Bahrom va Gulandom
Bor erdi podshohi kishvari Rum,
Ajab oqilu dono, xush takallum.
Ko‘p erdi molu ashyosi jahonda,
Xazoyinlar qo‘yub erdi nihonda.
Berib erdi anga izzat xudovand
G‘aroyib johu nusrat, g‘ayri farzand.
Agarchi dunyolig‘din erdi beg‘am,
Tilardi tangridin farzand damodam.
Faqirlarg‘a qilurdi xayru ehson,
Qilib farzand uchun jonini qurbon.
Bu orzu birla yoshi qirqg‘a yetdi,
Bil-oxir tangrim anga rahm etdi.
Ato qildi anga bir oliy farzand,
Ko‘rub farzandini shoh bo‘ldi xursand.
Suyungandin qilib to‘yu tamosho,
Tasadduq ayladi ko‘p molu ashyo.
Qilib arkoni davlatlarga in’om,
Ki qo‘ydi o‘g‘lini otini Bahrom.
Qilurdi jonu dildin parvarishlar,
Tasadduq aylabon oltin kumushlar.
Muningdek o‘g‘li olti yoshga yetdi
O‘qutg‘oli ani mullog‘a eltdi.
O‘qur erdi borib maktabg‘a ul yosh,
O‘zi yosh erdi, ammo qilmishi bosh.
O‘qubon olti yil ul bo‘ldi mullo,
Xati xo‘b, tab’i a’lo etdi paydo.
O‘n ikki yoshog‘on so‘ng ul muoriz,
Sipohilik ravishin etdi angiz.
Chiqardi so‘yi sahro goh-gohi,
Olib arqosidin xaylu sipohi.
O‘turub tiyr andozliq qilurdi,
Gahi o‘ynab qilichbozlik qilurdi.
Gahi teva minib chopardi har so‘
Ajab ishlar qilurdi ul neku ro‘.
Ko‘rungan har hunarga ko‘z solurdi,
Uchar qush naqshidin ulgu olurdi.
Hunardin onchinon bo‘ldi bag‘oyat,
Ketib dongi viloyat bo viloyat.
Bu kayfiyatda o‘n sakkiz yashadi,
Alam ko‘rmay bag‘ayr azro‘yi shodi.
Ajab er chiqdi ul nodiri davron,
Zabardasti zamon bo‘ldi batug‘yon.
Mubriz mardi maydoni dilovar,
Jamoli shamsi anvardin munavvar.
Ko‘rar ko‘zga ajoyib nozanin ul,
Ki bir ozodai ro‘yi zamin ul.
Ki xulqi xo‘y monandi malakdur,
Masiho so‘zlari zeri falakdur.
Der erdi ko‘rsa har kim xush jamoli,
Yuziga tegmasun qattiq shamoli.
Oningdek o‘g‘lig‘a ul shohi kishvar,
Tasadduqlar qilurdi la’lu gavhar.
Hamisha jonu dil birla sevardi,
Yuzin bo ishtiho ko‘rsa to‘yardi.
Shukr behad qilurdi bir xudog‘a,
Xudo yetkurdi oni muddaog‘a.
Yururdi shoh xurramu forig‘ az g‘am,
Nega ul g‘am yesun haq berdi hamdam.
Ki davlat birla bir kun shohi kishvar
Amirlarning barin yig‘durdi yaksar.
Qurub suhbat o‘turdilar amirlar —
Hama sohib suxan, ravshan zamirlar.
O‘turub taxti davlat birla kishvar,
Sochib o‘g‘li boshig‘a durru gavhar.
Miyoni do‘stu dushman xos ila om,
Qilur bo‘ldi o‘zin o‘g‘lig‘a in’om.
Tururdi shohning oldida Bahrom,
Adabdin qo‘llarin aylab alif-lom.
Tafarrujda edilar mardumi shahr,
Olurdilar ruhi Bahromdin bahr.
Shahi kishvar quvonib anda bisyor,
Ulug‘ligin qilib olamg‘a izhor.
Aziz o‘g‘lini ul shohi xiradmand,
Muloyim so‘z bilan berdi necha pand.
Dedi: «Ey nuriaynim, toji barsar,
Ayo jondin ziyoda toza gavhar!
Xudo qildi seni mansabga loyiq,
Eshit mendin ravishi podsholiq.
Adolat qil, raiyatparvar o‘lg‘il,
Ki to xalqi jahonga sarvar o‘lg‘il.
Ki miskinlarni arzin onglag‘il boz,
Asirlarni yana ayla sarafroz.
Tarahhum qil yetimlar holig‘a san,
Amal qil yaxshilar af’olig‘a san.
Muruvvat birla baxshishni shior et,
Hamisha yaxshiliqni ixtiyor et.
Ki tadbir aql birla aylag‘il kor,
Bularni bil bo‘lur har yerda darkor.
Qabul aylab barini shohzoda,
Tavozu’lar qilib haddin ziyoda.
Ki hurmat shartini bajo keturdi,
Otasig‘a ibo birlan gapurdi.
Dedi: «Ey shahriyori nomdori,
Aziz jonim qadam xoking nisori.
Hayoting boricha sen shoh bo‘lg‘il,
Ulu himmat Faridun joh bo‘lg‘il!
Ki gul gashti, chaman fasli bahori
Bo‘lubtur ro‘yi sahro lolazori.
Ki aknun davlatingdin bo‘lsa ruxsat,
Chiqib sayru shikor etsam bu fursat.»
Kelib shoh zavqi shohzoda so‘zig‘a,
Muhabbatlar bila boqti yuziga.
Dedi: «Ey ro‘zgorimning chirog‘i,
Sipoh anjom olib olg‘il yarog‘i.
Havas qilsang, borib qilg‘il shikori,
Muborak xotiring ketgay g‘ubori!»
Bo‘lub xurram bu so‘zdin anda Bahrom,
Yig‘ibon lashkarin aylab saranjom.
Ravon chiqib yurudi so‘yi sahro,
Qilib majmui lashkarlarni oro.
Qo‘yub sozondalar ko‘p sozlarni,
Ilikka qo‘ndurub shahbozlarni.
Asosi saltanat ustida shahzod,
Shikor ayladi ul sardori sayyod.
Solib lochin, yugurtib tozi chandon,
Shikorilar shikor ayladi har yon.
Har alvon jonu jonvordin tushurub,
Hama lashkar shikor ayladi yurub.
Yururdi anda Bahrom birla ko‘p er,
Yo‘luqdi ul biyobon ichra bir sher.
Ko‘rarlarkim ajab sheri bashiddat,
Siyosotlik, salobotlik, bahaybat.
Dedi shahzodakim: «Ey pahlavonlar,
O‘zin manman bahodirman deganlar,
Borib olsun bu sherni emdi yakka,
Chu ketgay erligi taxti falakka.»
Eshitib barcha lashkar bo‘ldi xomush,
Qilib bir nechalar esin faromush.
Bo‘lub hayron boqib turdilar ul dam,
Borurg‘a chiqmadi ul sherga odam.
Ki ul holatda Bahrom shohzoda
Piyoda bo‘ldi ul maydon aroda.
Ki Rustam erligi angiz qildi,
Oningdek sherga tanho xez qildi.
Ko‘rub shahzodani xez etdi ul sher,
Qocharni bilmadi sherdin o‘shal er.
Ko‘tarib sher ul dam ikki ilgin,
O‘zin shoh ustiga tashladi ul hin.
Ki shoh ham bo‘ldi sherdin rad beribon,
O‘tub ketdi ololmay sheri g‘arron.
Yugurub keynidin shahzoda ul dam
Solib qo‘l quyrug‘idin tutdi mahkam.
Ko‘tarib zo‘r etib kim yerdin oni
Oni Rustam kibi sohibqironi.
O‘gurub boshidin bir necha navbat,
Ki to‘lg‘ab yerga urdi bosiyosat.
Ki shohning zarbidin sher ustixoni
Bo‘lubon mayda-mayda chiqti joni.
Bu zo‘rlig‘ni ko‘rub majmui lashkar
Dedilar: «Ofarin ollohu akbar!»
Muningdek erni hech kim yod bilmas,
Agar Rustam esa bu ishni qilmas.
Ilohi sen o‘zing ayla inoyat,
Yomon ko‘zdin muni qilg‘il yealomat.
Basi otlanib ul Bahromi sarvar,
Duo qildilar ul dam barcha lashkar.
Buyurdikim: «Bu sherni ortingizlar,
Ki eltib shohga peshkash tortingizlar»
O‘shal dam anda necha pahlavoni,
U sherni ortibon bo‘ldi ravoni.
Ki shohni oldig‘a elttilar al’on,
Ko‘rubon shoh qoldi anda hayron.
Yana har kim ko‘rub ul sher siyoqin,
Dedilar: «Ofarin bu ishga tahsin».
Bu ishga shohi kishvar ko‘p sevindi,
Ishonib o‘g‘liga ham kavni to‘ldi.
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |