Jump to content

Ma’orif sho‘rosi diqqatig‘a

From Wikisource
Ma’orif sho‘rosi diqqatig‘a (1919)
by Abdulla Qodiriy
334232Ma’orif sho‘rosi diqqatig‘a1919Abdulla Qodiriy

So‘ylab o‘lturuvning ham luzumi yo‘qdurkim, bizim uchun bir-bir masaladan ham ilgariroq maktab masalasiga jiddiy qarab, kamchilik-etishmagan yerlarini takmil va isloh etmak maorifga cho‘l xalqimizning diqqatini shul nuqtaga jalb etmak kerakdir.

Boshqa ishlarga e’tiborsiz qaraganimiz kabi, bu maorif ishini ham muxmal qoldirsak vaqtidan isti’foda etmagan, tushimizga ham kirmagan yengiliklarga kufroni ne’mat etgan bo‘lurmiz.

Istibdod davrida biz musulmon yoshlarning kecha-kunduz maktab-maktab deya baqirdiqlarimizni ko‘z oldimizg‘a keltirsak, endi o‘shal vaqtda imtilgan amalimizni ko‘z oldimizda ko‘rarmiz. Ish shundog‘ ekan, endi ham tanballik etsak, butun mas’uliyat kelajak tarixda bizim ustimizda bo‘lur.

Mundan bir necha kunlar ilgari bir necha o‘rtoqlar ila musohaba etishmoqda edik. Musohiblar ichida ibtidoiy maktablarimizdan birining mudiri… afandi ham bor edi. Millatning istiqboli faqat maktablar ila porlayajag‘iga imon keltirdig‘imdan haligi afandidan hozirgi ibtidoiy maktablarimizning borishindan, bu yilgi qishga maktab hayotida hozirlikdan savollar berdim. Afandi shundoq javob berdi:

«Xalqimizning yangi maktablarga rag‘bati juda yaxshi. Maktabda joy yetishmaydir. Boshqa maktab muallimlarining holidin xabarim bo‘lmasa ham o‘zimizning muallimlarning o‘z vazifasiga tushunib harakat etuvchilar, deya olaman. Lekin yozuv asboblariga favqulodda ehtiyoj kechirmoqdamiz. O‘qush uchun yozuv asboblari so‘rab guruhlab «Maorif sho‘rosi»ga murojaat etsak ham, shu choqqacha bir natija chiqmadi. Maorif sho‘rosining bizga javobi «Shoshmang, barisi topilur»dan nariga o‘tmay bu yo‘lda harakat etdiklari ko‘rilmaydir. Agarda qish uchun qalam, daftar va boshqalar hozirlanmasa — ko‘ngilsiz natija berishi tabi’iydir. Chunki maktab bolalarining aksarisi ishchi-kambag‘al bolalari bo‘lib, bir dona daftarni 40-50 so‘mga, bir dona qalamni 30-40 so‘mga oluvlari g‘ayrimumkindur. Holbuki daftar bir bola uchun yolg‘uz birgina emas, darsga qarab olti-ettitacha lozimdir. Mana shu taraflarini o‘ylaganda bilmadim, maktablarimiz qishda ne hol kechirar. Ammo maorif sho‘rosini bu masalaga iltifoti boyagi».

Man bu so‘zni mundan ilgari ham bir muallimdan eshitgan edim. Endi buning ila ikkinchi bo‘ldi. Yozuv asbobi masalasi haqiqatan ham muhum bir masala bo‘lib, vaqtinda tadbiri ko‘rilmasa haligi afandining aytkanidek, yaxshilik ila natijalanmasa kerak.

Maktabdagi o‘quvchi shogirdlar kambag‘al kishilarning bolalari o‘ldiqdan daftar-qalamni o‘z yonlaridan oluvlari mumkin emas. Zo‘rg‘agina kunini o‘tkazib turgan ishchi xalq o‘g‘lining daftar-qalami uchun oyiga bir-ikki yuz so‘m chiqimdor bo‘lib bola tarbiya etuvi, boshqa millat ishchilari uchun bizga qaraganda ongli bo‘ldiqlaridan yengil bir ish bo‘lsa ham, bizning endigina shu yo‘lga oyoq boskan kambag‘al xalqimiz uchun oson bo‘lmasa kerak.

Bizning qora-nodon ishchilarimiz o‘g‘lining maktabi uchun oyiga bir-ikki yuz so‘m chiqimdor bo‘luvi esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri: «Man sening maktabingg‘a muncha chiqimdor bo‘lib o‘qita olmayman», deydirda, o‘g‘lini maktabdan olib, o‘quvdan mahrum etar. Bu bizim uchun tabiiy bir ishdir. Hozirda o‘quv asboblari bozordan topilib turgan bo‘lsa ham so‘ngroq topilmov ehtimoli ham bor. Ishchi bolalari yonlarindan daftar-qalam olganlarinda, oqchaga ham topilmay boshlasa tag‘i bir balo bo‘lur.

Shuning uchun «Maorif sho‘rosi»ning bu masalaga yaxshirok ahamiyat beruvi, albatta, lozimdir. Masalaning ahamiyatiga tushingan «Maorif sho‘rosi» balki muning gadosiga kirishkan chiqar, lekin bu holda bu ishga tadbirsiz qaramak, endigina yo‘lga qo‘yilgan ibtidoiy maktablarimizga o‘tkazilgan millat gullari bolalarimiz uchun bir jinoyat bo‘lur.

Ju-boy

«Ishtirokiyun» — 1919 yil, 23 sentyabr, 180-son


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"