Jump to content

Mahmudxo‘ja Behbudiy (I)

From Wikisource
Mahmudxo‘ja Behbudiy (1923)
by Hoji Muin
334451Mahmudxo‘ja Behbudiy1923Hoji Muin

Maorif va madaniyat jihatdan keyinda qolg‘on har bir millatning bir kun «intiboh davri»g‘a yetishi tabiiydur. Yangigina uyg‘ona boshlag‘on millatlarning uyg‘onish davri qiziq voqealik bo‘lg‘onidek, ul davrning yo‘lboshchilari ham ibratlik mojarog‘a molik bo‘ladurlar.

Bizning Turkistonda uyg‘onish davri 1901nchi yildan boshlanadur. Biz hanuz uyg‘onish davridamiz. Bizdagi uyg‘onish va yangilik rahbarlarining biri va balki birinchisi shubhasiz Mahmudxo‘ja Behbudiy afandidur. Behbudiy afandi uyg‘onish davri va o‘zbek adabiyoti tarixida birinchi o‘rinni olurg‘a muvofiq bir zotdur. Ul yigirma yillik xidmati chog‘ida turlik yokdan turlik to‘sukliqlarg‘a yo‘luqub, ko‘b qiyinchiliqlar ko‘rdi va oxiri o‘zining tutqon ezgu maslagi yo‘lida qurbon bo‘ldi.

Behbudiy afandi 1901nchi yildan boshlab qo‘lig‘a qalam olib xalqni uyg‘otishg‘a kirishgan va umrining oxirig‘acha Turkistonning yangilik va yuksalishig‘a hormay-tinmay, talashib-tortishib xidmat qilg‘on birdan-bir fidokor yo‘lboshchimiz edi.

NASABI, VALODATI, TAHSILI

Mahmudxo‘ja Behbudxo‘ja o‘g‘lining birinchi bobosi Solihxo‘ja va ikkinchi bobosi Niyozxo‘jadur.

Behbudiy afandining yuqori bobolari turkistonlik mashhur Xo‘ja Ahmad Yassaviyga mansubdur. Behbudiyning ikkinchi bobosi bo‘lg‘on Qori Niyozxo‘ja Urganchdan bo‘lub 12nchi asri hijriy o‘rtalarida amir Shohmurod tomonidan qorilar yetishturush uchun Samarqandga kelturilgan. Ul modarzod ko‘r (so‘qur) bo‘lub, umrining oxirig‘acha qoriliq bilan mashg‘ul bo‘lgon. Behbudiyning ota-bobolarining hammasi qori (hofizi Qur’on) bo‘lub, qoriliq va ba’zi vaqt imomatchilik bilan umr o‘tkazganlar.

1868nchi yilda ruslar Samarqandni zabt etgach, Mahmudxo‘janing otasi Behbudxo‘ja o‘zining oilasini olib Samarqand uyazining Siyob bo‘lusidag‘i Baxshitepa qishlog‘ig‘a ko‘chub chiqqan va shunda 7 yil chamasi imom va xatib bo‘lg‘on. Behbudiy afandi shul qishloqda 1291nchi hijriy yilda Yunchi zulhijja oyida oqshom (1874 yil, mart) dunyog‘a kelgan.

Behbudiy afandi 6-7 yoshg‘a kirgach, o‘zining katta tag‘osi bo‘lg‘on Muhammad Siddiq huzurida o‘qub xat va savod chiqarg‘on, so‘ngra qori bo‘lmoq uchun otasi huzurida o‘qub, 3-4 yil ichida Qur’onni butun yodlag‘an. Buning bilan ham qanoatlanmay, o‘zining kichik tag‘osi bo‘lg‘on mufti mulla Odil huzurida dars o‘qurg‘a kirishgan. Arabcha sarf, nahvdan «Kofiya» va «Sharhi mullo»ni, mantiqtsan «Shamsiya»ni, fiqhtsan «Muxtasar ul-viqoya»ning birinchi daftarini va bir oz «Hoshiya»ni mazkur zotning halqai tadrisida o‘qug‘on, hisob ilmini ham (masohatg‘acha) shul kishidan o‘rgangan.

Behbudiy afandi yoshliq chog‘ida o‘tkur zehnlik va o‘qishg‘a juda havaslik bo‘lg‘on. Ustozining bir qatla o‘rgatishi bilan saboqini o‘rgana ekan. O‘zi g‘oyat halim, adablik, oz so‘zlik, o‘yun-kulguni sevmayturg‘on bo‘lg‘on.

MIRZOLIQ, MUFTILIK DAVRI, HAJ SAFARI VA FIKRINING OChILIShI

1311nchi hijriy yilida otasi o‘lgach, Behbudiy afandi o‘qishni tark etib biron kasb-kor qilishg‘a va o‘z maishatini o‘zi ta’min etishga majbur bo‘ldi. Samarqand uyazining «Chashmai ob» bo‘lusida yangigina qozi bo‘lg‘on tog‘asi Muhammad Siddiqning qoshida mirzolik xidmatig‘a kirib ishladi. Bunda qilg‘on ikki yilliq xidmati chog‘ida ul qozixona ishlari bilan oshno bo‘ldi.

Masoili fiqhiya, meros taqsimi va boshqa muftilikka tegishlik narsalardan xabardor bo‘ldi. Ikki yildan so‘ng tog‘asi qoziliqdan bekor bo‘lgonda Behbudiy afandi Kobud bo‘lusining qozisi mulla Zubayrning qozixonasig‘a mirzolikka kirib, bunda 1-2 oy o‘tmay muftilikka o‘tdi. Necha yillar shunda muftilik bilan kun kechirdi.

Behbudiy afandi 1317 (1899)da o‘zining do‘sti buxorolik hoji Baqo bilan haj safarig‘a chiqdi. Borish-kelishda yo‘lda Istanbul, Misr kabi katta shaharlarg‘a kirib, ulardagi ba’zi yangi-eski maktablarni, aynuqsa, Misrdag‘i «Jome’ ul-Azhar»ni ziyorat etdi. Qaytishda Misr va Istanbuldan turluk yangi kitoblar kelturdi. Bu muborak safar Behbudiy afandig‘a anchagina ibrat va intiboh berdi.

Hijoz safaridan keyin Behbudiy afandi Bog‘chasaroyda chiqaturg‘on «Tarjumon» gazetasini oldurub o‘quya boshladi. Ikkinchi yoqdan, turlik ilmiy, fanniy kitoblarning mutolaasi bilan ma’lumotini kengayturdi. Oz vaqtda dunyo siyosatidan va zamon ahvolidan xabardor bo‘ldi.

Behbudiy afandi bir necha yil (1901-1905 yillarda) fikriy inqilobg‘a uchrab, e’tiqodsizlanib yurgan bo‘lsa-da, lekin so‘ngra ko‘b mutolaa soyasida va har bir diniy, falsafiy masalalarni tekshirish natijasida e’tiqodini tashih va ta’dil etdi. Taraddud va shubhalardan chiqib, dindor va mahkam e’tiqodliq bo‘ldi.

XIDMATI QALAMIYaSI

Behbudiy afandining xalqqa qilg‘on xidmati ko‘pdur. Biz bundan faqat uning xidmati qalamiyasi to‘g‘risida qisqag‘ina yozib o‘tmak bilan kifoyalanamiz.

Turkiston o‘lkasida milliy gazeta yo‘qlig‘i va «Tarjumon» gazetasining shevasi og‘irligi ham Turkistonda keragincha tarqalmag‘onligi uchun Behbudiy afandi 1901nchi yildan e’tiboran Toshkandda chiqmakda bo‘lg‘on missioner Ostroumovning «Turkiston viloyatining gazeti»da maqola yoza boshladi. Bu gazetada doim ijtimoiy, ilmiy maqolalar bosturub, 1905nchi o‘ktabr manifestigacha xalqqa yangi fikrlar berib turdi.

5nchi yil o‘zgarishidan keyin Rusiya va Turkistonda turlik milliy gazeta va jurnallar chiqa boshladi. Behbudiy afandi bu gazetalarning ko‘bisida har mavzuda maqolalar yozib xalqqa rahbarlik etar edi. Duma va saylov masalasi ko‘zg‘alg‘onda, shul mavzug‘a oid kerak og‘zaki va kerak matbuot orqali xalqqa foydalik ma’lumot va ta’limot berib turdi. 1321 (1903)nchi yilda Samarqandda yangi maktablar osila boshlag‘och, Behbudiy afandi bir yoqdan xalqni maktab va maorifg‘a tashviq etganidek ikkinchi yoqdan bu maktablarda ona tilimizda kitoblar yo‘qlig‘ini ko‘zda tutub maktab uchun forscha va o‘zbekcha turlik kitoblar yozdi va ularni o‘z masorifi bilan bosib tarqatdi.

Birinchi martaba o‘z tilimizda xarita va tiyotr risolasi yozib tab’ va nashr etdi.

1913nchi yilda Samarqandda birinchi daf’a «Samarqand» otliq bir gazeta chiqardi. Bu gazeta moddiy jihatdan torliqda qolib 44nchi sonidan keyin yotishg‘a majbur bo‘ldi. Buning o‘rnida «Oyna» ismida haftalik bir majmua chiqara boshladi. Bu majmua kerak Turkistonda va kerak dunyo musulmonlari orasida yaxshigina shuhrat va e’tibor qozondi. «Oyna» majmuasi ikki yil chamasi davom etgandan so‘ng moddiy yoqdan siqilib to‘qtadi. Bu majmua tamoman 68 numer chiqdi.

Behbudiy afandi Kofkoz-Totoriston va Turkistonda chiqqan matbuotda doim adabiy, ilmiy, ijtimoiy va siyosiy maqolalar yozib turar edi. Uning maqolalari («Samarqand» va «Oyna»dan boshqa) tubanda otlari yozilg‘on gazeta va majmualarda bosilg‘on edi: «Turkiston viloyatining gazeti», «Taraqqiy», «Tujjor», «Xurshid», «Shuhrat», «Oziyo», «Turon», «Hurriyat», «Mehnatkashlar tovushi», «Ulug‘ Turkiston», «Najot», «Tirik so‘z», «Tarjumon», «Vaqt», «Sho‘ro», «Ulfat», «Irshod», «Toza hayot».

Bu 18 gazeta va majmualarda Behbudiyning ikki yuzga yaqin maqolasi bosilg‘ondurkim, ular bir yerga to‘plang‘onda 5-6 yuz betlik bir kitob bo‘lur. Behbudiyning mazkur gazeta va majmualarda bosilg‘on maqolalarining ko‘bisi muhim mavzularda yozilg‘on bo‘lub, hanuz eskirgan emas va bu kunlarda ham biz uchun dasturulamal bo‘laturg‘on foydaluk so‘zlardur.

Behbudiy afandi fevral va o‘ktabr o‘zgarishidan so‘ngra ham qo‘ldan kelaturg‘on xidmatlarini xalqdan ayamadi. O‘ktabr inqilobidan keyin rasmiy xidmatlarga kirishni istamagan bo‘lsa ham, lekin qo‘lidan kelgancha ishladi. Xalqqa yaxshi fikr va maslahatlar berib turdi.

Behbudiy afandi 1919nchi yil 25nchi martda yo‘ldoshlari Mardonquli va Muhammadqul bilan safarga chiqqanda (Buxoro tuprog‘ida) Qarshi shahrida Buxoro amirining zolim beklari tomonidan qo‘lg‘a olinib, vahshiyona suratda shahid qilindi, yoshi 45 da edi.

«Zarafshon» gazetasi, 1923 yil, 25 mart


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"