Do‘stlar, mahram deb elga...
Do‘stlar, mahram deb elga roz ifsho qilmangiz,
Boshingizg'a yuz balo kuch birla paydo qilmangiz.
Fosh qilmang roz, chunkim asray olmay qildingiz,
O‘zgalardin asramoq bore tamanno qilmangiz.
Ishq asrorig'a til mahram emastur zinhor,
Kim, ko‘nguldin tilga ani oshkoro qilmangiz.
Chun ko‘nguldir qalb-u til g'ammoz, maxfiy rozni,
Jon haramidin bu ikkiga huvaydo qilmangiz.
Chun ko‘ngul til birla mahram bo‘lmadi, hojat emas,
Aytmoqkim, elga andin nukta imlo qilmangiz.
Sahv etib, chun roz durrin sochtingiz, nodim bo‘lub,
Ohning dudin sahob-u ko‘zni daryo qilmangiz.
Chok-chok aylab ko‘ngulni, tilni aylab yuz tilim,
Tashlab itlarga alarning yodi qat’o qilmangiz.
Menda hijron dardi-yu yo‘q sabr, bori do‘stlar,
Choraye gar qilsangiz, juz jomi sahbo qilmangiz.
Chun Navoiy ishq rozin asray olmay qildi fosh,
Otini roz ahli tumorinda insho qilmangiz.
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |