Kecha va kunduz/06
Saltanatning onasi Zebi to‘g‘risidagi tashvishni uning onasiga astagina eshitdirib ketgandan keyin, bir kun o‘tib, Razzoq so‘fi qishloqdan keldi.
U eshikdan kirar-kirmas to‘y to‘qqizini xotiniga uzatib:
– Qizing qani? – deya so‘radi.
Bu shoshilish savol sho‘rlik onaning bag‘riga tikondek botdi. Rangi darrov olindi…
– Nimaga indamaysan, hay fitna? Nima bo‘ldi senga? – dedi so‘fi. Xotinining bu ahvoliga u ham qunt qilgan edi.
Qurvonbibi tutilib, zo‘rg‘a-zo‘rg‘a gap epladi:
– Shu yerda… shu yerda… qizingiz… – dedi u.
Uch bo‘lib aytilgan shu ikki og‘iz so‘zda ham besaranjom bir jadallik boridi. Erining biror narsa deyishini kutmasdan, bechora xotin boyagi besaranjomlik bilan qatorasiga uch savolni chizib tashladi:
– Nimaydi? Nimaga so‘raysiz? Chaqirib beraymi?
Bir-bir ketin va shoshilish berilgan bu uch savol bir onaning qalbida yolg‘iz bolasiga qarshi qanday zo‘r muhabbat saqlanganini Razzoq so‘fiday bir odamga ham keragicha ko‘rsata olgan edi. U yasama bo‘lsa hamki kulimsiraganday bo‘ldi.
– Qizim bo‘ladi-yu so‘ramaymanmi? Qiziq ekansan… Uyga joy qil, jindak orom olay. To‘yga borgan odam uyqudan qoladi…
Qurvonbibi endi o‘ziga kela boshladi.
– Kim to‘y qilibdi?
– Badavlat bir odam. Katta osh tortibdi lekin! Hast eshonimizni chaqirgan ekan, hammamiz birga bordik… Qiyomat suhbatlar[efn_notes]Eshonlarning zikr majlisi (muallif izohi).[/efn_notes] bo‘ldi!
Lekin onaning ko‘ngli hali ham tinchimagan edi:
– Zebini nimaga so‘rovdingiz? – dedi yana.
Endi bu safar so‘fining achchig‘i keldi va birdaniga:
– O‘z qizimni so‘rayolmaymanmi! – deb baqirdi.
– Ha, bo‘pti… bo‘pti… Baqirmay qo‘ya qoling! – dedi kampir va shoshilganicha uyga kirib ketdi.
Hovlida – hovuz bo‘yida kashtasini tikib o‘tirgan Zebi otasining kelganini payqamagan edi. Faqat, bu so‘nggi baqirish uning qulog‘iga alayno borib yetdi, hatto «o‘z qizimni…» degani juda aniq eshitildi. Shundan so‘ng ko‘ngli bezovta bo‘lib, darhol o‘rnidan turdi. U bu yoqqa chiqqan vaqtida chol-kampir uyda edilar. Shu uchun u astagina so‘richaga borib o‘tirdi va ikki ko‘zi uyning eshigida, bilinmagan bir ko‘ngil qoraligi bilan onasining chiqishini kuta boshladi…
Uyga kirib eshiklarni berkitdirgandan keyin Razzoq so‘fi so‘z ochdi:
– Zebi qachon keldi?
– Siz ketgan kuni…
– Ikki kunga deb ketgan narsa necha kun yurdi, bilasanmi?
– Eshonoyim qo‘ymabdilar…
– Eshonoyim!.. Mendami ixtiyor, eshon oyimdami?
– O‘zingiz, axir, «mayli, eshonoyimning ra’ylariga qarasin» demabmidingiz?
– E, ra’ylari qursin, ra’ylari! Yosh bolani bir hafta-o‘n kun saqlaydimi?
Kampir nima deyishni bilolmay qoldi. Kechagina butun ixtiyorni eshonoyimga berib qo‘yib, bugun eshonoyimning tabarruk ra’ylarini ham so‘kib o‘tirgan bu johil so‘figa nima deb bo‘ladi? Har nima bo‘lganda ham, bolasini qo‘rish o‘z zimmasiga tushgan kampir gap topib javob qilmoqqa majbur edi.
– Shuncha vaqtdan beri uyda o‘tira berib yuragi siqilgandan keyin, yosh narsa, uch-to‘rt kun yayramaydimi? O‘zingiz ko‘chadan kirmaysiz-ku!
– Menday bo‘lganda yuraversin! – deb baqirdi so‘fi.
Kampir ham bo‘sh kelmadi, ovozini ko‘tara turib:
– Sizday bo‘lganda ham xotin kishi biror joyga chiqa oladimi? – dedi. – Bu ro‘zg‘or o‘lgurga kim qaraydi? Tanur qizitib non yopadimi erkak degan narsa? Yoyosh narsani sil qilib ajalidan besh kun burun o‘ldirmoqchimisiz?
Asta-asta avj olayotgan bu tajang ovozlar allaqachon Zebining qulog‘iga yetib, uning talvasasini beshbattar ortdirmoqda edi. U chidayolmadi: so‘richadan turib kelib uy darpardalaridan birining takkinasiga o‘tirdi. Endi uyda o‘tayotgan gaplarning har birini uning quloqlari bitta-bitta ovlab borardi.
– Ko‘p valaqlamasang-chi, fitna! Quloq-miyamni yeding-ku! Jahlimni chiqarma, ha!!!
Erining o‘lgudek badjahl ekanini Qurvonbibi yaxshi bilardi. Bu so‘nggi tanbehni eshitgandan keyin hatto Zebi ham tashqarida o‘tirib bir tomondan onasining tashvishini torta boshlagan edi. Kampir birdaniga ovozini pastlatdi va mumkin qadar o‘zini bosib turib so‘radi:
– Xo‘p, mana, shovqin solmayin. Siz ham yotig‘i bilan gapirib bering: nimaga tashqaridan kirar-kirmas Zebini so‘radingiz? Bir gap borga o‘xshaydi…
Birdan bu qadar pasaygan ovoz Zebining ko‘nglini onasi xususida bir qadar tinchlatgan bo‘lsa-da, ikki o‘rtada o‘tayotgan va o‘ziga taalluqli gaplarni ochiq eshitdirmaganligidan uni yana umidsizlikka tushirib, ikki ko‘zini eshik tomonga telmirtmoqqa majbur qilgan edi.
– Beriroq kel! – dedi Razzoq so‘fi.
Oddiy ovoz bilan aytilgan va Zebiga aniq eshitilgan bu ikki og‘iz so‘zdan so‘ng uydagilarning ikkovi ham pichirlashga ko‘chdilar. Endi Zebi hech narsani eshitolmay qoldi. Qancha zo‘r berib qulog‘ini darpardaga qo‘ysa ham, darpardaning sekin g‘ichillashi bilan birga chol-kampirning pichirashgani eshitilar, lekin nima deganlarini sira uqib bo‘lmas edi.
Qurvonbibi erining qarshisiga borib o‘tirgach, so‘fi davom etdi:
– Juvonmarg Zebing qishloqqa borib ashullani toza qo‘yganga o‘xshaydi. Qishloq odamlaridan ko‘p gaplarni eshitdim… Oma-lekin tutib olib o‘ldirsam ozlik qiladi juvonmargingni!
Shu yerga kelganda ona bechora bir narsa demoqchi bo‘lib edi, Razzoq so‘fi baqirib berdi:
– Gapdi eshit!..
So‘fining «tutib olib o‘ldirmoqchi bo‘lganini» chala-puchuq eshitgan va bu keyingi baqirishdan esa tamom xabardor bo‘lgan Zebi otasining aytadigan qo‘rqinch gapini bir on avval eshitmoq uchun entikardi. Faqat, so‘fi yana pichirlashga tushdi:
– Mingboshining yoni-verida yuradigan bir-ikki kishi meni xoli topishib, qiz o‘lguring to‘g‘risida ehtiyot bilan gap ochib ko‘rishdi…
– Kimga? – deb so‘radi kampir hovliqib.
– Kimga bo‘lardi, mingboshiga!
– Qaysi mingboshiga?
– Akbarali mingboshiga! Sen tanimaysan uni…
Kampir o‘zini tutolmadi. Yuragining hovliqqani ovozining ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi:
– Mingboshi bo‘lsa, xotini bordir? Xudo urib, kundosh ustigami?!
Bu besaranjom savollar qizning qulog‘iga juda aniq eshitilgan edilar. U ikkala qo‘lining qanday qilib ko‘kragiga borib qolganini o‘zi ham payqayolmadi… Endi uning yuragi notob bo‘lgan kabi juda sust urmoqda, rangi oqargan, butun vujudi latta kabi bo‘shashgan edi… Devolga suyanganicha behol o‘tirib qoldi.
Miyasida uch-to‘rt kun burun o‘tgan voqealar jonlandi. Mingboshining daranglagan uylari… Sertakalluf ziyofatlar… Bir-biri bilan bu qadar inoq bo‘lib ko‘ringan kundoshlar… Sultonxonning birdaniga oradan yo‘q bo‘lib qolishi… So‘ngra mingboshi to‘g‘risida har kimlardan eshitgan gaplari quloqlarida jaranglay boshladi: u – o‘lgudek xotinboz… u – uch xotin olib, birgina qiz ko‘rgan… Shuning alamiga chidayolmasdan o‘zini har baloga uradi… Davlati, boyligi – hech narsasi tatimaydi… O‘zi o‘lgudek xunuk, badbashara… Odam ko‘rsa qo‘rqadi… Shunday bo‘lsa ham, qanday chiroyli va momiqday qayliqlari bor… Bechoralarning sho‘ri…
So‘ngra birdan uning esiga aravadagi voqea kelib tushdi: Saltanatxonning birdaniga «mingboshi» deya baqirishi… shu barobar rangi o‘chib, o‘zidan ketib yiqilishi… Ko‘zini ochgandan keyin hammaga bir-bir qarab olib, bunga kelganda uzoq tikilib, keyin birdaniga o‘zini buning quchog‘iga tashlagani… So‘ngra ilgari kunigina Saltanatxonning onasi kelib, buning onasi bilan allanimalarni visir-visir gaplashgani… Shundan beri o‘z onasining bunga har daf’a ayaganday bo‘lib qarashlari…
Oh, shu topda Saltanatxon bo‘lsaydi! Shu sirlarni ochib berib, buning ko‘nglini tinchlatarmidikin? Balki, bu sirlarni u ham bilmas?.. Bilsa aravada aytmasmidi? Yo‘l qo‘yi gaplashib kelib hech narsa demadi-ku. Yo yashirarmikin? Yashirsa, uning do‘stligi qayerda qoldi? Bunaqa odam do‘st bo‘larmidi, qalay!
Bu o‘ylar Zebini jon o‘rtog‘idan farsahlarcha yiroqlarga olib ketdilar. Endi u na Saltanatxonning kular yuzlariga ishonadi, na Enaxonning… Shu topda u – ojiz bir maxluq, qo‘li bog‘liq bir qul, hech bir ishonadigan kishisi yo‘q, yolg‘iz va g‘arib…
Faqat, birgina kishining uyda o‘zi uchun kuyib gapirganini o‘yladi, shu narsa uning ko‘ngliga taskin berdi. Ona, yolg‘iz ona… Johil va bag‘ritosh bir otaning chegarasiz qaysarligi va teskariligi oldida ojiz bir xotin… nimjon bir ko‘ngil…
Ichkarida suhbat davom etmoqda edi. So‘zning ketishiga qarab ovozlar dam ko‘tarilar, dam bosilardi.
– Siz nima dedingiz, siz? – deb so‘radi kampir.
Uning bu savolidan ochiq bir bezovtalik sezilardi: «Bu so‘fi o‘lgur unab qo‘ymadimikan?!»
Razzoq so‘fi indamasdan miyig‘ida kulimsirab turardi. Bu kulimsirashda bir mug‘ambirlik asari, «men bo‘laman-u indamay qolamanmi?» degan ifodalar boridi… Kulimsirash bilan yana ham xunukroq kepataga kirgan basharasini kampir tomon ko‘tarib turib:
– O‘sha betavfiq, benamozga qiz beramanmi, qalay? – dedi.
Bu so‘zlardan so‘ng kampirning ko‘ngli biroz o‘rniga tushdi.
– Xayriyat… shunday dedingizmi?
So‘fi bu daf’a nodon xotinini masxara qilib kuldi.
– Ahmoq! – dedi u. – Ularing allaqaylardan daromad qilib kelib zo‘rg‘a ipning uchini chiqaradi-yu, men «yo‘q!» deb «tomdan tarasha tushganday» javob beramanmi?
– Ha, nima dedingiz?
– Ishqilib, mingboshi bilan quda bo‘ladigan joyim yo‘qligini yaxshi bilishdi… Yana nima kerak?
Suhbat tamom bo‘lib, kampir tashqariga chiqqanida, Zebi holsiz va darmonsiz darparda yoniga cho‘zilgan, uning hali juda yosh va jonli ko‘zlarida ko‘p yillik mehnat va qiynalishlarning og‘ir bir horg‘inligi ko‘rinardi.
Razzoq so‘fining behuda taqvodorlikka suyangan so‘zlari va Qurvonbibining qayta-qayta ishontirishlari ila Zebining ko‘ngli bir qadar tinchlandi. Hovuz bo‘yida, yosh tollarning ko‘m-ko‘k bargchalari ostida, hali ham allaqanday belgisiz bir tashvish va hadiksirash bilan jizlab yotgan ko‘ksini yumshoq shabadaga berib kashtasini tikarkan, uning g‘amli ovozi g‘amli kuylarni shabadaga qo‘shib olislarga uzatardi. Arava bilan u yoq-bu yoqqa qatnaydigan O‘lmasjon o‘sha kundan beri yo‘lni bu tarafga solganligidan, bu g‘amli ovoz uning qulog‘iga ham ba’zi-ba’zida kirib qolardi. Yosh yigit otining qorinbog‘isini mahkamroq bog‘lash bahonasi ila aravani devol yoniga to‘xtatar, qo‘li ot tegrasida aylangani holda butun vujudi devol oshib o‘tayotgan qadrdon va yoqimli unni ovlashga tirishardi. Bir kun qamchisi belida bo‘lgani holda, devol osha ko‘ringan toldan xipchin sindirmoqchi bo‘lib arava ustiga chiqdi, unda ham bo‘yi yetmagach, tinch turmagan kegaylarga oyoq qo‘yib g‘ildirakka tirmashdi… Bir qo‘li bilan devolga osilib, yana bir qo‘lini tolga uzatgan vaqtida ko‘z uchi Zebiga tushdi: bu vaqtda sayrashdan to‘xtagan u tutqun qushcha butun mehrini kashtaning ilang-bilang kunguralariga qo‘ygan edi. O‘tgan-ketganlar gumonsiramasin deb, yigitcha ko‘z uchi hamon hovuz bo‘yida bo‘lgani holda, bir qo‘li bilan kichkina bir tol novdasini sindirishga urinardi. Nihoyat, kichkina novda qirs eta singach, Zebi ham boshini ko‘tarib qaradi, devolda erkak kishining qo‘lini ko‘rganidan keyin:
– Voy, o‘laqolay! Erkak kishi! – deb qichqirdi…
Va ov yegan qushday, kashtasini tashlab ichkari tomonga qochdi. Bu xil natijani sira kutmagan yosh yigit, gavroni qo‘lida, hayron bo‘lib qoldi. Faqat, o‘sha topda ko‘chadan o‘tayotgan bir taqvodorning:
– Hoy bola, tush bu yoqqa! – degan sovuq ovozi uni sarosimalikdan uyg‘otib yubordi…
G‘ildirak ustidan o‘zini aravaga tashlagan vaqtida, taqvodor yo‘lovchi hali ham so‘ylanmoqda edi:
– Qanday behayo bolasan! Kap-katta to‘ng‘izday bo‘lib qolibsan-u, sharm-u hayo qilmasdan nomahram bor hovliga qaraysan-a! So‘fi ko‘rgunday bo‘lsa, «go‘sht ketti!» qiladi. Ha!!!
Yosh yigit ikki beti qip-qizargan holda eshitilar-eshitilmas bir ovoz bilan zo‘rg‘a-zo‘rg‘a:
– Otimga gavron sindiray degan edim-da… – deya oldi.
So‘ngra noumid qarash bilan yana bir marta devol tomonga ko‘z yugurtgach, arava ustidan otga hatlab yo‘liga ketdi.
So‘nggi xabar bilan yuragi siqilganini bahona qilib, bir kun Zebi ham Saltanatxonlarnikiga yo‘l oldi. Zebi oldida o‘zini aybdor sanagan va shu uchun ko‘ngildan xijolat tortgan Saltanat o‘rtog‘ini ortiq darajada zo‘r hurmat bilan qarshi oldi. Uning o‘z o‘rtog‘iga qilgan muomilalarida hatto «pistoqi ta’zim» qabilidan bir turli yasamalik asarlari ham ko‘rilardi. Qishloqdagi voqealarning tagidan bexabar bo‘lgan Zebi Saltanatning bu qadar mehribonlashganini – o‘z ko‘nglida – boshqa narsaga yo‘yar va… chin ko‘ngildan xursand bo‘lardi. Nima uchun xursand bo‘lardi bu yosh qiz? U bilardikim, O‘lmasjon Saltanatlar oilasining yon qo‘shnisigina emas, balki ona tomonidan bir qadar qarindoshi va bu xonadonning eng qadrdon bolasi. So‘ngra Zebilar oilasi singari bu oilada ham erkak bola yo‘q, shu uchun qo‘shni va qarindosh bo‘lgan bu bola hamma vaqt shu hovlida, u hovlidan ko‘ra ko‘proq bu hovlining dastyori va yugurdagi. U bola endi kap-katta yigit bo‘lib qolgan… Hozir uylantirish to‘g‘risida ayni og‘iz soladigan vaqtlari… Saltanat o‘zining bu sevimli qarindoshiga bu sevimli o‘rtog‘ini olib bermoq istamaydimi? Saltanatda bu istak bo‘lgandan keyin, uni onasi bilan katta onasi bilmay qoladimi? Onasi bilan katta onasi Zebini yomon ko‘radilarmi? Yomon ko‘rsalar, o‘z qizlarini unga muncha jonajon o‘rtoq qildirib qo‘yarmidilar? Zebi Saltanatdan ko‘rgan ixloslarini, oyo, uning onasidan va katta onasidan ko‘rmaganmi? Ayniqsa, shu safar? Bu safar Saltanat uning tegrasida gir-gir aylangan bo‘lsa, u ikki keksa xotin o‘z yoshlariga yarasha pirpirashgan emasmi? Zebiday bir qizning kelin bo‘lib kelishini kim istamaydi? Qaysi hovli Zebini o‘z quchog‘iga olishdan tortinadi? Uchta xotin ustiga mingboshi ham tolib bo‘libdi-ku!..
Bechora qizning butun bu shirin xayollari shu birgina «mingboshi» so‘zi kelib chiqishi bilan birvarakasiga parishon bo‘lib sochiladi, to‘kilgan tariq kabi har tomonga tizg‘irab ketadi. Haligi shirin xayollar bilan kulib, to‘lib, cho‘g‘day qizarib turgan yuzlari garmsel tekkan ekin kabi bir nafasda so‘lib, o‘lib, uchug‘day bo‘zarib qoladi…
Har qalay, sevimli o‘rtog‘idan va uning onalaridan ko‘rgan ixlos va xurmatlari uchun – haligi mulohaza orqasida – Zebi xursand, uning xursandligini ko‘rib, o‘z gunohlarining kechirilganini yo bo‘lmasa ancha yengillashganini o‘ylagan Salti va uning onalari xursand… Ikkala tomon ham bir-birining ko‘nglidan bexabar, shu xilda xursandlikka ko‘mildi.
Zebining bu xursandligi, albatta, kuzatgan maqsadiga erishmoq bilangina poyidor bo‘lardi. U maqsad ham dovon oshuv qadar zo‘r bo‘lmasdan, nihoyati devolga osilib gavron sindirgan yigitni bir ko‘rishdan iborat edi… Faqat, chorbozorchi bilan aravakashni uyida uchratmoq oson narsami? O‘lmasjonning aravakashlikka kirishganiga faqat to‘rt oy bo‘ldi, lekin shu to‘rt oy ichida to‘rt marta butun kecha-kunduzni uyida o‘tkaza oldimi? Sahar chiqib ketadi, yarim kechada kirib keladi, agar olisga ketmasa! Olisga ketsa, ikki-uch kun o‘tkazib keladi. Bolasining darbadarligiga achingan ona o‘sha kuni – Zebi Saltanatlarnikiga borgan kuni:
– Hunar bo‘lmay o‘lsin! – deya so‘zlandi. – Bolam bechoraning yuzini kun yorug‘ida ko‘rolmayman! Ishlab-ishlab topgani nima? Topib keltirgani nima? Ro‘zg‘orga yuq bo‘lmaydi… Qaymog‘ini karvonboshi yalaydi, alvatta. Bu sho‘rliklar yurgani-yurgan, qatnagani-qatnagan, karvonboshi og‘zining yeli bilan topadi… Shuyam insofmi?
Bunga otaning g‘ashi keldi:
– Muncha javraysan, hay! – dedi. – Shukur qilsang-chi! Qimorboz bo‘lib, bor-yo‘g‘ingni «gartkam»ga bersa, nima qilarding? Ahmadalining katta o‘g‘liday butun ro‘zg‘orini ichkilikka sovursa, nima qilarding? Hali ishga kirganiga to‘rt oy endi bo‘ldi. Haligacha oz topgan bo‘lsa, mundan nari ko‘p topar. Hali yosh, ishlasin ozroq… Mehnatsiz rohat bormi, qalay!
– Ishga kirganiga to‘rt oy bo‘ldi-yu, to‘rt yillik charchadi bolam! – dedi ona.– To‘rt yillik qaridi bolam! Bola tug‘ish, katta qilish osonmi? Ko‘cha-ko‘yda yurib gapira berasizlar-da! «To‘rt oy endi bo‘ldi-ya!..» Og‘zingizning bir chekasidan chiqadi!.. Yo‘q, aravakashligi qursin! Boshqa ishga beramiz… bo‘lmadi bu. Boshini yesin karvonning!..
– Boshqa ish oson deysanmi? – deb e’tiroz qildi ota. – Dunyoda oson ish bormi? Puling bo‘lsa, davlating bo‘lsa, og‘zing bilan gapirib topsang… qani endi… Bu davlatni xudovandikarim hammaga bermas ekan! Berganga berar ekan!
Ona bo‘sh kelmadi:
– Bermadi deb yotaverasizmi? – dedi yana. – «Olma pish, og‘zimga tush!» bilan bo‘ladimi? Axtargan topadi! Istasangiz, bolangizga durustroq kasb ham topiladi. Sal mundoq dam olib yayraydigan bo‘lsin-da!
– Kechagina qizlar bilan qishloqqa borib, bir hafta o‘ynab keldi-ku!
Otaning shu «qizlar bilan» degan so‘zlari O‘lmasjon tenglik yigitlar og‘zidan chiqadigan darajada harorat va iliqlik bilan, turtib aytilgan edi. Ona darhol payqadi:
– Yoshingiz ellikka borib qolsa ham, «qizlar»ga qiziqmay o‘ling! «Qizlar bilan» deb bir moylab aytasizki! Shu aptingizga yana qiz olgingiz bor! Bo‘yiga yetgan o‘g‘lingizni o‘ylang avval!
Ota u tomonda qah-qah otib kuldi.
– Sen, – dedi u, – qishloqqa borib bir hafta yayrab kelganidan gapir!
Ona javobni darrov taxladi:
– Besh kun yayrab kelganiga men qancha narsa sotib berdim, bildingizmi? – dedi. – Uch ko‘ylaklik chit, ikki belbog‘, Saltanatxonning bir parang ro‘molini sotdirdim!
– Kimga berding pulini? O‘lmasing hali shuncha pulni yeb keldimi?
– Qayerda O‘lmas yeydi!.. O‘lmas bir chaqa ham yegani yo‘q. Ot-aravaning ijarasiga deb karvonboshiga berdim. «Endi bir oygacha bir chaqa ham bermayman senga!» degan ekan, bola sho‘rlik yig‘lagunday bo‘lib keldi. Unga javr bo‘lmasin deb, Saltanatxon ikkovimiz bisotimizdan narsa sotib to‘g‘riladik. Hech narsadan xabaringiz yo‘q, gapira berasiz-da!
Kulishdan to‘xtab endi jiddiylashgan ota yana e’tiroz qilib bir narsa demoqchi edi, darichadan Saltanat bilan Zebining chiqib kelishi uni boshini quyi solib ko‘chaga chiqib ketishga majbur qildi.
Zebi Saltanatlarnikida turib bu aytishuvning ba’zi joylarini eshitgan, o‘z boshiga balo keltirayozgan qishloq safarining bu yo‘qsul xonadonlar uchun juda qimmatga tushganini endi bilgan edi. Shuning uchun darrov o‘rtog‘idan koyidi:
– Qishloqqa hammamiz birga borib edik. Og‘irini o‘zingiz bilan O‘lmasjonning oyisiga tortdiribsiz-da! Men ham qo‘shilishardim-ku…
Saltanat ham o‘rtog‘inn darrov o‘z quchog‘iga oldi.
– Bitta ro‘mol ketdi, xolos, – dedi. – Uni ham mingboshinikidan o‘rab kelmadimmi? O‘ziniki o‘ziga bo‘ldi, jonim!
– O‘lmasjonning onasi-chi? – dedi Zebi. – Bechoraning uyi kuyibdi-ku. Yo‘q, o‘rtoq, ertaga men sizga bir narsa yuboraman! Albatta yuboraman!
Saltanat bu to‘g‘rida Zebidan hatto quruq so‘zning o‘zini ham eshitmoq istamas edi. Shu uchun darrov so‘zni boshqa tomonga burdi:
– Yuring, bo‘lmasa! O‘lmasjonning oyisini yupatib chiqaylik…
Bu so‘z bilan birga o‘rtog‘ining qo‘lidan tortib darcha tomonga boshladi.
Zebining ko‘ngli yana o‘ksib qoldi. O‘lmasjon kechadan beri yo‘q edi. Kech paytda kelarmikin deb qorong‘i tushguncha qolsa ham, boladan darak bo‘lmadi. Saltanat bilan onalari uni yotib qolmoqqa qistasalar-da, otasining qahridan qo‘rqib sira unamadi. Qorong‘i tushib qolganligidan, «yosh narsa yolg‘iz ketmasin» deb, bir kampirni qo‘shib berdilar. Bular darvozadan chiqib muyulishga yetganda, u yoqdan O‘lmasjon ko‘rindi: charchagan otini horg‘in-horg‘in qamchilab, asta-asta sudralmoqda edi. Ikkalasi bir-birini ko‘rishdi, tanishdi… Zebi ixtiyorsiz to‘xtab qoldi, O‘lmasjon ham o‘zi payqamasdan otining boshini tortdi… Faqat, na unisi bir narsa deya oldi, na bunisi ovozini chiqarishga botindi. Ular o‘rniga «nomahramlar qasdidan qo‘rish» vazifasini ustiga olgan kampir un soldi:
– Hay, nimaga to‘xtadingiz? – dedi Zebiga qarab. – O‘lmasjon, nimaga to‘xtading, bolam? – dedi unga tomon burilib.
O‘lmasjon javob eplay oldi:
– Sizni ko‘rib to‘xtadim, xola! – dedi u. – Yo‘l bo‘lsin kech kirganda?
– Mana bu mehmonni kuzatib borayotirman, – dedi kampir. So‘ngra, bir-ikki qadam bosgach, orqasiga qayrilib:
– Tez boring, oyingiz tashvish tortib qoldi! – dedi… Va Zebining ketidan yo‘lga tushdi. Zebi ham kampirdan qo‘rqib orqasiga qarayolmasdan, lekin ko‘ngli o‘ynagan va ikki tizzasi yengilgina qaltiragani holda tez-tez yurib ketdi.
Bu yoqda otiga serzarda qamchi bergan O‘lmasjonning horg‘in vujudi bu qaltis uchrashuvning guldirama olovida yonarkan, o‘zidan begona bo‘lib ketayotgan Zebining ko‘zlarida yirik-yirik marvarid donalari yiltirardi…