Jump to content

Bizni kemirguvchi illatlar

From Wikisource
Bizni kemirguvchi illatlar (1915)
by Mahmudxoʻja Behbudiy
334155Bizni kemirguvchi illatlar1915Mahmudxoʻja Behbudiy

Bizni kemirguvchi illatlar deganda, zaxmu maraznimi gumon etarsiz? Yoinki, sil, sil-ar-iya va maxavliknimi dersiz? Yo‘q, andan ham yamonroq va andan ham jonxarosh, bevoya, xonavayron va g‘arib etguvchi bir dard, biz — turkistoniylarni shahri va qishloqi yoyinki yarim madaniy, yarim vahshiy sinflarimizg‘acha istilo etib, butun tirikligimizg‘a sorilgon va bizni inqirozg‘a va tahlikag‘a va jahannamg‘a yumalataturgon to‘y, azo ismindagi ikki qattol dushmanni derman.

Atomizdan mehribon Tangrimiz jalla va a’lo Qur’oni karimda «Lo talaqqu bi yadikum ala tahlikkatihi», ya’ni o‘z qo‘llaringiz ila o‘zingizni tahlikaga otmangiz, der. Biz bo‘lsa, badbaxtona va Xudoning amrig‘a bo‘yun qo‘ymasdan kofirona bir suratda to‘y va azo degan, yo‘q bo‘lushimizg‘a sabab bo‘lgan odatlarga boru yo‘qimizni sarf va isrof etarmiz. Yilda ikki oy navruzi kofiri uchun sayr etarmiz.

Bir oy muqaddam Samarqandni Panjakent qasabasidagi navro‘z sayrig‘a mushak-fishang otishdan uchgina kishi o‘lub, o‘ndan ziyoda kishi majruh bo‘ldi. Ko‘pkari va uloq chopmoqlik odati mal’unonasig‘a har viloyatdan har sana yuzlar ila kishi oxiratg‘a ko‘char, na qadar kishi majruh va ma’yub bo‘lar. Ko‘p kishilar sayr va ko‘pkari shumligi ila ishdan va ziroat vaqtidan qolur. Uyig‘a ozuqasi yo‘q, ho‘kuzi va sog‘ar siyiri yo‘q ekan, bir necha yuz so‘mg‘a ot olib va har kuni anga hindidek parastish etibu har kun bir so‘m sarf etar, na uchun? To‘y va sayrg‘a ko‘pkari chopmoq uchun. O‘n-yigirma chaqirimg‘a to‘y bo‘ldimi, har kim ishini, dehqonchiligini qo‘yub, otlanib ko‘pkariga ketar. Dehqon uchun oltundan aziz vaqt favt bo‘ldi-ketdi. Ekin birgina kun keyin sepilgan uchun pishmay qolar. Birgina kun so‘ngra yig‘ilgan uchun yog‘inga qolib, ba’zi xirmanlar chirib ketar.

Ma’lum bir shaharda yahudiylar ba’zan o‘luklarini oqshom eltib ko‘marlar. Na uchun? Kunduzi ishdan qolarlar. Biz bo‘lsa, o‘luk va to‘y uchun haftalar, hatto, oylar ila ishdan qolurmiz. Holbuki, shore’i a’zam, payg‘ambari akram sallollohi alayhi vasallam hazratlari o‘lganni tez ko‘mub va ko‘mgandan so‘ngra tez tarqalib, ishg‘a ketmoqg‘a va o‘lukxona xalqini uch kundan ziyoda ta’ziya tutmasg‘a, qaro kiymasg‘a, kir, falokat bo‘lmasg‘a amr etarlar. Ey xalq! Ey musulmonlar! Biz na uchun Xudo va rasulni so‘zig‘a va o‘zimizni naf’imizg‘a amal qilmaymiz? Biz devonami? Biz taklifdan tashqarimi, Xudo uchun so‘ylangiz. Biz nima?!

Shariat kitoblaridan «Faroiz, ya’ni Xudoni buyrug‘i degan kitoblarg‘a: «O‘lukni molidan avvalan o‘lukg‘a kerakli muvofiq sunnat va isrofsiz kafan -qilib, dafn qilmoqg‘a sarf qilinsun, so‘ngra qarzini berilur. So‘ngra ortgan mollarni varasasig‘a muvofiqi shariat taqsim qilinib berilur», — deyilgan ekan, biz bil’aks kafandan so‘ngra qarzg‘a bermay va hatto, sag‘ir va benavo xotunlarni merosini yirtish, azoyi, sadaqa, xayrot, bilmayman, nimalar ujrasi deb, qarzdan vorisidan ilgari taqsim qilib olarmiz. Besh-olti ma’raka va xudoyi, 8—10 jum’a oqshomi deb butun mahalla va qishloq xalqig‘a palov berarmiz. Ba’zi bir bechora sag‘ir va mushtipar ayollar merosdan va haqlaridan noqis olurlar. Ba’zi qarzxohlarni haqqi xudoyi va xayrot, noxudoyi va sharrot sababi ila kuyub ketar. Bechora o‘lukni zimmasi qarzdan qutulolmay qolur. Xudo uchun aytingiz, bu xayrotmi, bu xudoyimi? Besh-olti kun so‘ngra bu xudoyi va xayrotlar uchun varasani haqqi bo‘lgan mol va yerlar sotulur. Berilgan dangga adras, azoyi va g‘anilarni olgan yirtish va sadaqalari uchun berilur. Endi bechora varisa darbadar, ham otadan, ham vatandan ayrildi-ketdi. Bir o‘rtahol, bir bechora faqir o‘lar. Oning g‘ani yaqini o‘lukni egasi bo‘lub, varisa molini «obro‘y» etarman, deb isrof va barbod etar. Natijada bechora varisa darbadar. Ey, uying obod, obro‘y qilg‘uvchi! O‘lgan ul, sanga nima? San, g‘ani, o‘z o‘lukingg‘a obro‘ qilgoning bas emasmi?

Astag‘furillo, subhonollo. Bizni qilaturgon aqlsizligimizni qaysi millat qilur? Nikoh, xatna, bu ikki balo shundog‘ qattiq bir illatki, o‘lmaguncha qutulub bo‘lmaydur. Shaharlarda o‘rtahol, ya’ni o‘turarg‘a xona va bog‘i bor bir kishi nikoh uchun ikki ming so‘m sarf etar va o‘g‘ul xatnasi uchun hech bo‘lmaganda ming so‘m. Har bir benavo kishi bu mavridlarga 200 so‘mdan 1000 so‘mgacha sarf etar. Boy va zo‘raki boylar esa besh ming, o‘n minglab sarf etar. Oxiri nima bo‘lur? Nima bo‘lur deysiz? Ota-bobosidan qolgan mulk va vatanini o‘z ixtiyori ilan zo‘raki boyni o‘zi o‘lgandan so‘ngra bir yahudiy yo bir armani ajnabiyg‘a sotib, to‘y va ta’ziya qarzini berar. O‘zi sotmaganda sudg‘a sotilur. Mana, yuqoridagi sarlavhada «Bizni kemir-guvchi illatlar» degan odatlarimiz, shu to‘y va ta’ziya ismindagi devonaligimizdan iboratdur.

Bir do‘konchi, bir gulkor, bir faqirhol, bir kosib uchun bu to‘y va ta’ziyalar o‘lumdan qatig‘durki, muning uchun bechora har kun o‘lur. Har kun o‘lgon ila-da qutulmas. O‘zidan so‘ngra ahlu ayolig‘a bu yo‘qsullik va bu musibatni meros qo‘yar. Xo‘b, yaxshi, o‘z molini to‘y va ta’ziyag‘a isrof etsun, barbod etsun, ko‘zi chiqsun. Hay, bonka oqchasini, birov pulini na uchun barbod etar. Bu devonalikni u tarafi emasmi? Bu hol ila 20—30 sana o‘tsa, yer va havlilar ajnabiylarg‘a o‘tub, aksar xalqimiz gadoylik darajasiga inur. Ellik sana muqaddam yer sotilsa, bir musulmon olardi, endi boshqalar olur. Mana, endi biz shu hol ilan yana yigirma — o‘ttuz yil o‘tkarsak, xalqimizni yarmidan ziyodasi vatansiz, yersiz, darbadar bo‘laturgoni ma’lum va oshkordur.

Bir havlida, bir ro‘zg‘orda, masalan, ikki o‘g‘ul, ikki qiz bor. Ato o‘lsa, ani moli to‘rt bo‘lunur. Alarni har birig‘a nikoh va xatna va o‘lum mavridlari muqarrardur. O‘zlarini zamoncha ilmi va hunari yo‘qki, konturg‘a, mahkamag‘a, bonkag‘a kirib vazifa olsa. Endi noiloj attorlik va yo baqqollik va u bo‘lmasa, muzdurlik va mardikorlik qilishi lozim kelib, bu ishlardan faqat alarni qorni to‘yadur. Ortdurmoqqa yo‘q. Muning ustig‘a to‘y va ta’ziya degan dahshatlik balolar kelgandan so‘ngra bu aziz oila va ro‘zg‘org‘a yonib kul bo‘lmoqdan boshqa iloj yo‘qdur. Ellik sana muqaddam bir qarish yer bir pul ekan, endi bir oltun va kelarg‘a yer oltung‘a ham topilmaydur. Qirim va Qafkoz musulmonlari-da bizlardek yer qadrini bilmaslar ekan. Endi Qirimda bir tanob (600 sajin) yer o‘n ming so‘mdan o‘ttuz ming so‘mg‘achadur.

Biz bir tanob yerimizni 200 so‘m sotib to‘y qilmoqchi bo‘lsak, «erni xo‘b pulg‘a urdum» deb majnunona shodlanurmiz. Insonni bu qadar ahmoqligi ajibdur. Bizg‘a lozimki, to‘y va ta’ziyalarni kichik qilib va holimizcha harakatda bo‘lub, kelar zamonamizni o‘ylayluk. Valloh, xoru zoru munqariz bo‘lmoq ertag‘a oftobni chiqishidek muqarrardur.

Samarqandda bir mahalla borki, aksar xalqi faqru zaruratdan, to‘g‘risi, aql noqisligidan havlilarini pulg‘a qiziqib yahudiylarg‘a sotgan uchun mahallag‘a oz musulmon qoldi. Mahalla maktabi yo‘q bo‘ldi. Masjidi-da yaqinda yo‘qolur. Mana, bizni aqlsizligimizni oxiri va isroflarimizni xotimasi dinimizg‘a futur kelmoqig‘a sabab bo‘lur. Din uchun, masjid va maktab uchun aqcha, sarvat, davlat, somon kerakdur. To‘y va ta’ziyag‘a sarf qilinaturgon oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va-din yo‘lig‘a sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va o‘zimiz-da, dinimiz-da obro‘y va rivoj topar. Yo‘q, hozirgi holimizg‘a davom etsak, din va dunyog‘a zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo‘lmaydur.

Qo e’tabaru yo avval ul-absar!

«Oyna» jurnali, 1915 yil, 13-son, 338—342-betlar.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.