Jump to content

Gul va bulbul

From Wikisource
Gul va bulbul (1740)
by Salohiy
333037Gul va bulbul1740Salohiy

Sabo chun gul harimig‘a ulashti,
Jahon oro jamolig‘a yetushti.

Dedi: «Ey gul kezib keldim jahonni,
Tanib dunyoda yaxshi, ham yomonni.

Bor erkan dahr aro bir marg‘zori,
Chamanzori, ajoyib lolazori,

Etushtum ersa nogah bir guzarga,
Ajoyib bir nimarsa keldi ko‘zga.

Suman birla binafsha, boz sunbul,
Bularga zor ekan bechora bulbul.

Taajjub qildimu turdum zamoni,
Banogah boshladi bulbul fig‘oni.

Qoshiga bordimu, aydimki: «Bulbul,
Sanga loyiq emas nasrinu sunbul.

Guli savsan bular yanglig‘ chechak ham,
Kira qolmas bular uchun yema g‘am».

Seni ta’rif qildim ul chamanda,
Bayon ettim sifoting anjumanda.

Sening ishqingda bo‘ldi zor bulbul,
O‘ziga vird etib aytur: «gulu gul».

Bu so‘zdin gul ochilib bo‘ldi xandon,
Nashotu aysh etardi bog‘u bo‘ston.

Sabo topdi mahalni aytdi: «Ey gul,
Sanga she’ri yubordi xasta bulbul».

Chu gul xandon bo‘lubon betahammul,
Ajab lutfi bilan ayturki: «qul, qul».

Tuzub nag‘ma bilan savti amalni,
Sabo oldida qo‘ydi bu g‘azalni.

Qilib ta’sir gulga bu g‘azaldin,
Bitibdi she’r bulbulg‘a havasdin.

Gul bulbulg‘a aytgoni

«Ayo bulbul tilar bo‘lsang visolim,
Sug‘org‘il ko‘z yoshing birla niholim,

Yiroqdin qilmog‘il sen ishqbozi,
Yovuq kelgil ko‘rar bo‘lsang jamolim.

Senga ma’lum bo‘lmas anda turub,
Meni mundog‘lig‘im, husnu jamolim.

O‘zungni qilmag‘il rasvo, meni ham,
Ki haddin oshti, ey bulbul, jamolim.

Jahon ichra griftorim to‘ladur,
Vale tushti sanga mehru xayolim».

Gul saboni yuborib, bulbulni kelturgoni

Guli hamro yubordi ul saboni,
«Olib kel deb» gadoi benovoni.

Bali, ishq ichra oshiq bo‘lsa sodiq,
Bo‘lur ma’shuq oshiq ham muvofiq;

Sabo gul she’rina bunyod qildi,
Eshitti bulbulu faryod qildi,

Tutashti o‘t ichiga benavoni,
Boshin qo‘ydi ayog‘ina saboni.

Dedi: «Ey mahrami rozi nihonim,
Etushti chiqmag‘a bu xasta jonim.

Meni dardimg‘a emdi ayla darmon,
Gar o‘lsam qolmag‘ay ko‘nglumda armon.

Sabo aydiki: «Ey dil hasta bulbul,
Seni kelsun dedi qoshimg‘a ul gul».

Sevindi bulbulu parvoz qildi,
Borurda bu g‘azal og‘oz qildi:

«Bihamdillah agarchi zor bo‘ldum,
Muhabbatdin borurda yor bo‘ldum.

Qizil gul furqatidin zor, nochor,
Tong otquncha kecha bedor bo‘ldum.

Meni bechorayi mahzuni miskin,
G‘amu dardu balog‘a yor bo‘ldum».

Bulbulning gulga yetushgoni

Chu bulbul gul diyorig‘a ulashti,
Tanu jonig‘a boshdin o‘t tutashti.

Kelib ko‘rdi guliston ichra bulbul,
Ko‘rub bulbulni gul, ochildi kokul.

Dedi bulbul o‘shal dam: «Shukr lillah,
Ki bo‘ldum gulistonim birla hamrah».

Xayol etti qutuldum deb balodin.
G‘amu zulmu sitamdin ham jafodin.

Na bilsun anda ulkim yuz jafo bor,
Bataxsis ulki, guldur hamdami xor,

Guliston ichra nogah kirdi bulbul,
Tikan birla ikavlon o‘lturub gul.

Tikanning dardig‘a bechora qoldi,
Boshini oldiyu ovora bo‘ldi.

Necha kun guldin ul begona bo‘ldi,
Chunon ishq ahlig‘a afsona bo‘ldi.

Yana bir go‘shani koshona qildi,
O‘zini g‘am bilan hamxona qildi.

Bulbul tikandin rashk etgoni

Bo‘lub rashkin tikandin bulbuli zor,
Bu yerdin ketti topti joni ozor.

Necha kun ketti bulbul gul qoshidin,
To‘kubon durru marjon ko‘z yoshidin.

Uchub bulbul necha kun qildi parvoz,
Kuyub hajr o‘tig‘a bo‘ldi ham og‘oz.

Jahonni charx urub kezdi necha kun,
Adadsiz dard ila hadsiz chekib un.

Necha kunlar yurub bulbul qilib sayr,
Chamanzori jahon ichra qilib tayr,

Banogah yetti bulbul bir chamanga,
Kelib tushti gulistoni sumanga.

Nazokat gullaru ishqi pechaklar,
Guli zeboyu rango-rang chechaklar.

Guli ra’noyu savsan birla rayhon,
Guli nasrin ila abbosi xandon,

Gulistoni Eramdek gul va gulzor,
Degaysan bog‘i jannat turfa gulzor.

Munungdekdur ko‘rarsan bog‘i jannat,
Bahoridurki, yo‘qtur anga zahmat.

Chaman ichra kezib sayrardi bulbul,
Chamanda gullar ichra tushti g‘ulg‘ul.

Tamosho qildi bulbul bir guliston,
Chamanning sahnini chun charxi gardon,

Ko‘rub gullarni bulbul qildi faryod,
Gulistoni Eramni ayladi yod.

Guli qahqahga bulbul bo‘ldi shaydo,
Kulub qah-qah karashma qildi paydo.

Jamolin ko‘rsatibon qildi jilva,
G‘arib bulbulg‘a yuz ming nozu ishva.

Labi g‘uncha ochilib urdi qah-qah,
Bu boisdin dedilar guli qah-qah,

Dedi bulbul ko‘zidin oquzub yosh,
Guli qah-qah ayog‘ig‘a qo‘yub bosh:

— «So‘rub holimni rahm et, qilma ko‘p noz,
Vale nozingga jon bersam taqi oz.

Manga sen bo‘lmasang, jonim kerakmas,
Seningdur gulshanu ko‘yung manga bas,

Meni ko‘ngul xushum, sarvi ravonim,
Jamoling rohatu oromi jonim».

Sabo qizil gul qoshiga kelgoni

Etib keldi sabo vaqti sahargah,
Qizil gul qoshida turdi nazargah,

Ko‘tardi gul yuzidin pardasini,
Yubordi har tarafg‘a gul sasini.

Ochildi gul farahnok o‘ldi ul dam,
Jamoli birla gulshan bo‘ldi xurram.

Saboni ko‘rdi gul oldida turmush,
Adabdin gul oyog‘iga bosh urmush,

Dedi gul: «Ey sabo, sen qayda erding?
Necha kundur yo‘q erding emdi kelding»?

Sabo aydi: «Yurub olamni kezdim,
Muhiblarga muhabbat qandin ezdim.

Yururdim bog‘ aro chun bo‘lsa gulzor,
Ochib parda, qilib gullarni bedor».

Tavozu’ birla gul oldida turdi,
Adab birla sabo bulbulni so‘rdi:

— «Guliston ahlining sen podshohi,
Jahonning gullari sanga sipohi.

Ayo gullar aro sohib jamolim,
Jahon bog‘i aro nozik niholim.

Ayo gullar shahi sen, ey qizil gul,
Qayu ul oshiqing bechora bulbul?

Qayu ul bulbuli miskin navoying?
Yuzungga zor bo‘lg‘an benavoying?

Jamolingga ajoyib oshiq erdi,
Muhabbat ichra yori sodiq erdi.

Qayu ul bulbuli sargashta oshiq,
Sening ishqingla bo‘lg‘an xasta oshiq?

Xo‘b erdi bo‘lsa ul bulbul qoshingda,
Hamisha soyabon erdi boshingda.

Saharlar dard birlan sayrar erdi,
Nuchuk joni aro ishqing bor erdi.

Xush ilhon bulbulung ketmish qoshingdin
Ketibdur sha’n ila shavkat boshingdin,

Magar bilmam tikandin yetti zahmat,
Vayo sen qilding anga soz zahmat?

Qizil gul sabog‘a ahvolini aytgoni

Dedi gul: «Ey sabo, holimni aytay,
Tuman ming dard ila sirrimni aytay.

Mening ichimda yuz ming dardu g‘am bor,
G‘amim ayturg‘a menda yo‘qdu g‘amxor.

Eshitgil, ey sabo, birdam so‘zumni,
Ki, qilsam pora-pora men o‘zumni.

Ki, ey bodi sabo, xush kelding, ey yor,
Sanga fosh aylayin har nav’ asror.

Manga bulbul necha kun bo‘ldi hamdam,
Visolimni qilib dardiga marham.

Na bo‘ldi bilmadim ketti qoshimdin,
Firoqi ketmadi hargiz boshimdin».

Dedi gul: «Ey sabo, tangri uchun bor,
Ketur bulbulni sen zinhor, zinhor,

Agar topsang sabo mahzun qulumni,
Olib kel hamdam aylab bulbulumni».

Dedi gul: «ey sabo hayhot, hayhot,
Topib bulbulni kelturgil manga bot.

Chu bulbul ketkali holim parishon,
Judoliqdin yurakim tah-batah qon.

Sog‘indim andalibi benovoni,
Topar orom ko‘nglum ko‘rsam oni.

Budur holim meni, ey payki mahram,
Manga qil bulbulumni yor, mahram».

Dedi: «Bulbulki, ko‘nglum mehriboni,
Muhabbat gulshanining komroni.

Bu gulshan sensizin zindoni g‘amdur,
Manga bergil kelib g‘amdin omoni,

Chamanda sayr etib hargiz jahonda
Topolmaysan meningdek dilraboni».

Sabo bulbul qoshig‘a borgoni

Chamanda bor edi bir yaxshi sunbul,
Qo‘nub shohig‘a sayrar erdi bulbul,

Sabo bulbul qoshig‘a keldi ko‘zlab,
Gahi chap charx urub, gah rost o‘ynab.

Ko‘zi bulbul sari tushti banogoh,
Chekar bulbul fig‘onu nolau oh.

Ko‘rub bulbul ani payki sabo deb,
Sabo birla ko‘rushti:— Marhabo,— deb.

Sabo aydiki: «Ey sho‘rida bulbul,
Olib kelgil dedi ul nozanin gul,

Salom aydi sanga ul nozanin gul,
Kelib ko‘rsun dedi sargashta bulbul.

Tutub gul etagin qilg‘il navo sen,
Bu yanglig‘ yerda bo‘lma mubtalo sen.

Yomonlar suhbatida bo‘lma hargtsz,
Alarning suhbatidur fitna angiz.

Eshit, nojins birla qilma suhbat,
Etar andin senga ko‘p ranju mehnat.

Yomonlar suhbatida turma, qochgil,
Alarning suhbatidur zahri qotil,

Ayo bulbul, bo‘lur suhbat muassir,
Yomondin bo‘y olur bu nafsi kofpr.

G‘animat bil necha kun suhbati gul,
Etarsen maqsadingga, xasta bulbul.

Necha kun qil qizil gul birla suhbat,
Toparsen bo‘sasidin yuz muhabbat.

Seni gar etsa ul gul bo‘sasi mast,
Fig‘oningni baland qil, qilmog‘il past.

Aning oldida yig‘lab sayrag‘aysen,
Yuraking ishq o‘tig‘a dog‘lag‘aysen.

Na xush sarmoyadur oshiqqa girya,
Saharlar jo‘sh urur ham so‘z sina…

Ko‘zidin ishq ila gar oquzur yosh,
Ajab yo‘qturki ma’shuqi urar bosh».

Sabo bulbulg‘a dedi:— «Borakalloh,
Bo‘lubsen yor ag‘yorig‘a hamroh».

Dedi bulbul: «Ayo ey mahrami roz,
Manga bo‘l, ey sabo, bir yo‘la damsoz.

Kelibsen yordin, ey payki mahram,
Jarohatliq yaroga ayla marham,

Qulog‘ing sol eshitg‘il arzi holim,
Bu kun ishq o‘tig‘a o‘rtandi jonim.

Egam taqdirig‘a bordurmu chora,
Bu furqat birla bag‘rim pora-pora.

Ishimdur har chamanda nola qilmoq,
Yurakim chok etib pargola qilmoq.

Tikanning rashki qildi zor sarson,
Tutubdur jonim ichra tah-batah qon.

Nechukdur borg‘onim gar bo‘lsa ul xor,
Jarohatliq yaroga yetsa ozor.

Mening uchun zamoni aylasang sabr,
Sanga sirrimni aydim, sen emas g‘ayr.

Adadsiz darddin men benavomen,
Visolidin judomen, bir gadomen.

Salomim ber, degil bulbul chamanda,
Qizil gul zori ul baytul-hazanda».


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.