli bir maktab binoga qo‘ydilar. Tamom topgani so‘ng‘ida bu misra ila unvon qo‘yildi:

Bu maktabxonadur ibtidoiy,

Kamol al dini millat rahnamoiy.

Agarchi misra o‘lmoq sababli og‘ir ko‘rinsa ham adabiy va tarixiy o‘lganliqdan tavorix va adabiyot safhalarinda qolurlik darajada nazokatlidur. Og‘izda qisqacha yuritilganda «Maktabi Kamoliy» debgina qo‘yarg‘a ko‘p qulay va har kim tushunarlikdir.

Bunga o‘xshash Xonaqoh mahallasida muhtaram «Sadoi Farg‘ona»ning hozirgi mudirlari tarafidan ochilgan maktab esa «Muhammadiya» unvoni bilan hozirda hamma katta-kichiklarga ma’lum va mashhurdur. Yana So‘fi Badal eshon xonaqohlaridagi maktab esa muallim hazratlari tarafidan «Maktabi Vahobiya» ismi ila shuhrat topmakdadur. Hokazo, boshqa maktablarda bu ham o‘zlariga bir unvon ilagina yuritilsa, albatta, soyil ila mas’ul orasida u qadar hayrat va qabziyatliklar lozim kelmas edi.

Mana, bizda bularga qiyosan Bekbachcha mahallasidagi maktabimizni «Dor ul-aytom» unvoni bila yurutmakni ijtihod etamiz. Demak, «Dor ul-aytom» o‘lmog‘iga bir oz sabab yozub o‘tmoqda lozim keldi.

Mana, hozirda bizim Ho‘qandda usuli savtiya maktablari to‘rt-besh adadg‘a yetub va imtihonlarni ta’siroti yildan-yil taraqqiy qilmoqda bo‘lsa hamki, muallimlarning doxiliy manfaati, ya’ni bolalardan kelub turg‘an vazifalari ta’min-maishatlarig‘a yetarlik bo‘lsa-da, ortub qolurlik darajada bo‘lmaganiga ba’zi yetim, faqir va bechora bolalarni majjonoan (aqchasiz) o‘qutmoqg‘a chorasiz qolurlar. Yo‘q emas, ba’zilarinda besh-o‘n dona bor, lekin ondan ziyodasin o‘qutub, tarbiya qilmoqg‘a xorijiy boylardan va boshqalardan iona va yordam degan so‘zlar yo‘q uchun yana chorasizroq qolurlar edi.

Mana bul sababdan oylik vazifa to‘lab o‘quvdan ojiz qolgan faqir va bechora bolalar ko‘cha-ko‘chalarda hayron va sargardon bo‘lub, nihol umrlarin safohatg‘a barbod berub, kattaroqlari samovorchiga chilimbardor, bedonabardor, xunukroqlari izboshchi, qorovul, bir oz sillig‘roqlari o‘zlarini tuzotub besoqol va javonlik kabi eng birinchi darajadagi hayotning havoti iffat va nomusdin va diyonat kabi islomiyatning avvalgi sinfindagi zaruriyatlardan butun xabarsiz oxiri zil va razolatga giriftor bo‘ladurg‘on amal fasodlarg‘a o‘ralibgina ketmoqdadurlar. Kichik sag‘iralari esa yong‘oq, fat-farak, dasta chikaldak kabi ajalni komidagi la’blar ila umrni o‘tkarub katta bo‘lg‘och, yana yuqoridagilarni saflarig‘a qo‘shilmoq birla mashg‘ullikda ekanliklari har bir ziy basorat adanda takror tajribaga yetmakdadur.

Mana bu xil avlodi islomni kundan-kun bu xil qaboyihlarg‘a giriftor bo‘lub ketub turganidin mamlakatlarimizda kundan-kun fahsh, zino, hamr, qimor kabi islomiyatning qotili bo‘lg‘on amallar tobora ko‘paymakdadur.

Bas, bularni bu amallardan saqlamoq va ul fasodlardan sof qutulmoq uchun eng avvalg‘i chora o‘shal bolalarni bir iloj qilub, oqchasiz bo‘lsa ham bir maktabni majjonoan (pulsiz) qilib qo‘yub bo‘lsa hamki, tarbiya va o‘quvg‘a boshini band qilmoq edi. Bas, bizlarda jamiyati xayriya yo‘qki, bolalarni alarni tarafidan tarbiya qilinsa. Noiloj bu sana, bu maktabni o‘qutadurg‘an muallimni vazifasini besh-o‘n nafar yoshlarimiz har tarafdan iona tariqida yig‘ub bermoqni o‘z gardanlarig‘a olub, bori yetim, faqir, oylik vazifa bermoqg‘a ojiz qolgan bolalarni tarbiya qilmoqg‘a bir qaror qildilar. Demak, bu «Dor ul-aytom»da Ho‘qandning har tarafidan o‘lsun faqir bolalarni, shubhasiz, qabul qilinadur. Faqat daftar, qalamdan boshqa kitoblarg‘acha hatto maktabdan beriladur.

Yuqoridagi iona qiluvchi afandilarimizg‘a qiyosan faqir va yetim bolalarg‘a rahm va shafqatlari bori xudo va rasuldan va millatning rizolig‘i birlan dunyo va oxirat saodatlarig‘a havaskordan qarindoshlarimizg‘a bu to‘g‘rida naqadar iona va muruvvat ko‘rguzmoqlarni rijo va niyoz etamiz. Hamda har oyda jinni, fosiq, munofiq, koski, muflisi benomoz lo‘li, jo‘gi gadoylarg‘a bir tiyinlab, ikki tiyinlab, 40—50 tiyinni behudag‘a berguncha bir oydog‘i ehsonlarini jamlab, xoh oz, xoh ko‘p bu yetim bolalarin maktab mudiriga bersalar, naqadar bolalarni ilmu ma’rifatg‘a yetishmoqig‘a eng birinchi shafqatlu ota-onalaridan bo‘lur edilar. Dunyo va oxiratda ruhlari daryoyi rahmatda g‘avvos o‘lurlar edi, deb so‘zumni tamom qilurman. Lekin maktabda o‘quv boshlanmasdan avval iona qilmoqni o‘zig‘a farz darajalardan bilgan diyonatlik ba’zi ahboblarimiz har oyning oxirida yuboradurg‘on aqchalarini yozdurub qoldurg‘anlarig‘a manda alarg‘a chin qalbim ila tashakkurimni gazeta orqali e’lon qilub, va’dalarinida yozub o‘tuvni munosib ko‘raman. Toki shoyad har bir gazetani qo‘lig‘a olg‘an islom qardoshlarimiz islomiyatlari uyg‘onib, iona havasi va faqirlarning tarbiya orzusi ko‘ngillariga tushsa, xususan boyon va ahli davlatlarimizni.

Maktabi «Dor ul-aytom» uchun har oyda iona beruvchilarning ionalari va ismlari: birinchi, Hoji Abdulvohid domla Homid mahrum o‘g‘lilari — ellik tiyin.

Ikkinchi. Mulla Abdulaziz Abdurahmboy o‘g‘lilari — o‘ttiz tiyin.

Uchinchi. Mulla To‘rajon Ahrorxon o‘g‘li — ellik tiyin.

To‘rtinchi. Mirzohid Miroqilov — ellik tiyin.

Beshinchi. Mulla Abdulla qori Hakimov — ellik tiyin.

Oltinchi. Mulla Mirsalim qori — ellik tiyin.

Ettinchi. Mirusmon Muhammad Sobiriy.

Sakkizinchi. Mulla Mahmudjon Mirbarot qori o‘g‘li — qirq tiyin.

To‘qqizinchi. Mulla Ahmad Oxun hoji Muhammadboyev — ellik tiyin.

O‘ninchi. Mulla Abdurazzoq Mirsharif o‘g‘li — qirq tiyin.

O‘n birinchi. Bo‘ronboy Mirtojiboyev — qirq tiyin.

Yana ionaga qo‘shulganlari gazeta orqali e’lon qilinsa kerak.

«Sadoi Farg‘ona» gazetasi, 1914 yil, 17 sentyabr

II

[edit]

E’tizor

60-numera «Sadoi Farg‘ona»da «Maktabi «Dor ul-aytom» unvoni bilan bir maqola yozilgan edi. Shoyad o‘quvchilarimizning diqqatlarin jalb qilgan bo‘lsa kerak. Demak, maktabi «Dor ul-aytom» Shayxulislom guzarida muhtaram janobi Mulla Alixon hojining o‘z eshik oldidagi saroylarida bo‘lub, 6 oktyabr (27-zulqa’da) shanba kunidan e’tiboran o‘quv boshlandi. Agar-chi zamon bizni bundog‘ kanoraga majbur qilgan bo‘lsa ham to‘rt-besh qadamni og‘ir qo‘rmay yo‘qlab kelgan har bir talabalarimizni kamoli shafqat va muhabbat ila qarshi olub, unutmaslik darajada xizmatlar ila, inshoollo, mamnun va sarafroz qilmoqg‘a amin va umidvordurmiz.

Ushbu maktabga Ho‘qandning har bir tarafindan kelgan faqir va yetim talabalarni oyliksiz qabul qilinub, hatto ba’zi holsizlariga kitob, qalam, daftar ham maktab tarafindan berilur. Umid qilurmizki, ushbu chisla oktyabrdan maktabga kela boshlasalar. Va ham tubandagi maktabi «Dor ul-aytom»ga hadya qilgan zotlarni yozub xulus qalbimiz ila tashakkurimiza ado etamiz.

Birinchi. Maktabi «Vahobiya» muallimlari muhtaram mulla Abdulvahob Al-Ibodiy hazratlari o‘z asarlari — «Tahsili alifbo» risolasindan maktabga ketarlik miqdoricha hadya qildilar.

Ikkinchi. Mulla Mirsalim qori Hakimov janoblari «Etiqodot» risolasindan o‘ttiz dona hadya qildi.

Uchinchi. Muallim mulla Toshpo‘lat hazratlari 1 dona doska, 1 dona parta hadya qildilar.

To‘rtinchi. Nazirjon Muzaffarzoda — ellik tiyin.

Beshinchi. Habibquli Nabiquliyev — qirq besh tiyin.

Oltinchi. Mulla Nu’monjon Abduqodirboyev — ellik tiyin.

Ettinchi. Mirzaxon hoji Xonboboyev — ellik tiyin.

Sakkizinchi. Mulla Omonjon Abduljalilov — qirq tiyin.

To‘qqizinchi. Mulla Ahmadjon Muhammadsharifboyev — ellik tiyin.

O‘ninchi. Mulla Abdurahmon Muhammadquliboyev — ellik tiyin.

O‘n birinchi. Mirzajon Kamolboyev — ellik tiyin.

O‘n ikkinchi. Mulla Nosqrjon hoji Muhammadziyayev — ellik tiyin.

O‘n uchinchi. Samejon Muhammadziyayev — ellik tiyin.

O‘n to‘rtinchi. Abdullajon Muhammadjon attor o‘g‘li — ellik tiyin.

Yana hadya qiluvchi zotlarni «Mansuriya» kitobxonasiga marhamat etmoqlarin o‘tinamiz.

Mundan boshqa ham Ho‘qand yoshlaridan umidimiz zo‘rdir.

«Sadoi Farg‘ona» gazetasi, 1914 yil, 72-soni


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"