Diyorim
(O‘zbekistonning 10 yilligiga)
Titilib o‘qilmas bo‘lganda tarixing,
Hasrat-la alamga to‘lganda tarixing,
Xazonning bargiday so‘lganda tarixing
Ko‘zimning nurini ayamay o‘qidim.
Hech qaydan men kutgan zarvaraq chiqmadi,
Ignadek yaltirab bir varaq chiqmadi,
Hasrat-la alamga bir qiroq chiqmadi –
Miyamda behuda xayollar to‘qidim…
Har yerda boshkesar xonlarning ta’rifi,
Behuda shuhratlar, shonlarning ta’rifi,
Daryodek oquvchi qonlarning ta’rifi –
Shul edi ming yillab bitilgan tarixing.
Fuqaro kim edi odam deb sanalsa?
Bir rahbar ko‘rdimi jon berib, jon olsa?
Bir hakim topdimi bemordan qon olsa?
Shul edi sajdalar etilgan tarixing.
Bema’ni tarixni yondirdi inqilob,
Sen qo‘ygan talabni qondirdi inqilob,
Qarg‘algan kechmishdan tondirdi inqilob
Kelajak mehrini ko‘ngilga jo aylab!
Shoirlar, adiblar, hakimlar yonmadi,
Ma’quldan inqilob hech qachon tonmadi,
Kechmishning barchasin safsata sanmadi;
O‘rganib yotadi kechmishni bel boylab.
Diyorim, kattakon ro‘zg‘orda bir tansan,
Qanday joy, nima ish – xo‘b yaxshi bilgansan,
Dunyoga yangidan tug‘ilib kelgansan,
O‘n yilda boshqatdan yasandi tarixing!
Dunyolar tarixi joy berdi ko‘ksidan,
Xavfing yo‘q gardishning har qancha aksidan,
Yo‘ldoshing – mehnatdir, o‘rtog‘ing – ilm-u fan;
Tarixlik nomini qozondi tarixing!..
1934-yil, noyabr
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|