Jump to content

Bolsheviklar va biz

From Wikisource
Bolsheviklar va biz (1918)
by Hoji Muin
334433Bolsheviklar va biz1918Hoji Muin

Rusiya inqilobining sakkizinchi oyinda, bolsheviklarning «Dushman bilan yarashib, mamlakatni halokatdan qutqaramiz!» deb qilich quvvatila hukumatni Kirinskiydan tortib olg‘onlari va o‘shal kundan e’tiboran Turkistonning markazi bo‘lg‘on Toshkandda ham qancha qonlar to‘kub, hukumat idorasini o‘z qo‘llarig‘a olg‘onlari, ammo hozirgacha xalq va mamlakat foydasig‘a bir pullik ish ko‘rsatolmay, balki xorijiy qon to‘kulishlar ustinda Rusiya doxlinda ham urush chiqarib butun Rusiya xalqini falokat va halokatga tushurmoqda bo‘lg‘onlari barchag‘a ma’lum bo‘lsa kerak.

Sulhg‘a kelganda, «Tezdan, balki yanvarg‘acha dushman bilan yarashamiz» deb va’da bergan bo‘lsalar ham, bu to‘g‘ru-da hanuz qat’iy bir qaror chiqarg‘onlari ma’lum emasdur.

Bolsheviklar ish boshig‘a o‘tub olg‘on kunlarda «Biz kichik millatlarg‘a tamom hurriyat va istiklol beramiz!» deb xitobnomalar vositasila va’da qilg‘on bo‘lsalar ham bu quruq so‘zlari qog‘oz ustidagina qoldi. Bular hozirgacha hech bir millatning muxtoriyat va istiqlolini tasdiq etmadilar, balki, bil’aks, shunday muxtoriyat va istiqloliyat e’lon etgan millatlarg‘a to‘p va pulemut bilan muqobala etdilar va etmakdadirlar.

Mufrat «sotsializm» maslakida bo‘lg‘on bolsheviklarning o‘z maslaklarini qabul etmagan millatlarg‘a hurriyat va istiqlol bermasliklari aniq bo‘lub chiqdi.

Bular istaydirlarkim, Rusiyada hurriyat va istiqloliyat tilaginda bo‘lgon millatlar «sotsializm» prug‘romi bilan raftor etsunlar, ya’ni har millatda va har mamlakatda «ishchi, dehqon vakillarining sho‘rosi» degan bir hukumat tashkil qilinib, mamlakatning idorasi shularg‘a topshirilsun. Millat afrodining butun yer, mol va sar-vatlari umumiy mulk etib e’lon qilinib, shul «sho‘ro» ixtiyorig‘a qo‘yulsun. Shunday bo‘lmag‘onda bular hech bir millatg‘a hurriyat va istiqlol bermas emishlar, hech bir millatning hurriyat va istiqlolini ham tasdiq etmas emishlar.

Bolsheviklarning bu g‘ayri tabiiy tilaklari, buzuq g‘arazlari hozirgacha Rusiyada bo‘lg‘on hech bir millat tarafindan qabul qilinmadi. Shuning uchundirki, bolshevik-lar o‘zlarig‘a bo‘yunsunmay «sotsializm» maslagini qabul etmagan (malorus va Do‘n qozoqlaridek) millatlar bilan Urushmoqdadir.

Uzimizg‘a kelganda, 95 prosenti musulmon bo‘lg‘on ulug‘ Turkiston o‘lkasinda ham bolsheviklar o‘z so‘zlarini o‘tkazmak va buzuq maslaklarini tatbiq etmak uchun qo‘llarindan kelgan chora va tadbirlarg‘a kirishmoqdadirlar.

Chunonchi, Toshkand shahar dumasini tarqatdilar. Turkiston Muxtoriyatini «mullo va burjuazlar qarori» deb tasdiq etmadilar va Toshkandda Muxtoriyat shodlig‘i uchun namoyish yasag‘on minglarcha musulmonlarg‘a bir bahona bilan miltiq va pulemut otib, bir necha gunohsiz musulmon va ruslarni o‘ldurdilar. Bular ila ham muddaolari hosil bo‘lmag‘och, o‘z tarafdorlarini ko‘payturub, musulmonlar orasig‘a muxolifat solmoq uchun musulmon soldatlarini va musulmon ishchi-dehqonlarini ig‘vo etdilar.

Ammo bu tadbirlar bilan ularni o‘z taraflarig‘a tortmoqg‘a muvaffaq bo‘lmadilar. Chunki musulmonlar bolsheviklarning buzuq muddaolarini anglab olib, o‘zlarini tortdilar, aldanmadilar.

Yana muning ustinda, o‘z maqsadlarini bolsheviklarga ochiqroq anglatmak uchun Turkistondagi butun musulmon soldat, ishchi va dehqonlar 25 dekabrda Xo‘qandda favqulodda bir s’ezd yasab, s’ezdda hozir bo‘lg‘on 200 nafarcha namoyandalar o‘tgan to‘rtinchi musulmonlar qurultoyi tarafindan chiqarulg‘on qarorlarni haqli topib, Turkiston idora va hokimiyatining darhol Muxtoriyat hukumatig‘a topshurilmog‘iga qaror chiqardilar.

Qani, endi ko‘rayluk, bu s’ezdg‘a bolsheviklar qaysi ko‘z bilan qaraylar!.. Nima derlar!.. Harholda bolshevik-lar tek turmaslar. Biror bahona topib, bizning tinchligimizni buzarlar, deb gumon qilamiz. Chunki bularning chin muddaolari hanuz hosil bo‘lg‘on emasdur. Shuning uchun bizlarg‘a kerakkim, bu to‘g‘rida har ehtimolg‘a qarshi xozirliq ko‘rayluk. Tamom birlik bilan kuch yig‘ayluk. O‘z hurriyat va muxtoriyatimizni saklamoq uchun mol va jonimizni fido etmakka hozir bo‘lib turayluk.

«Hurriyat» gazetasi, 1918 yil, 9 yanvar


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"