Jump to content

Kislovodskda Ikromov nomidagi sanatoriya

From Wikisource
Kislovodskda Ikromov nomidagi sanatoriya (1936)
by Abdulhamid Choʻlpon
335397Kislovodskda Ikromov nomidagi sanatoriya1936Abdulhamid Choʻlpon

1932-yil oxirlarida O‘zbekiston XKSning tashabbusi va qarori bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xalq komissarligi qaramog‘ida O‘zbekiston sanatoriyasi ochilgan. Butun Rusiya kurortlar idorasi bizning sanatoriya uchun shaharning yaxshi va bahavo bir yeridan joy bergan. Durust, u joydagi binolarning ko‘p mazasi yo‘q; sanatoriyaning ikkala korpusi ham, agar yangilshmasam, ilgari xususiy kishilar (boylar)ning hovlilari bo‘lgan. Sanatoriya tuzulgach u binolarni naridan-beri sanatoriya talablariga uyg‘unlashtirganlar. “Naridan-beri” deganim asossiz emas: hali ham sanatoriyaning oshxonasi, qlubi va boshqa yordamchi joylari tarqoq va o‘z sha’niga uncha yarashmayturg‘an binolarda bo‘lunadi. Sanatoriya mudiri joy xususida Toshkent shahar sovetidan kam qiynalmaydi. Butun Rusiya kurortlar idorasi bilan qiling‘an shartnoma bo‘yicha 1932-yildan boshlab maxsus sanatoriya binosi solinishi kerak. Hozir 1936-yil bo‘laturg‘an bo‘lsa u masal hali ham ochiq turadi. Sanatoriyani berkitish kerak degan fikrlar borga o‘xshaydi. Bu fikrlar ham qat’iy emas, shu uchun sanatoriya mudirligi ertaga nima bo‘lushini bilmasdan, yolg‘iz bugun uchungina ish ko‘radi. Holbuki, bunday katta ishda istiqbolning ahamiyati katta. Shuning uchun sanatoriya o‘z taqdirini avvaldan uzul-kesil bilishi kerak.

Shu yil may oyining birida sanatoriya remontdan chiqib ochildi. Respublikamizning har bir tomonidan dardiga darmon qidirgan mehnatkashlar bora boshladilar. Ularning ko‘pchiligi – mamlakatimizning sharafli eranlari: staxanovchilar.

Kaganovich rayonidan bir cholni kurort bilan mukofotlanganlar. Uning nomi Jalil polvon Ismatillayev, “Obodon” kolxozining raisi. Bu kolxoz 1932-yildan beri paxta planini vaqtidan ilgari bajarib keladi. Bu yil esa Jalil polvon paxtasini 12 aprelda ekib bitirganda, birinchi chopiqqa odam tushurib, so‘ngra o‘zi dam olgali jo‘nagan. Polvonning qisiq kichkina ko‘zlari tinmasdan o‘ynaydi. Uning badani rohatda bo‘lsa ham, ko‘ngli besaranjom: “Markazga va’dani katta berganmiz. Va’daga vafo qilish kerak. Buning uchun tinmasdan ishlash lozim. Men bo‘lsam bu yerda o‘ynab yuribman. Yaxshi joy ekan, seroblari bor ekan, cho‘mulib yotibman. Ammo, mullaka, ko‘ngul tinchimaydi… tushimda ham talalarimni ko‘rib chiqaman…” deydi. Bir kun menga yana nimalar deydi. Bir kun menga yana nimalar deydi: “Mudirga aytsangiz, tezroq javob bera qolsa!”.

Jalil polvon kolxoz talasini yashnatish bilan birga kolxozchining maishiy talablarini ham unutmagan. “Qishloqimizda buzulib vayron bo‘lib ketgan bir hammom bor edi. Yangidan soldirganday qilib tuzattirdik. Hali rayondan ham ko‘p odamlar hammomlashgali bizning qishloqqa keladilar” deydi. Yangi maktab binosi bor, lekin kichikrak. Hozir g‘isht quydirilmoqda, maktab uchun katta bino solinmoqchi.

Kolxoz yo‘l binokorligi planining o‘ziga tegishli qismini to‘la bajarib keladi. Kolxozning 80 ta qo‘yi bor. Har kolxozchida yana bir nechta qo‘y bor. “Moli yo‘q kolxozchi kam qoldi, ko‘p bo‘lsa 5-10 dan oshmas. Bu yil ularni ham mollik qilamiz” deydi polvon.

Respublikamiz o‘zining bunday azamat o‘g‘ullari uchun har qancha qilsa yana oz!

Kislovodsk olisda bo‘lgani uchunmi, bilmadim – bizning Sog‘liqni saqlash xalq komissarligi tegishincha ahamiyat bermaydi. Shu yil ham remont bitishga yaqinlashg‘ani holda mablag‘ masalasi hal bo‘lgan emas edi. Birorta adabiy kecha o‘tkazish mumkunmi, yo‘qmi degan maqsad bilan fevral oyida Kislovodskka jo‘narkan Sog‘liqni saqlash xalq komissarligiga kirib, kurortlar boshlig‘i o‘rtoq Kamshenkodan sanatoriyadagi kasallarning milliy sostavini so‘radim. U o‘rtoq menga “bilmayman” deb javob berdi, “O‘sha yerga borib sanatoriya mudiri o‘rtoq Nazarov bilan gaplashing” dedi. U yerga borgan vaqtimda o‘zbeklardan 5-6 gina kishi bor edi. Kasallarning 60 prosenti o‘zbeklardan bo‘lsin deb xalq komissarlar sovetining qarori bor ekan. U qaror bu yil ham (chunonchi may oyida) bajarilgani yo‘q.

O‘tgan mavsumda kasallar sanatoriyadan, ayniqsa, ovqatdan nolir edilar. Bu yil ovqat uchun belgilangan pul orttirilgan bo‘lmasa-da, sanatoriyaning xo‘jalik qismida yangilanish bo‘ldi. Natijada ovqatlarning ancha yaxshilanganini aytdilar. Hozir kasallardan noligan kishiga uchramadim. Shunday bo‘lsa ham sanatoriyaning kamchiliklari bor, ularni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xalq komissarligi tashabbus ko‘rsatsagina yo‘q qilish mumkin. Har holda O‘zbekiston markaziy uyushmalari bu ishga jiddiy qarashlari darkor.

Cho‘lpon

“Qizil O‘zbekiston” gazetasi,

1936-yil, 30-iyun.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"