Jump to content

Kecha va kunduz/20

From Wikisource
334707Kecha va kunduz1936Abdulhamid Choʻlpon

Juma namozidan so‘ng tashqaridagi jamoat duv eta o‘rnidan turdi va fotihani kutmasdan o‘z ishiga ketdi. Ayvondagilar ham ularga qo‘shildilar. Unda-munda yakka-yarim kishilarning bo‘yinlarini quyi egib fotihani kutganliklari ko‘rilardi. Namoz duosi, undan so‘ng «duoyi xolis» o‘tkach, ayvon bilan tashqari tomon bo‘shadi, xonaqo ichidan ham yo‘tala-yo‘tala bir qancha ki­shi chiqib keldi. Ular ham chiqib bitgach, imom turib so‘z boshladi. Umuman, jamoat oldida gapirishni sevmaydigan, o‘zining imomlik vazifasiga ham juda rasmiy ravishda qaraydigan; uyidan jome’ga kelib, jome’dan uyiga qaytguncha faqat salom-alaykdan boshqaga og‘iz ochmaydigan, onda-sonda yangi kelinchakday muloyim va yumshoq yo‘talib qo‘yadigan ingichka ovozli domla-imom bir necha og‘iz so‘z qilib, sud raisining iltimosini rasman o‘rniga qo‘ydi va qaytib joyiga o‘tirdi. Shundan keyin xonaqodagilar asta-asta chiqa boshladilar. Hamma chiqib bo‘lgandan so‘ng, bir-ikki marta ingichka yo‘talib domla ham o‘rnidan turdi va eshikka tomon yurdi. Xonaqo ichi yarim qorong‘i edi. Eshik oldida qorong‘ilikdan birdaniga bir ovoz keldi:

– Taxsir, arzim bor edi…

So‘ylovchisi qorong‘ida qolib ko‘zga ko‘rinmaganligi uchun domla bu kutilmagan sharpadan cho‘chib tushdi:

– Astag‘furullo! – dedi domla shoshilib va orqasiga tisarilib qo‘lini ko‘ksiga olib bordi.

Qorong‘idagi odam yoriqqa chiqib kelib so‘zida davom qildi:

– Kechiring, taqsir. Akbarali mingboshini qaysi xotini o‘ldiribdi?

– Qanaqa odamsiz? Avval bir yo‘talib sharpa qilsangiz bo‘lmaydimi? Hayvon ekansiz-ku!

– Kechiring, taqsir, bilmabman.

– Bilmabman… Qachongacha bilmaysizlar, axir?

– Kechiring, taqsir, ayb menda. Akbarali mingboshining to‘rtta xotini bor. Bitta xotini mening ojizam bo‘ladi. Shunga so‘rovdim, taqsir.

Domla o‘zini to‘xtatdi va bitta-bitta bosib u odamning yoniga keldi, «e afting qursin!» degan ma’noda u odamga qaradi. So‘ngra dedi:

– Nomini unutibman… Qora paranjisi boridi… Vallohi a’lam, otasining nomi… bir narsa so‘fi… ha, Razzoq so‘fi… Razzoq so‘fi…

So‘fining nomini bir necha marta takrorlab xonaqo eshigidan chiqdi. Razzoq so‘fi esa rangi o‘chgan va qaltiragan holda eshikka suyanganicha qoldi.

Nihoyat, o‘ziga kelib machitdan chiqqach, uyiga ham xabar bermasdan o‘tkinchi bir aravaga yarim so‘m berib qishloqqa jo‘nadi. U yerda Hakimjondan boshqa hech kim yo‘q edi. Hakimjon bo‘lgan voqeani anglatdi va Zebi­ning tergovchilar va doktorlar kelgan kunning o‘zidayoq shaharga olib ketilganligini so‘zladi. Sud hukmidan Hakimjon ham bexabar edi.

– Nima qilaman endi men? – deb so‘radi so‘fi.

Uning ovozida ojizlik va alamzadalikdan kelgan bir qaltirash boridi. O‘lgudek ayanch qaltirash… Hakimjon so‘figa tikildi. Burungi so‘fidan, yaqindagina ke­lib bir hafta yotib ketgan so‘fidan asar yo‘q. Uning rangi machitning jaydari shamidek sap-sariq… go‘yo kasaldan yaqindagina bosh ko‘targan. Faqat Hakimjon sipohlikni qo‘ldan bermay og‘ir va keskin javob qildi:

– Nima qilardingiz? U yer, bu yerga arz qilib ko‘ring. Bu nozik zamonda arz qilishdan biron natija chiqarmikin? Nevlay-da. Bir sudning hukmini yuqoriroq bir sud buza oladiku-ya. Zamon nozik, ish nozik: shun­dan qo‘rqaman!

So‘fining undan keyingi so‘zi Hakimjonni butunlay shoshirib qo‘ydi:

– O‘rusga ham qiyin, – dedi so‘fi.– Unday usta amaldorni endi Chin-Mochindan topib kelmasa, bu yurtlarda topilmas…

Hakimjon hayron bo‘lganidan qo‘lini yoqasiga olib bordi va «so‘fi gapirayotirmi, yo boshqami?» deganday qilib yana so‘fining yuziga tikildi. Darhaqiqat, so‘fining o‘rnida uning ko‘lagasi yo arvohi singari bir nar­sa ko‘rinardi. Hakimjon bu daf’a so‘figa achingan bo‘lsa-da, javob berishda o‘sha sipolik yo‘sinini buzmadi:

– Odam tayin bo‘lgan. Indinga kelib mansabiga o‘tiradi.

– O‘rusga odam qahat emas ekan bo‘lmasa, – dedi yana so‘fi. Shundan keyingina Hakimjon so‘fining nimalar gapirayotganidan o‘zi bexabar bo‘lganini payqadi. So‘fi davom etdi:

– Kim u kishi?

Mana bu savol Hakimjonni yana shoshirib qo‘ydi. «Rost aytdimi bu odam yo meni maymun qilib o‘ynatadimi?» deb o‘yladi u, shu sababdan qo‘rsroq va jerkibroq javob berdi:

– Siz tanimaysiz! Zunnunboy degan! Oldin no­yib to‘raning xizmatida bo‘lgan kishi!

– Tadbirlik ekan bo‘lmasa, – dedi yana so‘fi.

Hakimjon so‘figa endi ochiq bir jirkanish bilan qaradi. So‘fi esa yig‘iga o‘xshagan bir kulimsirash bi­lan undan ko‘zini olmasdi. Yosh yigit chidayolmadi, shekilli, tez-tez bosib ichkari eshik oldiga borib qichqirdi:

– Fazilatxon! Mehmonga dasturxon chiqaringlar!

Ichkaridan javob bo‘lishini kutmasdan, haqorat ko‘rgan kishiday tappa-tappa bosib ko‘chaga chiqib ketdi.

Fazilat ichkaridan bir mis tovoqda non bilan mayiz ko‘tarib chiqqanda, tashqarida na Hakimjon bo­ridi va na so‘fi!

So‘fining arz qilib boradigan birdan bir mahkamasi yana eshonboboning xonaqolari edi. Dasturxonni kutmasdan darhol yo‘lga chiqdi va yarim yo‘lni arava bi­lan bosib, to‘ppa-to‘g‘ri xonaqoga bordi. Eshon yo‘q edi. «To‘yga ketdi» dedilar. Kutib o‘tirdi va o‘yga toldi:

«Eshonbobo nima qilsin? U kishi zakunchi edimiki, ariza bitib bersa? O‘rus tilini bilarmidiki, amaldorlar, sudlar bilan chiqishsa? Basharti, zakunchiga, amaldorga, sudga boriladigan bo‘lsa, hammasiga pul kerak, mo‘may-mo‘may pul kerak, menda unaqa pul yo‘q. Zebining orqasida endi qo‘lga pul tusharmikin deb umid qilardim, endigina kaftim qichisha boshlagan edi. Bu hodisa kaftimning qichig‘ini vaqtidan ilgari bosib qo‘ydi…

Eshonbobo xotirjam, bir chaqa ham bermaydilar. U kishi, albatta, beraman desalar-ku qo‘llaridan kela­di: har qanday katta zakunchining ishtahasini qondiradigan dunyolari bor. Faqat, nechoraki, u kishi berib o‘rganmaganlar, olib o‘rganganlar: «O‘rgangan ko‘ngul o‘rtansa qo‘ymas» deydi burungilar. U kishini berishga o‘rgatish qiyin! U kishi shuncha badavlat bo‘lib turib, eshikdan gadoy kirsa, qo‘liga qaraydi, «nazri yo‘qmikin?» deb.

Bu xabarni qizning sho‘rlik onasiga eshitdirish ke­rak hali! Mening ko‘nglim tosh-metin! Faqat, sho‘rlik onaning yolg‘iz bolasiga bo‘lgan mehri shunday kuchlik narsaki, undaqa tosh-metinlarga qarshi o‘z tosh-metinini irg‘itadi, balki bir irg‘itishda parcha-parcha qilib tashlaydi!.. Yo‘q, bu kecha uyga borib bo‘lmas. Bu kechani shu yerda tunayman. Eshonbobomga arz qilib maslahat so‘rayman. Bir narsa der, axir… Unday desam, ik­ki kundan beri uyga qaytganim yo‘q. Uydan «jumaga boraman» deb chiqqanman. Kampir nima o‘ylaydi? Hali­gi shum xabar qulog‘iga kirgunday bo‘lsa, turgan joyi­da qotib qolmaydimi? Yo‘q, borib ko‘nglini ko‘taray… Yo‘q! Har nima bo‘lsa ham, eshonbobom kelsinlar. Bir og‘iz aytib o‘tay, nima der ekanlar».

Nihoyat, eshonbobo keldilar. Kayflari chog‘, nash’alari baland, ovozlarida allaqanday bir sho‘xlik bor. «To‘yda qimiz ichganga o‘xshaydilar, – deb o‘yladi so‘fi. – Ko‘p ichsa, u ham odamni aynitarmish. Qishda qimiz nima qiladi? Hayronman… Xayr, o‘zlari biladilar».

Eshon bu voqeani eshitgan edi, lekin unga o‘z muridi Razzoq so‘fining aralashganini bilmasidi. So‘fi ko‘zlarida marvarid donalariday yirik-yirik yoshlari ko‘ringani holda, bilganicha aytib berdi. Pir kulib tu­rib (kulib turib!) eshitdi. Bu nash’alik kulish, bu kayfi chog‘lik, bu ovozdagi sho‘xlik hech nari-beri bo‘lmadi. So‘fi voqeaning eng qo‘rqunch joylarini aytib bergan vaqtida ham, eshonning yuz-ko‘zlarida hamon o‘sha sho‘x va o‘ynoq kulish jilvalanardi. «Men toshga gapirayotibman, shekilli» degan o‘yni o‘ylab oldi so‘fi: orqasidan darrov istig‘for aytdi… So‘zini bitirgach, so‘fi eshonning og‘ziga tikildi va «muborak» so‘zlariga muntazir bo‘lib qoldi. Eshonning sho‘xligi yana orta tushgan edi.

Xonaqo kuylarining eng sho‘xini olib, boshini to‘lg‘ay-to‘lg‘ay butun vujudi bilan silkina-silkina kuyladi:

Foniy dunyo be-esh kundir, be-esh kundir, ho-ov,

So‘filik ahdi-in sindur, ahdin sindur, ho-ov.

Billur qada-ahlar birla may so‘ngil, soqi-yey,

Xonaqo qaro-o tundur, qaro-o tundur, ho-ov…

So‘fining ko‘zlari olayib ketdi: bu – muridning o‘z piriga birinchi marta ko‘z olaytirishi edi.

– Taqsir, biron maslahat…

– Maslahat? – dedi eshon, xoxolab kuldi. – Odam o‘ldirgan bolaning otasiga qanday maslahat bo‘ladi, so‘fi? Bolasining yoniga nima uchun otasini jo‘natmaydi bu ahmoq o‘rus? Adolat bormi kofirda?!

So‘fining tanlariga birdaniga o‘t tutashganday bo‘ldi. Butun vujudi qizigan tanurday tobiga kelgan edi. Qo‘llari ixtiyorsiz balandga ko‘tarildi, mushtlari o‘z-o‘zicha tugumlandi… Bu musht pirning boshiga tushmoqchi edi. Faqat, qarshidagi kim? – Pir! – Eshon! Eshonbo­bo! Yo‘q, unga qo‘l ko‘tarib bo‘lmaydi! Yana bir onda so‘fi suvday suyuldi, qorday eridi, oriyat oyoqlari bilan omonat yerni bosib tashqariga chiqdi…

Uyga borib indamasdan yotoqqa cho‘zildi, kampirning savollariga javob bermadi. «Yana fe’li aynibdi cholning!» deb o‘yladi kampir. U bechora hali voqeadan xabarsiz edi.

Erta bilan nonushta chog‘ida butun bo‘lgan voqeani yotig‘i bilan kampirga aytganidan keyin so‘fi kecha pirining boshiga tushmoq uchun ko‘tarilgan mushtning bu kun o‘z boshiga tushayotganini ko‘rdi. U musht shu qadar dahshatli ediki, «kechaning o‘zida o‘z joyiga tushirsam bo‘lar ekan!» deb o‘yladi so‘fi, achchig‘idan mushtini tishladi. Piyoladagi choyni yarim qoldirib ko‘chaga chiqqan vaqtida so‘fi o‘z-o‘zini taniyolmay qoldi. Oyoqlari xud­di tobut ko‘tarib borayotgan musulmonning oyog‘iday bir-biriga tegmasidi. Barmoqlari biri ochilib, biri yumilar, ichidan kuchli bir ovoz to‘lqini chiqib kelib ko‘cha o‘rtasida tomog‘iga yopishardi. Salom berganlar aliksiz, so‘rashganlar javobsiz qoldilar. Uning yaqinidan o‘tganlar mutloq turtildilar, dasturxon ko‘targan xotinlar hammasi deyarlik qarg‘ab o‘tdilar. «Jinnimi, nima balo?» degan ovozlar eshitildi, bu ovozlar so‘fining qulog‘iga «Kim jinni? O‘rusmi yo o‘zlarimi?» degan shaklda borib kirdi. Aravakashlarning «po‘sht, po‘sht!» degan ovozlarini «o‘lah, o‘l!» degan kabi ta’na shaklida eshitdi va xuddi yelkasi oldida to‘xtagan otning ko‘pikli tumshug‘iga qarab turib, «o‘zlari o‘lsin, o‘zlari!» deb so‘zlandi: aravakashlar aravalarini uning yonidan sekingina burib o‘tar edilar. Bozor o‘rtasida bir nonvoy obinon savatini tutdi, so‘fi ixtiyorsiz qo‘l uzatib ikkita nonni oldi, so‘ngra bir nafas o‘tmay nonni yana savatga qo‘ygach, nonvoyga qarab kuldi: «Men olaman ham, beraman ham, u kishi faqat olishni biladilar!» – dedi, yana yo‘lga tushdi.

Shundan keyin yurishini sekinlatdi, og‘ir-og‘ir o‘y surardi:

«Xudo – xudo bo‘lib turib – ham oladi, ham beradi, yo‘q-a, u ilgari jon beradi, keyin jon oladi. Yer, yer bo‘lib turib, ilgari rizq beradi, keyin jon oladi. Olgan beradi-da! Sen nimasan, pirim, sen? Xudodan zo‘rmisan? Yerdan kuchlimisan? Olasan, bermaysan. Olasan, bermaysan…»

Xonaqoda namozdan keyin «sukut»ga ketib, mudrab o‘tirgan eshonni Razzoq so‘fining telba hayqirishlari uyg‘otib yubordi. Eshon seskanib ketdi. Ko‘zini ochib u yoq-bu yoqqa qaraguncha bo‘lmasdan eshikdan baland ovoz bilan so‘zlanib Razzoq so‘fi kirib keldi. Og‘zidan ko‘pik sochib, boshlarini jerkib-jerkib so‘zlanardi:

– Xudo, xudo bo‘lib turib avval jon beradi, un­dan keyin jon oladi. Sen kimsan? Xudodan zo‘rmisan, taqsir?

– Bay-bay! Tiling kesilsin, badbaxt! Kofir!

So‘fi o‘sha xilda gapirganicha pirning boshiga ke­lib to‘xtadi.

– Yer jonidan – ilgari beradi, keyin oladi. Yer­dan ham kuchlimisan, taqsir?

– Nima bo‘ldi senga, so‘fi? Jinni bo‘ldingmi?

– O‘zlari jinni, taqsir, o‘zlari! Eshaklari jin­ni, itlari!..

– Hay, kim bor? Bolalar! – deb qichqirdi eshon, o‘rnidan turib orqaga tisarildi.

– Qochma, taqsir! Hovuchingni och! Men gadoy bo‘lsam ham, xurjunimning ikki ko‘zi to‘ladir… Sendaqalarni necha yil boqishga yarayman…

– Bolalar! – deb baqirdi yana eshon. O‘zi tisarilib-tisarilib borib xonaqoning bir burchiga qisilgan edi.

– Qo‘rqutmang, taqsir, bechora muridingizni. Men nima qildim sizga?

So‘fi birdaniga yig‘lay boshladi. Tashqaridan muridlar yugurib kelishdilar.

– Qayda qolding hammang? Chaqira berib tomog‘im yirtildi. Olib chiq bu jinnini! Suvga pish!

Muridlar hammasi so‘figa yopishdilar.

– Tegma menga! – deb bo‘kirdi sufi. – Men o‘rus sudidan qochib qutilgan kishi bo‘laman. Eshoningni sog‘ qo‘yamanmi men? A?

Muridlar istig‘for aytib, so‘fini qarg‘adilar.

– Tiling qursin, tiling uzilsin!

– Kofir!

– Nasora!

– Mardud!

Ko‘cha darvozalari taqa-taq berkitilgach, hovuzning qalin muzini teshdilar: so‘ngra so‘fini yalang‘och qilib ko‘targanlaricha hozuzga tashladilar. So‘fining tani shu topda Arabiston tog‘larining saratondagi toshlariday qizib yonardi. Unga xush yoqdi bu jazo… Suv ichida jinnilarday na’ra solib baqirardi. Muridlar kulishib qarardilar.

– Bas endi! – dedi eshon ichkaridan. – Endi ozroq xipchin!

So‘fini hovuzdan chiqarib olib ingichka novda bilan gavronladilar. Yalang‘och va nam badaniga tekkan behi savacho‘p «chirs!» eta ovoz chiqarardi. Zarblarning sanog‘i anchaga yetgach, so‘fi bir marta qattiq faryod ko‘tardi, shu bilan hushidan ketib muridlar qo‘liga yiqildi…

Undan keyin kuni bo‘yi karaxt bo‘lib yotdi. Kechasi isitma boshlandi. Ichkaridan chiqqan bir kosa qaynoq sho‘rvani muridning yuziga irg‘itdi. Shundan keyin muridlar yana kaltakladilar. Faqat, o‘zi isitma bilan yonib turgan odam kaltak zarbini sezmadi. U kaltaklar unga uqalashday tuyulgan edi. Erta bilan o‘ziga keldi, isitmasi tarqalgan edi. Horg‘in ko‘zlarini ochdi, kaltaklangan yerlarining achishganini sezdi. Qamish savacho‘pni kuydirib kulini bog‘ladilar, orom olganday bo‘ldi. Faqat, bu orom uxlamagan ko‘zlarining o‘tkir talabidan o‘zga emasidi. Uxlab ketdi.

Ikki kundan so‘ng u musichadek yuvosh va muloyim bo‘lgan edi. Tashqariga chiqib yurdi, muridlarga kulib qaradi. Faqat, gapga javob bermadi. Xayoli boshqa joyda, boshini chaypar, kulimsiragan ko‘zlari bilan muridlarga tikilardi. Eshonga aytdilar, «haydab yuboraylikmi?» deb so‘radilar.

– Yura tursin. Endi o‘zi bilib ketadi, – dedi u, kuldi.

Yana uch kundan so‘ng juma kuni erta bilan namozga turgan muridlar eshonning xonaqoda o‘lib yotganini ko‘rdilar. Soqollari yulingan, tomog‘ida chuqur barmoq izlari boridi. Xonaqoning bir burchida kichkinagina javonchada eshonning eng aziz kitoblari saqlang‘uchi edi: javon ochilgan, kitoblar ham ochilib-sochilib yotardilar. O‘sha yerdan bir necha uch so‘mlik va besh so‘mlik qog‘oz pul topib oldilar, ular ham sochilib yotardi.

– Ham joniga, ham moliga qasd qilgan ekan bachchag‘ar! – dedi bir murid.

Boshqalar ham boshlarini tebratib bu fikrga qo‘shildilar.

So‘fidan darak yo‘q edi.

Qurvonbibi jinni bo‘lib paranjisiz va yirtiq kiyimlar bilan eshonnikiga kelgan vaqtida, uni zanjirga bog‘laydigan odam ham topilmadi. Eshonning kat­ta xotini rahmi kelganidan muridlarga buyurdi: ular jinni xotinni tutib ichkaridagi katta tolga bog‘ladilar. Qurvonbibi bir nafas tinmasdan o‘zicha so‘zlanar, kim yoniga borsa, Zebini maqtab gapirar, uning dutor chalishi, ashulla aytishi, chok tikishi, to‘ppi bosishlarini hikoya qilar, yurish-turishlari, qaddi-qomati, bo‘ylari, ko‘zlari va qoshlarining chiroyliligini aytib, har kimdan «Qani mening Zebim? Qani Zebonam?» deb so‘rar, shundan so‘ng ho‘ngrak otib yig‘lab yuborar edi.

Qish chiqishga yaqin allaqanday qarindoshlari kelib uni olib ketdilar. Qorilar, domlalar, parixon, azayimxon, duoxon va boshqalarga pul berib o‘qitdilar, ko‘chirtirdilar, dam soldirdilar – foydasi bo‘lmadi. Hamon o‘sha eshonnikidagi singari har kimga qizini maqtab gapirar, so‘ngra ho‘ngrak otib achchiq-achchiq yig‘lagach, «Yoriltosh» kuyida o‘zi to‘qigan baytlarini o‘qirdi:

Zebi, Zebi, Zebona,

Men ko‘yingda devona.

Seni sotdi o‘z otang,

Men bo‘layin sadag‘ang!

Zahar qilib oshingni,

Pirim yedi boshingni!

Zebi, Zebi, Zebonam! Qayda qolding, dilbarim?..