Fuzuliy g‘azaliga muxammas (Joniy)
Zavqiming vori o‘shal toji sazovora fido,
Shavqiming shuhrasi boshing uza zar tora fido,
Ko‘ngluming mahzani gul orazi gulnora fido,
Joniming javhari ul la’li guharbora fido,
Umriming hosili ul shevai raftora fido.
Qand derlar so‘zingi, yo‘xsa malohat koni,
Ramzidin gul to‘kilur, dur guhari ehsoni,
Ko‘zlarim ul iki mehrobi yashil hayroni,
Dard chekmish boshim ul chashmi siyah qurboni,
Tob ko‘rmish tanim ul turrai tarrora fido.
Sarv derlar qadinga aslida jannat shajari,
Gullari ruhi ravon, insu malakdur samari,
Yuzlarim lolalari shabnami soni sahari,
Ko‘zlarimdin to‘kulan qatrai ashkim guhari,
Lablaringdin sochilan lu’lui shahvora fido.
Yuzinga sadqa chaman sayrida gul soralari,
Bengzaturlar daxi nasrin kibi bechoralari,
Ko‘zlarim oqida mardum deyalar qoralari,
Chok ko‘ksumda o‘lan qonlu jigarporalari,
Mast chashmingda o‘lan g‘amzai xunxora fido.
Ko‘zlaring o‘qi o‘tub ko‘ksima bal jonimdin,
Qatra qonlar to‘kula xar sari mujgonimdin,
Bexabar bo‘ldum o‘shal etdugi paykonimdin,
Pora-pora dili majruhi parishonimdin,
Sari ko‘yingda kiran har ita bir pora fido.
Manga dast bersa vnsoling unin oshurtordim,
Kirpikim nayza qilib dushmaningni turtordim,
Shukrlillahki ko‘ying xokina ko‘z surtordim,
Jonu dil qaydini chekmakdin o‘zum qurtordim
Jonni jononima qildim, dili dildora fido.
Tong dagil bulbul agar tutsa gulistonni aziz,
Do‘gulub guli humro qilsa bu bo‘stonni aziz,
Joniy, hoqonlar aro bekladi sultonni aziz,
Ey Fuzuliy, no‘la gar saxlar esang jonni aziz,
Vaqt o‘la kim o‘la bir sho‘xi sitamgora fido.
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |