Jump to content

Hoshimjon

From Wikisource
Hoshimjon (1928)
by Botu
334114Hoshimjon1928Botu

Hoshimjon bu kun juda qayg‘uli. Ichiga chiroq yoqsang yorimaydi. Har tovush uning achchig‘ini qitiqlaydi. Ayniqsa, ko‘chada g‘irillab yurgan avtomabillarning g‘ut-g‘utlari uning asablariga larza beradi.
Hukumat avtomabillarida yurguchilarga qarshi turli fikrlar bugun Hoshimjonning miyasini ezadilar, qiynaydilar.
— Ulardan qay yerim kam? — deb Hoshimjon tishlarini g‘ijirlatdi. Biroq uning so‘rog‘iga javob bera turgan, uning holidan xabar ola turgan kishi uyda yo‘q. Hoshimjonning yolg‘iz o‘zi to‘rt soatdan beri sim krovatda yaslanib yotadi. Qosh qorayganda bir soat ham uyda turmaydigan kishining shuncha vaqt uyda qolishiga oddiy nazar solish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Zo‘r alam o‘tmagan bo‘lsa Hoshimjon bunday «go‘shanishin» bo‘lmasdi. «Jannat gullari»dan birini iskab kayfini chog‘ qila berardi. Lekin bugun boshiga tushgan kulfat uning bo‘g‘im-bo‘g‘imlarini bo‘shashtirib, eski ulfatlarni, o‘tgan rohatlarni esiga tushirib yubordi.
—Men bu mamlakatda qanday yaxshi ishlar qilmadim? Nega allakimlar ko‘tarilib keta beradi, ulardan qay yerim kam?
Mana bu so‘roqlar Hoshimjonning tushunchasiga tinchlik bermaydilar. Dunyoda 28 yil yashab, 28 tomchi yomonlik qilganini Hoshimjon bu gal ham eslab topolmadi. Ko‘ngliga dog‘ qo‘nmagan ma’sum yigit ekanini o‘zi yana tasdiqladi. Uning qadriga yeta turgan, tushunchalarini anglayturgan kishilar bu mamlakatda kamdan-kam bo‘lganligi ko‘nglini ezdi.
— Uf! Bu qanday zamon? Joningni ayamay ishlaysan, ishlaysan, bir kun ayblanib ishdan chiqarilasan… Mana mukofot…
Hoshimjonning bu so‘zlariga sim krovatigina javob berdi. Unga Hoshimjon e’tibor etmadi.

 * * *

Hoshimjon ko‘p yerda, juda ko‘p ishda bo‘ldi. Biroq bir yerda ko‘p vaqt ishlab yaxshi nom chiqarish unga nasib bo‘lmadi. Uning to‘g‘risida gapirganda kishilar «gap desang qop-qop, ish desang tog‘-toshlardan top» deb qo‘l siltaydilar. Hoshimjon ham shunday kishilarning hammasidan norozi edi. Kishilarning Hoshimjonga yomon qarashlarining sababini uning o‘zi faylasuflarcha tahlil qilardi. Sirdosh o‘rtoqlaridan bo‘lgan Aminxo‘jaga bir kun shunday degan edi:
—Do‘stim, sababini yaxshi bilaman, agar bir gala tovuq orasiga chetdan bir xo‘roz kelib kirsa, u yerda kekkayib yura turgan xo‘roz chidab turolmaydi. Kelgan xo‘rozni haydashga tirishadi. Bizning mahkamalardagi kishilar ham mana shunga o‘xshaydilar. Ish bilaturgan kishi mahkamalarga kirib qolsa darrov haydashga tirishadilar. Shuning uchun menga o‘xshaganlar sarson bo‘lib yuradilar… O‘lma, gaping juda to‘g‘ri! Aminxo‘ja har vaqt Hoshimjonning ruhini ko‘tarib yurardi.
Hoshimjon juda ongsiz emas, u o‘z foydasini juda yaxshi biladi. O‘z sirdoshlariga aytadigan falsafalarini har kimning oldida ocha bermaydi, kim bilan gaplashsa shuning ko‘ngliga yoqaturgan so‘zlarni aytishga tirishadi. Lekin uning o‘z so‘zi bilan aytganda «tolesizlik qurg‘ur yomon ekan-da».

 * * *

Hoshimjon millatchilar oldida o‘zini millatchi qilib ko‘rsatishga har vaqt tirishgan, birinchi va ikkinchi uchrashishda ularning yaxshi qarashini o‘ziga tortishga ham erishgan. Lekin uning og‘zi kattaligi, maslaksizligi ularni ham tez kunda qochirib yuborgan. Hoshimjon millatchilar bilan so‘zlashganda qo‘lini ko‘tarib yuqori tovush bilan aytadi:
— Men ruslar, juhidlar bilan ko‘p urishaman, sira chiqisha olmayman. Ular har yerda bizning o‘zbeklarning yo‘lini to‘sadilar. O‘zlari hamma yoqni egallab olmoqchi bo‘ladilar. Ularning hammasi millatchi. O‘rus va juhidlardan kommunist chiqishi mumkin emas.
Hoshimjon ruhoniylarga ham yaxshi ko‘rinishni istaydi. Ilgarilar din, Qur’on deb baqirib yurguchilar qatorida juda faol bo‘lgan. U 1920 va 1921 yillar — «Yangi imlo Qur’onni buzadi, yangi imlochilar dahriylar» deb gap tarqatib yurganlarning biri edi. Hoshimjonning o‘zi bir necha jumlani to‘g‘ri yozishni bilmasa ham, yangi imlo nima ekaniga tushunmasa ham qarshi chiqa bergandi. Ayniqsa, 1921 yilda arab harflarining o‘rniga lotin harflarini olish degan xabar chiqqanda Hoshimjon o‘zini yo‘qota turgan darajada achchiqlangan edi.

 * * *

Hoshimjon inqilob bo‘lgan yildan boshlab to shu vaqtlargacha ancha narsa ko‘rdi. O‘zi ko‘p shaharning boylari taniyturgan uyda tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa ham inqilobning boshlarida jadid o‘rtoqlarining ko‘magi bilan tuzuk-tuzuk ustallarga ega bo‘lib, baqirib yurdi.
Hoshimjon beliga nagan, to‘pponcha taqib yurgan vaqtida Qobilxon boyning chiroyli qizini xotinlikka olib, birinchi yosh xotiniga javob berib yubordi.
Qobilxonboy qizini Hoshimjonga berib ziyon qilmadi. Uning «soyayi davlati»da Qobilxonboyning uy-joy, pul-moli butun qoldi, boyligiga zarar kelmadi.
Hoshimjon bu kunlarning oxiri borligiga ishonmasdan ko‘krak kerib hammani ta’zim qildirib yurardi. Ishlar tuzala borgan sari Hoshimjonning holi buzila boshladi. Firqani tozalaganda temir supurgi Hoshimjonni ham tashqari irg‘itdi.

 * * *

Hoshimjonning turmushi juda boshqalanib ketdi. Yangi iqtisodiy siyosatning ta’siri ham unga o‘z kuchini ko‘rsatdi. Eski vaqtda hukumat ishlarida birga bo‘lib «NEP bo‘lgach» qizil savdogarlar qatoriga kirgan o‘rtoqlari bilan birlikda savdo ishlariga ham qatnashib turdi. Lekin Hoshimjon bu ishni ochiqdan-ochiq qilishga jasorat etmadi. O‘zi hukumat ishlarida turib o‘rtoqlari orqali savdo ishlari bilan bog‘lanishni yaxshi topdi. Bunday ishga Hoshimjon juda iste’dodli edi. Shuning uchun hukumat mahkamalarida u hech narsa qilolmasdi. Hoshimjon uy hayotini ham o‘zgartdi. Ikki bola bilan xotinini tashlab «jannat gullari» bilan bo‘lishga erishdi.
— Nega xotiningiz bilan ajrashdingiz?
— Siz ham qiziq ekansiz… Men madaniy bir kishi, xotinim nodon, eski turmushni istaguchi bo‘lgandan keyin turmush qilish mumkinmi?
— Bizning o‘zbek xotinlari o‘qigan bilan bir narsa bo‘lmas ekan.

 * * *

Hoshimjon bu kun juda qayg‘uli. Ichiga chiroq yoqsang yorimaydi. Uy ichi qorong‘i bo‘lsa ham u o‘rnidan turib chiroq yoqmaydi. Sim krovatda shipga qarab yota beradi.
— Mumkinmi? Uyda kishi bormi? Eshikni ochib turib ijozat so‘ragan kishini Hoshimjon tanidi.
— Kel… mendan boshqa hech kim yo‘q.
— Ha… nima bo‘ldi? Chirog‘ yoqmaysan. Bu kun ko‘rinmading?
Hoshimjon o‘rnidan turib chiroq yoqdi. Aminxo‘ja uning qayg‘uli yuziga qaradi:
— Juda qayg‘uli ko‘rinasan… Tobing yo‘qmi?
— O‘rtoq ish yomon. Kooperativ mudirlikdan ham haydadilar, bo‘yinga qarz ham tushib turibdi.
— Shunga ham xafa bo‘la berasanmi? Bu yilgi qilgan foydadan qarzga berasan, qutilasan. Ish bo‘lsa topilmay turgan narsa emas.
— O‘lib bo‘ldim…
—Hozir savdogarchilik yomon ish emas, qo‘y xafa bo‘lma! To‘g‘rilaymiz… Uni-buni qo‘y… Ovqat yedingmi?
— Yo‘q.
— Tur, kiyimlaringni tuzat! Men ikki «jannat guli» bilan va’dalashib keldim.
Aminxo‘ja Hoshimjon sochini taradi, galstugini tuzatdi, pudrani chapladi va atrni kiyimlariga sepdi.
Eshikni yopib turib Hoshimjon so‘radi:
—Qaysi «jannat gullari?»
Shahardan yaqinda kelgan Nina va Marusaxonlar…

1928


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"